O‘ktoy Oqbol. Zangi buzilgan soat
Manavi yerda, oynaning oldida men o‘tirardim. Barcha o‘tkinchilar meni tanishardi. Shu yerdan bola-baqralarga baqirib qo‘yardim. Kechqurunlari qizim xabar olgani kelardi. Nabiram esa tug‘ilganidan buyon doim men bilan birga edi. Agar men bo‘lmaganimda, uning tirik qolishi dargumon edi. Ko‘z ochib yumguncha katta bo‘lib qolganini qara-ya! Ovqat pishirib, uning maktabdan kelishini kutib o‘tirardim. Bu mening kvartalim. Bolalarim shu yerda dunyo yuzini ko‘rishdi, erim narigi dunyoga ravona bo‘ldi. Bizga dam-badam turar joyimizni o‘zgartirib turishga to‘g‘ri kelardi. Bizga yashash nasib qilgan kulbalar hali-hanuz qilt etmay turibdi. Faqat ularda endi boshqa baxti qarolar istiqomat qilishadi. Mazkur uy-kulbalarda mening ham nomi nishonim yo‘q. U yerda hech kim meni kutmaydi ham. Darvoqe, men u yerda ham hoziru nozirman. O‘sha xonalarda, xohlasam hammasida birdan bo‘lishim mumkin. Oshxonada ovqat tayyorlayman. Mana, bir oz orom olgani yonboshladim. Charchab, oyna qarshisiga dam olgani o‘tirdim. Yana oyna oldidaman. Tepalikka qarab o‘tiribman; ulkan yuk mashinalari yuqoriga o‘rmalab chiqishadi-da, sirg‘algancha qiyalikka tushib ketishadi. Yomg‘ir shivalayapti. Bolakay toyib ketib, nonini tushirib yubordi. Men yolg‘izman. Uy yumushlari tugab, gazetalardagi suratlarni ham tomosha qilib bo‘ldim. Eh, o‘qishni bilmayman-da — qizim qancha yalinib-yolbordi, o‘zi o‘rgatmoqchi bo‘ldi, bari bir o‘rganishni xohlamovdim. Rasmlarning o‘zi ham yetib ortadi — naq butun olamni kezib chiqqandek bo‘lasan! Ularga qarab turib o‘zing ham beixtiyor hamma, hamma narsa to‘g‘risida to‘qib tashlaging keladi. Gazetani nabiram, ko‘pincha esa kuyovim ovoz chiqarib o‘qib berishadi. Qizim bilan kuyovim endi shu yerda yashashadi. Yaqin orada o‘g‘lim uylanadi, uyimizga kelin keladi. Unda men qayoqqa boraman? Boshqa joy topishga to‘g‘ri keladi. Narsalarim ham unchalik ko‘p emas: karavot, sandiq, ikkita kreslo hamda devor soati. Soatni albatta o‘zim bilan olib ketaman. Bisotimda faqat shugina qolgan. U ham xuddi o‘zimga o‘xshab sharti ketib parti qolgan, faqat u men eslagan narsalarni yodida saqlarmidi? Aftidan, qarshimizdagi uydagi qo‘shnilarimiz meni ko‘rib qolishdi shekilli! Qo‘llarini silkitib, chaqirishyapti. Bu yoqqa kel, o‘tgan-ketgandan otamlashib o‘tiramiz, deyishyapti. O‘tmish haqida, bolalar-nabiralar to‘g‘risida. Yo‘q, negadir borgim kelmayapti. To‘r parda ortida yakka o‘zim o‘tirgim kelyapti. Ohista oqshom cho‘kyapti. Ming-minglab oqshomlarimdan biri. Devordagi soat chiqillab yurib turibdi. Vaqtni o‘lchayapti. Soat olti bo‘lganda olti marta jom uradi. Ba’zida esa yanglishib ham ketadi: soat o‘n bo‘lganda atigi uch marta jom uradiqo‘yadi. Soatim buzilib qolganga o‘xshaydi, balki yog‘lash kerakmikin? Darvoqe, uning kimga ham keragi bor? Yanglishsa, yanglishib o‘lmaydimi. Qaytanga shunisi, ya’ni vaqtni butunlay alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi ming marta yaxshi. Uchni besh qilib, o‘nni esa olti. * * * Stolga dasturxon solingan. Radioda «Hoy qiz, sen Cherkeshdan keldingmi», deb kuylashyapti. Yolg‘iz o‘zim kresloda o‘tiribman. Hatto divanga yonboshlab mizg‘ib olsam ham bo‘lardi. Qachon eshikni taqillatisharkin, deb kutib o‘tiribman. Ana hozir birin-ketin o‘g‘lim, kuyovim, qizim, nabiram kelib qolishadi. Yo‘q, avval kuyovim, keyin qizim bilan nabiram, ulardan kechroq o‘g‘lim keladi. Uy birpasda gavjum bo‘ladi-qoladi. Ular kun bo‘yi bo‘lgan voqea-hodisalar, dilsiyohligu xursandchiliklar haqida to‘lib-toshib gapirishadi. Stol atrofiga o‘tirib, soatning buzuq bongi ostida gurunglashishadi. Ularning turmushlari ana shunday bir me’yorda o‘tib borardi. * * * Ba’zida xuddi havoga chog‘ishib ketgandek, juda yengil bo‘lib qolganga o‘xshayman. Uzoqlarda qolib ketgan qishloqda, uzoq o‘tmishda shunday edim. Yo‘qlikka yuz tutgan bolaligim keyinchalik kelinchaklik bilan almashindi. Yolg‘izlikda yolg‘iz edim — turmush qurib abadiy yolg‘izlikka duchor bo‘ldim. Dilsiyohlik, aldov, ko‘z yoshlar boshlandi. Bora-bora hammasiga ko‘nikib ketdim. Vaqt esa oqar daryodek gap. Yo‘q, olis o‘lkalarda emas, mana shu yerda, oyna oldida o‘tiribman. Mana hozir o‘rnimdan turib deraza pardasini kengroq ochib qo‘yaman. Hamma — xonani va u yerda o‘tirgan meni ko‘rishsin. Yana bolakaylar deraza oldida uymalashishyapti. Qandaydir mashinani sudrashyapti. Ana to‘polonu mana to‘polon! Derazani ochib, po‘pisa qilib qo‘ysammikin! Shu vaqt katta avtobus o‘tib qolgani uchun hech kim gapimni eshitmadi. Vaqt nega imillayaptiykin-a? Nega u qimirlamay bir joyda turibdi? Daqiqalar cheksizday cho‘zilyapti. Men soatimning chiqillashini eshitmayapman — deraza oldida qimir etmay turibman, hech kim men tomonga qaramaydi, hech kim meni ko‘rmaydi va hech kim oldimga kelmaydi ham. Tiq etgan — ovoz yo‘q. * * * Ko‘chamizda qanchadan-qancha yangi uylar qad ko‘taribdi. Notanish odamlarniku qo‘yaverasiz. Ana qo‘shnimiz sudralib kelyapgi. Qanchalik qarib qopti-ya! U bilan gaplashsammikin. Lekin shu vaqt kalit shiriqladi. Eshikka otildim. O‘g‘lim. Qo‘lida tugunchalar. «Menga bera qol, o‘g‘lim». U bo‘lsa to‘g‘ri oshxonaga kirib, hamma narsasini tashlab chiqdi. Charchabdi. Xuddi ichak-chovog‘i ag‘darilgandek rangi oppoq. Erkaklar ishdan mana shunday rang ko‘r, hol so‘r, bo‘lib kelishadi. Nega men uning nigohini ko‘rmayapman? Uning avzoyi buzuq ko‘rinadi. So‘rashmasdanoq, indamay kresloga o‘zini tashladi. Nahotki, men undan ranjisam? Axir, bu mening o‘g‘limku. U gazetani olib, kecha yechishga ulgurmagan krossvordni yechishga kirishdi. Hozir uning uchun shundan muhimroq hech bir narsa mavjud emas, Men uni kichkintoyligidan bilaman. U daraxtlarga, tepalikning tik yonbag‘riga tarmashgani-tarmashgan edi. Keyin harbiy xizmat. Balki, u uyda hech kim yo‘qligi uchun mana shunday qovoq uyub o‘tirgandir? Ularning hammasi qayoqqa yo‘qolishdiykin? Deraza ortida zulmat quyuqlashib borardi. Hozir fonuslarni yoqishadi. Qo‘ng‘iroq jiringladi. O‘g‘lim sakrab o‘rnidan turib, eshikni ochdi, hammalari—qizim, nabiram, kuyovim kelishibdi. Qizimning ko‘rinishi namuncha horg‘in bo‘lmasa. Nabiram ancha-muncha o‘sib qopti-ya. Kutyapman. Hozir menga yaqinlashadi-da, quchadi. Yo‘q meni hech kim ko‘rmayotganga o‘xshaydi. Balki ular mendan ranjishganmikin? Eh-ha, axir ularning o‘z dunyoqarashlari bor-ku. Balki, hech bo‘lmasa o‘sha muhitlarida. meni ko‘rib, men bilan gaplashishga vaqt topishar. Axir men shundoqqina yonginalaridaman-ku. Mana, men. Nabiram koptok o‘ynayapti. Kuyovim divanga yonboshlab yotibdi. Qizim kechki ovqatga stol tuzayapti. Men o‘z kreslomga chekindim. Shu bugunchalik hech qachon yolg‘iz bo‘lmagan bo‘lsam kerak. Ha, har doimgidan ham ortiqcha. Nimadir ro‘y berganga o‘xshaydi. Hech kim kulmayapti. To‘ng‘illashadi. Qizimga yaqinlashib: «Nega ma’yussan?»—deb so‘radim. U xuddi bo‘shliqqa qaragandek qarab turdi-turdida, og‘iz ochib javob berishga ham arzitmadi. Oh, hammanglar biram tegmanozik bo‘lib ketibsizlarki. Yuragim pora-pora bo‘lib ketdi. Nahotki, mening shu yerdaligimni bilmasangizlar?! Men mana shu yerda, kresloda o‘tiribman. Zangi buzilgan soatning ovozini eshitib o‘tiribman. Xudoning bergan kuni har kech shu ahvol. * * * Ba’zida ulardan jahlim chiqib, o‘pkalab baqirardimda, shol ro‘molga o‘rangancha ko‘chaga chopib chiqib ketardim. Ular ortimdan soyadek ergashib chiqishardi. Agar mabodo hozir: «Sizlardan qochib ketaman»,— deychi, qiyo ham boqishmaydi. Balki, rostdanam ketsammikin. Uy oldida bir oz tursam, keyin bozorga borib ko‘kfurush, qassobga uchrashsam. Yoki daryo bo‘yidagi xiyobonga borsammikin? Yoki qo‘shnimiz Xadichanikiga chiqsammikin. Aftidan, men o‘z uyimga begona bo‘lib qolibman. Hattoki o‘z buyumlarim orasida ham. Faqatgina soatimning zangigina o‘zgarmabdi, xolos, Mening o‘zim qayerdadir tashqarida qolib ketganga o‘xshayman. Hech kimning men bilan ishi yo‘q. Xonaga kirsammikin-a? Buyumlarim, kiyim-kechaklarim, sandig‘im, karavot ustidagi yopqichim, chamadonim, ko‘hna suratlarim. Xonaning ichidan qulflab olardim. Kalit qayerda ekan? * * * Odatdagi oqshomlardan biri. Men har doimgidek o‘zimning kreslomda o‘tirgandim. Boshim aylandi. Kreslo suyanchig‘iga yonboshladim, Ichimda bir nima uzilib ketganini his qildim. Mashina ishlab turuvdi-yu, uning nimasidir darz ketganday bo‘ldi. Shunday qilib, kreslodan qimirlolmay qoldim. Bu yorug‘ dunyoda qancha yashadim ekan? Oltmish yil? Men yashashga ulgurgan har bir yilimni oyma-oy, kunma-kun ko‘z oldimdan o‘tkazdim. Bolalar tug‘ilyb, voyaga yetishdi. Nabiram paydo bo‘ldi. Men yashagan xonalar, uylar. Xuddi menga kino ko‘rsatishayotganday edi. Balki, tush ko‘rayotgandirman? Birin-ketin ko‘rgan tushlarim bir-biriga qo‘shilib, hayotim mazmunini tashkil etgandir. Mana endi kresloda o‘tiribman. Mana endi divanga yotdim. Qandaydir yetti yot begona odamlar tepamga yig‘ilib ketishibdi. Dorilaru ko‘z yoshi. Qizim oyog‘imga yopishib olgancha, uni mahkam ushlab turardi. Meni ketkizmaslik uchun shunday qilyaptimikin? Hammalari jonlarini jabborga bergudek yig‘lashgan edi-ya. Hattoki kuyovim ham. Shunday bo‘lishi yetti uxlab tushimga ham kirmovdi. Keyin hamma tarqab ketdi, meni esa qayoqqadir olib ketishdi. Ular o‘zlaricha shunday o‘ylashgandi. Men bo‘lsam shu yerdaman. Deraza oldidagi kresloda o‘tiribman. Oshxonamda kuymalashyapman. Balki, bu o‘limdir? Men undan shunday qo‘rqardimki. Qabristonning oldidan o‘tish u yoqda tursin, hatto ko‘z tashlashga ham yuragim dov bermasdi. Ehtimol, men o‘lgandirman. Ehtimol, men endi yo‘qlikka yuz tutgandirman. Ehtimol, men ko‘rinmayotgandirman. Uncha-muncha bilgan duolarim ham yodimdan ko‘tarilib ketibdi. Butunlay esimdan chiqibdi. O‘lim, bu hamma narsani unutish demakdir. * * * Qizimning ko‘zlari kreslomga qadalgancha baqrayib qoldi. Hech kim unga o‘tirishga jur’at qilmaydi. Mening bu yerdaligimni ular bilisharmikin? Nihoyat, o‘g‘lim; krossvordini bir chekkaga yig‘ishtirdi. Nabiram radio eshitgisi keldi shekilli, priyomnikka intilyapti. Radioni qo‘ya qol, bolajonim, birga eshitamiz. Balki mening sevimli «Sen Cherkeshdan keldingmi, qizgina», degan ashulani eshittirishayotgandir. Negadir etim uvushyapti. Uzala tushib yotib oldim. Qo‘chaning narigi betidagi uylarda chiroq yoqildi. Derazadan soyalar yaqqol ko‘rina boshladi. Biznikida esa qop-qorong‘i. Bolalarim undan-bundan ohista suhbatlashib o‘tirishibdi. Mana shu taxlit yana bir kun o‘tib, yana bir tun o‘z hukmiga kirdi. — Men uchun esa na kunning va na tunning farqi bor. Men har doim shu kreslomga mixlanib o‘tiraman. Ular meni boshqa joylardan qidirib ovora bo‘lib yurishmasin deyman-da. * * * Men barhayotman! Chiroqni yoqinglar! Radioni qo‘yinglar! Jilmayinglar! Men sizlarning sho‘x-shodon kulgilaringizni, ovozingizni eshitishni xohlayman. Men yashayman. Sizlar ham uzoq umr ko‘ringlar. Yo‘q, tushunishmayapti. Axir, bir kun kelib, ular ham mening holimga tushishlari aniq, ular o‘shanda kresloda, stolda, kitobda, devor soatida yashay boshlaydilar. Chunki har bir mavjudotning o‘z boshpanasi, mangulikka yuz tutguncha yashaydigan o‘z makoni bo‘ladi. Mening boshpanam. mana shu ko‘k kreslo. Yana buzilgan soatim uch marta bong urdi — demak, kechki yetti bo‘libdi. O‘g‘lim shivirlagancha: «Soatimiz rosayam aldaydi-da.»— dedi. Hammalari devorga uzoq tikilib qolishdi. Hech kimdan sado chiqmasdi.