Hikoyalar
August 26, 2022

Gaitilik Fransua Dyuvalye - Gaiti xalqining dahshati va qora tushiga aylangan prezident

Dunyo xavfli psixopatlarga to'la, ular istalgan vaqtda yo'lingizda uchrashi mumkin. Bugun ana shunday yoqimsiz qahramonlardan biri - Fransua Dyuvalye yoki oddiygina aytganda Papa Dok bilan tanishamiz. U Gaiti mamlakatini 1957-yildan 1971-yilgacha boshqargan. Bu davr ushbu sabrli xalq tarixida dahshatli va qonli sahifa bo'lib qolgan.

KARYERANING BOSHLANISHI

Fransua Dyuvalyening karyerasi juda yaxshi boshlangan. Tibbiy ma'lumotga ega bo'lgan yosh yigit bor kuchini sog'liqni saqlashga bag'ishlaydi, sanitariya missiyalarida qatnashadi va chekka qishloq aholisiga yordam beradi. Dyuvalye, agar siyosatga kirmaganida edi, gaitiliklarning bir necha avlodlarida o'zi haqida iliq xotira qoldirgan bo'lishi mumkin edi.

O'z mamlakatidagi eng yaxshi ma'lumotli odamlardan biri bo'lgan Fransua Dyuvalye Gaitining birinchi qora tanli prezidenti Dyumarse Estime hukumatida oldiniga mehnat vaziri yordamchisi, keyinroq esa sog'liqni saqlash va mehnat vaziri etib tayinlangan. Harbiy xunta tomonidan Estime hukumati ag‘darilganidan so‘ng, doktor Dyuvalye hokimiyatdan yashirinib yuradi va 1956-yilda sobiq davlat rahbari tarafdorlariga nisbatan ta’qiblar barham topgach, prezidentlik saylovlarida qatnashadi.

Dyuvalye bu saylovlarda mag'lub bo'ladi, lekin xafa bo'lmaydi. 1956-yil davomida Gaitining poytaxti - Port-o-Prens shahrida shahar aholisiga nisbatan teraktlar uzluksiz o'tkazib turiladi. Buni ortida Dyuvalye tarafdorlari turardi, ular shu tariqa aholi o'rtasida vahima qo'zg'atib, hokimiyatni kuch bilan egallab olish uchun zamin tayyorlashardi. Ammo Dokning taqdiriga tasodif ham aralashdi - qonuniy prezident qochib ketdi va muddatidan oldin saylovlar Dyuvalyening yulduzli onlariga aylanadi.

SAYLOVDAGI KOALITSIYA

Saylovda yana mag‘lub bo‘lishi mumkinligini anglagan ayyor shifokorimiz saylovoldi poygasining so‘zsiz favoriti, o‘qituvchi Deniel Finoleni birga koalitsiyaga kirishga ko‘ndiradi. Umumiy sa'y-harakatlar bilan Finole prezident bo'ladi, ammo u bu lavozimni atigi 19 kun egallab turadi, xolos. Hukumat yig'ilishlaridan birida Dyuvalyening o'ng qo'li bo'lmish general Kebro Finoleni hibsga oladi. Qonuniy prezident oilasi bilan mamlakatdan chiqarib yuborilgandan so'ng, Port-o-Prensda tartibsizliklar boshlanib ketadi. To'polon Dokning roziligi bilan general Kebro tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi.

Kamtarin hisob-kitoblarga ko'ra, o'shanda kamida 1000 kishi halok bo'lgan. Shu bilan birga, namoyishlar paytida yaradorlar yo'q edi - ularni shunchaki jasadlar bilan birga yuk mashinalariga ortishgan va o'rmonlarda tiriklayin ko'mib yuborishgan. Xalq g'alayonlari bostirilganidan keyin, Kebro 1957-yil 22-oktabrda bo'lib o'tadigan yangi prezidentlik saylovlarini e'lon qiladi. Tadbir saylovchilarni ro'yxatga olishsiz va hech qanday nazoratsiz o'tkazildi. Kutilganidek, Fransua Dyuvalye prezident bo'ladi va parlament uning eng ashaddiy tarafdorlaridan qayta tuziladi.

"TONTON-MAKUT SENI QOPIDA OLIB KETADI !..."

Yangi prezident tinch hayoti buzilmagan gaitiliklarni yer yuzidagi haqiqiy do‘zaxga botiradi. Papa Dok mamlakatda barqarorlikni saqlab qolish uchun yiliga kamida 500 kishi qatl qilinishi kerak, deb hisoblardi, lekin u doimo rejani oshirib bajaradi. Oddiy qilib aytganda, yangi prezidentning soqchilari tomonidan amalga oshirilgan qatag'onlarni hech kim tuzuk nazorat ham qilmasdi, natijada ular tezda Tonton-Makut deb atala boshlandi.

Dastlab, bu tuzilmalar VSN - Volontaires de la Sécurité Nationale (Milliy xavfsizlik ko'ngillilari) deb nomlangan. Ular mamlakatning shahar va qishloqlarida tartibni ta'minlashi kerak edi va asosan ko'ngillilardan tuzilardi. O'z vataniga va Papa Dokga xizmat qilishni istaganlarga oddiy gaitiliklar ustidan deyarli cheksiz hokimiyat va qurol beriladi. Tonton-Makutlarga maosh to'lanmagan va ular "salla desa kalla" qoidasiga amal qilishgan.

Tonton-Makut nomi mahalliy kreol e'tiqodlari va vudu kulti bilan chambarchas bog'liq. Tonton so'zi "amaki" deb tarjima qilinadi va Gaitida "sehrgar" so'zining sinonimi sifatida ishlatiladi. Orol aholisi orasida tontonlar "qop" (makut) bilan qishloqlarni aylanib chiqishlari va bolalarni qopga solib, olib qochishlari, eng yomoni ularni o'ldirib yeyishlari haqida afsonalar ko'p uchraydi. Demakki, Tonton-Makut dahshatli mavjudot bo'lgan va ushbu terminnig ushbu soqchilarga nisbatan ishlatilishi haqiqatdan unchalik farq qilmagan.

Papa Dolning soqchilari faoliyati juda oddiy edi - ayni bir shaxsni prezidentga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblashar, shundan so'ng unga tonton-makutlar yuborilardi. Jabrlanuvchi sudsiz va tergovsiz qopga tashlanar yoki oddiygina o'ldirilardi. Uning barcha mol-mulki esa "sehrgarlar" tomonidan tortib olinardi.

VUDU JODUGARLARI

Gaitida boshqa dunyo kuchlariga va ayniqsa vudu kulti (e'tiqodi)ga ishonish har doim kuchli bo'lgan. Odamsimon qo'g'irchoq tirik insonga azob beradigan jodu usullari aynana vudu jodugarlari tomonidan o'ylab topilgan. Dyuvalyening yordamchilari ham bundan faol foydalanishgan - ular qora ko'zoynak, oq ko'ylak va qora shim kiyib yurishgan, bu esa ularni Shanba Baroniga o'xshatgan - u o'limni ifodalovchi eng nufuzli vudu xudolaridan biri hisoblanadi. Ko'pincha, Tonton-Makutlar o'z ta'sirini kuchaytirish uchun yuzlariga oq bo'yoq surtishgan, bu esa ularni xuddi tirilib kelgan o'liklarga o'xshatgan. Hammasi odamlarda dashhat solishga qaratilgan edi.

Bu odamlar eng dahshatli qiynoqlar va qatllarni qo'llaydilar - odamlarni tiriklayin yoqib yuborish, toshbo'ron qilish, bolta va pichoqlar bilan parchalab tashlash usullaridan foydalangan. Ko'pincha jasadlar odamlarda qo'rquv uyg'otish uchun ko'rgazmaga ham qo'yilgan. Gaitiliklar Tonton-Makut devor orqasini ham ko'rishi, fikrlarni o'qishi va butunlay daxlsiz ekanligiga chindan ishonishardi. Ba'zi orolliklar esa ular umuman odamlar emas, balki kuchli vudu sehrgarlari tomonidan Papa Dokga xizmat qilish uchun qabrlardan chiqqan zombilar ekanliklariga amin edilar.

UMRBOD PAPA

1957-yildan 1961-yilgacha Dyuvalye rejimi oqibatida 30.000 dan ortiq odam o'ldirilgan, ammo bu raqam jiddiy ravishda kamaytirib ko'rsatilgan. Papa Dok va uning zombi armiyasi insonlarga shunchalik kuchli qo'rquv solgan ediki, 1964-yilda prezident o'zining cheksiz vakolatlarga ega bo'lishini e'lon qilganida, hech kim qo'zg'olon ko'tarishni xayoliga ham keltirmagan.

To'g'ri, amalga oshirilayotgan islohotlarning qonuniy ko'rinishini yaratish uchun referendum ham o'tkaziladi. Saylov byulletenlarida esa faqat bitta savol bor edi - “Rozimisiz?”. Tanlash mumkin bo'lgan javoblar ham bitta edi - "Ha". Bir umrlik prezidentlikni qo'lga kiritgan Dyuvalye mutlaq aqlini yo'qotadi va rasman o'zini Shanba Baroni deb e'lon qiladi. Papa Dok doimiy ravishda o'zining boshqa dunyolar bilan aloqasi mavjudligini ta'kidlardi. AQSH Prezidenti Jon Kennedi Gaitiga moliyaviy yordam berishdan bosh tortgan va mamlakatda davlat to'ntarishi uyushtirmoqchi bo'lganida, Dyuvalye shaxsan o'zi vudu marosimini o'tkazadi va Amerika prezidentining odamsimon qo'g'irchog'iga igna qadab qo'yadi.

DYUVALYENING "ISLOHOTLARI"

1961-yilda Dok yurak xurujiga uchraydi va betobligi uchun uning vazifasin vaqtincha Tonton-Makut tashkiloti rahbari Klement Barbo bajarib turadi. Ishga qaytgan Dyuvalye, birinchi navbatda, hokimiyatni o'zida sinab ko'rgan yordamchisini panjara ortiga tashlaydi, keyin esa biroz o'ylanib, uni qatl qilishga buyuradi. Biroz vaqtdan keyin, vudu marosimlaridan birida ruhoniy Papa Dokga Barboning ruhi qora itga o'tganini aytadi. Shundan so‘ng, prezident farmoni bilan mamlakatdagi qora rangli barcha itlar yo'q qilinadi.

Vaqt o'tishi bilan Dok tomonidan egallangan unvonlar va e'tiroflarning butun boshli ro'yxati paydo bo'la boshlaydi, masalan uni "Inqilobning Oliy Rahbari", "Oddiy Xalq Homiysi", "Xatolarni tuzatuvchi" va hokazolar deya atay boshlashadi. Mamlakatda terror karrasiga kuchayadi - Papa Dok shaxsan har kuni "davlat xavfsizligi" bo'yicha yig'ilishlar o'tkazar, unda o'limga mahkum gaitiliklarning ro'yxati tasdiqlanardi.

Shu bilan birga, Dyuvalye shaxsiy bank hisobvarag'iga aylangan davlat g'aznasini ham unutmaydi. Tonton-Makutlar mamlakatdagi istalgan zavodda paydo bo'lishi va egasidan "inqilobni qo'llab-quvvatlash uchun" prezident nomidan pul talab qilishi mumkin edi. Tabiiyki, hech kim ularni rad etishga jur'at eta olmasdi.

Papa Dok adabiyotda ham o'zini ko'rsatadi. Mao Szedunning iqtiboslar kitobi haqida bilib qolgan, diktator endi o'zining "Dyuvalyening fikrlari" kitobini yozadi va uni mamlakatning har bir aholisiga o'sha davr uchun fantastik katta raqam $15 dollarga sotadi. Aniqrog'i, sotib olishga majburlaydi. Bunday hashamatni nihoyatda kam odam o'ziga ravo ko'rardi, shu sababli bestsellerni maoshdan pul ushlab qolish orqali bo'lib-bo'lib tarqatiladi.

Fransua Dyuvalye xalqqa qilgan nutqlarida irqchilikka qarshi kurash g‘oyalaridan mohirona foydalangan. Prezident o'z xalqiga qora tanlilarga tenglik va xurofotdan ozod qilish uchun osmondan jo'natilganligini aytadi. Hokimiyat va pul ta'sirida harakatga kelgan diktatorning ochiqchasiga aldagan orzulari irqchilikka qarshi norozilikka asoslangan falsafiy ta'limot - negritude g'oyalari bilan g'alati tarzda o'zaro bog'liq edi.

60-yillarda mamlakat poytaxti bemalol qo‘rqinchli filmlarni suratga olsa bo'ladigan pavilyonga aylanga: Port-o-Prens maydonlarida kesilgan boshlar uyum-uyum bo'lib yotar, issiqdan shishib ketgan osilgan jasadlar uylarning balkonlarida tebranardi. Talonchilik, ayollarni zo'rlash, nomusga tegish va bolalarni o'g'irlash odatiy holga aylanib qolgandi. Ular Papa Dok nomidan va faqat "inqilobni va oddiy odamlarni himoya qilish" uchun harakat qilishayotganini ta'kidlashardi.

Papa Dok hukmronlik yillarida, allaqachon ayanchli bo'lgan Gaiti iqtisodiyoti yer bilan yakson bo'ladi. Mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida yashovchi 200 mingdan ortiq aholi doimiy ochlikdan o‘lib qolgan, odam savdosi esa oddiy biznesga aylangandi. Gaitiliklar o‘z farzandlarini hech bo‘lmaganda to‘ydirish umidida bir-ikki dollarga qullikka sotishgan.

PAPANING O'G'LI

Mamlakatda Papa Dok davrida qon savdosi kabi dahshatli tadbirkorlik paydo bo'ladi. 1971-yilda AQShga oyiga ikki marta 2500 litr qon to'ldirilgan yuklar jo'natishgan. Fransua Dyuvalye o'z hokimiyatini meros qilib qoldiradi va Dok vafotidan keyin hukumat jilovi uning o'g'li Jan-Klod Dyuvalye qo'liga o'tadi. Yangi diktator Baby Dok nomini oladi va mamlakatni terror qilishda davom etadi.

Baby Dok va Papa Dok

Fransua Dyuvalyening avlodlari otasining keskirligi va aql-idrokiga ega emasdi, lekin shunga qaramay 1971-yildan 1986-yilgacha "boshqaruvda" qolishga muvaffaq bo'lishdi. Keyin esa Baby Dok lavozimidan chetlatiladi va Fransiyaga qochib ketadi. Uning o'z mamlakatiga ko'rsatgan oxirgi xizmati olqishga sazovor edi: Baby Dok g'aznadan bir necha yuz million dollar o'g'irlab ketgandi. 2011-yilda Baby Dok o'z vataniga tashrif buyuradi va hibsga olinadi. Dokning merosxo‘ri keyinchalik uy qamog‘ida saqlangan va 2014-yilda Port-o-Prensdagi uyida yurak xurujidan vafot etadi.

XULOSA

1986-yilda Gaiti xalqi va Dyuvalye oilasi yo‘llari ayro tushgan bo‘lsa-da, Papa Dok va Baby Dokning "ajoyib" hukmronligi oqibatlari hali ham sezilmoqda. Hozir ham xuddi avvalgidek, Gaiti sayyoradagi eng qashshoq va xavfli mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda va yaqin kelajakda bu yerda biror narsa o‘zgarishi dargumon.

Jasurbek Bozorboyev @panda_books va @boredpandablog kanali uchun

2022-yil, avgust.