August 10, 2020

Onangiz hech qachon aytmagan haqiqat

Birinchi marta homiladorligini sezganda ayolning ko'zi namlanadi, go'yo daryo to'lqinlanadi, qirg'oqlaridan suvlar toshadi. Bir-bir qadam tashlab ishga shoshdi, sel quvgandek ortidan , qornidagi murg'akkinasiga gapira-gapira: "Hali shunday odam bo'lasanki, hamma senga havas qiladi! Hozircha chida bolam, chida!" Ko'zida yum-yum yosh oqadi.

Sochidan tortib, tirnoqlari bilan tirnab olganida, endigina og'ziga solgan noniga ega chiqqanida, qo'lchalaridan o'pib, og'riqni ham sezmay "Bolam-ey, farzand rohati shu-da" deb, yana ko'ziga yosh oldi ona!

Sahroi Kabir yomg'irga tashna bo'lganidek chanqadi ona, ammo o'zi ichmay suvni farzandiga tutdi. Rohatlanib suv ichayotgan bolasini duo qilib ko'zi yoshlandi onaizorning!

Suv oppoq bo'lib ko'pirdi. Ona eski irim deb qo'lini unga solib yig'ladi: o'g'lim sunnat qilishga kelgan ustaga "Bolamga og'riq bermang!" deya tinmay yig'ladi ona.

Birinchi marta bog'chaga tashlab kelgan kuni ko'zlari shishib ketdi. Bog'cha opasi urushmaganmikan? deb xavotirlanib, ko'z yoshi jilg'a bo'lib oqdi. Sharqiroq daryo ham sokinladi, tun cho'kdi.

Nima qilishni bilmay, ko'zida yosh ona gir-gir yuguradi to'rt devor ichida. Bolasining isitmasi tushsa-yu ko'ngli taskin topsa!

Sekingina uxlayotganingda yoningga kelib ustingga ko'rpani yopadi. Yana ko'ngli bo'shadi. Kim bilan mushtlashding-a?! Faqat sen yig'lama, o'g'lon! Ona sen uchun tog'larni talqon qiladi. Faqat sening ojizligingni o'zi ham tan olmay qalbidagina yig'laydi. Ammo bu qalb yoshlari qip-qizil negadir!

To'y kuningda ham ko'z yosh! "Bo'ldi-da" deysan onangni jerkib! Bu baxt yoshi - zilol buloq suvidek?!

Farzandini quchoqladi ona "O'zimning sog'inganlarim", deb nevarasini to'yib-to'yib hidladi.
Yana ko'z yoshmi?! Mushtiparginam, onam!