Hikoyalar
March 12, 2019

Temirtosh Jayxun. Agar o'g'il bo'lsa

— Qirqqa kirib qoldingiz, axir,— dedi zarda bilan xotinim.— Bundoq o‘zingiz haqida o‘ylab, chekishni tashlasangiz bo‘lardi. Bu zararli-ku!..— Shunday deb to‘ng‘illagancha yonboshga o‘girilib oldi.

Qancha vaqt o‘tganiykin? Avval stulga yastanib o‘tirdim-da, oyog‘imni deraza tokchasiga uzatdim. Keyin gazetani ochdim — qachon, qay tarzda mizg‘iy qolibman? YOZNI betoqatlik bilan kuta-kuta toqatimiz toq bo‘lgandi, xuddi mazax qilganday ertalab yana havo aynidi-qoldi.

— Yo‘q, jonginam! Shunchaki sovqotibman. Oyog‘imni ushlagin, naq muz-a. Sovqotdim!

Xotinim uxlolmay, u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilganidan prujinalar g‘ijirlardi. U jahl bilan teskari qarab, devorga o‘girilib g‘ujanak bo‘lib yotib olgandi.

— Sovqotdim, muzlab qoldimmish, voy, tavba-ey! Tamakining kasofatimasmi? Hammasi, yer yutkur, chekishdan! O‘zingizni haliyam yosh, deb o‘ylayapsiz, chog‘i... Tortishmay qo‘ya qoling!

Uyg‘onganimda gazeta tizzamda yotardi, boshim ko‘kragimga osilgan, bo‘ynim nomuvofiq o‘tirganimdan qotib qolgandi. Qancha mizg‘idim ekan? Turganimda tishim-tishimga tegmay takirlardi. Xonani ko‘zdan kechirdim, stol usti betartib bo‘lib yotardi. Shimim bilan kurtkamni yechdim. Oyoq uchida yurib yotoqxonaga kirdim. Pijamamni qidirib topdimda, chiroqni o‘chirdim. Yana oyoq uchida ehtiyotlik bilan yotoqxonaga kirib, paypaslay-paypaslay karavotni topdim — koshki, o‘ng‘aygina bo‘l-sa!—o‘ringa sekingina yotdim. Pol va to‘shakning g‘i-jirlashidan xotinim uyg‘onib ketdi.

— Soat necha bo‘ldi?

— O‘n ikki yarim,— deya javob qildim tavakkaliga. Yotgan zahotim yo‘tal tutib qolsa bo‘ladimi! Tomog‘im qichishganidan, yo‘talni to‘xtatishga holi qudratim qolmagandi. Ko‘ksim qisilishidan na nafas , ololaman va na nafas chiqara olaman. Binobarin, o‘pkamdan nolimayman. Nafasimni ichimga yutdim. Ko‘ksimda hech narsa og‘rimayapti, shekilli. Yurak urishimga quloq tutdim. Xuddi soatdek urmoqda. Chuqur nafas oldim. Balki, xotinim haqdir. Balki teskarisidir. Har holda, haq bo‘lsa kerak. Nafas yo‘llarim nikotin, zaharli qatron bilan zaharlangan shekilli. Nafasimni to‘xtatishga harakat qilib ko‘rdim — qayoqda deysiz!— ko‘ksim yo‘taldan tilka-pora bo‘layotganga o‘xshardi.

Bu ikki yilmi uch yil avval bo‘lgandi. Kechqurunlari qahvaxonalar hamda kvartallarni aylana boshladik. Meni, albatta, o‘sha zahotiyoq ishdan kavushimni to‘g‘rilab qo‘yishdi. Men ham bo‘sh kelmay, xukumat sovetiga shikoyat qilib ariza berdim. Keyin o‘ylanib qoldim, axir, ular haq-ku — ularni qo‘lidan hokimiyatlarini tortib olmoqchi bo‘lyapsan-ku, tag‘in ishdan haydamasliklarini talab qilganingga o‘laymi. G‘irt bema’nilik! Shunday yo‘lni tanlagan ekansan, jasorat ko‘rsatib, temirdek sabr-toqat namunasini ko‘rsata bil. Nima sababdan biz shunday qashshoqlikda yashayotganimizni ishchi hamda dehqonlarga tushuntirish lozim. Shunday qilib, kechqurunlari qahvaxonalarni aylanadigan bo‘ldik. Avvaliga qiyin ko‘chdi, odamlar oldida gapirishga uyalardim. Xuddi qo‘zichoqlarga o‘xshab, nutq irod etayotganingda kiprik qoqmay qo‘loq osib o‘tirishadi. Ko‘p o‘tmay, o‘rganib ketdim. Hammadan yomoni — gapirmasam turolmaydigan bo‘lib qoldim. Mikrofonni qo‘limga olishim bilan o‘zimni to‘xtatolmay, bulbuligo‘yo bo‘lib ketaman. Nima haqda gapirganimni, xudo haqqi, keyin hecham eslolmayman. Nutq irod etayotganingda o‘zingni erkin his qilib, qalbingda shundayin jasurlik uyg‘onadiki, oqibat natijasida hech narsadan cho‘chimay, xayolingga kelgan narsani gapiraverasan. Bunday daqiqada inson, mening sezishimcha, jamiyat bilan chog‘ishib ketganga o‘xshaydi va bu birlikni his qilganday bo‘ladi va unga hamma kuch, barcha jamiyatning qudrati o‘tayotganga o‘xshaydi.

Kvartal qahvaxonasiga kirib boramiz-da: «Salom alaykum!»—deymiz. «Alaykum salom!» «Biz, quloq-chakkalaringga tegib ketgan anavi siyosatchilardan emasmiz, og‘ayni, bildingmi? Saylovda ovoz beringlar, degan niyatda kelganimiz yo‘q... Siyosat nima ekanligini bilasanmi? Siyosat bilan shug‘ullanmaganman deyapsanmi?.. Endi siyosatni kim qilayotganini tushundingmi? Boylar!.. Ularda buning uchun pul-mablag‘ yetarlida!..» Shundan keyin odamlar cho‘ntaklaridan sigareta chiqarib, chin ko‘ngildan mehmon qila boshlashadi: «Menikidan chekib ko‘rchi, afandi!..»

Tutun bosgan, nikotin bilan zaharlangan qahvaxona devorlarida xo‘randalarning boshlari uzra albatta tokcha bo‘lib, unda materiya bilan .o‘ralgan dinamikli «OG‘A» markali radiopriyomnik kattakon yashikda muzayyan turar, shundoqqina o‘choqning tepasida esa, naq shiftga tiralgancha marshal Chaqmoq, G‘ozi Mustafo Kamol hamda «dunyoning birinchi go‘zali» Keriman Xolisning rangi o‘ngib ketgan portretlari osilgan, kiraverishda esa umumdiqqatini jalb qilish maqsadida_ «Sildan qanday ehityot bo‘lish lozim» degan plakat yopishtirilgan, bu avom xalqqa mansub qahvaxonalarda odamlar ularga ko‘rsatilgan hurmatdan taajjublanishgancha seni o‘tkazib, mehmon qilish harakatiga tushib qolishardi. «Biz bilan choy iching, afandim Hoshim o‘g‘lim, bizga choy olib kel-chi». «Menikidan chekib ko‘r-chi, bey. YOKI, balki, bizning «Birinchi» navidan hazar qilasanmi?» Nega endi jirkanarkanmiz? «Birinchi»dan tutatamiz, undan keyin «Bafru», so‘ng «Byuyukkyulyub»... Endi «Kelidjik». Yana bitta «Yangi xirmon»dan. Keyin yana «Byuyukkyulyub». Yana «Birinchi». So‘ng «Sipohiodjag‘i». Yana «Ikkinchi...» Faqat ertalabga yaqin itdek charchab o‘ringa cho‘zilasanu xayolga botasan: necha stakan choy, qancha likob qahva ichib, necha pachka sigareta chekding-a? Nikotin, hamda kofeindan lablaring yorilib ketadi, xuddi ularga zahari olud surtilgandek. Natijada, uyqu ham harom. Xo‘rozlar qichqira boshlaydi, men esa u yonboshdan-bu yonboshga ag‘darilganim-ag‘darilgan...

Xotinim haq... Bu yo‘talim sovuqdan emas, sigaretadan. Chekishni tashlash vaqti yetdi. Nega endi? Nega endi chekishni tashlashim kerak ekan? Agar xotinimga quloq soladigan bo‘lsam, darhol chekishni tashlashim kerak: birinchidan, ortiqcha xarajat, ikkinchidan, bunisi muhimroq — u buni ayniqsa ta’kidlashni yaxshi ko‘radi!— sigareta umrning egovi. Qon tomirlarini parchalaydi. Yurakni ishdan chiqaradi. U o‘pka rakini keltirib chiqaradi. Oshqozonni kasallantiradi. Lekin men bir qarorga kelolmayman, turmushing o‘ngidan kelmagan ekan, yashash kerakmi yoki yo‘qmi? Qirqni ham urib qo‘ydik. Ishdan darak yo‘q. Hammasi tasodifga bog‘liq! Faqat muvaqqat ish topishga muvaffaq bo‘laman. Qayoqqa bosh suqma, hammayoqda ham burningni tagida eshikni berkitib olishadi — axir, hammaga otning qashqasidek ma’lumsan-da: «Xalqqa siyosat nimaligini tushuntirishga urinib ko‘rdingmi!»

— Voy-voy-ey, rosayam sovqotib ketdim-ku — dedim xotinimga.— Oyog‘imni ushlab ko‘rgin, xuddi yaxga o‘xshay-di! Hecham isimayapman. Ochiq deraza oldida uxlab

qopman. Sen bo‘lsang nuqul sigareta, sigareta, deb urishganing-urishgan!.. Jin ursin! Barga qatnamasam, qarta o‘ynamasam. Yana chekma deysan-a!.. Bunday hayotga tupuraman!..

Xotinim po‘ng‘illadi-da, yana menga orqa o‘girib oldi.

— Chekavering! Chekavering bu zaharni, salomatligingiz uchun to tonggacha yo‘talib chiqavering!..

Darvoqe, yana qirq yil yashashni xohlash-xohlamasligimning unga necha pullik og‘irligi tushdi ekan, hayronman!

Kechqurun avtobusdan tushib negaligini o‘zim ham bilmayman, odatdagi yo‘l bilan uyga emas, balki machit tomonga yo‘naldim. Yana bir kun behuda o‘tdi, mana besh kundirki hech qayerdan ish topolmay sarson bo‘lyapman! Machit oldi rastalar bilan tirband. Taksi to‘xtash joyi... Shofyorlar xirillagan ovozda: «Kep qoling, kimni kvartalga olib borib qo‘yay?..»— deb qichqirishardi. Qarasam, deyarli barcha olib sotarlar yangi bodring sotishyapti. Bodringlar hozirgina palagidan uzib olinganday ko‘rinsin, deb unga suv sepishyapti. Ba’zilari esa, agar xohlasang, bodringni archib, ustamasiga tuz ham qo‘shib berishadi. Ularda xuddi ustaraga o‘xshash pichoqlar bor. Uni bodring yuzasidan xuddi soqol olayotgakdek avaylab yurgizishadi. Ko‘m-ko‘k po‘stini yupqa qilib kesishadi. Bodringning hidiga so‘laklarim oqib ketdi. Bodringlar har holda, ertangi bo‘lmasa ham nechukdir donasiga bir yarim lira so‘rab o‘tirishibdi. Bitta rezavorfurushning oldida to‘xtab,bodringni qo‘limga olib u yoq-bu yog‘ini ko‘rgan bo‘lib, narxini so‘radim. Keyin boshqasining oldiga yo‘naldim. yo‘q, kesgan joylaridan ushlab, bir qurush ham yon bosishmayapti. Cho‘ntagimdan uch lira olib, Tunjeli viloyatining Pertek degan joyidan olib kelingan ikkita bodring sotib oldim. Zab gazak-bopda, o‘ziyam!

Bodringlarni gazetaga o‘radim-da, rezavorfurush va mashinalar orasidan o‘tib uyga yo‘naldim. Birdan qalbim shodlikdan yengil tortib ketdi!..

...O‘shanda besh yoki olti yoshda edim, shekilli. Otam qo‘limdan ushlab olgandi — charchaganimdan oyoqda zo‘rg‘a sudralib kelayotgandim. Darvoqe, yurib emas, uniig qo‘liga osilib kelayotgandim. Biz shaharchadan qaytib kelayotgandik. U yerga nega boruvdik? Nega dadam meni o‘zi bilan olib ketgandi? Esimda yo‘q. Oyog‘imda qo‘y terisidan tikilgan sariq choriq, issiqda uzoq yurganimizdan oyog‘im shishib ketgandi. Biz yo‘lga chiqqanimiz-da so‘fi hali bomdod namoziga azon aytmayotgan edi, qaytayotganimizda esa kechki namoz boshlanay-boshlanay deyayotgandi. Quyosh ufq ortiga bosh qo‘ygandi. Avshar bobo kechki salqin tushishi bilanoq polizga suv quya boshlardi. Eski tosh novdan oqib tushayotgan ingichka irmoqchani bo‘g‘ib polizga oqizgan bobo yo‘l bo‘yidagi shiyponning ustuniga suyanib bodring, tarvuz hamda qovunning ko‘m-ko‘k palak yozgan egatlari aro shildirab oqayotgan suvni zavq bilan tomosha qilib turgan ekan. Shu vaqt biz kelib qoldik. Avshar boboni ko‘rgan zaxotim, qo‘limni otamning kaftidan tortib oldim-da, shiypon oldiga chopib borib, barglar orasiga yashirinib olgancha o‘zining sap-sariq gullari bilan imlayotgan tiqmachoqdek, g‘adir-budir bodringlarga qarab to‘xtab qoldim. «Obbo xo‘tikcha-ey, xudo o‘z panohida saqlasin!»— yaqinlasha turib, men haqimda shunday dedi otam. Bobo o‘chib qolgan papiros qoldig‘ini og‘zidan oldida, nov tomonga chertib yubordi. Keyin tamakidan sarg‘ayib ketgan tirnoqlari ichiga tuproq kirib qoraygan beo‘xshov dastpanjasi bilan sochini taroqladi va otamning gaplarini qaytardi: «Obbo xo‘tik nabiraginam-ey!» Boboning qo‘li, yuzi, ilma-teshik kamzuli — hammasiga xuddi otamning soqol-mo‘yloviga o‘xshab tamaki hidi o‘tirib qolgandi. Bu hidni men yaxshi bilardim. Ko‘pincha biznikiga otamning ukasi Xakki kelib turardi. U har gal kelganida meni osmonga irg‘itib o‘ynatar, tizzasiga o‘tirg‘izar, keyin yergacha egilib qo‘limdan ushlagancha boshidan oshib o‘ynatardi. Bu o‘yinni bizda «ajal sirtmog‘i» deb atashardi: Keyin quchoqlab, yonog‘imdan o‘par va: «Akang qarag‘ayning xo‘tikchasi!» deb erkalatardi. Amakim ham ashaddiy kashandalardan edi. Onam: «Sen ketganingdan keyin, qaynijon bir haftagacha boladan tamaki hidi gurkirab turadi»,—deb to‘ng‘illardi. Esimni tanibmanki, onam tamakini ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Amakim indamasdi. Menga qarab fitnachilardek: «Onangga e’tibor berma», deganday ko‘zini qisib qo‘yardi. Onamning vaysashlarini eshitmaganday uning tizzasiga chiqib olib, xuddi qo‘yday yuvosh tortib o‘tirib olardim. U bo‘lsa: «Qani, bir eshakka o‘xshab hangrab berchi!»—derdi. Har doim shunday nayrangdan keyin Xakki amakim albatta menga biror-bir shirinlik berishini bilardim. Uning‘ cho‘ntagida doim men uchun mavsumga qarab biror-bir sovg‘a bo‘lardi. Agar o‘sha kuni shaharchaga borishga ulgurgan bo‘lsa, hatto apelsin ham olib kelardi. YOKI shirin qo‘zoq, ba’zida kashtan. Bir marotaba esa cho‘ntagidan ko‘k-qizg‘ish tayoqchalar chiqardi. Men ajablangancha: «Bu nima?»—deb so‘rardim, u: «Shakarqamish»,— deb tushuntirdi.

«Sen o‘zing zap azamat yigitsan-da! Eshitishimizcha, hangrashda hech kim senga bas kelolmas emish-a,— kulgancha derdi Avshar bobo va dag‘allashgan kaftlari bilan gardanimga shapatilab qo‘yardi.— Qani bir hangrab berchi, evaziga kursillama bodring olasan!» Bor kuchim bilan kuchanib eshakka taqlidan qattiq hangray boshlardim. Har kimga ham bunday san’at nasib qilavermasligiga ishonchim komil holda, xuddi xo‘tikchaga o‘xshab qo‘limni orqaga qilib kekirdagimni cho‘zgancha qichqirardim. «Voy xo‘tikvachcha-ey!»—deya tupurardi otam, lekin uning jahli chiqmay, faqat hazillashayotganini bilardim.

Men o‘z ishimni vijdonan bajarganimdan keyin, Avshar bobo egat oralab ikkita ko‘m-ko‘k, kursillama edi. «Darslaringni qildingmi?»— deb so‘radim. Keyin qizimga o‘girilib: «Dasturxon tuzatvor-chi!»—dedim. «Bodring solingan likobchani stolga oborib qo‘y, lekin qo‘lingni tekkizma!»— bu endi kichkinamga tegishli edi.

«Bugun matematika o‘qituvchimiz doskaga chaqirdi, men hammasiga javob berdim»,— dedi o‘g‘lim. Aftidan, meni xursand qilmoqchiga o‘xshaydi. Yana uning ko‘ziga qarasammikin? Jilmaysammikin? Hech bir to‘xtamga kelolmasdim. Agar u faqat meni xursand qilish uchungina aldagan bo‘lsa-chi? Uning ko‘ziga qarasam, u uyalsa-chi? Meni xursand qilmoqchi ekan, yigitchani fosh qilishning nima hojati bor?.. «Barakalla,— dedim-da, unga qaradim.— Yaxshi o‘qishga harakat qil, kam bo‘lmaysan!..»

Bugun kechqurun avtobusda kelayotganimda yonimda o‘tirgan kishi gazetani xuddi choyshabdek yoyib olib o‘qiyotgandi. Aftidan, u qo‘lini chala yuvgan shekilli, shundoqqina barmog‘i tagida kattakon dog‘ qolgandi. Gazetada o‘qlog‘day-o‘qlog‘day harflar bilan: «To‘rtta anarxist samolyotni Sofiyaga olib qochib ketishdi», deb yozilgandi. Teskari qarab, oynaga tikilib qoldim: negaligini bilmaymanu, lekin birdan yuragim siqilib ketdi. O‘zimni alahsitish uchun oynadan tashqariga qaray boshladim. Lekin fikrlarim sarlavha atrofida charx urardi. Shu orada qo‘shnim yo‘lakda turgan qandaydir nusxa bilan gap sota boshladi. «Bu padar la’nati komonchilarning barini qirib tashlasang! deya aljiradi yo‘lakda turgan nusxa.—Ja quturib ketishdi! Na hukumatni-yu, na boshliqlarni tan olishadi! Sen menga ayt-chi, og‘ayni, boy bolalari orasida komonizm degan yaramas narsa urfga kirib qoldimi, nima balo?» Mening birdan sabrim tugab, beixtiyor boshimni o‘sha tomonga burdim. Xuddi birov uni mushtumida g‘ijimlayotganday yuragim siqilib, isitmam chiqib ketdi: tomirlarimda qo‘rg‘oshinmisol qon yugurganday bo‘ldi. Yelkam terdan ho‘l bo‘lib, qulog‘im shang‘illardi. Ha, demak, boylarning arzandalari orasida deng. Bechora onajonim atigi o‘ttiz besh yoshda edi, u bo‘lsa to‘qqizinchisini, yana o‘lik tug‘di. Minglab guvoh chaqirganing bilan hech kim o‘shanda u o‘ttiz besh yoshda ekanligiga ishonmaydi. Deyarli har kuni boshini durracha bilan chandib bog‘lab olib, o‘zini karavotga tashlagancha: «Voy jonim-ey, sho‘rim qursin! Yana la’nati kasal tinka-madorimni quritib yubordi! Boshim og‘riqdan yorilib ketay deyapti!..»—deya oh-fig‘on chekardi.

O‘zim sezmagan holda yo‘lakda turgan ishchining ko‘ziga qarashga urinardim. Yuzi uzunchoq, oppoq bo‘lib, xuddi mumdan qilinganga o‘xshardi. Birdan bu tirish basharaga qarash ko‘nglimga urdi. Men. charchagancha o‘tirg‘ich suyanchig‘iga suyandim. Shundoqqina to‘g‘rimga ma’nosiz tikildim. Oldinda o‘n sakkiz-o‘n to‘qqiz yoshlardagi yigitcha turardi. Aftidan, studentga o‘xshaydi.

Qop-qora sochlari kirlab ketgan bo‘lib taroq bilan emas, dastpanjasi bilan taralgandi. Ya’ni, masalan, taralgan desayam bo‘laveradi, taralmagan desayam. Ensasini qoplagan patila-patila sochlari naq kurtkasining yoqalarigacha tushgan. Boz ustiga, chakka mo‘ylari deyarli quloqlarini ham yopib yuborgandi. Uning yonginasida sochlari bo‘yalgan, malla qiz silkinib kelardi. Avtobus, ayniqsa, qattiq silkinganda u naq yigitning quchog‘iga kirib ketgudek bo‘lardi. Xuddi oynaga qaramoqchiday dam-badam ko‘z qiri bilan u tomonga qarab-qarab qo‘yardi. Yigit esa— u menga yonlamasi ko‘rinardi — qizning oyog‘idan ko‘z uzmas, tirsaklarini esa xuddi qanotdek kerib olgan bo‘lib, uning ko‘kragiga noxosdan tegib ketishga harakat qilardi. Qoshlarini chimirib, jiddiy turardi. Siyrak, mayin soqoli yuzini chiroyli qilib turardi. Yuzi hali dag‘allashmagan, boz ustiga, birortayam ajini ham yo‘q bo‘lib, terisi sip-silliq edi. Ko‘z ostida xaltachalari yo‘q, qovoqlari sarg‘aymagan. Vaqtini topib, men uning ko‘ziga qarashga muvaffaq bo‘ldim: yo kulrang, yo qo‘yko‘z, yo zangori. Hanuz qoshlarini chimirgancha, atrofiga mag‘rur qarardi. Nega endi uning sip-silliq, birortayam ajinsiz yuziga qarab turib o‘lim haqida eslab qoldim-a? Esladimu o‘yga toldim.

Oldimda o‘tirgan o‘g‘lim shekilli? Yoki hasadu g‘ayirlik aralash qarayotganim qaytmas bo‘lib ketgan yoshligimmi?

Qarshimda xuddi bundan bir necha o‘n yil avvalgi kaminai-kamtarin — o‘zim turgandayman... Ha, bo‘lmasam-chi? U — bu o‘zim ekanligini, faqat bir necha o‘n yoshga yoshroq ekanligimni tushungan zahotim, mana shu bir necha o‘n yilini yaqqol his qilganday bo‘ldim... Va bugun kechqurun avtobusda kelayotib bexosdan miyamda, men ham kunlardan bir kun — balki, xudo biladi, hatto ertaga-yoq! — o‘lib qolishim mumkin, degan fikr. charx urdi...

Bundan chiqdi, kishi hali yosh ekan, u o‘limni chollarga qarab eslasa, o‘zi qarigach esa, o‘lim haqida unga yeshlik eslatib turarkan-da! Nega endi chollarga bu yoshlar yoqmaydi? Nega endi ular yoshlardan qo‘rqadilar, agar qo‘llaridan kelsa o‘ldirishga ham tayyorlar?.. Buni men faqat bugun angladim. Chunki yoshlik keksalar uchun o‘limning elchisi-da. Endi qo‘llaridan hech vaqo kelmasligini, bir oyoqlari to‘rda bo‘lsa, bir oyoqlari go‘rda ekanligini esga solishdir.

Men qaysarlik bilan manavi yigitchaning ko‘zi qanaqa rangda ekanligini ko‘rmoqchi bo‘lardim. Vaqt o‘tgan sayin inson ko‘zlari ham o‘zgararmikin — uning rangi, jilvasi, ifodasi degandek? Hayot hammasini ostin-ustun qilib, aralash quralash qiladi, almashtiradi, ana shunda inson ko‘zidaga jilva yo‘qoladi, ularning ifodasi xuddi bizlarning umidlarimiz va xohishlarimiz ustini kul bosgandek sezilmay ketadi.

Men mana shular haqida o‘ylab, xuddi manavi yigitchaday qovoq uyub o‘zimga-o‘zim gapirardim — uyulgan qovoqlar, menimcha, erkakni odamshavanda qilib ko‘rsatib, uning husniga husn qo‘shadi! Keyin shahd bidan o‘rnimdan sakrab turdim: tushadigan bekatimgacha tik tura qolaman. Gazeta sahifasiga ko‘zim tushib qoldi: samolyotni o‘g‘irlagan yigitlardan bittasi ob’ektivdan panalamoqchi bo‘lganday yuzini qo‘li bilan berkitib olibdi. Rasm telefoto orqali olingan edi. Boshqasida esa avtomat ushlagan yigitcha samolyotning dum tomonidagi trapda xuddi soqchiday turardi. Yozishlaricha, to‘rtalovi ham studentlar ekan.

«Oh sho‘rim qursin!—deya nolirdi onam.— Hadeb qizlarga ko‘z suzgandan ko‘ra, yaxshisi, maktabda o‘qisang bo‘lmaydimi! Odam bo‘larding. Mana mendan qiyos, bir burda non uchun yelkamning yag‘irini chiqarib ishlaganim-ishlagan. Hech bo‘lmasa sen shu qismatdan qutularmiding. Bor, o‘g‘lim, shaharga ket, mulla bo‘lib kelasan!» Universitetni bitirayotgan kunim Xakki amakimdan telegramma keldi: «Tez yetib kel, onang og‘ir kasal». Telegramma yuborishayotganda u allaqachon bandalikni bajo keltirib bo‘lgan ekan, menga buni kelganimdan keyin gapirib berishdi...

«O‘qi, harakat qil, shundagina odam bo‘lasan!»—dedim o‘g‘limga sovuqqon ovozda, ha, xuddi shunday, sovuq-qonlik bilan...

Xotinim, men bari biram bugun ichishga ahd qilganimni ko‘rib ishlarini tamomlab, menga dasturxon tuzashga yordamlashish uchun oshxonaga tashrif buyurdi. Xotinimni ko‘rib, men yana xursand bo‘lib ketdim: demak, bu qishda biz yana bitta jonga ko‘payarkanmiz-da! Mehr bilan uning ko‘ziga qarab, jilmaydim.Lekin butun uyni tutib ketgan bodring hidi xayolimni parokanda qilib yubordi, mazkur hid so‘lagimni oqizib, ko‘nglimni ozdirib yuboray derdi! Katta o‘g‘lim yonimda o‘ralashib yurardi, biror-bir buyrug‘imni og‘zimdan chiqmasdanoq bajarish ishtiyoqida ko‘zimdan ko‘zini olmasdi,— u menga xushomad qilish payida edi. Uyam balo, dasturxon tuzalyaptimi, demak, men ozgina otib olaman, odatda ichganimdan keyin xushchaqchaq va muloyim bo‘lib qolaman. Qizim oshxonadan uyga tanda qo‘yardi. Dasturxon tuzalib, dadalari ichishga tayyorlanayotgan oqshom — bolalar uchun naq bayram bo‘lib ketardi — o‘zimning boshimdan o‘tgan, otamni eslayman. Mana, nihoyat o‘g‘lim aroq shishasi bilan boshqa bir shishaga suv solib stolga olib kelib qo‘ydi. Qizim muz olib keldi. Xotinim brinzani suv solingan tovoqqa qo‘ydi. Nima jin urib ertalabdan o‘g‘limga o‘shqirib, unga shippagimni ota qoldim? Mening qarayotganimni sezmasin, degandek, yer ostidan aybdorlarcha unga qarab qo‘ydim. Oriq, niholday ingichka — uni erkalab, o‘pib qo‘ysam bo‘larmidi!.. Men zo‘rg‘a o‘zimni bosib, stakanlarni olib oshxonadan uyga shitob bilan chiqib ketayotib, doim oyoq ostida o‘ralashib yuradigan kichkintoyni yiqitib yuboray dedim. «Obbo xo‘tikcha-ey!—deya hayqirdim.— Nega oyoq ostida o‘ralashyapsan! Qani jimgina o‘tirgin-chi!» Stakanlarni jaranglatib chap qo‘limga oldimda, o‘ng qo‘lim bilan bolani ko‘tardim. Yonog‘idan o‘pdim. «Shundoqqina eshik oldida turibsanu miq etmaysan. Bunaqasi ketmaydi!» Bolakay qulog‘imni changallab olib, kuchining boricha cho‘za boshladi. «Voy xo‘tikcha-ey! Yana mening qulog‘imni ham cho‘zadigan bo‘ldingmi. Bilasanmi, men hozir seni qayoqqa yuboraman? Qani, o‘zing ayta qolchi!»

O‘g‘ilcham kulib yubordi: men nima demoqchiligimni biladi-da. «Onangning arvohiga!» «Xuddi shunday,— vahimala qaytardim.—Onangni arvohiga!» «Balli! Ofarin!—deya xotinim oshxonadan turib qichqirdi.— Bolaga nimani o‘rgatishni zap topibsiz-da!»

Xakki amakim bilan «besh okkani tortayotganimiz-da», odatda u meni ilmoqqa ilib qo‘yardi, men bo‘lsam tushib ketaman, degan qo‘rquvda bor ovozim bilan chinqira boshlardim. Shunda otam: «Ko‘p chinqiravermay, boplab so‘k! Xotiniyu onasi qolmay so‘kaver, qani — bo‘sh kelma!» derdi. Amakim shu zahotiyoq meni qarshisiga qo‘yib, qo‘limdan ushlagancha, tahdidla ustimga engashib: «Qani, aytib ko‘rchi,— derdi.— O‘g‘il bola bo‘lsang, kampirimni so‘kib ko‘rchi, kuningni ko‘rasan, xo‘tikcha!.. Meni haqorat qiladigan odam hali bu dunyoga kelmagan. Kimda kim kampirimni so‘ksa, bilasanmi, men uni nima qilaman?..» Men boshimni goh otamga, goh amakimga burgancha agar so‘kinsam shapaloq yeymanmi, yo‘qmi bilib olishga urinardim. Men amakimning ko‘ziga tikilgancha qo‘rqa-pisa: «Kampiringning arvohiga!» — derdim. «Yo‘q, bundaqa emas, o‘xshatolmading!»— deya baqirishar-di ikkovlari baravariga. Shundan keyin amakimning oldida xo‘rozday hurpayib olardim. Endi bari biram hech narsa bermasliklarini bilardim-da. «Kampiringni arvohiga peshkam. Mana shundaymi?» «Aha, yaramas!»— amakim shunday degancha, kaftlariga tuflab menga tashlanmoqchi bo‘layotganday qiyofaga kirardi. «Voy manavi mishiqini-ey,— derdi u,— men hozir seni dabdalangni chiqarmasammi! Voy eshakning bolasi-ey!»— «Barakalla! Yana bopla-chi!»—deya xaxolardi otam.

«Hoy, kampir,— deb baqirardi amakim,— ustaram qayoqda? Men hozir manavi shaytonvachchaning qulog‘ini kesib olaman!» Men najot qidirib otamga tashlanardim-da, qo‘ltig‘ining tagiga biqinib olardim. «Kesib olaman!—deya baqirardi amakim.— Mana ko‘rasizlar, kesib olaman!» Lekin kesmasdi. Men esa, qo‘rquvdan esim chiqib ketardi. Bir marta esa amakim cho‘ntagidan ustarasini chiqarganda men shunaqangi baqirib yubordimki, otam meni mahkam ushlab olib bag‘riga bosdi. Shundan keyin men undan qo‘rqmaydigan bo‘ldim. «Agar kessangiz ham bari bir kampiringizning arvohiga peshkam!» «To‘g‘ri!—deya kulardi otam.— Boplading!» Mening gaplarim hammaga yoqishini ko‘rib battar suyulib, qattiqroq baqira boshlardim: «Onangni ham arvohiga peshkam!» «Voy eshak bolasi-ey!—deya jahli chiqib, qovog‘ini uyardi otam.— Endi bunisi hech narsaga yaramaydi. Uning onasi, yaramas, mening ham onam, sening esa buving bo‘ladi». «Bo‘lsa bo‘lar!»—deya javob qilardim, shunda hammalari kulib yuborishardi. Mening ikkita opam bilan akam bo‘lgan, lekin ular kichkinaliklari-da o‘lib ketishgandi. Men, yagona men, tirik qolgandim.

«Nima bo‘pti?—deb so‘radim xotinimdan.—Shungayam ota go‘ri qozixonami! Bu mamlakatda yashar ekan, demak, so‘kishni ham bilishi kerak!» «Balli! Barakalla!»—deya o‘zini bosolmasdi xotinim. Men u bilan tortishib o‘tirmadim. Kayfiyatim yaxshi edi. Aroq bilan bodring haqidagi fikr benihoya shodlik hissini tug‘dirmoqda edi. Mana shu shodlikni iloji boricha cho‘zishni xohlardim. Men ehtiyotlik bilan o‘g‘limni divanga o‘tqazdim. Stakanlarni stolga qo‘yib, o‘zim ham o‘tirdim. Stakanga aroq quydim-da, yarmiga suv qo‘shdim. Arpabodiyonning hidini tuygan zahotim, shunaqangi ichgim kelib ketdiki, hatto nafasim tiqilib qolay dedi! Balki, mana shuning o‘zi — ya’ni barcha ikir-chikirlari bilan!—hayotdir. Yana mazkur ikir-chikirlardan lazzatlana olish ham kerak — jin ursin!

Xotinim qoshiq-vilkalarni va boshqa mayda-chuydalarni olib kelib stolga rasamadi bilan qo‘ydi. Men zarg‘aldoq rangli hoshiyali likobchani olsb, unga brinza kesib qo‘ydim. Vilkada ikki bo‘lak bodring olib, brinzaning yoniga qo‘ydim. Yupqa, shaffof stakanga cho‘zildim-da, labimni tekkizib jindakkina ho‘pladim. Keyin stakanga muz bo‘lagini tashladim. «Oh-oh, qanday maza-ya! — dedim o‘zimga-o‘zim.— Men shu onda baxtliman, qolgan hammasiga tupurishni xohlardim!» Lekin shu vaqt negaligiga aqlim bovar qilmaydi, bu qishda yana bir jonga ko‘payishimiz esimga tushdi. Haligacha bir to‘htamga kelolmayman: bu bizga kerakmi yoki yo‘qmi, lekin faqat bu haqda bosh qotirgim, hisob-kitob qilgim va chamalagim kelmasdi...

«Tez-tez!—deya buyruq qildim bolalarga.— Stolga o‘tiringlar!»

Yaqin-yaqindan negadir qovoqxonalarni jinim suy-may qoldi. Uyda stol atrofida, oila a’zolaring, bola-chaqalaring qurshovida o‘tirib qittay-qittay ichganingga nima yetsin — bu meni yanada baxtliroq qiladi. Balki uyda o‘zimni erkinroq va xotirjamroq his qilsam kerak-da? Chap tomonimda qizim, uning yonida kichkintoyimiz, o‘ng qo‘l tarafimda katta o‘g‘lim, qarshim-da esa xotinim o‘tirishibdi. Xotinim tuxum qovurib, hammamizga tengdan bo‘lib berdi. Ichayotganim uning achchig‘ini keltirayotgan bo‘lsa ham, lekin buni bildirmaslikka harakat qilayotganini sezib turibman. Lekin mana shu jajji shodlikni, mana shu mitti baxtni cho‘chitib yubormaslik uchun ham indamay o‘tiribdi.

«Nafsilamrini olganda, xotinim ajoyib ayol,— degan fikr miyamda yilt etdi.— Qashshoqlikka ming la’natlar bo‘lsin!» Men katta o‘g‘limga qarab ko‘z qisib qo‘ydim.

«Hammaga bir bo‘lakdan bodring!»—deya buyruq berdim-da, jilmaydim. O‘g‘lim sevinib ketib, shu zahotiyoq bodringning bir bo‘lagini oldi-da, tishlab likobchasining yoniga qo‘ydi. Kichkinasiga esa ustiga bir oz tuz sepib bodring bo‘lagini o‘zim uzatdim. «Qani, tishla!..» Keyin aroq quyilgan stakanni ko‘tardim. «Bugun uning sharafiga»,— dedim xotinimga. U indamadi. Keyin sovuqqina: «Sog‘ bo‘l!»— dedi. U mening yuzimga qaramaslikka harakat qilardi. Ko‘nglimga qattiq botadigan gaplarni gapirib yubormaslikdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turibdi.

«U deganingiz kim?»—deb so‘radi katta o‘g‘lim. «Hech kim»,— dedim-da, aftimni bujmaytirgancha ichib yubordim. Bundan ortiq huzur-halovat bormikin! Olovdek suyuqlik tomoqni lovillatgancha tomir-tomirlaringga tarqalayotganini his qilishni yaxshi ko‘raman.

Bezgakdan keyin endigina o‘rindan turgandim. Xinin ichaverib sap-sarg‘ayib ketgandim. «Kimga o‘xshab qolibsan?!—deya dahshatga keldi Xakki amakim.— Sariq ipakdek sarg‘ayib ketibsan-ku...»

Ular er-xotin biznikiga mehmon bo‘lib kelishgandi. Hammamiz ovqatlangani o‘tirdik. Amakim o‘z odaticha mening jig‘imga tegishga harakat qilib ko‘rdi. Meni o‘rnimdan qo‘zg‘atish uchun tegajaklik qilardi, lekin menda qimirlashga hol qayda, deysiz. Axir, darmonim yo‘q edida. Bo‘ynim qiltiriqday bo‘lib qolgandi. Burchakda yetti bukilib bazo‘r o‘tirardim. Amakim ovqat tiqishtirib, manavindan, anavindan yeb ko‘r, deya holi jonimga qo‘ymasdi. Men bo‘lsam, hech narsa yegim kelmas, ovqatni ko‘rsam ko‘nglim aynardi. «Voy la’nati-ey! — derdi jahl bilan otam.— Axir, ovqat yemasdan ham bo‘larkanmi!» Usha kuni onam mehmonlar sharofatiga shirguruch pishirgandi. Otam: «Qani, bu yoqqa kel-chi!»— deb meni chaqirib, tizzasiga shapatilab qo‘ydi. Men istar-istamas unga yaqinlashdim. «Xotin,— dedi buyruqomuz ravishda otam,— shirguruchdan olib kel!» Xakki amakim ovqat solingan tovoqni olib otamga berdi. Otam meni tizzasiga o‘tkazib bir qo‘li bilan mahkam ushlab oldi-da, boshqasiga qoshiqni olib tovoqdan shirguruch oldi. Uning qo‘li titrardi.— Men o‘shanda ilk marta otamning qo‘li qaltiraganini payqagandim — u qoshiqni og‘zimga tiqib: «Qani, tezroq yut, bo‘la qol!»—derdi. Ovqatni ko‘rishim bilanoq ko‘nglim ayniganidan tishlarimni mahkam qisib olgandim. Otam qoshiqni og‘zimga tiqqancha astar-avramni ag‘daribso‘kardi. Qoshiq tishlarimga tegib taraklar, ovqat ko‘ksimga, tizzalarimga to‘kilardi. Otamning qo‘zlarijahldan dum-dumaloq bo‘lyb ketgandi. «Tezroq ye, yaramas! Bo‘lmasa xuddi kuningni ko‘rsataman!» Qo‘rqqanimdan og‘zimni ochdim, issiq shirguruch tilimni kuydirdi, og‘riqdan sal bo‘lmasa chinqirib yuboray dedim. Yutishga qancha harakat qilmay, yutolmasdim.

Shundan keyin shirguruchni naq otamning basharasiga tuflab yubordim. O‘ meni polga uloqtirdi-da, bir shapaloq urdi. «Voy itdan tarqagan la’nati! Eshak»— deb so‘kingancha soqoli bilan yuzini sochiqqa artardi.

Men uyni boshimga ko‘tarib yig‘lab yubordim. Xakki amakim meni qo‘liga ko‘tarib oldi. «Voy, jinnivo-ey...— qo‘lida tebratgancha derdi u. — Axir, shunaqayam qiladimi odam, tag‘in otasining basharasiga tupuradimi-a? Qani, og‘zingni och-chi, menga bir ko‘rsatchi...» Men baqirib yig‘lagancha og‘zimni ochdim. Amakim birdan bor ovozi bilan oh-voh qilib yubordi: «Hoy akajon, yigitchaning og‘ziga bir qaragin-a. La’nati kasal bechorani qay ahvolga solib qo‘yibdi! Bulg‘atibdi, haromlabdi. Tili bo‘lsa qip-qizil, shishib ketibdi!.,» Amakimning xotini ham yugurib kelib, u ham oh-voh qila boshladi. «Bunday kasallikning birdan-bir davosi aroq!— dedi Xakki amakim.— Uning tili karach bo‘lib ketibdi, uni aroq bilan halollash kerak...» Aroq degani nimaligi. haqida o‘sha vaqtda hali tasavvur ham qilolmasdim. O‘sha yakshanbadayoq otam, amakim bilan oshna-og‘aynilari ichkilik hamda gazakka mayda-chuydalar sotib olib, bog‘chaga gilam solib, gulxan yoqib ziyofat boshlashdi. Meni ham boqqa birga olib ketishdi. Ular yeb-ichib, ashula aytishayotganda men bir o‘zim daraxt tagida o‘ynab o‘tirdim. Keyin ular go‘sht pishirib, yana ichishdi, ovqat yeb, ashula aytishdi. Meni ham ovqatga chaqirishdi. Lekin men ularning oldiga bormadim, hech narsa yegim kelmasdi. Sho‘nday qilib oradan ancha vaqt o‘tgach, chanqab suv ichgim keldi. Xuddi shu vaqt Sayfi amakim buloqdan ko‘zaga suv to‘ldirayotgan ekan. Men unga yaqinlashdim-da, chanqovimni bosish uchun suv so‘radim. Birdan Xakki amakim sakrab turdi-da, bizga yaqinlashdi va: «Shoshma, Sayfi, men unga hozir issiq suv beraman. Yura qol»,— dedi. U meni. mayda-chuydalar turgan joyga boshlab keldida, stakanni to‘ldirib qo‘limga tutqazdi. Men hech narsadan shubhalanmay hammasini ichib yubordim. Ichishim bilanoq nimadir tomog‘imni kuydirib, a’zoyi badanimni chidab bo‘lmas darajada lovillatib yubordi. «Ah, Xakki amaki, onangni peshkam!»—deyishga ulgurdimu gurs etib yiqildim. Atrofimdagilar chapak chalib, qichqirib yuborishdi, men o‘lgan o‘likday uyquga ketdim. Ertasiga ertalab kasaldan butunlay forig‘ bo‘ldim, tilim ham, tomog‘im ham top-toza bo‘lib, og‘riqlarim ham taqqa qoldi. Ushandan beri, aftimni bujmaytirgancha aroq ichayotganimda doim Xakki amakim ko‘z oldimda turadi.

«Palov olib kelib beraymi?»— deb so‘radi xotinim. «Yo‘q, keyinroq,—deb javob qildim,—radioni qo‘yib yubor-chi, bo‘lmasa so‘nggi axborotni eshitolmay qolamiz». «Axborot-paxborotlaring bilan jonga tegding. Ular nimaniyam e’lon qila qolishardi? Hammasi oldindan ma’lum-ku».

U radioni qo‘ydi. Mayin muzika sadosi eshitildi.

Nonni tuxumning sarig‘iga botirgancha, ishtaha bilan yedim. Yana bir qultum aroq ichdim. Chekdim. Stulga suyanib, kerishdim. Eshikni taqillatishdi. O‘g‘lim o‘rnidan sakrab turdida, hushtak chalgancha eshik ochgani yo‘naldi.

«Hushtak chalma!—deb qichqirdim uning ortidan,— Kechasi hushtak chalishmaydi». Hushtak ovozi tindi.

«Nega, dada?»— deb so‘radi qizim. Esimda, onam menga: «Kechasi hushtak chalmagin. Gunoh bo‘ladi! Boshimizga g‘am-kulfat chaqirgan bo‘lasan, ajinayu jinlar-ni...»— derdi.

«Ijarachi kelipti,— dedi o‘g‘lim.— Bugun nechanchi chislo va otang ijara haqini qachon to‘lamoqchi. deb so‘rayapti.»

Ijara haqi? Men stulda qaddimni rostladim. Xotinim o‘rnidan turib, eshik tomon yo‘naldi. U nima dedi, eshitmadim, odatda esa eshik tagida gapiriladigan gaplar bu yerga juda yaxshi eshitilib turardi. Balki, faqat umidsizlik insonni mayda-chuydalardan ham lazzatlanishga majbur qiladimi? Axir, hamma odamlar ham mayda-chuydalarning ulug‘vor ahamiyatini tushunisharmikin? Yoki ularning ahamiyati butunicha odamlarning orzu-umidlari, ularning boyliklari hamda davlatmandliklariga bog‘liqmikin?..

Xotinim qaytib kelib, o‘z joyiga o‘tirdi-da, indamay ovqatini yeya boshladi.

«Namuncha shoshishmasa!— deya gap boshladi asabiy holda.— Boshliqligingdan o‘rgildimu — ijarachimishlar! Ko‘zga tushgan cho‘pga o‘xshamay o‘l!..»

Radioda yangiliklarni eshittirishayotgandi. Demak, soat yetti bo‘libdi. Ayol yurakka g‘ulg‘ula soladigan ovozda har bir so‘zni aniq talaffuz etgancha gapirardi: «To‘rt qurolli anarxist jandarm qo‘mondoni, armiya generali Komoliddin Eken shtabga borish uchun o‘z rezidensiyasidan chiqib kelayotganda hujum qilganlar. Otishuv natijasida bir anarxist o‘ldirilgan, yana bittasi esa yarador holda ushlangan.»

Daf’atan burnimga aroqning hidiyu bodringning xushbo‘y isi urildi. Demak, birdan tushunib qoldim, butun shu vaqt ichida men ularni payqamagan ekanman-da. YO dimog‘imga o‘tirib qolgan, yo fikrim chalg‘iganmikin? Beixtiyor yana bir ho‘pladim. Endi aroq achchiq tuyulib, ko‘nglimni behuzur qilib yubordi. O‘sha zahoti-yoq ko‘nglimdagi avvalgi sarxushlikdan nishon ham qolmadi, qadam tovushlari eshitgan zahoti pirillab ketadigan kaptarlar misol uchib ketdi. Ularga qasdma-qasdlikka yana bir ho‘plam ichdim. Bir oz brinza hamda bir tishlam bodring bilan gazakbosti qildim. Tilim karach bo‘lib qolganmi, nima balo? Yegan narsalarimning maza-matrasini his qilgan bo‘lsam, o‘lay agar!

«Qani dars tayyorlashga jo‘nanglar-chi—dedim katta o‘g‘limga. «Menga bugun dars berishmadi.» «Bunaqasi bo‘lmaydi»,— jahl bilan dedi xotinim.

Darvoqe, nima jin urib, ichyapman o‘zi? Nafsilamrini olganda, bu bema’ni mashg‘ulot, o‘z-o‘zini zo‘rlashning o‘zginasi. Bil’aks, har qanday zo‘ravonlik ham yovuzlik bo‘lavermaydi, ba’zida uning natijasida oqillik ham kelib chiqishi mumkin. Shunday qilib, menimcha, o‘z-o‘zini majburlash tamoman tabiiy ravishda insonga hech bo‘lmasa baxt zarrasini berolsa kerak. Axir, men o‘rganib qolganim yoki alkogolik bo‘lganim uchun ichmayman-ku. Men o‘zimni majburlab ichaman, chunki shu taxlit, haligi aytganim baxtning bir bo‘lagi-ni qo‘lga kiritishni umid qilaman-da. Men yana chekdim. Necha yildan beri yoki to‘g‘rirog‘i, o‘n yillardan beri o‘zimga-o‘zim: «Inson uchun eng qimmatlisi — bu hayot,— deb uqtiraman.— U atigi bir marta beriladi. Uni shunday yashash kerakki, o‘tmishingdan uyalmay, uni behuda o‘tkazdim, deb afsuslanmay, o‘layotganingda: men hamma kuch-quvvatimni asosiy maqsadga, ya’ni insoniyatning ozodligi uchun kurashga qaratgan edim, deya ol...» Nahot-ki, hayot — bu faqat zo‘rlashdan iborat bo‘lsa?..

Men cheka boshlashim bilanoq xotinim o‘rnidan turib derazani ochib qo‘ydi.

«Nima bo‘ldi?»—deb so‘radim, o‘zimcha jilmayib. «Nahotki mana shu yaramasni tashlash mumkin bo‘lmasa? Ichganing yetmaganday, hech bo‘lmasa otamdan o‘rnak olsang bo‘lardi, kuniga pachkalab chekib tashlardi, o‘limga ro‘baro‘ bo‘luvdiyamki — tashladi. Nahotki, chekishni tashlash uchun albatta infarkt bo‘lish kerak bo‘lsa?» «Sening otang kelajakdan umidvor!»

«Kunlardan bir kuni tulkivoy quyonvoyga shunday debdi.»— deya so‘zlarni cho‘zgancha diktor ayol ertak o‘qiy boshladi. «Demak, sakkiz bo‘libdi-da»,— deb o‘yladim. Xotinim kichkina o‘g‘limning og‘zini artib, uni qo‘liga ko‘tardi-da, joyiga yotqizgani olib ketdi. Uning ortidan katta o‘g‘lim bilan qizim ham chiqishdi. Men stakandagi aroqni ichib yubordim. Keyin shishada qolgan aroqning hammasini stakanga quyib, bo‘sh shishani stol tagiga dumalatdim. Keyin stakanga suv quydim. Ichishni boshladimmi, oxirigacha ichib qo‘ya qolaman-da. Bunda hech qanday ma’noning o‘zi yo‘q. Boz ustiga, faqat shishani bo‘shatish uchungina ichishdan rasvosi yo‘q. Xotinim qaytib kirdi-da, stol ustini yig‘ishtira boshladi.

«Xotinimga otasi bilan kaminaning o‘rtasidagi farqni yana bir bor tushuntirsammikin-a,— degan qarorga keldim o‘zimcha.— Meni u bilan qanday qilib tenglashtirish mumkin?!— deb aytish kerak.— Butun turmush faqat ikir-chikirlardangina iboratligiga shak keltirmaydigan yoki xudo yarlaqaganda soxta quvonchu xayoliy baxt bo‘laklaridan to‘plangan qurama kolleksiya namoyandasi bo‘lmish odamni, xuddi xudoga ishongandek, baxt bu eng muhim insoniy talablarni qondirishdan iborat, deb biladigan odam bilan yonma-yon qo‘yish hech qanday risolaga to‘g‘ri kelmaydi.— O‘z-o‘zimga savol berish odat tusiga kirib qolgandi.— Menga to‘qqiz puldek qilib, ziyoli bo‘lishning asosiy sharti — bu demak, savol bera bilishlikdadir, deb tushuntirishgandi. Boshim mana shunday qurilgan bo‘lsa nima ham qila olardim. Sening otang esa...»

Uning otasi g‘isht teruvchi usta edi. Biz qurilishda tanishgan edik. Kunlardan bir kuni — tanishganimizga ham xiylagina vaqt bo‘lgandi— u mendan: «Quloq soling, bey. Mening ojiz fikrimcha siz ijtimoiy adolat tarafdorisiz, unda nega shu vaqtgacha partiyaga kirmagansiz?» To‘g‘risini aytganda, shu kungacha miyamga partiyaga kirish haqidagi fikr biror martayam kelmagandi. «Bu haqda hech qachon o‘ylab ko‘rmagandim»,— deb javob qildim. O‘ylamasmidim yoki o‘ylashga qo‘rqarmidim? Qo‘rqardim, deb aytishga, albatta — jur’at qilmadim. Partiyaga, deyapsizmi?—deya qayta so‘radim.— Balki bu soxta o‘yindir, a, usta?» «Men bir vaqtlar bir ittixodchini bilardim, unda tramvaychilarning birinchi stachkasida qatnashgandim. Ushandan beri bu bosh nimalarni ko‘rmadi deysan. To‘g‘ri, bizning orqamizda ko‘pgina muttahamliklar ham bo‘lib turardi. Lekin ertami-kech haqiqat yuzaga chiqmay qo‘ymaydi. Kimki, soxta o‘yin olib borsa, suvdan quruq chihib ketolmaydi, sen ko‘p tashvishlanmay qo‘ya qol. Kerakli tadbirlarni qabul qilish oson, bey. Asosiysi — partiya bo‘lsa, bas. Mana, quloq sol. Qirq oltinchi yili, harbiy holat e’lon qilingandan keyin partiyani berkitishdi. Kunlardan bir kun tong saharda politsiya meni uydan olib ketdi. Birinchi bo‘limga olib kelishdi. Partiya ishi yuzasidan tergov olib bori-sharmish. So‘roqqa chaqirishguncha necha kun o‘tgani esimda ham yo‘q. Meni stol oldiga o‘tkazishdi. Qarshimda shtatcha kiyingan politsiya komissari o‘tirib, savollar berardi. Birdan kimni ko‘rib qoldim degin? Yonboshimizda — mashinkada bir politsiyachi protokol yozib o‘tirardi. Tasavvur qila olasanmi: bu guberniya komitetimizning a’zosi Kozim edi!.. Hayratdan hatto esim og‘ib qolay dedi. Xo‘sh, shundan keyin nima bo‘ldi, deb o‘ylaysan? Hech nima. Mana, menga jin ham urmadi, u esa allaqachon ko‘karib chiqqan». «Hozir ayni payti shekilli—dedim. U kulib yubordi: «Qo‘rqmang, bey, sizga o‘xshagan-o‘qimishlilar bilan ular pachakilashib o‘tirishmaydi. Birinchi navbatda ishchilarning boshida tayoq sinadi.

«Palov olib kelib beraymi?»—deb so‘radi yana qaytadan xotinim.

«Yo‘q,—dedim xotinimga.—Yegim kelmayapti!..» Men gazeta o‘qishga berilib ketdim. Bu qancha vaqt davom etdi bilmayman. Xotinim bolalarni uxlatib, idish-tovoqlarni yuvib bo‘lib, qarshimga kelib o‘tiribd.

«Namuncha bag‘ritosh bo‘lmasang!» «Nega endi bunday deyapsan?»— dedim javoban va gazetani stolning bir chekkasiga qo‘ydim-da, ayyorona jilmaydim: dardni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.

«Endi nima qilamiz?» «Nima qilishimiz kerak ekan?—dedim qoshimni chimirib, ovozimni bir bahya ko‘tarib.— Bir kishiga ko‘payamiz, tamom-vassalom».

O‘zim shunday deyapmanu, lekin bir qarorga kelolmay ichimni it tirnardi.

«Aytishga oson,— dedi xotinim,— shundog‘am o‘lmasning kuni degandek, kun kechiryapmiz. To‘rtinchi og‘izni to‘ydirishga ham don, ham suv kerak, Sizda esa na doimiy daromad bor va na maosh». «Xudo mehribon!»— deya ming‘irladim. «Aha, endi xudojo‘y bo‘lib qoldingizmi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: axir, biz uni bitimizga boqamizmi? Siz erkaklarga, albatta, bari bir. Menga esa hadeb bolalar bilan o‘ralashish jonimga tegdi, bildingizmi? Egnigayam, oyog‘igayam kiyishga hech vaqo yo‘q...»

«Bas qil!»—deb baqirib berdimu, lekin nafsilamrini aytganda, nima qilish kerakligini o‘zim ham bilmasdim?

«Abort qildiraman!»—dedi qat’iy ravishda xotinim.

«Yo‘q!— dedim qat’iy qilib.— Kel, bu mavzuda boshqa gaplashmaylik, iltimos qilaman».

Stol ustidagi gazetani olib, yana oyog‘imni deraza tokchasiga uzatdim. Aslida esa miyam g‘ovlab ketgandi. Faqat, bir ozdan keyingina o‘qiyotganlarimdan birortasiyam miyamga kirmayotganligini sezib qoldim. Stakanga qo‘l cho‘zib, ikki ho‘plam ichdim. Boshim aylangandek bo‘ldi. «Nega muncha obidiyda qilavermasang?— dedim xotinimga zarda bilan.— Doimiy daromading yo‘q emish. Buni qarang-a! Xuddi ular och qolayotgandek!» Shayton vasvasa qilib, stolga mushtlab: «Ovozingni o‘chir, alvasti»—deb baqir, derdi. Agar shaytonni yo‘liga yurmayotgan ekanman, bu faqat o‘zimni yerga urishni istamaganimdan.

«Men yotmoqchiman,— dedi xotinim,— stolni o‘zingiz yig‘ishtirib qo‘yarsiz». «Yaxshi»,— dedim javoban.

Men mudrab ketdim. Uyg‘onganimda oyog‘im muzlab qolgandi. Bo‘ynim zirqirardi. Borib, o‘rnimga yotishimni bilaman, yo‘tal tutib qolsa bo‘ladimi. Tomog‘im qichishib, nafasim qisardi.

Xotinim orqasiga o‘girilib oldi.

«Chekavering, chekavering mana shu yaramasni,— dedi u,— xumordan chiqquncha cheking-da, menga desa ertalabgacha yo‘talib bo‘g‘ilib chiqing...»

Men ham unga orqa o‘girib, ko‘rpamni ustimga tortdim. Yotgan joyimda zo‘rg‘a yo‘talimni qisib yotardim. Bir oz isinsam, hammasi o‘tib ketar. Tezroq uxlashga urinardim. Nafsilamrini olganda, xotinim haq, yo‘talim mana shu tamakidan. Ertagayoq chekishni tashlash kerak. YOKI hech bo‘lmaganda, chekishni ikki marta qisqartish kerak. Lekin shu zahotiyoq, necha martalab chekishni tashlashni yoki kamroq chekishga qaror qilganlarimni esladim...

Xotinim meni uyg‘otganda xuddi hozirgina ko‘z yumganga o‘xshardim. Tush ko‘rayotgandim, shekilli? Kim bilandir mushtlashayotgandimmi-ey. To‘s-to‘polon, baqiriq-chaqiriq. Jarang-jurung. YOKI yonginamizda cherkov boru qo‘ng‘iroq chalishyaptami? Qayerdaman o‘zi? Menga nima bo‘ldi? Qandaydir dahshat. Xotinim bor kuchi bilan yelkamdan silkitardi.

— Tursangiz-chi, eshikni jiringlatishyapti! Rostdanam, kimdir jon-jahdi bilan qo‘ng‘iroqni bosayotgandi.

— Kim bo‘ldiykin-a?—deb so‘radim.

— Men qayoqdan bilay, jonginam,— jahl bilan javob qildi xotinim.— Tezroq turmasangiz, eshikni buzib kirishadi. O‘ziyam jom chalganday chalishyapti-ya! Tezroq bo‘la qolsangiz-chi!

Qorong‘ida tungi chiroqni hech yoqolmayman-da. Devorni qo‘lim bilan timirskilayman. Karavotdan turdim — chiroqniyam jin ursin. Endi aksiga olib shippagimni topolmasdim. Uyqusiraganimdan butunlay gangib qoldim. Pijamamni qo‘lim bilan tekislay turib, oyog‘im bilan shippagimni timirskiladim, shu asnoda chiroqni yoqishga urinayotganimni sezib qoldim. Qim bo‘ldiykin-a? Nahotki, politsiya bo‘lsa? Yana olib ketgani kelishdimikin?.. Yarim kechadayam olib ketishlari mumkinligini o‘ylagan zahotim birdan shunaqangi qo‘rqib ketdimki, hatto qo‘l-oyoqlarim meniki emas, birovnikidek qaltiray boshladi. O‘zimni-o‘zim eplolmay qoldim.

— Imillamay bo‘la qolsangiz-chi, adasi!—deya shoshirardi xotinim.

Yana uzoqdan-uzoq qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi. Yarim kechada qo‘ng‘iroq qilishdimi, demak, qandaydir ko‘ngil-xiralikni kutaver. Behuda xayollarga berilgancha, birdan ham shippagimni, ham viklyuchatelni topdim. Polda shapillab yurgancha — shippagimni poyma-poy kiyib olgandim — yotoqxonadan yugurib chiqdim. Yuragim qinidan chiqib ketay derdi. Dahlizdagi viklyuchatelni qo‘lim bilan paypaslab topdim-da, chiroqni yoqdim. Eshikni ochdim. Qanday g‘ayritabiiy kuch meni shundoqqina eshik tagiga yiqilib tushishdan ushlab qoldi, o‘zimning ham aqlim bovar qilmasdi.

Qarasam, qaynanam akasi bilan turishibdi. «Voy xudoyimey, shunday bemahalda nima qilib yurishibdiykin?» Men nafasimni rostlab,,jilmaydim. Demak, hamma tashvishlarim bekor chiqqaniga sevinib ketdim shekilli. Qanday shamol uchirdi, deb so‘rash daf’atandan miyamga ham kelmabdi. Ular oyoq kiyimlarini yechmasdanoq kirib kelishdi. Aslida esa ulardoim oyoq kiyimlarini yechishardi, mehmonda-ku so‘z bo‘lishi mumkin emas... Qaynanamning rangida rang yo‘q. Uning qo‘lida erkaklarning fetr shlyapasi hamda g‘ilofli soyabon.

Ularni qo‘lida ushlagancha uyga kirdi. Akasining yuzi ham paxtaday oppoq. Men xotinimga:

— Oyim keldilar!—deb qichqirdim.

Hali hozirgi vahimadan asar ham qolmadi. «Oh, xudo-ey har holda, nimadir bo‘lganga o‘xshaydi, ishqilib, yaxshilikka bo‘lsin-da!» Xotinim xalatini kiydi.

— Xush kelibsiz, oyijon!..

Ovozida qo‘rquv sezilardi. Stulni olib onasiga yaqinlashdi. Faqat shundagina xotinimning tog‘asi xonaga kirmay eshik tagida turganini sezib qoldim. Ko‘zim ko‘ziga tushishi bilan u ko‘zini qisdi, keyin imlab oldiga chaqirdi-da, yengimdan ushlab eshikka tortdi. Qulog‘imga engashib, ohista shivirladi:

— Qaynatang bandalikni bajo keltirdi!

Nima? «Qaynatang», «bandalikni», «bajo keltir-di!»... Xuddi bu so‘zlar hech qanday ma’no kasb etmaydiganday hech baloni tushunmadim. Ko‘zimni tentakona baqraytirgancha unga qarab turardim,

— Qaynanang hali buni bilmaydi,— deya shivirla-di u.— Aytishga yuragim dov bermadi. .Qechqurun jiya-nimnikiga mehmonga borgandim. Ular ham kelib qolishdi. Chaqchaqlashib o‘tirdik. U juda xushchaqchaq edi. Soat o‘n birlardan keyin birgalikda chiqib ketdik. Birdan u yo‘lkaga yiqilib tushdi. Men uni o‘rnidan turgizib, taksiga soldim. Dolmabog‘chagacha yuragi qanday urayotganini eshitib bordim. Keyin birdan u urishdan to‘xtab qoldi. Tez yordam stansiyasigacha borishga ham ulgurmadik. Xotiniga aytishga jur’atim yetmadi. Kislorod palatasiga yotqizishdi, dedim, doktorlar miyasiga qon quyilgan, deyishdi. U faqat mana shunigika biladi. Hozir ikkalovimiz ishga kirishishimiz lozim. Xuddi uni ko‘rgani ketayotganday bo‘lib ko‘chaga chiqib, hammasini gaplashib olishimiz kerak.

Biz xonaga birga kirdik. Boshim aylanib, ko‘nglim behuzur bo‘lib, xayollarim chuvalashib ketgandi. Birinchi marta o‘lim bilan to‘qnash kelishim. Demak, u bilan

yuzma-yuz kelganingda, ko‘nglingni aynitar ekan-da. Men stulni surib o‘tirdim. Xuddi tosh haykalday hech narsani his qilmay, hech narsa haqida o‘ylamay o‘tirdim.

— Uning shlyapasi mening qo‘limda qoldi...— deb gapirardi qaynanam xotinimga.

U yig‘lamasdi, lekin naq o‘n yoshga qarib ketganga o‘xshab tuyuldi menga. Yuzining terisi xuddi cho‘zilib ketganga o‘xshab osilib qolgandi. Akasi bilan xotinim uni yupatib nimalardir deyishardi, men eshitardimu bir vaqtning o‘zida yana eshitmasdim ham. Ularning ovozi qayerdandir kelayotganga o‘xshardi. Shu taxlit qancha vaqt o‘tirdik? Odam hech qanday xayol surmay qancha vaqt o‘tira oladi? Bilmadim. Har holda, men biron narsa haqida o‘ylayotgandirman.

Birdan xotinimning tog‘asi o‘rnidan turganini sezib qoldim.

— Kuyov, yuring, kasalxonaga borib, uning o‘ziga kelgan-kelmaganini bilib kelamiz!

Men xuddi tok urgandek sakrab turdim.

— Hozir, faqat kiyinib olay,— dedim,

Tezda yotoqxonaga yo‘naldim. Pul topish kerak. Qiziq, ko‘mish marosimiga necha lira kerak bo‘larkin?

Ortimdan xotinim kirib keldi. U ishonqiramay ko‘zimga qaradi.

— To‘g‘risini ayt: u tirikmi?

Men o‘zimcha haliyam xayolan xomcho‘t qilayotgandim,

— Kasalxonaga boraylik-chi, o‘shanda bilamiz,— dedim unga, o‘zimni sezdirib qo‘ymaslikka tirishib.

— Agar tirik bo‘lsa, nega unda tog‘am uning bir o‘zini tashlab keldi?

Men indamay kiyimlarimni kiyaverdim. Keyin tomdan tarasha tushganday:

— Agar o‘g‘il tug‘ilsa, uning ismini Husayn qo‘yamiz!—« dedim. Qaynatamning ismi Husayn edi.