July 22, 2020

3 yoshdagi bolaning inqirozi


Farzandingiz qaysarmi?
Uni tushuna olmayapsizmi?
Farzandimga noto'g'ri tarbiya beryapman,-deb o'zingizni ayblayapsizmi?
Sizningcha, bolangizning haddan ziyod erkaliklariga kim imkoniyat yaratyapti?... TO'XTANG!!!
Sizning farzandingiz ayni damda inqiroz davrini boshdan kechiryapti.

INQIROZ-bolaning ma'lum bir rivojlanish bosqichidan boshqa bir yangi bosqichga o'tish oralig'ida vujudga keluvchi omil. Statiskik ma'lumotlarga qaraganda, ushbu holat 2 yoshdan 4 yoshgacha bo'lgan vaqt oralig'ida davom etishi bilan bir qatorda, bir necha hafta yoxud 2-2,5 yil bola psixikasini qamrab oladi. Albatta, bu farzandimizning asab tizimi bilan chambarchas bog'liqdir.

Bola 3 yoshga qadam qo'yganida undagi eng muhim sifatlar: fe'l-atvori, atrof-muhitga, o'zgalarga bo'lgan munosabati, xulqi, tafakkur va ong kabi psixik aks ettirishning turli ko'rinishlari shakllanadi. Bularning barchasi farzandimiz ongida qarama-qarshiliklar kurashi asosida namoyon bo'ladi. Bu yoshdagi bolalarning hissiyotlari nihoyatda kuchli bo'ladi, ammo ularda shu hissiyotlarini nazorat qilish, boshqarish ko'nikmasi hali shakllanmagan bo'ladi. Agar farzandingizni qandaydir hissiyot qamrab olsa yoki biron narsaga nisbatan xohish paydo bo'lsa, u shu istagiga erishmaguniga qadar tinchlana olmaydi. Masalan, bolangiz chanqadi va u sizning oldingizga kelguniga qadar sariq stakanda sut ichishni tasavvur qilib keladi,lekin siz unga oq stakanda sharbat quyib berdingiz. Mana shu paytda bolaning hissiyotlari jumbushga keladi va o'zini nomunosib tuta boshlaydi.

Inqirozning ko'rinishlari:
1.Negativizm - bola biror narsa qilishni istamaydi, chunki u kattalar tomonidan qilingan taklif bo'lganligi sabab.
2. O'jarlik - bola o'z aytganida oxirigacha turib oladi. Bu o'jarlikni qat'iylik bilan aralashtirmaslik kerak. Qat'iyatli bola o'z xohlaganini talab qilishi bilan birga kattalarning fikrini inobatga oladi. O'jarlik esa shunchaki o'zi xohlagan narsa bo'lishini talab qilishdir, tushuntirishlar befoyda.
3. O'zboshimchalik - negativizimdan farqi shundaki, bola kattalarga emas, balki, hayotidagi barcha odatlarga qarshi chiqadi.
4. O'z menini shakllantirish - bola ba'zi harakatlarni kattalarning yordamisiz bajarishi va mustaqil bo'lishga intilishi.
5. Agressivlik - bola to'satdan ota-onasi bilan urishadigan, ustidan kuladigan va sevimli o'yinchoqlarini sindiradigan bo'lib qoladi.

Mutaxasislrning aytishlaricha, boladagi qaysarlik uzoq davom etmaydi va siz o'zingizni xotirjam tutishingiz natijasida vaziyatni ancha yumshatishga erishasiz.

Bolangizning ehtiyojini doim ham qondiraverish mumkin emas. Sababi, u men ota-onamdan ham kuchli ekanman degan xayolga boradi va xavfli vaziyatlarda meni himoya qiladigan inson yo'q deb o'ylaydi. Bu esa o'z navbatida bolalar nevroziga olib keladi.

Bola qaysar bo'lganida uni haqoratlab jismoniy jazo qo'llash mumkin emas. Sababi, u men nimanidir xohlasam meni yomon ko'rishadi, jazolashadi, yolg'iz qoldirishadi va h.k..... deb fikrlaydi va natijada farzandingiz o'z istak-xohishlarini aytmaydigan va hamma narsaga ko'nikuvchan bo'lib qoladi.

Bu o'tkinchi davr farzandingizning alohida shaxs sifatida rivojlanishining birinchi bosqichi. Ota-onalar bu davrda o'zlarini qo'lga olib, har qanday holatda ham ularni yaxshi ko'rishini amalda ko'rsatishi juda muhim! OTA-ONALARNING FARZANDLARIGA TARBIYA BERISHLARIDAN ASOSIY MAQSADI - BOLANING ISTAK- XOHISHLARINI RAD QILGAN TAQDIRDA HAM U BILAN BO'LGAN MUNOSABATLARINI SAQLAB QOLA OLISHLIKLARIDADIR!

©Nozima Zokirova