Hikoyalar
February 10, 2019

O' Henry. Afsungarlar Tuhfasi

Bu hikoyani o'qiy boshlagach, yuragingiz urishini eshita boshlaysiz. So'nggi qatorlarda esa ko'z yoshingiz ta'mini lablaringizda sezasiz. Bu hikoya ana shunday o'qiladi. Jasurbek Bazarbaeff.

Bir dollaru sakson yetti sent. Bor puli shu edi. Ulardan oltmish senti bir sentli chaqalardan iborat. Ana shu chaqalarning har biri uchun baqqol, rezavorfurush, qassob bilan shu qadar savdolashishga to‘g‘ri keldiki, bu tariqa ziqnalik tufayli tug‘ilgan so‘zsiz norozilikdan quloqlarigacha qizarib ketardi. Della uch marta sanab ko‘rdi. Bir dollaru sakson yetti tsent. Ertaga esa melod bayrami.

Bu vajiga kelganda o‘zini eski chorpoyaga tappa tashlab, o‘krab yig‘lashdan boshqa chorasi yo‘q edi. Della xuddi ana shunday qildi. Bundan shunday falsafiy xulosa kelib chiqdiki, hayot yig‘i-sig‘i, oh-voh va tabassumlardan iborat, ammo oh-voh ko‘proq.

Uy bekasi ana shu poyalarning barchasidan o‘tib bo‘lguncha, uyning o‘zini ko‘zdan kechiraylik. Haftasiga sakkiz dollar ijara haqi to‘lab turiladigan jihozli kvartira. Vaziyatdan o‘taketgan qashshoqlik emas, to‘g‘rirog‘i, aytmasa ham ayon-oshkor ko‘rinib turgan kambag‘allik ko‘zga tashlanadi. Pastda kiraverishdagi eshikka osig‘liq xat tashlanadigan qutining tirqishidan bironta ham xat sig‘maydi, elektr qo‘ng‘iroqning tugmasini bitta-yarimta odam bosgudek bo‘lsa, tiq etgan tovush eshitilmasdi. Ana shularga: «M-r Jeyms Dillingxem Yung» degan yozuvi bor bir qog‘oz havola qilingan edi. Mazkur nomning egasi haftasiga o‘ttiz dollar olib turadigan yaqin vaqtlardagi badavlatlik kezlarida «Dillingxem» qulochini yozib yuborgan edi. Endilikka kelib, ana shu daromad yigirma dollarga tushib qolgach, «Dillingxem» so‘zidagi harflar, to‘poriyu kamtargina «D» harfiga qisqarsak bo‘lmasmikan, deb astoydil andisha qilgandek xira tortgan edi. Ammo mister Jeyms Dillingxem Yung uyga qaytib yuqori qavatga chiqib borarkan, biz hali sizga Della nomi bilan tanishtirgan missis Jeyms Dillingxem Yung uni albatta «Jim!», deya xitob qilgancha mehr bilan quchoq ochib kutpb olardi. Bu esa, darhaqiqat, dilni xushlaydi.

Della yig‘ini bas qilib, yonoqlarini upali momiq bilan artdi. Hozir u deraza oldida turar va kulrang hovli bo‘ylab o‘tgan kulrang devor ustida kezib yurgan kulrang mushukni ma’yusgina kuzatar edi. Ertaga melod bayrami, uning esa Jimga sovg‘a olgulik bir dollaru sakson yetti tsentgina puli bor, xolos! Uzoq oylar davomida u har bir tsentni tuflab tugib keldi. Jamg‘argani esa mana shu bo‘libdi. Haftasiga yigirma dollar bilan oshib-toshib ketmaysan. Sarf-xarajatlar uning mo‘ljalidagidan ko‘proq chiqib qoldi. Sarf-xarajatlar doim shunday bo‘ladi. Jimga sovg‘a olgulik bir dollaru sakson yetti tsent puli bor! Jimginasiga sovg‘a olay desa!.. Melod bayrami munosabati bilan unga nima sovg‘a qilishni rejalay-rejalay qanchadan-qancha soatlarni xursandchilik bilan o‘tkazdi. Bironta g‘oyat alomat, kamyob, qimmatbaho, Jimga mansublikdek yuksak sharafga aqalli sal-pal munosib keladigan qandaydir antiqa sovg‘a bo‘lishi kerak.

Ikki deraza oralig‘ida tryumo turardi. Siz hech qachon sakkiz dollar to‘lab turiladigan jihozli kvartiradagi tryumoga qarab ko‘rganmisiz? Juda ozg‘in va juda serharakat odamgina uning ensiz oynalarida ketma-ket o‘zgarayotgan aksiga qarab, o‘zining tashqi qiyofasi haqida anchagina aniq tasavvur hosil qilishi mumkin. Ushoq jussali Della bunday mahoratni egallab olgan edi.

U deraza oldidan daf’atan oyna tomon o‘tdi. Ko‘zlari charaqlar, ammo yigirma sekund mobaynida yuzini qizillik tark etgan edi. U chaqqonlik bilan to‘g‘nog‘ichlaring‘ sug‘urib sochlarini yozib yubordi.

Sizlarga aytib qo‘yishim kerakki, er-xotin Jeyms Dillingxem Yunglarning faxru iftixorlari bo‘lgan ikkita bebaho boyligi bor edi. Biri — Jimning bobosi bilan otasidan qolgan tilla soati, ikkinchisi Dellaning sochlari. Mabodo malika Bilqis ro‘paralaridagi uyda yashayotgan bo‘lsa bormi, Della hazrati oliyalarining barcha yasan-tusan liboslariyu zeb-ziynatlarini yo‘lda qoldirib ketish uchun boshini yuvgach, o‘rilmagan sochlarini ataylab deraza oldida quritgan bo‘lardi. Bordi-yu, Sulaymon podsho ana shu uyda eshik og‘asi bo‘lib xizmat qilayotgan, bor davlatini o‘sha uyning yerto‘lasida saqlayotgan bo‘lsa bormi, Jim uning hasaddan soqolini bittalab yulayotganini ko‘rish uchunoq oldidan o‘ta turib jo‘rttaga cho‘ntagidan soatini olib qaraydigan bo‘lardi.

Mana, Dellaning ajoyib sochlari xuddi kashtanrang shalola to‘lqinlaridek jilvalangancha, mavjlangancha sochilib ketdi. Tizzasidan pastga sollanib tushgan sochlari qaddi-bastini rido kabi o‘rab oldi. U esa shu ondayoq asabiylashgancha va oshiqqancha, ularni yig‘ishtirib ola boshladi. Keyin xuddi taraddudlangandek, bir daqiqa qimir etmay qoldi-da, eskirgan qizil palosga ikki yo uch tomchi yosh dumalab tushdi.

Nimdoshgina jigarrang jaketini yelkasiga tashlab, eskigina jigarrang shlyapasini boshiga qo‘ndirdi-da, ko‘zlarida yaltirab turgan yosh qurimagan holda, yubkasini hilpiratgan ko‘yi g‘izillagancha ko‘chaga tushib bordi.

U qarshisiga borib to‘xtagan lavhaga shu so‘zlar yozilgan edi: «M-te Soprohie». Sochdan yasaladigan turli-tuman mahsulotlar». Della ikkinchi qavatga yugurib chiqdi-da, nafasi tiqilib halloslagancha turib qoldi.

— Mening sochimni sotib olmaysizmi?— deb so‘radi u xonimdan.

— Soch sotib olaman,— deb javob berdi xonim.— Shlyapangizni yeching, molni ko‘rishim kerak. Kashtanrang shalola yana mavjlandi.

— Yigirma dollar,— dedi xonim, qalin sochni odatiga ko‘ra salmoqlanib ko‘rarkan.

— Tezroq bo‘laqoling,— dedi Della.

Shundan keyingi ikki soat vaqti nimpushti qanotlar bilan ucha-ucha o‘tdi — siyqasi chiqqan istiram uchun uzr so‘rayman. Della Jim uchun sovg‘a qidirib magazinma-magazin izg‘idi.

Nihoyat, topdi. Bu, shubhasiz, Jim uchun, faqat unga atab yaratilgan edi. Boshqa magazinlarda sira ham bunga o‘xshagan narsa topolmagan, o‘zi ham ularning hamma yog‘ini ostin-ustin qilib yuborgan edi. Bu cho‘ntak soatiga taqiladigan oddiy va sipo nusxali platina zanjir edi, u namoyishkorona yaltiroqligi bilan emas, chinakam qadri bilan maftun etardi — zotan barcha yaxshi buyumlar shunday bo‘lishi kerak. Uni hatto soatga munosib desa degulik edi. Della uni ko‘rishi bilanoq oq zanjir Jimga atalganligini payqadi. U ham xuddi Jimning o‘zginasi edi. Kamtarlik va sipolik — ikkovlariga xos fazilat edi. Kassaga yigirma bir dollar to‘ladi-da, Della cho‘ntagida sakson yetti tsent bilan uyiga oshiqdi. Basharti shunday zanjiri bo‘lsa, Jim har qanday jamoat orasida ham tap tortmay soati necha bo‘lganini ko‘raverishi mumkin. Soati naqadar ajoyib bo‘lishiga qaramay aksar unga o‘g‘rincha qarab olardi, negaki, soati rasvo charm tasmada osilib turardi.

Uyda Dellaning hayajoni bosilib, buning o‘rnini ehtiyot va tadbirkorlik egalladi? U sochini jingalak qiladigan miqrozi qisqichni oldi-da, gazni yoqib, muhabbat omuxtalashgan himmat tufayli yuzaga kelgan vayrongarlikni tuzatishga kirishdi. Bu esa hamisha mashaqqatli ish, do‘stlarim, mardonavor ish.

Qirq minutcha ham o‘tmagan ediki, boshini pishiq himarilgan kokilchalar qopladi, shu tufayli u xuddi darsdan qochgan o‘g‘il bolaga o‘xshab qoldi. Oynaga diqqat bilan uzoq tikilgancha o‘zini tanqidiy nazardan o‘tkazdi.

«Xo‘p,— dedi u o‘ziga-o‘zi,— agar Jim ko‘zi tushishi bilanoq meni o‘ldirib qo‘ymasa, Koni-Aylenddagi xorchi qizlarga o‘xshab qolibdi, der. Qo‘limdagi pulim bir dollaru sakson yetti tsent bo‘lgandan keyin, axir, ilojim qancha edi, ilojim qancha edi!»

Soat yettida kahva damlab ko‘yilgan, gaz plitada qiziyotgan tova qo‘y go‘shtidan kilingan kotletlarga mahtal edi.

Jim hech qachon kechikmasdi. Della platina zanjirni kaftida siqib ushlagancha stolning ostonaga yaqinrok joyiga borib o‘tirdi. Tez orada erining zinapoyadan chiqib kelayotganini eshitib, bir lahzagina rangi quv o‘chib ketdi. Tirikchilik ikir-chikirlari vajidan xudoga iltijo qiladigan odati bo‘lgani uchun shosha-pisha shivirladi:

— Xudoyo xudovando, uning mendan ko‘ngli qolmasin.

Eshik ochilib, ostonada ko‘ringan Jim uni yopib kirdi.

Afti bir burda bo‘lib qolgan, bezovta ko‘rinar edi. Yigirma ikki yoshda oila tashvishini ortmoqlab yurish oson emas. U allaqachon paltosini yangilashi kerak, qo‘lqopi bo‘lmagani uchun qo‘llari sovqotar edi.

Jim xuddi bedananing hidini sezgan setterdek eshik oldida qimir etmay turib qoldi. Ko‘zlari Dellaga shunday ifoda bilan tikilib turardiki, ayol buni nimaga yo‘yishini bilolmay, vahimaga tushdi. Bu ifoda na qahr, na hayrat, na ta’na, na dahshat — taxmin qilish mumkin bo‘lgan hislardan birontasiga ham o‘xshamas edi. Eri unga nigohini uzmay tikilib turar, yuzidagi g‘alati ifoda hech o‘zgarmas edi.

Della stoldan sakrab tushib, unga otildi.

— Jim, jonim,— deya qichqirib yubordi u.— Menga unday qarama! Men sochimni qirqib, uni pulga sotdim, melod bayramida senga hech narsa sovg‘a qilmasam, bunga hech bir chidayolmasdim. Sochlarim yana o‘sib ketadi. Mendan achchig‘lanayotganing yo‘qdir-a, shundaymi? Bundan boshqa ilojim yo‘q edi. Sochim juda tez o‘sadi. Kel, meni melod bayrami bilan tabrikla, Jim, kel, bayramning gashtini suraylik. Senga shunday bir sovg‘a tayyorlab ko‘ydimki, shunday ajoyib, shunday alomat sovg‘a tayyorlab qo‘ydimki!

— Sen sochingni qirqtirdingmi?— deb so‘radi Jim diqqatini to‘plagancha, zotan miyasi kizg‘in ishlab turgan bo‘lsa-da, bu narsa hali hushiga yetib bormayotgandek edi.

— Ha, qirqtirdim ham, sotdim ham,— dedi Della.— Ammo sen meni bari bir sevasan-ku? Sochim qisqa bo‘lgani bilan men bari bir o‘sha-o‘shaman-ku.

Jim garangsib xonani ko‘zdan kechirdi.

— Xo‘sh, shunday qilib, endi sening soching yo‘qmi? — deb so‘radi o‘rinsiz qat’iyat bilan.

— Qidirmay qo‘yaqol, bari bir topolmaysan,— dedi Della.— Axir senga aytdim-ku: men sochimni sotdim — qirqtirdim-da, sotdim. Bugun arafa, Jim. Menga mehribonroq muomala qil, chunki men sen uchun shunday qildim. Ehtimolki, boshimdagi sochlarni sanab chiqish mumkin bo‘lar-u,— deb so‘zida davom qilarkan, muloyim ovozi birdan jiddiy yangray boshladi,— ammo hech kim, hech kim mening seni nechog‘li sevishimni o‘lchab bitirolmasa kerak! Kotletlarni kovuraveraymi, Jim?

Shunda Jim karaxtlik og‘ushidan chiqdi. U Dellasini bag‘riga bosdi. Andisha qilaylik-da, bir necha lahza alahsib, biron o‘zga narsani tomosha qilish bilan band bo‘laylik. Qaysi biri ko‘p — haftasiga sakkiz dollarmi yo yiliga bir millionmi? Matematik yoki donishmand sizga noto‘g‘ri javob bergan bo‘lardi. Afsungarlar bebaho tuhfalar keltirishgan, ular ichida bir tuxfa yo‘q edi. Nafsilamr, bu dudmal shamani keyinroq tushuntirib beramiz.

Jim paltosining cho‘ntagidan turgaklangan narsa olib, stolga tashladi.

— Gapimga astoydil ishonaver, Dell,— dedi u.— Hech qanday kuzalgan, taralgan soch qizaloqqinamdan mening mehrimni sovutolmaydi. Ammo mana bu turgakni ochib ko‘rgin, dastlab kirib kelganimda nima uchun gangib qolganimni bilasan.

Oppoqqina epchil barmoqlar kanopni tortqilab, qog‘ozni ochdi. Darhol shavqli xitob yangrab, hayhot, shu ondayoq ayol ahliga xos shashqator yosh bilan oh-faryod boshlanib ketdiki, xonadon boshlig‘i o‘sha zahoti ixtiyorida mavjud bo‘lgan barcha taskin beruvchi vositalarni tatbiq etishga majbur bo‘ldi.

Negaki, stol ustida Della Brodveydagi vitrinada ko‘rganida mahliyo bo‘lib qolgan, ikkita chakkaga, bitta orqaga to‘g‘naladigan o‘sha bir to‘p taroq yotardi. Chetlariga jilodor toshlar naqsh etilgan, kashtanrang sochlarining tusiga juda mos, toshbaqa po‘stidan qilingan chinakam, ajoyib taroqlar edn. Ular juda qimmat, Della buni bilar, ularni orzu qilgani bilan muyassar bo‘lmasligiga ko‘zi yetganidan allaqachondan buyon yuragi orziqib, achishib yurar edi. Mana endi, nihoyat ular qo‘liga kelib tegdi-yu, ammo bularning orziqtirgan jilosi ko‘rk baxsh etishi mumkin bo‘lgan go‘zal sochlar allaqachon barham topgan edi.

Har qalay, u taroqlarni ko‘ksiga bosdi, niqoyat, jur’at qilib boshini ko‘tararkan, yoshli ko‘zlari bilan jilmaygancha shunday dedi:

— Mening sochim juda tez o‘sadi, Jim!

Shu payt u ustidan dog‘ suv quyib yuborilgan mushuk boladek sapchib turdi-da, xitob qildi:

— Voy, o‘lmasam!

Axir Jim uning ajoyib sovg‘asini hali ko‘rmagan edi-da. U oshiqqancha zanjirni kaftiga olib Jimga uzatdi. Xira tusli nodir metall uning samimiy va jo‘shqin quvonchi shu’lalarida tovlanib ketgandek bo‘ldi.

— Havasingni keltirmaydimi, Jim? Men uni topgunimcha, shaharda bormagan joyim qolmadi. Endi soatingni kuniga yuz marta olib qarashing mumkin. Soatingni menga ber-chi. Ikkalovi birga turganda qanday ko‘rinishini ko‘rgim kelayotibdi.

Ammo Jim uning so‘zlariga itoat qilish o‘rniga, chorpoyaga cho‘zildi-da, qo‘llarini boshi ostiga qo‘yib, jilmaydi.

— Dell, — dedi u,— hozircha ikkovimiz ham sovg‘alarimizni yashirib qo‘ya turishimizga to‘g‘ri kelarkan, bir oz yotatursin. Ular hozir biz uchun juda ham serdabdaba ekan. Men senga taroq sotib olish uchun soatimni sotdim.

Endi, kotletlaringni pishiraversang ham bo‘lar, deb o‘ylayman.

Ma’lumki, oxurda yotgan go‘dakka tuhfa olib kelgan afsungarlar donishmand, tang qolarli darajada donishmand kimsalar ekanlar. Melod kunlarida sovg‘a taqdim etishni ham o‘shalar taomilga kiritgan ekanlar. O’zlari donishmand bo‘lganlari uchun beradigan tuhfalari ham, ehtimolki, ma’qul kelmay qolgan taqdirda ayirboshlab berish pisanda qilib qo‘yilgan donishmandvor tuhfa bo‘lsa ajab emas. Men bu yerda sizlarga o‘zlarining eng bebaho boyliklarini bir-birlariga aql-donishiga mutlaqo zid bo‘lgan yo‘sinda fido etgan, sakkiz dollarli kvartirada ijara turadigan ikki tentak bolaning sarguzashtini so‘zlab berdim. Ammo zamonamizdagi donishmandlarga o‘git tariqasida aytib qo‘yishim kerakki, barcha tuhfa beruvchilardan eng donishmandi shular edi. Barcha tuhfa baxsh etuvchi va oluvchilar orasida mana shularga o‘xshaganlari chinakam donishmandlardir. Hamma yerda, har qachon. Afsungarlar ham ana o‘shalar.