May 2, 2025

Tasviriy va amaliy san’at kafedrasida navbatdagi ma'rifat soati......

2025-il 29-aprel kuni Buxoro davlat universiteti San’atshunoslik va Pedagogika fakulteti Tasviriy va amaliy san’at kafedrasida “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” mavzusida ma’rifat soati o’tkazildi. Kafedra mudiri dotsent S.S.Abdullayev, ma’naviy ishlar bo’yicha ma’sul p.f.f.d (PhD).,dotsent G.Ostonovalar so‘zga chiqishdi.

Inson qalbi, ong-u tafakkuriga nisbatan xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda navqiron avlodimiz, jondek aziz farzandlarimiz hayotiga, ularning ta’lim-tarbiyasiga bir lahza ham loqayd qarashga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad yo‘lida dadil ilgarilab borayotgan Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimi oldidagi mislsiz vazifalar ham bu bordagi maqsadlarimizni yanada teranlashtiradi. Chunki biz intilayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun, avvalo, yuksak professional kadrlar – o‘z ishining chinakam ustalari, har qanday sharoitda ham el-yurtimizga sadoqatli va jonkuyar insonlar kerak. Bugun ushbu masala mamlakatimiz taqdiri va kelajagini, barchamizning hayot-mamotimizni belgilaydigan eng mas’uliyatli va sharafli ishga aylanmoqda. 
«Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy lafzida yangragan bu purma’no so‘zning mohiyati keyingi yillarda yurtimizda «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan katta ishlar ko‘lami qadar keng quloch yoymoqda. Borliqqa ko‘zlarida hayrat va har bir nuqtaga savol nigohi bilan boqqan farzandlarimiz ilk saboqni maktabda oladi. Ularning alifbodan har harfni o‘zlashtirgani sayin ong-u tafakkuri o‘sib, ilm ummoni sari yo‘li oydinla­shib boradi. Bunda o‘quvchining ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, ota-ona va o‘qituvchining o‘zaro hammaslakligi, jonkuyarligi hamda mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu jarayonlarni o‘qituvchining salohiyati, ta’lim muassasasidagi shart-sharoit, talablar ham bevosita to‘ldiradi.