Nodar Dumbadze. Hellados
Yanguli β suxumilik grek Xrista Aleksandridining o'g'li. Cho'pday ozg'in, yelkalari turtib chiqqan, qirraburun, ko'zlari charosdek qop-qora, qo'llari uzunligidan tizzasiga tushib turadigan o'n to'rt yoshli bu bola yon-atrofdagi tengqurlari uchun naqd azroilning o'zi edi.
Yanguli otasi bilan Venetsian ko'chasida, Chalbash daryosining bo'yida yashardi. Onasini eslolmaydi β chaqaloqligidayoq yetim qolgan. Ota-bolaning bor-yo'q davlati bir parcha tomorqa, bittagina sigir va eshakdan iborat. Oshko'k, sut-qatiq sotib kun ko'rishadi.
Yanguli hech qayerda o'qimasdi. Otasining yumushlariga qarashar, ahyon-ahyon eshakda qo'shnilarga sut-qatiq tarqatar edi...
O'n to'rt yoshli bu zolim Venetsian ko'chasida istiqomat qiluvchi barcha ustidan, jumladan, xolavachcham Koka ustidan ham tanho hukmronlik qilardi.
... Bizning tanishuvimiz o'ttiz sakkizinchi yilning kuzlarida boshlangan...
... Temiryo'l kesib o'tiladigan joyda, odatdagidek, Yanguhning to'dasi uymalanardi. Beixtiyor boshim o'sha tomon og'di β hozir uyga borishdan nima foyda! Bolalarga yaqin qolganda qadamimni sekinlatdim-da, atayin engashib, botinkamning iplarini titkilay boshladim.
β He-ey, skripka!
Yangulining ovozini darrov tanidim.
β Nima deysan?
β Bu yoqqa kel!
β Ishing bo'lsa β o'zing kel!
Yanguli o'zidan ham battar taajjublangan o'rtoqlariga bir qarab qo'ydi-da, asta men tomonga yura boshladi.
β Kimligimni bilmaysanmi hali? β deb so'radi u kishining g'ashiga tegadigan bir ohangda.
β Bilaman, β dedim ko'zlariga tik qarab.
β Bo'lmasa, nega chaqirganda kelmaysan?
β Kim bo'psan meni chaqiradigan? β dedim yana bepisandlik bilan, ammo har ehtimolga qarshi, skripka solingan g'ilofni yerga qo'ydim.
Yanguli o'yinni ham unutib, bizni qurshab olgan bolalarga bir-bir qarab chiqdi.
β Yanguli, kimligingni bir ko'rsatib qo'y! β dedi bolalardan biri.
β Sol, Yanguli! β deya qo'shimcha qildi ikkinchisi.
β Bir shapaloqqina! β deb maslahat berdi uchinchi bola.
β Oldin zo'rligini bir ko'raylik-chi! β Yanguli shunday deb, yuzimni bir siypalab qo'ydi.
β Qo'lingni tort! β baqirdim unga.
β Ol-la! β deya hayron bo'ldi Yanguli.
β Uni qaranglar-a!
β Papirosni chiqaz! β dedi Yanguli birdan qo'lini cho'zib.
β Chekmayman!
β Pulni ol!
β Pulim yo'q.
β Cho'ntaklaringni ag'dar!
β O'zing ag'dar!
Bolalar pichirlasha boshlashdi. Yanguli dovdirab qoldi, ammo darrov o'zini bosib, skripkaga qo'l cho'zdi.
β Tort panshaxangni!β deb baqirdim skripka ustiga engashib. Lekin Yanguli o'zg'irlik qildi β g'ilofni ochib, asbobni menga uzatdi.
β Qani, birorta kuy chalib bolalarni xursand qilgin-chi!
β Chalmayman!
β Nega bo'lmasa bu dahmazani ko'tarib yuribsan? Esi yo'q eshakmisan?
β Ber skripkani!
Yanguli asbobni orqasiga yashirib, bir qadam tisarildi.
β Petya, Fema, Kurlik, Pancho, Tena! Umrlaringizda skripka ovozini eshitganmisizlar? β dedi u bolalarga murojaat qilib. Ular baravariga chuldirashdi.
β Radiodan eshitganman! β dedi Petya.
β Bo'laqol, Yanguli, bir ko'rsatib qo'y!
Skripkamning ovozini hammadan oldin o'zim eshitdim: Yanguli qulochkashlab turib skripka bilan boshimga tushirdi.
Β«Zi-i-ng... qars...Β» etgan tovushdan so'ng asbob ikkiga bo'lindi. Uning qorni, xuddi shartta chopib tashlangan qo'lday, nozik simlarga osilgancha lapanglab turardi.
Bolalar xaxolab yerga dumalashdi.
Yuragim go'yo to'xtab qolganday bo'ldi, miyamga qon urildi, quloqlarim bitib qoldi. Men hech narsani eshitmas, sezmas edim, faqat qornini changallab kulayotgan bolalarni, pachoq bo'lgan skripkani va Yangulining turtib chiqqan ozg'in iyagini ilg'ardim, xolos. Birdan bot kuchim bilan ana shu iyak ostiga musht soldim.
Es-hushimni yig'ib olganimda Yanguli ko'prik ustida o'tirar, menga hayratomuz tikilgancha o'ng qo'li bilan iyagini ishqalar edi. Bolalar churq etishmasdi.
Shartta burilib, uyga jo'nadim.
O'sha kuni kechqurunoq qo'shnimiz va Yangulining o'ng qo'li hisoblanmish Petya majaqlangan skripka bilan g'ilofni uyimizga olib kelib, ostonaga tashladi-da, quyonni survordi.
Fig'oni falakka chiqqan xolam avval Petyani, so'ng Yanguli Aleksandridini, oxirida o'zimni bisotida bor yomon so'zlar bilan qarg'ashga tushdi:
β Ha-a, yer yutsin seni, Petya kasofat!.. Iloyim, bo'yginang go'rda chirisin!.. Sen ham bir, ko'katfurush otang ham bir! Senlar skripkani qadriga yetasanlarmi? Paganinimi, Stradivarimi, arrakashmi β senlarga baribir!.. Eng avval sening go'shtingni qiymalash kerak edi, Yanguli Aleksandridi! Hayf senga musiqa! Eshakning hangrashini eshitib katta bo'lgan bola musiqani tushunarmidi! Hammasiga uyimdagi yangi bezori aybdor! Mana shuni oyog'idan osish kerak! O, opajonim Aniko! O'zimning tashvishim yetmayotuvmidiki, yana manovi g'urbatni boshimga balo qilib tashlab ketding-a! Nima gunoh qildim, ey Parvardigor!
O'sha kuni musiqa olamidagi sarguzashtlarimga nuqta qo'yildi. Hayotimda yangi davr β yashash uchun kurash davri boshlandi...
Ertasi kuni Yanguli bilan Petya bizni maktab darvozasi oldida qarshi olishdi...
Yanguli qora satin ko'ylagini yechdi. Keng, tarang ko'kragini ko'rib, seskanib ketdim. Bu ham mayli, chap to'shining ustiga ko'kish rangda naqshlangan lotin harflaridagi yozuv meni negadir butkul dovdiratib qo'ydi: Β«HelladosΒ».
Yanguli Petyaga grekchalab bir nimalar dedi. Petya miq etmadi.
Yanguli yana takrorladi. Petya istamaygina ikkala cho'ntagidan ikkita kattakon toshni chiqarib, bir chetga uloqtirdi. Yanguli Kokaga qaradi. Koka shosha-pisha qoq-quruq cho'ntaklarini ag'darib ko'rsatdi.
β Boshladik! β dedi Yanguli.
β Boshladik! β dedim men ham. Olishuv ikki-uch minutgina davom etdi.
Men mushtlarimni tugib, Yanguli esa besh panjasi bilan urardi. Men urganda ovoz chiqmas, ammo Yanguli har tushirganda atrofdan qarsillagan aks sado kelardi. Petya Yanguliga grekchalab dalda berar, Koka esa menga gruzinchalab bidirlar edi:
β Kalla qil, Jamol, kalla qil!
Mushtlashganda kalla qilish nimaligini o'zim ham bilaman, biroq Yanguliga yaqinlashib bo'lmayotgan edi: uning chayir, terlagan gavdasi har gal sirg'alib qo'limdan chiqib ketaverardi.
Yana bir qarsillagan tovush eshitildi-yu burnimdan tizillab qon otildi. Qonni artgunimcha Yanguli tag'in bir marta tushirdi; natijasi shu bo'ldiki, kecha xuddi Yanguli ag'darilganday gup etib yerga quladim, faqat bitta farqi bor: hozir men turadigan holdaman, ammo Yanguli kecha o'rnidan turolmagan edi.
Nima bo'lganda ham bugungi olishuvning yakuni ma'lum: men yutqazdim. Yanguli biroz kutib turdi, mushtlashishni davom ettirish niyatim yo'qligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan ko'ylagini kiya boshladi. Nigohim yana ko'ksidagi g'alati so'zga tushdi: Β«HelladosΒ»...
Ertasiga maktabga bormadim β yuzimdagi shish va mo'mataloqlarni davoladim. Uchinchi kuni temir yo'l kesib o'tiladigan joyda Yangulidan boshqa deyarli butun mahallaning bolalari to'planib turganini ko'rdik. Ular bizni hushtak va tahqirlar bilan kutib olishdi.
Yanguli amirona ishora bilan hammaning ovozini o'chirdi, so'ng bamisoli qabila oqsoqoliday o'z qavmiga yuzlanib, tarixiy nutq irod etdi:
β Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian ko'chasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Ro'parangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani β vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondo'stligimiz va muruvvatimizdan bahramand bo'lish o'rniga β Xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, o'tloqlarimizni o'ziniki qilib olmoqchi...
β Bas qil maynavozchilikni! β dedim uning gapini bo'lib. β Mushtlashamiz!
... Bugungi olishuvimizga faqat eshak shohid bo'ldi. Mushtlashish uzoq davom etdi. Har qancha urinmayin, Yanguli o'zg'irlik qildi β birinchi zarbani u berdi. Men yiqilmadim, faqat chayqaldim, xolos. Ikkinchi marta hamla qilganida chaqqonlik bilan gavdamni orqaga tashladim, qo'li burnim yonidan shuvillab o'tib ketdi. Ammo u shu qadar shiddat bilan quloch otgan ediki, muvozanatini yo'qotib, munkaygancha bir qadam oldinga tashladi. Shunda... Ho' o'sha birinchi bor mushtlashganimizda bo'lganiday, ozg'in iyagi o'ngimga kelib qoldi. Men ham o'sha iyak ostiga qattiq musht soldim. Yanguli yiqildi, bir muddat qimir etmadi.
Biz bir-birimizga uzoq tikilib qoldik. Pishillab nafas olayotganimizni har ikkalamiz ham eshitib turardik. Men Yangulining yana hamla qilishini kutardim, ammo, taajuubki, mushtlashishga menda na xohish, na kayfiyat qolgan edi. Biroq endi hech qachon Yanguli menga zo'ravonlik qilolmasligini ham bilib turardim.
β Bas! β dedi Yanguli kutilmaganda.
β Bo'pti! β Men ham rozi bo'ldim. β Lekin ertaga bolalarning oldida mushtlashamiz! β deya qo'shib qo'ydim har ehtimolga qarshi.
β Keragi yo'q. Zo'r bola ekaningni bolalarga o'zim aytaman. Lekin, bilib qo'y, birinchilikni senga bermayman!
β Keragi ham yo'q!
β Xohlasang, ikkinchi bo'la qol.
β Menga hech narsa kerak emas! Sening yo'ling boshqa, mening yo'lim boshqa! β Men ketishga chog'landim.
β To'xta! Bunaqasi ketmaydi. Har kuni mushtlashavermaymiz-ku, axir. Ke, kelishvolaylik: ertadan boshlab faqat so'kishamiz. Kim qoyillatsa β o'sha g'olib!
β Mayli, roziman.
Mana, yana bolalar qurshovidamiz. Bu gal o'rtamizda dahanaki jang avjga chiqqan.
β Jamol β eshakmiya!
β Yanguli β ko'katfurush grek!
β Tbilisilik mishiqi!
β Eshakboqar!
β To'ng'iz!
β Chirigan bodring!
β Toshbaqa!
β Itbaliq!
β Meduza!
β Ovsar!
β Paganini!
Bisotimdagi haqoratbop so'zlar tugadi. Yanguli kutib turardi β navbat meniki edi.
β Bo'la qol, yutqazasan! β deb turtkiladi Koka.
β Menda boshqa yo'q!
β Onasiga o't!
β Yo'q, onani aralashtirib bo'lmaydi!
β Sheni deda vatire, degin! Uyat joyi yo'q buni!
β O'rischasiga nima degani?
β Sen gruzinchasiga aytaver! U baribir tushunmaydi! β Koka hol-jonimga qo'ymasdi.
Yanguli, sheni deda vatire! β gruzinchalab shunday dedim-u javobini jon hovuchlab kutib turardim.
β Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!
Sezdimki, Yanguli ham onamga til tekkizdi, ammo bu so'zlar shu qadar xushohang, shu qadar yoqimli eshitildiki, go'yo u go'zal bir qo'shiqni boshlaganday bo'ldi nazarimda.
Men yana takrorladim:
β Sheni deda vatire, Yanguli!
β Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!
Bu hol yarim yilcha davom etdi. So'ng ehtiroslarimiz asta-sekin so'ndi. Ikkalamizning ham haqorat repertuarimizda bitta-yu bitta jumla qoldi, har uchrashganimizda men: Β«Sheni deda vatire, Yanguli!Β» derdim, u bo'lsa: Β«Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!Β» derdi.
* * *
... O'sha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga ko'zim tushdi-yu... taniyolmay qoldim. Basharasi mo'mataloq bo'lib ketgan edi.
β Nima bo'ldi? β deb so'radim ajablanib.
Aql bovar qilmasdi β bu atrofda Yanguliga kim qo'l ko'tarishi mumkin?! Yoki birorta kattaroq yoshdagi odamning ishimikan bu?
β Hech narsa! β dedi u chetga qarab.
β Aftingni bir qaragin...
β Hechqisi yo'q! β deya jilmaydi u.
β Kim ekan u mushtumzo'r?!
β Otam!
β Otang?
β Otam.
β Nima gunoh qiluvding? β deya uning shishib ketgan chakkasiga avaylab qo'limni tekkazdim.
β Sababi bor-da...
β Nima ish qilib qo'yding?
β Uch kundan keyin Suxumiga Gretsiyadan paroxod keladi. Bu yerlik greklar Elladaga qaytishyapti. Otam ham...
β Xo'sh, nima qipti?
β Ketmoqchi emasman... Otamning gapiga qaraganda, bizning vatanimiz, ona tuprog'imiz o'sha yerda... Bizni ajdodlar ruhi chaqirayotganmish, bu nidoga quloq solish shart emish...
β Nega birga ketmoqchimassan? β deb so'radim astoydil taajjublanib. Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi.
β Qandoq tushuntirsamikin... β deya gap boshladi u nihoyat. β Onam yo'q, hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida... Men ko'chada, Venetsian ko'chasida katta bo'ldim... Mening vatanim, mening Elladam bu β Suxumi, ko'cha, Chalbash; bu β Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, ko'prik... β U bir yutinib olib, davom etdi: β Bu β Mida... qolaversa, sen...
Midaning ismini mening oldimda Yanguli birinchi marta tilga olayotgan edi. Ammo men Mida β bir abxaz kishiga turmushga chiqqan grek ayolining qizi ekanini, Suxumida undan go'zal qiz yo'qligini, Yanguli uni yaxshi ko'rishini bilardim.
β Tushundingmi endi?
A'zoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so'zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
β Bu nima bo'lmasa? β Men Yangulining ko'kragini ochib, baland ovozda o'qidim: β Hellados.
β Bu β naqsh, Jamol. Vatan β ichkariroqda, naqd yurakning o'zi-da! β Yanguli qo'lini ko'ksiga qo'ydi.
O'pkam to'lib, tomog'imga achchiq bir narsa qadaldi, unga yana bir nimalar demoqchi edim-u, ammo Yanguli eshagini no'xtasidan yetaklab, hovlidan chiqib ketdi...
Suxumiliklar o'zlari bilan et-tirnoq bo'lib ketgan qadrdonlari β greklar bilan xayrlashishardi. Greklar allaqachon nuqraday oppoq Β«PoseydonΒ» kemasiga chiqib olishgan, o'sha yerdan turib qo'l silkishar, grekcha, ruscha, gruzincha, armancha lafzda bir nimalar deb qichqirishar edi.
Men bolalarga qo'shilib, sohildagi panjara devorga qapishgancha, nigohim bilan Yangulini izlay boshladim. Va uni topdim. Egnida o'sha o'zi yoqtiradigan oldi ochiq qora satin ko'ylak.
β Yanguli, Yanguli! β deya qichqirishga tushdim qo'l silkitib. Yanguli kuzatuvchilarga uzoq, juda uzoq razm soldi va birdan meni ko'rib qoldi. Ikkala qo'lini baland ko'tarib, nido berdi:
β Jamol, ego agapo imana su! Jamol, oyingni yaxshi ko'raman! U grekcha nimadir deb baqirdi-yu, ammo menga qo'shiq aytganday tuyuldi. Tag'in shu narsani sezdimki, nazarimda, kemadan qochib ketmasin debmi otasi uni bilagidan mahkam ushlab turardi. Yana uning qo'shig'ini eshitishga, yana unga mo'ltirab turishga bardoshim yetmadi. Kemaga ters o'girildim-da, yig'lagancha uyga jo'nadim.
Oradan bir kun o'tib, Kelasuri daryosining quyilish joyida dengiz to'lqinlari bir bolaning jasadini sohilga chiqarib tashlabdi. To'g'rirog'i, uni keksa baliqchilar suvdan tortib olib, qumga yotqizishibdi. So'ng murdaning kimligini aniqlash uchun shu atrofda o'ynab yurgan bolalarni chaqirishibdi.
Marhumning basharasi shu qadar dabdala bo'lib ketgan ekanki, uni hech kim tanimabdi.
Uni men tanidim. Chap to'shining ustidagi Β«HelladosΒ» degan sehrli yozuvni ko'rgandan keyin tanidim.
Nafasimni ichimga yutgancha sohildan, so'ng temiryo'l bo'ylab, keyin Venetsian ko'chasidan to'xtovsiz yugurib, telbalarcha uyga otilib kirdim.
β Ha, nima bo'ldi?!! β Xolamning kapalagi uchib ketdi.
β Nina xola... Yanguli qaytib keldi...
So'ng xolamning oldida cho'kkalab, oyoqlarini quchoqlagancha ho'ngrab yig'lab yubordim...