Chaqiruv bo'yicha kelgan taksi
Reallikka asoslangan hikoya
Nyu-Yorklik bir taksichi oʻz sahifasiga quyidagi voqeani yozadi:
Chaqiruv boʻyicha aytilgan manzilga yetib kelib, signal chaldim. Bir necha daqiqa kutib turdim. Uydan hech kim chiqmadi. Qayta signal chaldim. Bu oʻsha kungi oxirgi reysim boʻlganligi uchun ketib yuborishni ham oʻyladim. Lekin, aksincha, negadir mashinadan tushdim-da, uy oldiga borib, eshikni taqillatdim. “Bir daqiqa” - keksa ayolning xirildoq ovozi keldi. Tovushidan ogʻir bir narsani polda sudrab tortayotganga oʻxshadi.
Bir oz oʻtgach eshik ochildi.
Qarshimda 90 yoshlardagi keksa ayol turardi. Ustida chitdan tikilgan koʻylak, boshida esa keng shlyapa. Xuddi 1940-yillardagi kinoqahramonlardek. Oldida uncha katta boʻlmagan chemodan. Ichkaridan uy anchadan beri hech kim yashamayotganga oʻxshardi. Barcha mebellar choyshab bilan oʻralgan. Devorda bironta ham soat yoki bezak yoʻq. Tokchalarda esa bitta ham idish koʻrinmasdi. Uyning bir burchagida esa ichi toʻla surat va shisha idishlar boʻlgan karton quti yotgan edi.
— Sumkamni mashinagacha olib borishga yordam berolmaysizmi?-
— Bemalol, xonim,-dedim men. -Shunchaki yoʻlovchilarimga onamga qanday muomala qilishlarini hohlasam, shunday muomalada boʻlaman.
— Eh, qanday yaxshi farzand ekansiz!
Mashinaga oʻtirgach, bormoqchi boʻlgan manzilini aytdi va qoʻshib qoʻydi:
- Shahar markazi boʻylab ketsak boʻladimi?
-Mayli-yu, lekin bu qisqa yoʻl emas-ku?-javob berdim men.
-Shoshayotganim yoʻq, - dedi ayol. - Xospisga ketyapman baribir. (Xospis - davosiz kasallikning soʻnggi bosqichini boshidan kechirayotganlar parvarishlanadigan maxsus joy)
Oynadan u ayolga bir qarab qoʻydim. Nurli koʻzlari yonib turgandi.
- Oilam allaqachon ketib boʻlgan, - bosiqlik bilan davom etdi ayol - Vrachning aytishicha, mening ham sanoqli kunlarim qolgan.
Keksa xonimning bu gapidan keyin taksidagi hisoblagichni oʻchirib qoʻydim.
- Qayerga desangiz, oʻsha yerga boramiz!
Keyingi 2 soat davomida shahar kezdik. Yoʻlda u bir paytlar lift xodimi boʻlib ishlagan binoni koʻrsatdi. Keyin esa vafot etgan xoʻjayini bilan yoshligida birga yashagan tumanni aylandik. Shuningdek, hali yosh qizaloq paytlari raqs bilan shugʻullangan, hozir esa mebel omborxonasiga aylangan joyni koʻrsatdi.
Baʼzida biror bino yoki torkoʻcha qarshisida toʻxtatardi-da, hech narsa demasdan oʻsha joyga tikilib hayol surib qolardi. Soʻngra birdan "charchadim, ketdik" derdi.
Nihoyat, aytilgan manzilga yetib keldik. Bu pastakkina, sanatoriyaga oʻxshash bir bino edi. Ikki sanitar oldimizga keldi va ayolning mashinadan tushishiga koʻmaklashishdi. Menimcha, ayolni kutib turishgan boʻlsa kerak oldindan. Yukxonani ochib, ayolning kichkina chemodanini oldim. Keksa xonim allaqachon nogironlar aravachasiga oʻtirib olgandi.
- Necha pul berishim kerak,- soʻradi ayol hamyonini ochib.
- Hech qancha, - dedim men.
- Axir, bu tirikchilingiz-ku?!
- Boshqa yoʻlovchilar ham koʻp.
Keyin esa oʻylab ham oʻtirmasdan, egildim-da, uni bagʻrimga bosdim. U ham meni qattiq quchib quydi.
- Sen mendek qari ayolga oz boʻlsa-da xursandchilik ulashding, - dedi onaxon. - Chin yurakdan minnatdorman.
Uning qoʻlini siqib qoʻydim va mashinamga qaytdim... Orqamdan esa eshik yopilgani eshitildi. Bu yana bir hayot kitobining yopilishi edi...
Qaytishda boshqa yoʻlovchi olmadim. Boshim oqqan tomonga haydab ketaverdim. Kun boʻyi oʻy-hayollarim bilan band boʻldim. Deyarli gapirmadim ham. Agar oʻsha ayolga asabiyroq yo besabrroq haydovchi uchraganda nima boʻlardi? Yoki boʻlmasa, men ham bir-ikki signal chalib, javob boʻlmagach ketib yuborganimda-chi?
Soʻzim oxirida aytmoqchiman-ki, ehtimol, shu qilgan ishimdan koʻra muhimroq biror ish qilmagandirman hayotimda.
Koʻpchiligimiz, hali buyuk ishlar qilaman, deb kutib yashashga odatlanganmiz. Lekin aslida, buyuk ishlar oʻzimiz kutmaganda vaqtda, atrofdagilarga arzimas boʻlib koʻringan narsalarda roʻy beradi.
Abdulaziz Saidalikhanovning FBdagi saxifasidan olindi.
@boredpandablog