October 16, 2020

Farzandingizning ishtahasi yomonmi?

Farzand nega o'zini bunday tutadi?

Farzandingizning ovqatlanishi siz bilan farzandingiz o'rtasida paydo bo'lgan tortishuv mojarosiga o'xshab qoldimi?

Oilada nizoli vaziyatlarning bo'lishi bolada ishtahaning yo'qolishiga olib keladigan psixogen faktorlardan hisoblanadi. Nafaqat nizoli vaziyatlar, balki haddan ortiq xursandchilik ham ishtahaning yo'qolishiga olib keladi. Bola organizimida paydo bo'lgan kasallik (shamollash, tomoq og'rig'i, quloq og'riqlar, gijja) ham ishtaha yo'qolishiga sabab bo'lishi mumkin.

Nima qilish kerak?

  • Farzandingizning ovqatlanish tartibiga rioya qilishi uning ruhiyati va sog'lig'i uchun juda muhim. Ovqatlanish tartibini buzmaslik bolaning tartibga o'rganishining birinchi omili. Nonushta va tushlik o'rtasida yarim tayyor mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlar berish ovqatlanishdagi betartiblikni paydo qiladi.
  • Ovqatlanish o'rtasida bolaning chanqaganini sezsangiz, suv bering. Har xil sharbat suv o'rnini bosmaydi. Sharbat tarkibida ko'p miqdorda shakar moddasi bo'lganligi uchun bolaning ishtahasi bo'g'iladi.
  • Farzandingiz uchun tayyorlangan taom xilma-xil bo'lishi kerak. Har kuni bir xil ratsiondagi ovqat bolaning badiga uradi.
  • Farzandingizga ovqatni hidlash, ovqatdan norozi bo'lish to'g'ri emasligini ayting. Gapirayotganda nima qilmaslikni emas, nima qilish to'g'riligini tushuntiring.
  • Farzandingiz o'sar ekan, uning yeydigan ovqati miqdorini ko'paytirib boring. Ammo bu miqdor bolani qo'rqitmasligi uchun bilintirmasdan har hafra oz-ozdan qo'shib boring.
  • Mehmondorchilikda o'zini qanday tutish kerakligini, qanday ovqatlanish qoidalari borligini uyda ovqatlanish jarayonida mashq qiling. Shunda bola mehmondorchilikda uyalib qolmaydi.
  • Farzandingiz ovqatlanayotganda gavdasini to'g'ri tutishiga e'tibor bering. Bolaga ovqatlanayotganda chappilash, ovoz chiqarib yutish mumkin emasligini va sabr bilan chaynash lozimligini ayting. Yaxshi chaynalmagan luqma oshqozonni qiynab qo'yishini tushuntiring. Nomushta - 15-20, tushlik 30 daqiqa davom etsin. Bundan kam vaqt sarflasangiz, bola ovqatini shoshib yeydi. Bolada shoshib ovqat yeyish ko'nikmasini shakillantirmang.
  • Oila davrasida umumiy ovqatdan vos kechib, boshqa ovqat talab qilayotgan farzandingizning xatti-harakatiga sabr bilan yondashing. Bolangiz shu qilig'i bilan hammani o'ziga qaratmoqchi bo'layotgandir. Bolaning o'ziga xos tanlovi borligi va bu tanlov yaxshi ekanligini aytib, buni albatta inobatga olishingizni ayting. Natijada farzandingiz hamma qatori o'tirib, ovqatlanayotganiga shohid bo'lasiz.
  • Bolani aldab va majburlab ovqatlantirmang. Bu ishtahasini yomonlashishiga olib keladi.
  • Havo issiqligida ishtaha pasayadi. Bu paytda ko'proq suv berish lozim. Yog'li ovqatlarni bolaga majburan yedirish mumkin emas.
  • Farzandingizning ishtahasizligiga arzirli sabab topa olmayotgan bo'lsangiz, shifokorga ko'rsating. Ishtahasizlik biron kasallikning ilk alomati bo'lishi mumkin.

©️Psixolog - Z. Ahmedova