Hikoyalar
November 8, 2022

Oliver Saks: "Bizga o'xshaganlar endi boshqa yo'q. Xuddi shuningdek, hech qachon sizga o'xshagani ham bo'lmaydi"

Oliver Saks - davrimizning eng mashhur psixologlaridan biri edi. Bugun men uning o'limidan olti oy oldin yozilgan, muallifning so'nggi maqolasiga aylangan nomasini tarjima qilishga qaror qildim. Kaminaning fikricha, ushbu matn o'qishga arziydi.

("Oliver Wolf Sacks 1933-yil 9-iyul, London - 2015-yil 30-avgust, Nyu-York) - amerikalik nevrolog va neyropsixolog, asli britaniyalik, yozuvchi va tibbiyotni ommalashtiruvchi, klinikani tavsiflovchi bir qator mashhur kitoblar muallifi")

“Bir oy oldin menga sog'ligim yaxshi, hatto mustahkamdek tuyulardi. Hozir 81 yoshdaman, lekin men haliyam kuniga bir mil masofaga suza olardim. Ammo endi omadim chopishni to'xtatdi. Bir necha hafta oldin jigarimda bir nechta metastazalar borligini bilib qoldim. To'qqiz yil oldin menda kam uchraydigan ko'z o'simtasini aniqlashgandi. O'simtani olib tashlash uchun ishlatilgan radioterapiya va lazerlar tufayli bir ko'zim ko'r bo'lib qoldi. Odatda ko'z o'simtasining jigarga metastaza berish ehtimoli past edi - lekin menga omad kulib boqmadi.

Bugun mana o'lim bilan yuzma-yuz turgan bo'lsamda, o'sha dastlabki tashxis qo'yilgandan keyin o'tgan to'qqiz yillik sog'lom va mazmunli kechgan hayotim uchun Yaratgandan minnatdorman. Saraton mening jigarimni uchdan bir qismini quritdi, holbuki zararning tarqalishini sekinlashtirish mumkin bo'lsa-da, biroq endi uni butunlay to'xtatib bo'lmaydi.

Buyog'iga qolgan sanoqli oylarimda qanday yashashimni aniqlab olishim lozim. Men uni eng boy, eng yuksak, eng samarali tarzda o'tkazmoqchiman. Bunga meni sevimli faylasuflarimdan biri - Devid Yumning so‘zlari ilhomlantirdi, u 65 yoshida o‘zining muqarrar xastaligini bilib, qisqa avtobiografiyasini yozgan edi. Bu uchun Yumga atigi 1776-yil aprel oyining bir kuni kifoya qiladi xolos. U o'z biografiyasini oddiygina qilib "Mening hayotim" deb nomlaydi.

"Men kasalligimdan juda oz azob chekdim, bundan ham qizig'i, organizmning qattiq toliqishiga qaramay, ruhiy muvozanat meni bir daqiqaga ham tark etmadi", - deb yozgan Yum, - Yana men o'zimda ilm-fanga bo'lgan avvalgi ishtiyoqni va jamiyatdagi faolligimni saqlab qola oldim".

Men 80 yil ya'ni Yumdan 15 yil ko'proq yashash baxtiga muyassar bo'ldim va bu yillar ham ish, ham ishq jihatidan samarali bo'ldi. Bu vaqt ichida men beshta kitobimni nashr qildim, shu bahorda nashr etiladigan avtobiografiyam (bu Yumnikiga qaraganda biroz qalinroq)ni tugatdim. Shuningdek, yana bir nechta asarlar ustidagi ishlarimni ham deyarli tamomlaganman.

"Men, - deb davom etadi Yum, - tabiatan xalimlik, o'zini tuta bilish, ochiq va xushchaqchaq fe'l-atvorim, bog'lanib qolish qobiliyati, gina-kudrat saqlay olmaslik va barcha his-tuyg'ularda katta mo'tadillik saqlab qolishim bilan ajralib turardim".

Shu joyida men Yumdan farq qilaman. Men doimo iliq munosabatlar va do'stlikdan bahramand bo'lganman. Garchi o'zimni yumshoq ko'ngilli odam deb ayta olmasamda, mening ashaddiy dushmanlarim yo'q. Aksincha, o'zimni juda jangari odam deya hisoblayman, barcha sevimli mashg'ulotlarimda ko'pincha tiyiqsiz entuziazm (ishtiyoq) va butunlay beadablik hurujlariga uchrayman.

Shunga qaramay, Yumning essesidagi bitta satrni hayratlanarli darajada to'g'ri ta'rif deb hisoblayman: "Men hayotga hozirgiga qaraganda kamroq bog'lanib qolishim mushkul".

So‘nggi bir necha kunlar ichida men o‘z hayotimga xuddi yuksaklikdan turib bepoyon landshaftga qaragandek yaqqol ko‘ra oldim va menda uning barcha tarkibiy qismlarining o'zaro uyg'unligi tuyg‘usi qa'tiylashdi. Lekin bu hayotim tugadi degani emas. Aksincha, men o'zimni nihoyatda tirik his qilayapman va qolgan vaqt ichida yanada qalinroq do'stlikka erishishni, suyuklilarim bilan xayrlashishni, nimadir yozishni, agar kuch-quvvatim yetsa sayohat qilishni, idrok va ma'noning yangi darajasiga erishishni xohlayman. Har holda shunga umid qilaman.

Bu o'zidan dangallik, aniqlik va nutqning to'g'riligini talab qiladi. Men dunyo bilan munosabatlarimga aniqlik kiritib olishim lozim. Ammo men o'yin-kulgiga ham vaqt topa olaman deb o'ylayapman (hatto ozgina sho'xliklar uchun ham).

Men birdan diqqatimni jamlaganimni his qilayapman va oldimdagi istiqbolni ko'ra boshlayapman. Muhim bo'lmagan narsalarga endi vaqt yo'q. Men o'zimga, ishimga va do'stlarimga e'tibor qaratishim kerak. Men kechqurunlari endi yangiliklar ko'rmayapman. Boshqa vaqtimni siyosat yoki global qizish bo‘yicha bahslarga sarflamayman.

Bu aslo befarqlik emas, balki bog'liqlikni yo'qligidir: Men hali-hamon Yaqin Sharqdagi vaziyat, global qizish va jamiyatda o'sib borayotgan tengsizlikdan chuqur xavotirdaman. Ammo bu endi mening ishim emas - bular kelajakka tegishli. Iqtidorli yoshlarni, hatto meni biopsiya qilib, tashxis qo‘ygan yigitlarni uchratganimdan xursandman. Men kelajak ishonchli qo'llarda ekanligini his qilayapman.

So‘nggi o‘n yil ichida men o'z zamondoshlarimning vafotiga e’tiborli bo‘lib qoldim. Mening avlodim dunyoni tark etmoqda va har bir o'lim menga o'zimning bir qismimni kesishgandek tuyuladi. Bizga o'xshaganlar endi boshqa yo'q. Xuddi shuningdek, hech qachon sizga o'xshagani ham bo'lmaydi. Odamlar vafot etsa, ularni almashtirib bo'lmaydi. Ular o'zlaridan keyin o'rnini to'ldirib bo'lmaydigan teshiklarni qoldiradilar, chunki har bir insonning taqdiri - ham genetik, ham asabiy jihatda - noyob shaxs bo'lish, hayotda o'z yo'lini topish, uni yashab o'tish va o'z ajali bilan o'lishdan iboratdir.

Men o'zimni qo'rquvdan xalos bo'lgandek qilib ko'rsata olmayman. Lekin hozir mendagi ustuvor hissiyot - bu shukronalik. Hayotim davomida sevdim va sevildim. Menga Yaratgan tomonidan ko'p narsa in'om qilindi va men ham buning evaziga nimadir bera oldim deb o'ylayman. Men o'qidim, sayohat qildim, o'yladim va yozdim. Men dunyo bilan xuddi faqat yozuvchilar va kitobxonlar o'zaro muloqot qiladigan tarzda muloqot qildim.

Va eng muhimi, men bu go'zal sayyorada tafakkur qiladigan aqlli mavjudot edim va bu o'z-o'zidan aqlbovar qilmas imtiyoz va ajoyib sarguzasht edi.

@panda_books kanali uchun

Jasurbek Bazarbaeff tarjimasi.