April 22, 2025

Navbatdagi Ma'rifat soati

2025-yil 22-aprel sanasida Buxoro davlat universiteti San'atshunoslik va pedagogika fakulteti tasviriy va amaliy san'at kafedrasida “Erta turmush qurish hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, ularning inson sog‘lig‘iga zararlari” mavzusida navbatdagi ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra mudiri dotsent S.S.Abdullayev hamda kafedra professor-o'qituvchilari ishtirok etib, mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

“Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”. Bu esa oila hamda jamiyatning farovonligini belgilaydi. O‘z navbatida oila farovonligi davlat farovonligiga, oiladagi sog‘lom muhit sog‘lom jamiyat barpo bo‘lishiga olib keladi. Har bir oilaning taqdiri jamiyat taqdiriga bevosita dahldor ekan. Bir masala borki, bu haqda jiddiy o‘ylash, mulohaza qilish zarur. Bu oila tuzishdir. Voyaga yetgan qizlarni turmushga uzatib, o‘g‘illarni uylantirib, nevara-chevarali bo‘lish har bir ota-onaning ezgu maqsadidir.

Xalqimizning an’anaviy va hayotiy muhim tadbiri bo‘lmish nikoh bizda ko‘proq ota-onaning keksalarning aralashuvi bilan amalga oshiriladi. Shu sababmi hayotimizda qarindoshlar o‘rtasida quda-andachilik rishtalarini bog‘lash, qizlarni erta turmushga uzatish, yigitlarimizni erta uylantirish kabi achinarli holatlar hamon uchrab turibdi. Oila qurishdan asosiy maqsad farzand ko‘rish o‘zidan nasl qoldirish emasmi. Afsuski, buni anglab yetsalarda, begonani kelin qilishni xohlamaydigan, qizini o‘z urug‘iga berishni afzal ko‘radigan ota-onalar ham uchrab turibdi. Nahotki, mayib, majruh farzandini shifokorma-shifokor, shaharma-shahar olib borib, naf topolmay taqdirga tan berayotgan ota-onalarning qismati ularga o‘rnak bo‘lmasa. To‘g‘ri, hozirgi zamon tibbiyoti va uning imkoniyatlari katta. Lekin irsiy buzilishlar oqibatida nuqsonli tug‘ilgan bolalarga har qanday ilg‘or davolash usuli, eng samarali dori darmon, mashhur shifokor ham yordam bera olmaydi. Yaqin qarindoshlikdan dunyoga kelgan bolalarda yashirin nuqsonlar saqlanib qoladi. Bu esa yillar o‘tishi bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bular kasalliklarga beriluvchanlik, muhitga chidamsizlik, iqtidorning yaxshi rivojlanmasligi kabi salbiy omillar farzandning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishga to‘sqinlik qiladi. Reproduktiv salomatlik deganda ayolning qachon va qanday sharoitlarda ona bo‘lishini nazorat qilish, onaning ham, tug‘ilajak bolaning ham salomatligi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratish tushuniladi.16-18 yoshlarda ayol organizmi sog‘lom farzand ko‘rish uchun hali to‘la shakllanmagan bo‘ladi. Homilador bo‘lish, farzand dunyoga keltirish bilan bog‘liq jarayonlarda ona organizmi o‘zidan ko‘p miqdorda quvvat sarflaydi. Ko‘zi yorigan ayol organizmi o‘zini tiklab olishi uchun unga kamida 3-4 yil vaqt zarur bo‘ladi. Bu bir tomondan bolaning ona sutiga to‘yib o‘sishini ta’minlasa, ikkinchi tomondan ona navbatdagi homiladorlikdan saqlanadi. Ayollar salomatligini faqatgina homiladorlik davrida saqlabgina qolmay, balki o‘smir qizlarni ham yoshlik davridan sog‘-salomat o‘sishiga ota-ona katta e’tibor qaratishi zarur.

Yurtimizda mustaqillik yillarida onalar va bolalar salomatligiga berilayotgan e’tibor aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda. Chunki, sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga kelishi ayni haqiqat. Zero, ayol jamiyat ko‘rkidir.