Jahon
September 17, 2020

Yanosh Sentmarton (1975)

Zamonaviy venger she’riyatida o‘ziga xos uslubi bilan kitobxonlar e’tirofini qozongan yosh va iste’dodli shoir Yanosh Sentmarton (Szentmártoni János) 1975 yilda Budapeshtda tug‘ildi. 2000 yildan beri Vengriya yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Bugunga qadar shoirning 8 kitobi nashrdan chiqqan.

MENING ShE’RIYaTIM

Kunlab, haftalab, takror va takror
tilsimli so‘zlarni qidiraman…
toparman deb tinmay izlayman,
o‘zimni, o‘zimni butkul unutib…

Nima bo‘ldi, nimalar bo‘ldi?
orzular, tuyg‘ular…
Bari bir-bir uchib ketadi
sukunat va so‘ngsizlik sari…

tuproq va toshlarni
tishlab ko‘raman
tishlarim sinadi
asabdan, asov jahldan…

Yana va yana kundaligimni
devorlarga bir-bir o‘yaman…
binolar qulaydi,
devorlar qular,
yozuvlarda yashirin tuyg‘ular qular,
bari, bari birma-bir ketar,
yurakda chuqur-chuqur izlar qoldirib…

Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

ITAKA

Elkam kabi qotdi machta,
Kim ham undan etar xalos?
Dengizlardan parilarni
Qaytarishga bormi asos?

Itaka hamon olisda
Eh, olislardan olisda!
Bari uyqash, neki aziz
Va suzmoqda u qarshimda.

Qayerdasan, meni bilgan yurt,
Har go‘shasi qo‘nim bo‘lgan?
Tunlardagi pari qani,
Mening uchun shivirlagan?

O‘z taqdirim meni shildi,
Qo‘rqdim, unga bu hamon kam:
Shu tun meni, po‘rtana-la
Xumga solib qo‘ydi mahkam.

Endi Itaka olisda.
Qayda xotira? Ertakmi ro‘yo?
Ul notekis suv sathida
Pari yuzi niqobdek go‘yo.

Azob berma menga og‘riq,
Kimman men va qayerlikman.
Yurtim o‘ti nigohimda,
Mavjlar o‘ynar, men o‘likman.

Endi uyga qaytolmasman.
Cho‘kdi o‘tmish shu girdobga.
Biroq qaddimni tutganman.
Ketmayman qazosiz xobga.

MENING ShE’RIM

Bugun she’r sukutda, savalagan kabi
Kimdir huvillagan xiyobon ichra.
Uning ko‘zlarida yulduzlar aylangandek,
Mening ko‘zlarimda ham yorishib borar.

Shunda men uni quchib tortdim o‘zimga,
Ha, dardni anglash-chun, shunday qilinar.
U shu on yorishdi va turdi o‘rnidan,
Go‘yo u do‘zaxdan qochgan hurdek ko‘rinar.

U zinapoya bo‘sag‘asiga kelib o‘tirdi,
Buni qayerdadir o‘qigandim bir vaqtlar.
Holi aftoda edi, kamgap va bejur’at,
Go‘yo bir-birimizga o‘xshardi qalblar.

Qanday shamol olib keldi uni bizga
Va ko‘ylakdek uchirardi uning qalbidan?
U balki, shunday savolga javobdir:
Ertaga ne bo‘lar? Biroq zamin xokidan

Berilganmi samoviy ma’nini anglash?
Bizga bundan o‘ttiz tanga yaqinroq.
Allaqachon taniganmiz ona Zaminni,
Qachondir zurriyodini xo‘rladik biroq.

Va u kechirdi, mayda ishni unutib,
O‘sha, tavba neligini bilmas kaslarni.
Va shunday sen ham jimsan, mening she’rim.
Eh, boshqacha bo‘lsaydi sening taqdiring,

Unda men seni tortmasdim o‘zimga!
Davolayman tubsiz yaralaringni,
Sening yuzingga qarab, eshitarman
O‘zimning – zaminning cheksiz yolg‘onin.

XO‘RSINISh

“Mana, men topdim o‘z vatanimni…”
– Yomon bo‘lmasdi shunday she’r yozsam,
Shundan so‘ng esa o‘lmay uzoq yashasang.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari