Hikoyalar
July 20, 2021

Imperator Musoning Haj safari: yohud dunyo tarixidagi eng boy odam oltinlarini qanday sarf qilgani haqida

20.07.2021

FLESHBEK

Agar siz biron bir tanishingizdan bir paytlar Afrikada gullab-yashnagan qanday rivojlangan sivilizatsiyalarni bilish-bilmasligini so'rasangiz, unda u sizga qadimgi Misr va yana katta ehtimol Islom Mag'ribi haqida ma'lumot berishi mumkin. Ammo Qora qit'aning bepoyon kengliklarida yastanib yotgan ulkan Sahroyi Kabirning janubida bir paytlar yana bitta qudratli va boy davlat bo'lganligi, uning shuhrati butun qit'ada va hatto undan tashqarida yangraganligini kamdan-kam odam eshitgan. Ushbu kuch milodiy VIII asrdan to XV asrgacha bo'lgan uzoq tarixiy davrda mavjud bo'lgan - Mali imperiyasi edi.

MALI HUKMRONLIGI HAQIDA

Mali imperiyasi Keyta sulolasidan bo'lgan Muso ismli Mansa (imperator) davrida o'zining eng gullab-yashnagan davrining cho'qqisiga erishgan hisoblanadi. Ushbu monarx 1307-1332 yillarda hukmronlik qilgan va uning hokimiyat tepasida bo'lgan davrida bugungi kundagi Mavritaniya, Senegal, Gambiya, Gvineya, Burkina-Faso, Mali, Niger, Nigeriya va Chadga tegishli hududlarni o'ziga to'liq bo'ysundirishga muvaffaq bo'ladi.

Shunga qaramasdan, Mansa Muso tarixda o'z istilochilik yurishlari yoki adolatli hukmronligi bilan emas, balki fantastik darajadagi ko'p boyligi bilan mashhur shaxs sifatida nom qoldirgan. Tarixiy manbalarni o'rgangan tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, G'arbiy Afrika mamlakati monarxining mol-davlati hozirgi kundagi kursda hisoblasa qariyb 400 milliard dollarni tashkil etgan.

MUSO KIM BO'LGAN?

Imperator Muso Keyta hokimiyatga deyarli tasodifan kelib qolgan deyish mumkin. Malining 9-Mansasi Abubakar II hukmronligining so'nggi yillarida to'satdan geografik kashfiyotlarga qattiq qiziqib qoladi. Uning bu ishtiyoqi oxir-oqibat taxtni tashlab, shaxsiy flot qurib, Atlantika okeanida yangi yerlarni izlashga jo'nab ketishiga olib keladi. Uning keyingi taqdiri bizga noma'lum, garchi ba'zi tarixchilar Afrika hukmdorining kemalari Amerikaga yetib borgan bo'lishi mumkinligi haqida tahmin qilishsada, bu borada birorta ishonchli manba hozircha topilmagan.

Bu orada Imperiya hukmdorsiz qolmaydi va 1312-yilda Muso Keyta bo'sh qolgan taxtni egallaydi. Muso vazirning o'g'li va shu bilan birga, 1200-yilda mahalliy qabilalarni birlashtirib, kichik davlatdan qudratli imperiya yaratgan davlat asoschisi, buyuk yetakchi Sundiataning nabirasi bo'lgan.

Ruhoniy-temirchilarga rahbarlik qilgan Sundiata Keyt o'z yerining ikkita eng qimmatbaho boyligi - oltin va tuz bilan savdo-sotiqni yo'lga qo'yadi va shu bilan o'z davlati uchun kuchli iqtisodiy asos yaratadi. Malidan olingan mahsulotlarga nafaqat Islom olamida, balki nasroniylar orasida ham talab katta edi. Imperiyada qazib olingan barcha oltinlarning 2/3 qismi va tuzning yarmi eksport qilingan.

xarita

TARIXDAGI ENG KENG MIQYOSLI HAJ SAFARI

Muso buyuk Sundiataning avlodi deb atalishga to'liq loyiq edi - chunki u adolatli hukmdor va dono sarkarda edi. Xalq orasida o'z saxiyligi bilan ham mashhur bo'ladi. Monarx shoirlar, musiqachilar va olimlarga homiylik qiladi, shu bilan birga boshqa davlatlar bilan diplomatik va savdo aloqalarini o'rnatishni unutmaydi.

Musoning barcha ijobiy fazilatlariga qaramay, u hukmronligining 12-yilida Makkaga haj qilishni ixtiyor qilmaganida, tarix zarvaraqlarida buncha ko'p vaqt qolmagan bo'lar edi. Mali imperiyasi va uning oldingi Mansalari boyligining shuhrati qadim-qadimdan butun Islom olamiga ayon edi, ammo ularning ko'pi mish-mishlar va afsonalardan iborat ertaklardan ortiq tuyulmasdi. Musoning haj safari Qora qit'aning chekkasidagi nouneym (noname) davlatning qudrati va boyligiga butun dunyoni ishontirishda juda katta rol o'ynagan desak mubolag'a bo'lmaydi.

Uzoq safarda Mali hukmdoriga 60-80 ming nafar askar va xizmatkorlar hamrohlik qildilar. Bu tarixdagi eng katta miqyosdagi Haj safarlaridan biri edi.

HAJ SAFARI QANDAY O'TGANI HAQIDA

Albatta, bunday katta karvonni boshqarish o'zi emasdi. Ayniqsa, cho'l-u biyobonda ochlik va suvsizlik muammosini hal qilish kerak edi. Shu maqsadda, maxsus guruh tuzilib, ularga ushbu ulkan otryadga oziq-ovqat yetkazib berishning eng mayda-chuydalarigacha o'ylash vazifasi yuklangan va aytish lozimki, hukmdorga ovqat tortish vaqti xuddi soat kabi aniq ishlagan. Hatto Sahroning qoq o'rtasida, suvdan ming kilometr uzoqlikda ham imperator har kuni yangi tutilgan okean baliqlari va sarxil mevalarni iste'mol qilgan. Qanday qilib deysizmi? Bu bizga ham qiziq jumboq:)

Suv ham umuman muammo bo'lmagan, buni katta sayohatda sodir bo'lgan epizodlaridan biri ham tasdiqlaydi. Bir kuni ko'p kilometrlik karvon cho'ldan o'tayotganda, hukmdorning rafiqasi o'zining 500 kanizagi bilan birga cho'milishni istab qoladi. Buning uchun qumda tezlikda ulkan hovuz qazilgan va u minglab litr suv bilan to'ldirib, foydalanishga taxt qilingan.

O'tayotgan hudud aholisda o'zi haqida yaxshi xotira qoldirish uchun har juma kuni podshoh Muso o'zi tunab qolgan har bir shaharda o'z hisobidan katta masjid qurdirgan. Shuningdek, har kuni sulton bitta qul avf qilib, uni ozod qilgan. Arab manbalarida Mansa hayotiy donolik ramzi va odil inson sifatida ulug'lanadi, tan olish kerakki, bu shunchaki sharqona xushomad bo'lmagan. Yo'lga Muso o'zi bilan 12 tonna oltin ham olib chiqqan bo'lib, uni nafaqat muhtojlarga, balki umuman yo'lda uchragan hammaga birdek xayriya sifatida tarqatib boradi.

mansa

SAFARNING YAXSHI VA YOMON OQIBATLARI

Musoning Islom olami bo'ylab sayohati odamlarga faqatgina quvonch keltirgan desak to'g'ri bo'lmaydi. Sulton sarflagan tillolar natijasida tezlikda bir nechta sharq davlatlarida oltinning narxi juda qadrsizlanib, uzoq davom etgan iqtisodiy inqirozga olib keladi. Tovarlarning narxi bir necha barobarga ko'tariladi va ko'pgina savdogarlar bellarini qattiqroq bog'lashga majbur bo'lishadi.

Mali hukmdorining o'zi uchun ham orqaga qaytish yo'li juda yoqimli bo'lmaydi. Qum bo'ronlari va shuningdek, boy o'ljalar haqida xabar topgan qaroqchilar hujumlari tufayli Muso ekspeditsiyasi odamlar va tuyalarning uchdan bir qismini yo'qotadi. Shunga qaramay, imperator uyiga eson-omon qaytib kelishga muvaffaq bo'ladi. U quruq qo'l bilan qaytmagandi. Imperator bilan mamlakat rivojiga katta hissa qo'shishi kutilgan ajoyib me'morlar, katta ilohiyotchilar va ko'plab shoirlar tashrif buyurishadi.

Oltin zahirasining katta ulushini sarflab ham Mansa deyarli yutqazmaydi. Xazinalarni chap-o'ngiga qaramay sochgan sulton xalqaro maydonda ajoyib obro'ga ega bo'ladi. Ko'pgina davlatlar, Makkaga qilingan ekspeditsiyadan so'ng, Mali bilan savdo qilishni boshlaydilar.

Muso tomonidan jalb qilingan ijodkorlar qatlami va ziyolilar mamlakat poytaxti Tombuktuda islomiy ilmiy markazni yaratishda faol qatnashadilar. Shahar Afrikadagi eng katta madaniy markazga aylanadi va uning me'morchiligi har qanday mehmonlarni xursand qila olardi. Bunga asosan shaharda bir nechta noyob masjidlarni qurgan ispaniyalik me'mor Al-Sahili ham sababchi bo'lgan. Ushbu tarixiy binolar yaratuvchining nomi bilan atalgan yangi me'moriy uslub uchun asos yaratadi.

MUSODAN KEYIN DAVLAT TAQDIRI

Ammo imperiyaning gullab-yashnashi 1332-yilda Musoning o'limi bilan yakunlanadi. Uning merosxo'rlarida buyuk hukmdor iste'dodining o'ndan biri ham bo'lmagan va muammolar uning o'g'li Magan I taxtga o'tirgandan so'ng, darhol boshlanadi. Birinchi navbatda Tombuktu yarim vahshiy qo'shnilar - Mosi xalqi tomonidan qo'lga olingan va talon-taroj qilingan.

Urushdagi mag'lubiyatdan keyin jamiyatda fuqaroroviy nizolar, amaldorlarning korrupsiyasi va axloqning keskin pasayishi avj oldi. XIV asrning oxiriga kelib, bir paytlar butun jahonni hayratga solgan imperiya endi arab sayohatchilarining qaydlarida yo'q edi. Ulkan mamlakat bir-biri bilan urushayotgan kichik davlatlarga bo'linib ketdi, bu esa kuchli qo'shnilar uchun oson o'lja edi.

Shunday qilib, XVI asrning o'rtalariga kelib, bir vaqtlar butun G'arbiy Afrikani bo'ysundirgan qudratli davlatdan faqat kichik sultonlik qoladi.

Ammo Mansa Musoning Hajga qilgan safari insonlar yodida mangu qoladi.

@panda_books Telegram kanali uchun