"Ojiz va kuchsiz bola" tarbiyalashning tarbiyasizlik siri
"Bolali uy bozor, bolasiz uy mozor" deydi dono xalqimiz. Bolasi bor uyni ko'chaning narigi betida turib tanib olasiz. Butun ovozi bilan kulgan, baland ovoz bilan o'ynayotgan, harakatlaridan shovqin yangragan bolali uyning baxti ham shunda. Ammo, qariyalar, asabiy onalar bunday holatni ko'taraverishmaydi. "Bolangni jim qil!", "Bolangizni bir do'xtirga ko'rsatib yuboring!", "Bolangiz namuncha sho'x, boshlarimni og'ritib yubordi!", "Bu bola na qo'yni biladi, na to'xta deganni tushunadi" degan shikoyatlardan ona ham bezor bo'ladi. Bola degani charchashniyam bilmaydi-ya, uyg'ongandan uxlaguniga qadar tinchlik yo'q, deyishadi qo'shnilar. Ayniqsa, ko'p qavatli uylarda bunday shox-shodon bolalar bilan yashash azob. "Har kuni bolangiz sakramasin, boshimizning ustidan do'p-do'p qilib uxlatmayapti" deb qo'shnilarning shikoyatini ham ko'taradi ona. Yana o'sha qo'shnilar va kattalar bilmaydigan bir sir bor: bola tinimsiz savol beradi. Agar bu shikoyatchilarning aytganini qilsak, ojiz va kuchsiz jim o'tiradigan, miyasi o'sishdan to'xtab savol bermaydigan bolani tarbiyalaymiz-qo'yamiz. Bolani "xuligan", "urishqoq", "bunchalar sho'x" deb ataysiz va uning miyasining va tanasining o'sishi uchun qilayotgan harakatlarini yomon tomonga burasiz.
Temperamenti melanxolik va flegmatik bolalar tug'ma sabrli bolalar bo'lishadi. Ular bir joyda hech ovoz chiqarmay soatlab o'ynashi mumkin. Ko'chaga chiqishganida hech kimga qo'shilmasdan odamoviligi bilan bir chekkadagi qumdan biror narsalar yasashga kirishishadi. Tabiatan odamovi, sabrli, tinch xarakterga ega bolalar chaqaloqligidan bilinadi. Agar ota-ona shiddatli xarakterli bolani "jim bo'l" , "ovozingni chiqarma", "bir joyda qimirlamay o'tir" deb qo'rqitish bilan sabrli qilishga tarbiya berishsa, bunday bolalarda qo'rqoqlik shakillanadi. "Ko'kka sapchiydigan" bolaning temperamentini xolerik va sangvinik deb ataymiz. Bunday bolani daraxtning ustidan, tomning teppasidan, qo'shnining uyidan topib olishimiz mumkin.
Ota-onaga esa aqilli, dono, sabrli, kamgap, jim o'tiradigan, sakramaydigan, bir so'z bilan aytganda "qari chol" yoki "qarib qolgan" bir joyda o'riraveradigan bola kerak, shekilli. Ota-onaning bu istagi amalga oshsa, bola miyyasining o'sishi orqada qola boshlaydi, jim o'tiraverganidan bo'yi engdoshlariga nisbatan pastroq ko'rinadi, ko'p gapirma deyaverishganidan nutq boyligi kam, bir gapni tushuntirib bera olmaydigan bolaga aylanadi. Tabiatan tug'ma sabrli melanxolik va flegmatik bolani shaddod va sho'x bolaga aylantiraman, deb o'ylamang, xolerik va sangvinik deb nomlanuvchi temperament egasining sho'xligidan to'xtatib qo'ya olaman , deb Yaratganga qarshi bormang. Axir kaktusdan olma hosilini kuymaysiz, shaftoli sizga rayhon hidini taratmasligi aniq-ku.
©️ Psixolog - Z. Ahmedova