Jahon
October 3, 2020

Mirzo Tursunzoda (1911-1978)

Mirzo Tursunzoda [1911.19.4 (2.5), Tojikiston, Regar tumani Qoratog‘ qishlog‘i — 1977.27.3, Dushanba] — tojik shoiri va jamoat arbobi. Tojikiston xalq shoiri (1961). Mehnat Qahramoni (1967), Tojikiston Fanlar akademiyasi akademigi (1951). Tojik dramaturgiyasining asoschilaridan biri.
Dastlab eski maktabda, keyinroq yangi usuldagi maktabda tahsil olgan. Toshkentdagi tojik pedagogika bilim yurtida o‘qigan (1930). «Komsomoli Tojikiston» gazetasida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, so‘ngra Xo‘jand musiqali teatrida adabiy emakdosh bo‘lib ishlagan.
1939 yillar Dehotiy bilan hamkorlikda yaratilgan «Xisrav va Shirin» she’riy dramasi, «Vose’ qo‘zg‘oloni» opera librettosi tojik dramaturgiyasining dastlabki asarlaridan sanaladi.
30-yillarning 2-yarmida e’lon qilingan «Mamlakat oftobi» (1936), «Xazon va bahor» (1937) dostonlari Mirzo Tursunzodaga katta shuhrat keltirdi. «Dushanba-Xopog yo‘li quruvchilariga maktub», «Jonbaxsh suv» dostonlarida ulkan qurilishlar, ularda ishtirok etayotgan xalq jasorati she’riy manzaralar, yorqin xarakterlar orqali ko‘rsatiladi. 2-jahon urushi yillaridagi she’rlarida («Xayr, aziz onajon», «Hech qachon!», «Kapitan xotirasi» va b.), «Vatan farzandi» (1942) dostonida xalqlar do‘stligi, tojik xalqining urush maydonlari va mamlakat ichkarisidagi qahramonligi aks etgan. Folklor motivlari asosida «Tohir va Zuhra» musiqali dramasini yozgan (1943). «Hindiston qissasi» (1947), «Men ozod Sharkdanman» (1950) singari she’riy turkumlarga kirgan asarlar, «Hasan aravakash» (1954), «Osiyo ovozi» (1956) va boshqa dostonlari mashhur.
Mirzo Tursunzoda poeziyasi realizmi, romantik ko‘tarinkiligi, emotsionalligi va aforizmlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Mirzo Tursunzoda ma’lum vaqt Toshkentda yashagan va o‘qigan, O‘zbekiston va o‘zbek xalqi hayoti haqida asarlar yozgan. Oybek, Fafur G‘ulom, Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir va boshqa bilan ijodiy aloqada bo‘lgan. Asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
Neru (1968), Rudakiy (1970), Jamol Abdul Nosir (1972) mukofotlari laureati.

ShOIR

Shoiro, yonmoq ekan taqdir agar,
Qilma otash taftidan hargiz hazar.
O‘tda po‘lotu temirlar toblanur,
Uchqunidan yangi gulxan jonlanur.
Oftob ham bo‘lmasa otashga kon,
Erda ham so‘ngay edi jonli jahon.
Beharorat dil so‘nib, qolgaydir tosh,
Bog‘u rog‘lar besafoyu bequvonch,
Benafas, benur hayot bo‘lg‘aydi urf,
Na yeru jon bu sifat urgaydir qulf.
Beharorat labda kulgu bo‘lmagay,
Gul ham oftob otashisiz kulmagay.
Shoiro, yonmakdan nolish noravo,
Yona-yona vaslidan topding davo.
Yonmasang, ijod ham mushkul edi,
Senga yor baxsh etgan o‘t ham shul edi.
Gar yurak tandir misol gulxan ochar,
Misli favvora olovli she’r sochar.
Tushsa otash rishtadek dillar aro,
Tosh bag‘ir ham mehrdan bergay sado.
O‘tda yonmoq neligin bilgan nigor
Ishq, vafoning darsidan qilgaymi or?
Shoiro, yonmoq ekan taqdir agar,
Qilma otash tobidan hargiz hazar…

BALAND OShIYoN

Eng baland joylarga uchgil, oshiyon qurmoq esang,
Tog‘larim boshini quchgil, keng jahon ko‘rmoq esang.
Ko‘m-ko‘k osmon gumbazin gar manzil etmoq xohishing,
Sen teran o‘ylarga ko‘chgil bexazon turmoq esang.

Sen-ku bir cho‘l bulbulimas, zoru afg‘on boshlasang,
G‘am-nadomatlar qulimas, ko‘zlaringni yoshlasang?
Na biyobonlar guli, na cho‘l tikoni sen, axir,
Manziling topmay o‘zingni g‘oru jarga tashlasang?

Oshiyoning past bo‘lsa, selu yel payxon etar,
O‘ynashib bebosh sho‘xlar tosh otib vayron etar,
Mungli qushlar bir umr bolu qanotu qushchasin
Asramoq, ardoqlamoq dardida jon qurbon etar.

Sen uchar bo‘lsang, baland tog‘, cho‘kkidan parvoz qil,
Toki do‘stlarga o‘zingdan xush salom ovoz qil.
Toki hayratli, muhabbatli boqib desin Vatan:
Ey jigarbandim, bu sayring ham baland ham soz qil.

Tikka parvoz istasang, tog‘ burgutidan ol saboq,
Chaqnagan uchqur hayotning shiddatidan ol saboq.
Xohi shodsan, xoh noshod — bo‘l baayni navbahor,
Changu gard yuvmoqtsa yomg‘ir san’atidan ol saboq.

Gar uchar bo‘lsang, bobolar yodi birlan ko‘kka uch,
Yangi, yorqin sahfalar dostoni bergay senga kuch.
Yo‘llaringda porlagan gulxan — buyuklar mash’ali,
Sen u gulxan dovrug‘i — shoni bilan olamni quch.

Oshiyon qurmoq esang, axtar yuraklardan makon,
Mehru ahdu ham sadoqat ham tilaklardan makon.
Bormikan inson dilidan ham balandroq joykim,
Izla mehru ezgulikka mangu maskandan makon.

ONA DILI

Agar dil yig‘lamoqdan suv bo‘lib oqsa, dilim erdi,
Agar ko‘z yoshiga g‘arq bo‘lsa manzil, manzilim erdi,
Agar oson bo‘lmay qolsa mushkul, mushkulim erdi,
Agar sohilni daryo mavji bossa, sohilim erdi.

Urushda jon fido farzand tanin ko‘rgan ko‘zim bordir,
Dili tosh necha begona g‘anim ko‘rgan ko‘zim bordir,
Chuqur qazganni men shu chohda ko‘rmakni umid qildim,
Tirik qoldim, ajallar nayrangin ko‘rgan ko‘zim bordir.

Tirikman, o‘lmadim, farzandi jonim barkamol qildim,
Nikoh-to‘y kechasi shodlik yoshimni ashki ol qildim,
Kelinga sovg‘a qildim qatra yoshim — marvarid shoda,
O‘zimni shu duo chog‘i onam — jonim xayol qildim.

O‘g‘il dog‘in ko‘rishga menda yo‘q jon, toqatim hargiz,
Yonib turgan olov so‘nsa, yo‘qolgay rohatim hargiz,
Padarsiz qolsa bir uy, bu mening g‘am-kulfatim hargiz,
Bashar bo‘lsin xatardan pok — shu orzu-niyatim hargiz.

ShU BAS MENGA

Necha ming bor dedim, qulman o‘zim senga, shu bas menga,
Fidoman bir kalomingga, salomingga, shu bas menga.
Barin yozdim, muhr bosdim va topshirdim dilu jondan,
Hayotim ham mamotim oliy nomingga, shu bas menga.

Bilursen qullar atvorin — g‘ulu, isyon, buzish odat,
Qilib kul kunda, zindonni va zanjirni uzish odat,
Misoli tog‘ quchog‘idan otilgan bir asov, sho‘x soy
Oqar, zero unga hurlikda yayrab barq urish odat.

Va lekin bir qulingmanki, na isyon, na g‘ulu etgum,
Na jang qilgum, na jon so‘rgum va yo sendan nari ketgum,
Agar sen istasang yo‘q, istasang mashhuri olamman,
Agar kulsang kulurmen, yig‘lasang yig‘lab, yoshim to‘kkum.

Vafo qilgil deganding sen, vafo qildim, shu bas menga,
Vafo yo‘lida bu jonni fido qildim, shu bas menga,
Gar oshiqlar duosi ming xilu ming rang va lekin men
Sening noming bilan boshlab, ado qildim, shu bas menga.

VATAN

Bahor keldi va umrimdan yana bir yil olib o‘tdi,
Jami ko‘rgan-kechirgan kunlarim yodga solib o‘tdi.
Jahongashtlikda kechdi gar bu umrimning yarim bobi,
Misoli et bilan tirnoq dilim yurt-la qolib, o‘tdi.

Qayerda bo‘lmayin, yurtim, suyuk-pok osmon bo‘lding,
Uzoq sohil, uzoq tuproqda ham sen orqa — tog‘ bo‘lding.
Buyuk dengizda suzgan, mavjida kulganda ham ko‘zlar
Jaranglab jilg‘alardek chorlagan bir qo‘ng‘iroq bo‘lding.

Menga eng baxtli dam bo‘ldi safardan senga qaytgan kun,
G‘uboring ko‘zga surdim, qaytadan bo‘ldim senga maftun.
Go‘zal vodiylaring kezdim, yana sehringga band sezdim,
Sening orzu va taqdiringga eshlikdan dilim mamnun.

Diyorimdan va yorimdan uzoq tushsam sayohatda,
Meni mashhur jahongashta dedilar ushbu odatda
Va lekin men hamisha qaysi elda nonu tuz totdim,
Faxr qildim, surur topdim, Vatan, senga sadoqatda.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

OZOD ShARQDAN MEN

Do‘stim, nega holing buncha parishon,
So‘zlaring aytilmay qoldimi pinhon?
Nega, nega so‘lg‘in nigoh tashlaysan,
Menga hasad bilan qaraysan ba’zan,
Tug‘ilgan o‘lkangda, shahringda zotan
Menga o‘xshashlarni ko‘rmaganmisan?
Chuqur qarashingda qanday ma’no bor,
Ne uchun xayoling buncha beqaror?
Dono boqishingning ma’nosi, balki
Bilmoqdir: ne ekan sen va men farqi?
Ne uchun men g‘olib va boshim baland?
Nega sen bechora qayg‘ularga band?
Ne uchun menga yor doim saodat?
Senga faqat xayol surishdir odat?
Nega men uchaman qushday osmonda?
Sen azob chekasan qora zindonda?
Nigohing ma’nosi kenglikda kitob,
Tingla!
Javobini qaytaray shu top:
Sen ham men singari, odamsen,
Odam.
Bu jihat mendan hech emasdirsan kam.
Sen ham ulug‘ Sharqning haqiqiy o‘g‘li,
Qadim el farzandi ekaning to‘g‘ri!
Sening o‘lkangda ham har sahar yuvosh
Ufqdan jilmayib chiqadi quyosh.
Sening o‘lkangda ham bahor kuladi,
Tabiat jamoli nurga to‘ladi.
U bahor quyoshi sochsa-da ziyo,
Umidlar daraxti ko‘karmas aslo;
Undan mehnat ahli ko‘rmaydi rohat,
Zolimlar cho‘ntagi to‘ladi faqat.
Bu xilda yashashlik sen uchun ofat,
Kelgindilar esa topadi rohat.
Mening diyorimda o‘zgacha bahor —
Bahorki, er-ayol yashar baxtiyor.
Tabiat yashnab, gul ochilishidan,
Ko‘katdan turli hid sochilishidan,
Daryo, soylar to‘lib mavjlanishidan,
Qushlarning sayrashi avj olishidan
Go‘zalroq bahor bor — mehnat bahori,
Elim qozongan shon-shavkat bahori.
Bog‘laru chamanlar gullar muttasil,
Paxtamiz, g‘allamiz berar mo‘l hosil,
Farovon bo‘ladi elning hayoti,
Balandroq kuylanar mehnat bayoti.
Bahor —
Bu traktor guldurosidir,
Mehnat ahllarin shod sadosidir,
Baxtiyor bolalar bosgan qadamdir,
Muhtasham maktabu kitob, qalamdir.
Shundadir sen bilan mening farqimtsch!
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
Asrlar davomi senga ortib g‘am,
Sharqingni toptarlar misoli gilam.
Do‘st niqobin kiyib, bosib yeringni,
Shilib oladilar qotgan teringni.
Sen esa tiriklik — ro‘zg‘or g‘amin yeb,
Bahordagi qorday ketasan erib.
Kunu tun vahshiyday ochko‘z tekinxo‘r
Eringdan don yig‘ib, qiladi huzur.
Nyu-Yorklik, londonlik zolimlar mudom
Xalqingga qiladi ajalni «in’om».
Shu sabab ko‘zingda tinmaydi yoshing,
Baland ko‘tarilmas g‘am bosgan boshing.
Mening Sharqim esa egmasdan bo‘yin,
Topdi balolardan qutulish yo‘lin.
Xalqlar bir-biriga mehribon bo‘ldi,
Bir Vatan qo‘ynida jonajon bo‘ldi.
Bu yerda bir ulug‘ oila qurdik,
Xavfu xatarlardan butkul qutuldik.
Bu yerda insonning qadri balanddir,
Har narsa muattar, go‘zaldir, qanddir.
G‘am, kulfat, azobni unutdi xalqim,
Saodat bog‘iga yo‘l tutdi xalqim.
Shundadir sen bilan mening farqimiz,
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
Mening otalarim oylar va yillar
Vatan deb og‘ir jang qilgan edilar.
Ular kurashdilar, bo‘lsin deb hayot,
Bo‘lsin deb saodat, iqbol va najot.
Sen endi kiribsan bu ulug‘ yo‘lga,
Ozodlik bayrog‘in olibsan qo‘lga.
Uzoq sabr qilding, chidading, og‘ir,
Endi sabr kosang to‘libdi oxir.
Kurash maydoniga chiqqan qahramon!
Bil, do‘stim, men senga sherik, yonma-yon.
Ishingga tilayman muvaffaqiyat,
Kunu tun men seni o‘ylayman faqat.
Shundadir sen bilan mening farqimiz!
Shunday farq qiladi ikki Sharqimiz!
1950

Ashirmat tarjimasi

OSIYo OVOZI

Osiyo gapirar, tinglang ovozin!
Jo‘shqin daryo mavjin, hayqiriq sozin!
Osiyo uyg‘ondi, uxlamas, uyg‘oq,
Bo‘ldi rostlik, do‘stlik u bilan o‘rtoq.
Hofiz she’rin eslang —
Sharq faryodini,
Chekkan nolasini, ohu dodini:
«Shabi toriku bimi mavju girdobe chunin hoil,
Kujo donand holi mo sabukboroni sohilho».*
Qorong‘i kechadan, to‘lqindan aslo
Shikoyat qilmagay endi Osiyo.
Do‘stlari qo‘l berib ahdu vafoga,
Boshini ko‘tarmakda yuksak fazoga.
Odamni tahqirlash zamoni o‘tdi,
Tunda tasbeh sanash zamoni o‘tdi.
Osiyoda biri biridan judo —
Emaslar xalqlar — qo‘shnilar aslo.
Mevadan mevaga bo‘lgandek payvand,
Qo‘shnidan qo‘shni ham olur yangi pand.
Eshitilmas edi Chinning sadosi,
X,indi qon yutardi, bo‘g‘iq nidosi.
Indoneziyaning xalqi edi och,
Bir siqim guruchga, baliqqa muhtoj.
Endi jabru sitam tubdan yo‘qolur,
Dengizlar suvida zanjir zang olur.
Birma yangi bog‘dek yashnab ko‘karar,
Sarandebda ishchi ovozi yangrar.
Osiyo!
Onamsan, mehribonimsan,
Mehring dilimda-yu, jonajonimsan.
Osiyoni kezdim, mengadir ayon
Avlodining yuzi gul kabi xandon.
O‘tmish nishonasi ko‘zlarga manhus,
Nolirdi panjara ichida mahbus.
Ko‘rgazmani ko‘rdim men Xankuda ham,
Yodimdadir Chinda dehqon chekkan g‘am.
Ko‘z oldimda turar mazlumlar hali,
Dahshatli, haybatli xoqon haykali.
Ko‘rgazmada ko‘rdim necha bechora,
Yuz yillik eski to‘n yirtiq, yuz pora.
Dehqon yuragini yulib olganlar,
Bosh tortganni zindon ichra solganlar.
Doshda qaynatganlar o‘n yashar qizni,
Ko‘p ko‘rdim o‘tmishdan bu yanglig‘ izni.
Bu qizcha hali ham tirikdir, tirik,
Tongni kutib olur doim shafaqdek.
U Osiyo nuri, u Chin sadosi,
Olamga yoyilur uning nidosi:
«Vatan obi hayot ichmish, tirikman,
Baxt sari bormakda sabotli Vatan.
Hosil ko‘pligidan egilgan boshoq
Yayrashda, yashnashda men bilan o‘rtoq.
Yor-do‘stlarim bilan birga sayrayman,
Chin yangi yerida sayrab yayrayman.
Osiyo kuyiman, bu ulkan qit’a,
Balchiqdan qomatin rostlagan qit’a.
Jafokash, mehnatkash kuychisidirman,
Birgaman dengizchi, qo‘riqchi bilan.
Osiyo, Afrika bo‘lib bir so‘zlik,
Uz yuziga ochdi iqboldan eshik».
Osiyo so‘zlar Nil to‘lg‘onuvidan,
Billur qatrasidan, muzdek suvidan.
Nil uzoq yerlardan Misrga kelar,
Cho‘l qumlari unga yolvorib turar.
Yirik xatlar bilan Nilning maqtovin
Chanqoqlar yozmishlar, qilishib tahsin:
«Nil agar sarshor boshad labzanad, jo‘shad, damad,
Rizqi fallohon farovon, bahrashon oyad madad.
Nil agar xohad, Ba har kas medihad joxu jalol»**.
Misr eli-chun Nilsiz turmoq erur amri mahol!
To‘ylarda, motamda undagi ellar
Mehribon daryosi bilan so‘zlashar.
Bola orqalagan onalar kelib,
Unga sig‘inishar salomlar berib,
Bolamiz Nil kabi izchil bo‘lsin deb,
Jo‘shqin, aziz bo‘lsin, sof dil bo‘lsin deb.
Chanqoqlarga yordamlashib Assuan,
Suv yetkazib berar cho‘llarga Nildan.
Attahrib deganda arablar tili,
Istiqbol zavqidan quvonur dili.
Utmish og‘irligin ulug‘lar yozib,
Bizga qoldirganlar gavhardek tizib:
«Sad’iy biravu hayma ba gulzori digar zan,
K-in mevai bog‘i tu ba toroj rasidast».***
Uz mevasi bilan Sharq endi obod,
Chodirin quradi o‘z bog‘ida shod.
Sharq endi bog‘ini g‘oratdan saqlar,
Garmseldan, turli ofatdan saqlar.
Tun pardasin yorib chiqqandek quyosh,
Endi sir pardasini ochar Arslontosh.
Parda ko‘tarilgach, chaqnadi yashin,
Suvayshda xalq etdi
«Hayot!»—deb shovqin.
Shuning-chun Osiyo sadosi baland,
Shuning-chun uzildi zanjir va kamand.
Shuning-chun Dehliga tashladi odim
Osiyo yurtlaridan juda ko‘p xodim.
Shuning-chun Hindiston xotin-qizi ham
Peshana qizartdi, yoqdi mash’al, sham.
Shuning-chun maydondan o‘tishdi quvnoq
Go‘daklar, qo‘llarda gul va o‘yinchoq.
Sharqning,
Nilning,
Gangning tingladim sasin,
Yumshoq yer, chidamli toshlar nafasyn;
Shu onda qishlog‘im yodimga tushdi.
Zilol suv, irmog‘im yodimga tushdi.
Yuksalgan tog‘lari tushdi yodimga,
Qaynar buloqlari tushdi yodimga.
Suvi kiyikdan ham chaqqonroq yurar,
Tunda unda yulduz ko‘rinib turar.
Zulfin silkitmoqda majnuntol qator,
Elektr yog‘dusin sochmoqda Hisor.
Baxmaldek, ipakdek ziroati bor,
Cheksiz saodati, farog‘ati bor.
Otam ko‘rmagandi bu saodatni,
Farzandim ko‘rmakda bu farog‘atni.
Yurtim daryochasi to‘lqinlab oqar,
Ko‘ksiga ko‘k aksi yulduzlar taqar.
Moskva radiosi kuylagan chog‘da
Bolalar quvnashib o‘ynar qirg‘oqda.
Bu kichkina daryo jo‘shqin va g‘ayur,
Osiyo nahrlarin sadosi-la jo‘r.
Baxt yaratguvchilar bilan hamovoz,
Iqbol ijodchisi bilandir hamsoz.
Zo‘ravonlar g‘olib bo‘lishi mumkin,
Yot yerlarga sohib bo‘lishi mumkin.
Nahang baliqlarni changallay olur,
Irmoqlar dengizga tushib yo‘qolur,
Lekin irodani hech kuch bo‘g‘olmas,
Erksevarlar yo‘lin hech kim to‘solmas!
Erk!
Deb yangramoqda Osiyo sasi,
Qayna, ey Osiyo xalqin nafasi!
M. Muinzoda tarjimasi
___________
* Mazmuni: Tun qorong‘i, to‘lqin xavfi, girdob to‘sig‘i ko‘z oldimizda. Qirg‘oqdagi yuki yengil kishilar bizning ahvolimizni qayoqdan bilsinlar.
** Mazmuni: Nil suvi ko‘payganda limmo-lim bo‘ladi, jo‘shqinlanib toshadi, Dehqonlar rizqi oshadi, ular uchun yordam bo‘ladi. Nil agar xohlasa har kimga uy-joy va davlat beradi.
*** Mazmuni: Sa’diy, sen borib chodiringni boshqa gulzorga qur, chunki bu bog‘ning mezasi talon-torojga uchradi.

ShOIR

Shoiro, topsang yonishdan gar xabar,
Aylama yongan otashdan so‘ng hazar.

Yonmoqlikdan yaralgusi ohan ham,
Bir uchqundan taralgusi gulxan ham.

Purharorat bo‘lmasa gar oftob,
Dunyo bo‘lar erdi sovuqdan xarob.

Beharorat bo‘lsa ul tosh, dil emas,
Dil ochar va pursafo manzil emas.

Beharorat hech ne o‘sib unmagay,
Misli gul yashnab, ochilib turmagay.

Beharorat labda kulgu bo‘lmagay,
Ma’shaladek yuzda xanda urmagay.

Shoiro, bo‘lma yonishdan sen malol,
Bul azobni do‘st tutgaydir visol.

Yonmasang bunyod etish mushkil bo‘lur,
Yorga ham ko‘ngil tutish mushkil bo‘lur.

She’r jo‘sh urmog‘i shart favvoraday,
Qalb qo‘rida misli otashporaday.

Bosh urib dildan tutashgay dil tomon,
Yumshatib tosh dilni aylar mehribon.

Yor bilgay kuymagu yonmoq nadir,
Ham vafo darsini o‘rganmoq nadir.

Shoiro, topsang yonishdan gar xabar,
Aylama yongan otashdan so‘ng hazar.

«AZIZIM»DAN PARChA

Bizlar mudom do‘st axtarib yurgaymiz
Omonligu sulhdan suhbat qurgaymiz.

Do‘stlik birla bashar topgaydir rohat
Dushmanlik keltirar doim g‘am-ofat.

Notinch joyda nurin sochmagay oftob
Notinch yerni tark etgusi fayz shu tob.

Baxtli hayot, yuksak parvoz tinchlikdan,
Qadr — qimmat hamda e’zoz tinchlikdan.

Do‘stni sinab ko‘rgan bo‘lsang safarda,
Xato bo‘lmas dil bog‘lasang agarda.

Azizim, boshga toj aylagin do‘stni,
Jigardek joningga joylagin do‘stni.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari