O'ZINI SEVISH - XUDBINLIK EMAS
Ko'pchilik insonlar o'zini sevish bilan xudbinlikni aralashtirib yuborishadi, bu ikki tushunchani bir xil anglashadi.
Aslida esa bular o'rtasida anchagina farq bor.
XUDBINLIK — doim o'z manfaatini o'ylashdir.
O'ZINI SEVISH — o'zi bilan do'stlashish, o'zini ayblamaslik, o'z shaxsini hurmat qilishdir.
Quyida o'zini yaxshi ko'rmaydiganlarning asosiy «belgi» larini sanaymiz.
1. Demak, siz qilayotgan ishlaringizni yoqlamaysiz.
Tanqid — g'urur mahsuli. Har doim o'zingizni tanqid qilaversangiz, sizda g'urur emas, manmanlik hissi oshib-toshib ketibdi.
Shu darajada ko'payibdiki, o'zingizni ideal odam hisoblay boshlabsiz va o'zingizdan faqat ideal darajadagi ishlarni kutayapsiz.
Oddiy odamlar singari xatolar qilishingiz mumkinligini tan olishga esa kamtarligingiz yetarli emas.
2. Tashqi ko'rinishingizdan norozi bo'lsangiz…
«Qaniydi falonchixondek shahlo ko'zlarim bo'lsa» yoki «Nega dugonamdek oppoq emasman?» singari fikrlar tez-tez miyangizda aylanaveradimi?
Demak, siz o'zingizni hadeb boshqalar bilan solishtirish dardiga mubtalo bo'libsiz. Albatta, bunday sharoitda o'zingizni sevishingiz mumkin emas.
Darhol bu odatni tark eting.
Siz, bu — siz, uni falonchi-yu pismadonchixonlar o'lchami bilan o'lchamang !
Odam o'zining nuqsonlarini bilishi kerak, ammo bu nuqsonlarga munosabati to'g'ri bo'lishi lozim.
Siz Yaratgannning ijodisiz, u o'sha nuqsonlarni Sizdagi o'ziga xoslikni ta'kidlash uchun bergan.
3. Doim o'zingizni aybdor his qilaversangiz . . .
Bolangiz kasal bo'lib qoldi. Siz «Bola degan xastalanadi-da, issiq jon», demaysiz. «Yaxshi qaramabman, issiq kiyintirmabman va hokazo», deya o'zingizni ayblab boshlaysiz.
Bu tuyg'u ichingizda kechayotgan bo'lsa-da, atrofingizdagilar ham his qilishadi.
Siz ularga tayyor xulosani berdingiz, aybdorlikni zimmangizga oldingiz, ular jon deb uni qabul qilishadi va ayblov toshlari bir-bir ota boshlashadi.
Unutmang, hamma narsani oldindan ko'rib, sezib, oldini olib yuradigan odamning o'zi yo'q.
Umuman, bo'lar ish bo'lgandan keyin kim aybdorligining nima ahamiyati bor? Ahamiyatlisi, kim shu muammoni yecha olishida.
To'g'ri fikrlasangiz, muammoni hal etguvchi o'sha inson, albatta, o'zingiz bo'lasiz.
4. Hammaga birdek yoqishga intilsangiz …
Atrofdagilardan o'zingizga nisbatan maqtov, olqish eshitishga muhtojsiz.
Sizni yoqtirmay qo'ysalar, hay-hay, bundan yomoni bormi?
Bu o'zini yaxshi ko'rmaydigan odamning xulqidir, Chunki tashqaridan aytilgan maqtovlar insonning o'ziga bo'lgan ishonchini sug'orib turadi.
«Men»ini sevgan va «Men»iga yetarlicha ishongan odam bunga muhtoj emas, unga o'zining muhabbati, maqtovlari etib-ortadi, ya'ni atrofdagilarning muhabbati xuddi telefonga zaryadka orqali o'tayotgan tokdek gap.
Tokka to'la batareykani zaryadlashga ehtiyoj yo'q. O'zingizni o'ylang, o'z tuyg'ularingiz bilan qiziqing, o'zingiz bilan ovora bo'ling, shunda boshqalarning muhabbati-yu maqtovlariga zor bo'lib qolmaysiz.
Shu maqtovlarga erishish uchun o'lib-tirilmaysiz.
5.Boshqalar uchun yashasangiz…
Hayotdan lazzatlanib, o'zingiz uchun yashamaysiz.
O'zingizni allaqachon unutib qo'ygansiz. Ishxonada hamma vazifani gardaningizga olasiz, bir-ikki marta rahmat eshitarsiz, ana boring, muokofot puli ham berishar.
Ammo bir kun bu mas'uliyatdan charchaysiz, boshqalar soyangizda mazza qilib yurishgani etmagandek, muammo chiqqanda sizga yuklab qo'ya qolishadi.
Axir hech kimga muammo kerak emas, demak, fidoyilikning ham me'yorini biling, toki o'zingizga ham yaxshi bo'lsin, boshqalarga ham.