HAYOT PSIXOLOGIYASI
October 2, 2020

ERKAK VA AYOL PSIXOLOGIYASI

Ayol va erkak dunyoni ikki xil ko'zoynak orqali ko'rishadi, go'yo. Ayol pushti ko'zoynak taqadi, erkak qora ko'zoynak taqadi. Aslida, ikkala ko'zoynak ham bir xil narsani ko'radi. Muammo shundaki, ko'zoynaklar rangining har xilligi tushunmovchilik keltirib chiqaradi. Erkak dunyoni aniqroq va yaqinroqdan ko'rsa, ayol dunyoni pushti rangda va fazoviy tasavvurda ko'radi.

Erkak psixologiyasi bir narsani ikkinchi narsaga bog'liqligi va ketma-ketligini ko'rsa, ayol hayotni ichki sezgi va his-tuyg'ularini qo'shib ko'radi. Erkak va ayol o'rtasidagi bu faeq qadriyatlarga, qiziqishlarga, maqsadga va qarorlarga ham jiddiy ta'sir o'tkazadi. Ayol hamisha mehrga, hissiyotlar almashinuviga, uyg'unlikka intiladi.

Ularning telefonda gaplashishlari ham turlicha: ayol uzoq vaqt dardini doston qilib chaqchog'ini yozsa, erkak qisqa-lo'nda gaplashish tarafdori bo'ladi. Ayol telefonni yelkasi bilan tutib, ham ovqatini kovlab, ham bir qo'li bilan bolasini kiyintiradi. Bu "Ayolning joni qirqta" degan maqolni yana bir bor tasdiqlaydi. Erkak esa bitta muhim narsaga diqqatini jamlashi kerak bo'ladi. Erkak "telefon qilishga vaqtim bo'lmadi" desa, ayol buni sira hazm qila olmaydi. "Nima uchun telefon qilishga vaqt yo'q? Nahotki?!" Ayol anglashi lozim bo'lgan haqiqat shuki, erkakning e'tibori faqat bitta narsaga qaratilgan bo'ladi: erkak ish vaqtida oilasining tashvishlarini unutadi, ya'ni bir vaqtning o'zida ham ishga, ham oilasiga diqqatini jamlay olmaydi. Yo'q! Hech qachon ayol erkakning bundayligini oxirigacha tushuna olmaydi. Axir tushuna olsa erkak bo'lib qolishi kerak-da! Er ishdan kelgach, yana bir muddat "ishxona"da ishlaydi, uyga kelib ham ishxonasi haqida o'ylaydi. Ayol "Men bilan gaplashing" desa, televizorni o'chirib qo'yadi. Ayolning han televizor ko'rib, ham eri bilan gaplasha olishini erkak ongi tushuna olmaydi. Ayol esa "serialni ko'rmasligim uchun shunday qildi" deb janjal boshlaydi.
©️ PSIXOLOG - Zebiniso Ahmedova