Hikoyalar
February 23, 2019

Antov Chexov. Xameleon

Bozor maydonidan yangi shinel kiygan, tuguncha ko‘targan politsiya nazoratchisi Ochumelov o‘tib borardi. Uning orqasidan musodara kilingan krijovnik to‘la g‘alvirni ko‘targancha malla gorodovoy kelmoqda. Tevarak-atrof jimjit... Maydonda jon asari ko‘rinmaydi... Do‘konlar va qovoqxonalarning huvillagan eshiklari yorug‘ dunyoga ochiqqandek og‘iz ochib turibdi; ularning yaqinida hatto gadoylar ham yo‘q.

— Senmi hali qopadigan la’nati?— degan ovozni eshitadi daf’atan Ochumelov.— Yigitlar, uni ko‘yib yuboringlar! Hozirgi kunda qopitish taqiqlangan! Ushla! A... a!

Itning vangillagani  eshitiladi.  Ochumelov  o‘girilib qarasa: savdogar Pichuginning o‘tin omboridan uch oyoqlab likonglab chopgancha alanglay-alanglay bir it qochib chiqayotibdi. Uni oharlangan chit ko‘ylakli,. nimchasining tugmalari solinmagan bir kishi quvlab kelmoqda. Gavdasi bilan oldinga intilgan ko‘yi chopib kelayotib yerga yiqiladi-da, itning orqa oyog‘ini tutib oladi. Yana itning vangillagani va: «Qo‘yyb yuborma!» — degan qichqiriq eshitiladi.

Do‘konlardan uyquli basharalar mo‘ralaydi, tez orada o‘tin ombori oldida bamisoli yerdan bodrab chiqqandek haloyiq to‘planib qoladi.

—Tartibsizlik yuz berganga o‘xshaydi, janoblari!..— deydi gorodovoy.

Ochumelov chapga burilib, to‘planganlar tomon qarab yuradi. Xuddi ombor darvozasi oldida u haligi nimchasining tugmalari solinmagan odamning o‘ng qo‘lini yuqori ko‘targancha qonagan barmog‘ini xaloyiqqa ko‘rsatayotganini ko‘radi. Mastroq basharasi: «Sening vajingdan shilib olmasammi, kazzob!» deb turgandek, barmog‘ining o‘zi ham g‘alabasidan bashorat qilayotgandek. Ochumelov bu odamning zargar Xryukin ekanligini bildi. To‘planganlarning o‘rtasida a’zoyi badani dir-dir titragan ko‘yi mashmashaning sababchisi kiftida sarg‘ish qashqasi bor, tumshug‘i cho‘zinchoq oppoq tozi kuchuk oldingi oyoqlari tarvaqaylagancha cho‘nqayib o‘tirardi. Yoshlangan ko‘zlarida hasrat va dahshat aks etardi.

— Bu yerda nima sababdan to‘planib turibsizlar? — deb so‘raydi Ochumelov, xaloyiq orasiga yorib kirarkan.— Bu yerda nima qilib turibsizlar! Sen nega barmog‘ingni ko‘rsatasan?.. Baqirgan kim?

— O’zim ketayotgan edim, hech kimga tegmay, janoblari...— deya gap boshlaydi Xryukin, mushtumiga yo‘tala-yo‘tala. — Mitriy Mitrichga o‘tik vajidan uchrashgani... Daf’atan mana bu ablah buhudadan-behudaga barmog‘imga yopishsa bo‘ladimi... Siz meni kechirasiz-u, men bir zahmatkash odam bo‘lsam... Ishim juda serdiqqat. Menga tovon to‘lashsin, nega desangiz — men, ehtimolki, bu barmog‘imni bir haftagacha qimirlatolmasman... Bu narsa qonunda ham yo‘q, janoblari, maxluqdan jabr ko‘rish degan gap... Mabodo ko‘ringanni qopaveradigan bo‘lsa, dunyoda yashamay qo‘yaqolgan ham ma’qul...

Hm!.. Durust...— deydi Ochumelov jiddiy, yo‘talib va qoshlarini uchirib.— Durust... Kimning iti? Men buni shundayligicha qoldirmayman. Men sizlarga itlarni tal-taytirib yuborish qanaqaligini ko‘rsatib qo‘yaman! Qarorlarga bo‘ysunishni istamaydigan buningdek janoblarga diqqatni qaratishga allaqachon fursat yetgan! Yaramasni shartta shtrafga tortishsa, itu balo-battar daydi hayvonlar nimaligini bilib oladi! Men uning onasini ko‘rsatib qo‘yaman!.. Yeldirin,— deya gorodovoyga murojaat qiladi nazoratchi,— bu kimning iti ekanligini bil-da, protokol tuz! Itni esa yo‘qotish kerak. Darhol! Qutirgan bo‘lsa ham ajab emas... Bu kimning iti, deyman?

— Bu general Jigalovning iti shekilli!— deydi xaloyiq orasidan kimdir.

— General Jigalovning itimi? Hm!.. Paltomni yechib ol-chi, Yeldirin... Yomon isib ketdi-ya! Yomg‘ir yog‘adiganga o‘xshaydi-da... Men faqat bir narsaga tushunolmay turibman: u seni qanday qilib qopgan bo‘lishi mumkin?— deb Xryukinga murojaat qildi Ochumelov.— Nahotki barmog‘ingga bo‘yi yetsa? U kichkinagina bo‘lsa, davangiligingni qara! — Barmog‘ingni mix bilan cho‘qilab kavlagansan-da, keyin kallangga, bir nima shilsam, degan fikr kelgan. Axir sen... ma’lumsanlar-ku! Men sen iblislarni bilaman!

— U ermak uchun itning tumshug‘iga chekib turgan tamakisini bosdi, janoblari, u ham ziyrak hayvon, g‘archcha tishladi... Bu, bema’ni odam, janoblari!

— Bekor aytibsan, so‘qir! Ko‘rmaganingdan keyin yolg‘on gapirib nima qilasan? Janoblari aqlli zotlardai, kim yolg‘on gapirayotibdiyu kim sidqidildan xudoligini aytayotibdi — biladilar... Bordi-yu, men yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam mirovoy ajrim qila qolsin... Uning qo‘lidagi qonunda aytilgan... Hozirgi kunda hamma teppa-teng... Mening akam ham jandarmda xizmat qiladi... agar bilmoqchi bo‘lsalaringiz...

— Gap sotilmasin!

— Yo‘q, bu generalning iti emas,— deb o‘ychanlik bilan qayd etadi gorodovoy.— Generalnikida bunaqasidan yo‘q. Undagilar ko‘proq iskovich itlar...

— Sen buni aniq bilasanmi?

— Aniq bilaman, janoblari...

— Men o‘zim ham bilaman. Generalning itlari qimmatbaho, zotdor, bu nima o‘zi — jin urgan. Na juni boru na vajohati... qabohatning o‘zi xalos! Shunday itni boqib yuradimi-ya?! Aql-hushlaring bormi o‘zi? Mana shunday it Peterburgdami yoki Moskvada duch kelib qolsa, bilasizlarmi, nima qilishardi? U yerda qonun degan narsangga qarab o‘tirmay, o‘sha zahotiyoq — til torttirishmasdi! Sen, Xryukin, jabr ko‘ribsan, bu ishin oqibatsiz tashlab qo‘yma... Ta’zirini berib qo‘yish kerak! Fursat yetgan...

— Generalning iti bo‘lsa ham ajab emas...— deydi baralla gorodovoy o‘y surib. — Basharasiga yozib qo‘yilmagan bo‘lsa... Kuni kecha uning qo‘rasida shunaqasini ko‘rgan edim.

— Generalniki ekanligi aniq!— degan ovoz eshitiladi xaloyiq orasidan.

— Hm!.. Paltomni kiydirib qo‘y-chi, birodar Yeldirin... Shamol turib qoldi... Etim ivishyapti... Uni generalga olib borib topshirasan, u yerda so‘raysan. Meni topib jo‘natdi, deysan... Tayinlab ayt, ko‘chaga chiqazishmasin. Bu qimmatbaho it bo‘lsa kerak, bordi-yu, har bir to‘ng‘iz tumshug‘iga tamakisini ishqalayversa nobud bo‘ladi-ketadi. It — nozik bir maxluq. Sen, galvars, qo‘lingni pastga tushir. Bema’ni barmog‘ingni pesh qilaverishingning hojati yo‘k. Ayb o‘zingda!..

— Generalning oshpazi kelyapti, o‘shandan so‘rab qo‘ya qolamiz... Hoy, Proxor! Bu yoqqa kel-chi, azizim! Mana bu itni ko‘r... Sizlarnikimi?

— Topgan gapingni qara-ya! Bunaqasi bizda sira ham bo‘lgan emas!

— Buni surishtirib o‘tirishning ham hojati yo‘q,— deydi Ochumelov.— Bu daydi it! Gapni cho‘zib o‘tirishning keragi yo‘q... Daydi it, dedimmi, daydi it. Yo‘qotish kerak, vassalom.

— Bu bizning itimiz emas,— deb so‘zida davom etadi Proxor.— Bu generalning kuni kecha kelgan akasining iti. Bizning xo‘jayinning tozilarga hushi yo‘q. Akalari ishqiboz...

— Iya, u kishining akalari kelganmilar? Vladimir Ivanovich-a?— deb so‘raydi Ochumelov, iyib ketganidan aftiga tabassum yoyiladi.— Yo tavba, buni qaranglar-a! Men bo‘lsa bexabar ekanman! Mehmon bo‘lib keldilarmi?

— Mehmon bo‘lib...

— Yo tavba, buni qaranglar-a! Ukalarini sog‘inganlar-da... Men bo‘lsam bexabar ekanman! O’sha kishining itlari degin? Juda xursandman... Buni olib ket... Binoyidekkina kuchuk ekan... Ziyrakkina ekan... mana buning barmog‘ini uzib ol! Ha-ha-ha... Ha, nega titraysan? Rrr... Rr... Achchig‘lanyapti haromi... kuchukvachcha-ey.

Proxor itni chaqirib, uni ergashtirgancha o‘tin omboridan yiroqlashadi... Xaloyiq Xryukindan xoxolab kuldi.

— Shoshmaytur hali senga ko‘rsatib qo‘yaman!— deb unga po‘pisa qiladi Ochumelov va shineliga o‘ranganicha bozor maydoni bo‘ylab yo‘lida davom etadi.