Hikoyalar
August 11, 2022

O'z do'sti tomonidan o'ldirilgan Prezident: Toma Sankara hayoti haqida

12.08.2022

"Biz ikkitasidan birini tanlashimiz kerak: yo ozchilik uchun shampan vinosi, yoki hamma uchun ichimlik suvi" (Toma Sankara)

Bir paytlar Fransiyaning Yuqori Volta (tarj. hozirgi Burkina-Faso davlati) deb nomlangan Afrikadagi koloniyasi bor edi. Biz bugun shu mamlakat tarixidagi qiziqarli voqealar haqida gaplashamiz.

Toma Sankara

XX asrlarning 50-yillarning oxirida rasmiy Parij o'zining ushbu sobiq mustamlakasiga mustaqillik beradi, lekin fransuzlarning "sa'y-harakatlari" bilan kambag'al va korrupsiyaga botgan mamlakat iqtisodiyoti va siyosatini baribir tashqaridan turib nazorat qilishda davom etadi.

"Imperializm — bu ekspluatatsiya tizimi bo’lib, u nafaqat hududni bosib olish uchun qurolli va shafqatsiz shaklda namoyon bo’ladi. Imperializm ko’pincha nozikroq shakllarda — kredit, oziq-ovqat yordami, shantajda ham namoyon bo’ladi. Biz Yer yuzidagi bir hovuch odamlarga butun insoniyatni boshqarishga imkon beradigan ushbu tizimga qarshi kurashmoqdamiz."

Biroq yosh prezident Toma Sankaraning Yuqori Volta hokimiyati tepasiga kelishi bilan hamma narsa o'zgaradi. U jahon tarixiga eng halol prezident sifatida kirgan, ammo xalqni qashshoqlikdan qutqarishga qilgan xizmatlari uchun o'z hayoti bilan tovon to'lashiga to'gri keldi.

Kommunistik ofitserlar guruhi

Toma Sankara aralash (metis) oilada tug'ilgan. Uning otasi Mosi xalqidan, onasi esa Fulbe qabilasidan edi. Afrika me'yorlariga ko'ra, u chalazod bo'lgan va "uchinchi sinf" sirasiga kirgan. Biroq, uning fransuz jandarmi bo'lib ishlaydigan otasi nufuzli shaxs edi, bu Tomaga mahalliy standartlar bo'yicha yaxshi ta'lim olish imkonini beradi. Ota-onasi bolaning katolik ruhoniysi bo'lishini xohlashardi, ammo uni boshqa soha - harbiy xizmat o'ziga tortardi.

"Xalqning og'zini yopganlarning holiga voy!"

1968-yilda 19 yoshli Toma Sankara yelkasiga "pogon" taqadi. Armiyada yigitning xislatlarini payqab qolishadi va Madagaskar orolidagi ofitserlar maktabiga o'qishga yuborishadi. U yerda Toma marksizm g‘oyalari bilan tanishadi va “Afrika sotsializmi”ning ashaddiy tarafdoriga aylanadi. Voltaga qaytib, Toma elita parashyutchilar bo'linmasiga qo'shiladi va qo'shni Mali armiyasiga qarshi jang qiladi.

Ofitser Tom Sankara gitara chalyapti

Mamlakat poytaxti - Uagaduguda Sankara mashhur shaxsga aylanadi. U o'qimishli ofitser bo'lish bilan birga she'r yozardi, ko'chalarda motosiklda yurardi va "Tout-a-Coup Jazz" musiqiy guruhida gitara chalardi. 1976-yildan Toma Yuqori Volta maxsus kuchlarining o'quv markazini boshqargan va do'stlari bilan birgalikda "Kommunistik ofitserlar guruhi" deb nomlangan inqilobiy tashkilotni tuzadi.

"Sotilmaydiganlar mamlakati"

1981-yil kuzida Toma Sankara harbiy hukumatga olib kelinib, axborot vaziri etib tayinlanadi. U birinchi kundayoq ishga velosipedda keladi. 1982-yilgi davlat to'ntarishi natijasida Tom Sankara Bosh vazir bo'ladi, ammo uning so'l qarashlari mamlakat iqtisodiyotni nazorat qilishda davom etayotgan fransuzlarni qo'rqitib yuboradi. Natijada Yuqori Volta bosh vaziri Sankara o'z lavozimidan chetlashtiriladi va uy qamog'iga olinadi.

Biroq Uagadugu chekkasida yashaydigan kambag'allar qo'zg'olon ko'tarib, sobiq Bosh vazirni himoya qilish uchun ko'chaga chiqadi. 1982-yil avgust oyida harbiylar ham Sankarani qo'llab-quvvatlashga qaror qilishadi. Toma "Tout-a-Coup Jazz" guruhining vokalisti bo'lgan do'sti Blez Kompaore bilan birga poytaxt garnizonini ozod qiladi.

"Kim sizni boqsa, o'sha sizni boshqaradi."

Shunday qilib, 33 yoshli Sankara Prezident bo'ladi va uning birinchi qarori "Yuqori Volta" nomini "Burkina-Faso"ga o'zgartirish bo'ladi, bu afrikaans tilida "Sotilmaydiganlar mamlakati" deb tarjima qilinardi.

Ommaviy islohotlar

Yangi prezident "Sharafli inqilobi"ni e'lon qiladi, bu davrda u korrupsiya, ochlik, kasallik va savodsizlikni yengishga bel bog'laydi. Sankara xalqdan qabila boshliqlari uchun soliq yig'ish va dehqonlarning daromad solig'ini bekor qiladi, kambag'allarni oziq-ovqat bilan ta'minlaydi. Ayollar huquqi erkaklarniki bilan tenglashtiriladi, ko'pxotinlilik va qizlarning jinsiy a'zolarini kesish kabi vahshiy odatlar taqiqlanadi.

“Oʻrtoqlar, ayollar ozodligisiz haqiqiy ijtimoiy inqilob boʻlishi mumkin emas. Mayli ko'zlarim ko'rmasin, lekin oyoqlarim meni xalqning yarmi sukut saqlaydigan jamiyatga olib bormasin. Men ayollik sukunatining shovqinini eshityapman. Men ularning bo'ronining shovqinini his qilayapman, ularning isyoni g'azabini his qilayapman."
Toma Sankara do'sti va xaloskor Blez Kompaore bilan birga

Burkina-Faso bolalari mintaqada keng tarqalgan kasalliklarga qarshi 2,5 million emlash uchun vaksina oldilar, kichik ijarachilarning nohaq qarzlaridan kechib yuborildi, Sahroi Kabir qumlarining olg'a siljishini to'xtatish uchun cho'l bilan chegaradosh hududda 10 million daraxt ekiladi.

"Biz armiyamizni xalq bilan samarali ishlashga jalb qilmoqchimiz va ularga vatanparvarlik hissisiz askar shunchaki qonuniy jinoyatchi ekanligini doimo eslatib turmoqchimiz."

"Mersedes" va konditsionerlarsiz

Sankara avtoritar rejim o'rnatadi, Ommaviy axborot vositalarini nazoratga oladi, uning siyosatiga rozi bo'lmaganlarni ishdan bo'shatadi, lekin baribir kambag'al va ayniqsa ayollar orasida mashhur bo'lib qolaveradi. U amaldorlarni mahalliy ishlab chiqarilgan kiyimlarda yurishga majburlagan va davlat amaldorlarining daromadlarini oshkor qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qiladi.

1985-yil 4-avgustda "Sotilmaydiganlar mamlakati" Prezidenti o'zining Renault 5 mashinasida

Prezident hukumatning “Mersedes”larini sotib, amaldorlarni eng arzon "Reno-5" avtomobillarida yurishini yo'lga qo'yadi. Sankara ish kabinetiga konditsioner o‘rnatishdan bosh tortadi. "Bunday dabdabaga ega bo‘lmagan xalqim oldida uyalaman", deya buni izohlaydi Sankara. Shuningdek, u o'z portretlarini hamma joyda osib qo'yishni ham taqiqlagan (salom Turkmaniston!).

"Kapitalizm bizning o'rmonlarimizga o't qo'yuvchidir."

1986-yilda Jahon banki Burkina-Fasoda korrupsiya mag'lub bo'lganligini ta'kidladi. Sankara "Afrikalik Che Gevara" deb ataladi va u yo'llar, ijtimoiy uylar qurishda, shuningdek, savodsizlikka qarshi kurashishda davom etadi. Va eng muhimi, mamlakat Fransiya kapitali ta'siridan xalos bo'lgandi. Ammo bu Parijga ham, o'z xalqi Burkina-Fasodan o'rnak olishidan va o'zgarishlarni talab qilishidan qo'rqqan qo'shni Afrika mamlakatlari diktatorlariga ham yoqmagani turgan gap edi.

"Sotilmaydiganlar mamlakati"ning inqirozi

Muvaffaqiyatsiz tashqi siyosat va qo'shnilari bilan qarama-qarshilik tufayli Burkina-Faso o'zini-o'zi yakkalab qo'ydi. Bu esa iqtisodiy o'sishning pasayishiga olib keladi. 1986-yilda zaiflashib borayotgan SSSR bilan do'stlik o'rnatishga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Prezident xato qila boshlaydi va uning mamlakat ichidagi reytingi pasayadi. Toma Sankaraga uning do'sti Blez Kompaore qarshi chiqadi. Holbuki, uni bir vaqtlar hibsdan aynan Toma ozod qilgandi. Adliya vaziri sifatida Blez Kompaore fransuzlar bilan aloqa o'rnatadi va 1987-yil 15-oktyabrda davlat to'ntarishi tashkil qiladi.

"We must recognize today that it is normal for the wealthiest to be the greatest thieves. When a poor man steals it is merely a theft, a petty crime — it is solely about survival and necessity. The rich are the ones who steal from the treasury, customs duties, and who exploit the people."
Toma Sankara davlat to'ntarishidan bir necha oy oldin

Sankara uni o'ldirishmoqchi ekanliklarini bilardi, lekin u o'z do'stini mahv qilishdan bosh tortadi. Hukumat binosiga bostirib kirgan desantchilarni prezidentning o‘zi kutib oladi. Harbiylar Sankara va uning yigirma nafar eng yaqin tarafdorlarini otib tashlaydilar. Ularning jasadlari bo‘laklarga bo‘linib, noma’lum joyga ko‘milgan. Tomaning xotini va ikki o'g'li qochib ketishadi. O'limidan so'ng surishtirilganda "Sotilmaydiganlar mamlakati"ning sobiq rahbari bor-yo'g'i uchta gitara, to'rtta velosiped va "Peugeot" avtomobili ko'rinishidagi mulklarga egalik qilishi aniqlanadi.

Yangi prezident Blez Kompaorening birinchi qarori shaxsiy Boeing samolyotini sotib olish bo'ladi. Mamlakatda siyosiy mahbuslar uchun bir qancha qamoqxonalar quriladi, muxolifatchilarni yo'qotish boshlanadi, amaldorlarning maoshlari oshiriladi, dori-darmonlarga soliq bekor qilinadi.

Blez Kompaore AQSh prezidenti kichik Jorj Bush bilan

Fransiya Kompaorening kelishini "demokratizatsiya" deb ataydi va 1991-yilda Burkina-Fasoda saylovlar bo'lib o'tadi, unda mamlakat aholisining atigi 7% foizi ishtirok etadi. Shunga qaramay, amaldagi prezident 100% ovoz oladi va Xalqaro Valyuta Fondidan 67 million dollar kredit undiradi. O'zgartirilgan konstitutsiyaga ko'ra, Kompaore deyarli cheksiz hokimiyatga ega bo'ladi.

2014-yilda harbiy to‘ntarish paytida Blez Kompaore o‘z lavozimini tark etdi. Bugungi kunda Burkina-Faso dunyodagi eng kambag'al mamlakatlardan biri bo'lib, u yerda aholisining 90% i qishloq xo'jaligi bilan shug'ullanadi. YaIM bo‘yicha dunyoda 206-o‘rinda turadi, Fransiya kapitali esa mamlakat iqtisodiyotini boshqarishda davom etmoqda. O'ldirilgan Toma Sankara qayta tug'ilish va afrikaliklarning ozod bo'lishiga urinishining ramziga aylanadi.

Burkina-Faso poytaxti Ougadougou shahridagi devordagi Tom Sankarning portreti

Shuni unutmangki, Sankara nafaqat harbiy va siyosatchi, balki ajoyib musiqachi ham bo'lgan: u yaxshi qo'shiqlar yozgan, ularning ba'zilari hali ham Burkina-Fasoning ultraso'l radikal guruhlari tomonidan ijro etib kelinadi.

Afrikalik yoshlar uchun Sankara Qora qit'aning Che Gevarasi, u kabi millat qahramonidir. Va doimo shunday bo'lib qoladi!

O'zbek tiliga Jasurbek Bozorboyev tarjimasi.