Yozuvchilar
February 20, 2021

Folkner olami

Oksford (AQSh) shaharchasi aholisi orasida dunyoga mashhur hamshahari, yozuvchi Uilyam Folkner haqida qiziq latifalar yuradi. Bir kun dehqondan xarid qilgan oziq-ovqatlar uchun chek (hisob-kitob) qog‘ozini olarkan, yozuvchi uning orqasiga: “Sizga to‘lash uchun hozir pulim yo‘q. Lekin bir kunmas bir kun shu qog‘ozdagi imzoim qarzimdan ancha qimmatroq baholanadi”, deb yozadi. Hazil hazil bilan, lekin bugungi kunda Folknerning har bir dastxati oltindan-da qimmat. Jahon adabiyoti tarixida Folkner egallagan o‘rin mustahkamligini nafaqat nasriy asarlari, balki muxlislari huzurida so‘zlagan nut­qlari, esse, maktub va kundaliklaridan iborat kitoblarining katta adadlarda chop qilinishi, ko‘plab tillarga tarjima etilayotgani tasdiqlab turibdi.

Michigan universiteti professori Jozef Blotner qalamiga mansub “Uilyam Folkner biografiyasi” (1984) nomli yirik tadqiqotda adib yashab o‘tgan 64 yilning har bir kuni mayda tafsilotlarigacha bayon etilgan. Monografiyani o‘qirkanmiz, undagi voqealardan Folkner hayoti qanchalik kamtarona kechganini bilib olamiz.

1924 yil Folkner hayoti va ijodida keskin burilish yasagan yil bo‘ldi. U Nyu-Orleanda “yangi ijodkor avlodning otasi” — amerika adabiyotining yirik klassigi Shervud Anderson bilan tanishadi. Mashhur adib yosh Folkner ijodi bilan qiziqib qoladi va unga she’riyatga emas, ko‘proq prozaga e’tibor qaratishni maslahat beradi, “hech narsaga yaramaydigan” she’rlarini o‘qirkan, unga: “Siz uzoqqa borasiz. Faqat asov otni qanday jilovlash lozim bo‘lsa, sizni ham xuddi shunday jilovlamoq kerak”, deydi. Folkner “Marmardan yasalgan favn” nomli ilk she’riy to‘plami muvaffaqiyat qozonmagach, hayotda ko‘pni ko‘rgan Shervud Anderson haq ekaniga ishonch hosil qiladi va ustozi maslahatlariga ko‘ra, prozada yozishga astoydil kirishadi. Lekin u “janublikka xos g‘urur”i bois, osonlikcha yon berishni istamaydi va ustoz Andersonga garov o‘ynash taklifi bilan murojaat qiladi. Hayron bo‘lgan Anderson navqiron qalamkash shartini qabul qilishdan boshqa chora topolmaydi. Qizig‘i keyin boshlanadi. Garov hazil tariqasida unutilayozgan bir paytda Folkner o‘zining birinchi prozaik asari “Askarlik mukofoti” (1926) romanini yozib tugatadi va garovda ustozni yutgan bo‘lib chiqadi.

Birinchi romani “Askarlik mukofoti”da yozuvchi urushning dahshatli manzaralarini real yoritar ekan, undagi “qahramonlik niqobi”ni olib tashlaydi, urushni inson boshiga tushgan falokat sifatida tasvirlaydi. “Urush, aslida, bu Chikagodagi kushxonalardir. Farqi shundaki, urushda go‘sht yerga ko‘miladi”, deb yozadi u. Qahr-g‘azabga to‘la bu so‘zlar urushdan keyingi avlodning hayot maslagiga aylandi.

1930 yili “Forum” jurnalining savollariga javob berarkan, Folkner ijod yo‘li haqida shunday deydi: “Shervud Anderson ismli odamni uchratganimdan so‘ng o‘zimga: “Roman yozsam qanday bo‘larkin?... Shunda balki ishlashga ham hojat qolmas”, deya savol berdim. Aytildimi, demak, bajarish shart. “Askarlik mukofoti” yozildi. “Shovqin va g‘azab” (1929) yozildi. “Avgustdagi yog‘du” (1932) yozildi. Ro‘yxatni yana davom ettirishim mumkin: “Men o‘layotganimda” romanini 1930 yili yozdim. “Absalom, Absalom!” 1936 yili yozildi. “Qishloq” 1940 yili yozildi. “Muso, yerga tush” 1942 yil yozildi. “Rohibaga o‘qilgan motam kuyi” 1951 yili yozildi. “Shahar” 1957 yili yozildi. “Qo‘rg‘on” 1959 yili yozildi. Aytildimi, demak, yozildi”. Bu adibning hazili, albatta. U juda ko‘p ishladi, tinmasdan yozish uni holdan toydirdi. O‘zuv mashinkasi erta tong­dan yarim tungacha taqillardi. Adib butun ijodi davomida yozuvchi iste’dodining 99 foizi mehnatdan iborat bo‘lishi lozim, degan hikmatga amal qildi.

Folkner o‘z ijodida mehr-muhabbat va nafrat tuyg‘ulari bir-birini aslo inkor etmasligini isbotladi. O‘zuvchining so‘zi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha qatlamlarga xos bo‘lgan illatlarga qarshi qaratildi: xoh u kibru havosi baland oliy tabaqa bo‘lsin, xoh savodsiz, real dunyoni tushunmaydigan sodda dehqon bo‘lsin. Irqiy ustunlik nazariyasini qoralarkan, adib irqiy ayirmachilik fojeasini ko‘rsata oldi, amaldorlarning ikkiyuzlamachiligini, diniy xurofot, mutaasiblikni fosh etdi: “Shaharda turli avliyolar nomidagi beshta cherkov bor, lekin bolakaylar qichqirib, shodon va beg‘am o‘ynaydigan, qariyalar esa o‘tirib ularning sho‘xliklarini kuzatadigan bir parcha bo‘sh yer yo‘q... Janubimiz achchiq qismatga yo‘liqqan”, deb yozadi u.

Adib Rossiyadagi oktyabr to‘ntarishini qabul qilmadi. Bir guruh amerikalik yozuvchilar delegatsiyasi tarkibida sovet ittifoqiga borishni taklif etishgandi, u bu taklifni ham rad etdi. Keyinchalik buning sababini u quyidagicha izohlaydi: “Rossiyaning ma’naviy-ruhiy o‘zanini buzgan, Tolstoy, Dostoevskiy, Chexov ideallarini butkul unutib yuborgan, o‘z xalqiga xoinlik qilgan tuzum hukmron bo‘lgan mamlakatga bormaslikni afzal ko‘rdim”.

Yuqorida aytganimizdek, ­Folkner ijodi tinimsiz bahs-munozaralarga, shiddatli tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Tanqidchilar fursatni boy bermay, uning har bir yangi asariga tanqi­diy (ijobiy fikrlar kamdan-kam uchrardi) munosabatini bildirishga oshiqishardi. Shunga qaramay, adib borgan sari AQShda ham, Yevropada ham tanila boshlaydi, yozuvchi degan ulug‘ nomga musharraf bo‘ladi. Biroq kambag‘allik ham o‘z ta’sirini o‘tkazardi: ­nashriyotlar to‘layotgan qalam haqi,kitoblarining sotilishidan kelib turuvchi foizlar oilani tebratishga yetmasdi. U ishlab topgan pullar esa olingan qarzlardan qutulishga arang yetardi.

Ammo o‘shanday sharoitda ­Folknerga Gollivud qiziqib qoladi. Amerika uchun Gollivud nimani anglatishi barchaga ayon. Bu Tinch okeani sohillarida, “farishtalar makoni” atalmish Los-Anjeles yaqinida qad rostlagan oddiy shaharcha emas. Gollivud — cheksiz imkoniyatlar, mislsiz muvaffaqiyatlar, ertaknamo hayot, yashin tezligida erishiladigan shuhrat timsoli.

Gollivudga qadam qo‘yganida Folknerga dabdurustdan: “Biz Sizda yorqin individuallik borligi uchun bu yerga taklif qildik, lekin ish jarayonida bu xislatingizni unutishingiz talab etiladi”, deyishadi. Bunday surbetlik, ijodga ishtiyoqni so‘ndiradigan talabni eshitib, yozuvchi o‘zini bir qadar yo‘qotib qo‘yadi. Asarlaridan biri asosida stsenariy yozishni endigina boshlaganida esa undan o‘sha paytda don­g‘i chiqqan aktrisa Jon Krouford o‘ynaydigan rolni stsenariyga kiritishni talab qilishadi. Muallif ensasi qotib: “Hikoyada ayol obrazi yo‘q-ku”, degan e’tiroziga, “Yo‘q bo‘lsa, bo‘ldirasiz”, degan qat’iy javob oladi.

Nachora, Folkner uchun pul har qachongidan ko‘ra zarur edi: otasi to‘satdan vafot etib, katta oilaning barcha g‘am-tashvishi uning zimmasiga tushgan, u to‘ng‘ich farzand, ustiga-ustak o‘zining ham oilasi bor edi. Musibat eshik qoqib kelmaydi, deb bejiz aytishmagan. Shu orada oilaning kenjasi Din aviahalokat qurboni bo‘ladi. Go‘yo bu ko‘rguliklar adib romanlaridagi fojiali voqealarni takrorlardi. Nochor ahvolga tushib qolgan oilani ham moddiy va ma’naviy ko‘maksiz qoldirib bo‘lmasdi. Shu bois, ma’lum vaqt Folkner mardikor yozuvchiga aylandi. U nima qilayot­gani, qay tarafga borayotganini yaxshi bilardi. Chunonchi, adibning kundaligida shunday achchiq va alamli satrlar bor: “Kaliforniya chegarasiga: “Bu yerga kirmoqchi bo‘lgan inson o‘z orzularini unutsin”, degan so‘zlar yozilgan taxtachali ustun o‘rnatish ­kerak”.

Nima bo‘lganda ham, yozuvchi kitobxonlar e’tiboridan qolmadi, aksiga uning shaxsiga va romanlariga qiziqish orta bordi. Dastlab, Frantsiya adibni Faxriy legion ordeni bilan taqdirladi. Vatani Amerikada ham unga munosabat ijobiy tomonga o‘zgardi. AQSh san’ati va adabiyoti instituti, Adabiyot akademiyasi ham uni faxriy a’zolikka sayladi. Keyin badiiy adabiyotda eng yaxshi roman deb topilgan “Shovqin va g‘azab” asari Milliy mukofotga sazovor bo‘ldi. 1947 yil Folkner uchun katta quvonch keltirdi: Shvetsiyaning nufuzli gazetalaridan birida muxbir bo‘lib ishlaydigan yaqin do‘sti Folknerga uni laureatlik diplomi va mo‘maygina pul kutayotgani haqidagi xushxabarni yetkazdi. Nobel qo‘mitasi e’lon qilgan rasmiy axborotda: “Hozirgi davr amerika romani rivojiga ulkan hissa qo‘shgani uchun”, degan yozuvlar bor edi. 1950 yil dekabr oyida Shvetsiya qiroli Gustav-Adolf Folknerning ko‘ksiga Nobel medalini taqib qo‘ydi. Keyin rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi va nutq so‘zlandi. O‘sha kuni Shvetsiya Fanlar akademiyasining hashamatli zalida ishtirok etganlar Folknerning ovozi bazo‘r eshitilganidan ajablangan bo‘lsalar-da, ertasi kuni gazetalarda chop etilgan adib ma’ruzasi ularda katta taassurot qoldirganini eslashadi...

1960 yil 11 fevralda jahon axborot agentliklari Parijda sodir bo‘lgan avtomobil halokatida mashhur yozuvchi, “G‘arbning isyonkor vijdoni” Alber Kamyu vafot etgani haqida xabar tarqat­di. Kamyu bilan birga ­Folkner qalbining bir bo‘lagi ketdi. “Nuvel revyu Frans” gazetasining maxsus sonida bosilgan maktubida Folkner: “U tinim bilmay izlangan va o‘z-o‘zini so‘roqqa tutadigan qalb sohibi edi. Mashinasi daraxtga borib urilgan chog‘da ham u izlanayotgan va o‘zidan javob talab qilayotgandi, albatta. O‘sha ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘lgan, es-hushni og‘dirgan hayratomuz lahzada u kutgan javobini topolmadimikan?”, deb yozdi.

1961 yilning 2 iyuli ham adibga yana bir zarba olib keldi. Aydaxo shtati, Ketchum shahridagi uyida mashhur adib Ernest Xeminguey olamdan bevaqt ko‘z yumdi. Folknerning qadrdon do‘sti, bir necha avlod ongida, tasavvurida adabiyot sohasida uning raqibi bo‘lib ko‘ringan Ernest Xeminguey endi unga hech qachon yarim chin, yarim hazil xatlar yuborolmasdi. Bu judolik ham uning qalbiga og‘ir botdi. O‘zuvchi kundaligida: “So‘rama jom kim uchun chalinayotir deb, u sen uchun chalinayotir”, degan yozuvni o‘qiymiz.

Bu ikki fojiali o‘lim orasida Folkner onasidan ayrildi. Onasining dafn marosimida u dabdurustdan ukasiga qarab: “Menga ham oz qoldi”, deydi.

Oxirgi yillarda Folkner deyarli yozmadi. Do‘stlariga ko‘nglidagini yashirmay: “O‘nmayapman. Agar “yonib” qolsam, albatta, mashinkaga o‘tiraman”, deydi. Demak, u ilhom qachonlardir qaytib kelishiga chin yurakdan ishongan. Ehtimol, aytmoqchi bo‘lganini aytib, yozmoqchi bo‘lganini yozib bo‘lgandir...

1962 yil 17 iyun kuni Folkner otdan yiqilib tushadi. Umurtqasida kuchli og‘riq sezsa-da, chidab yuradi. 5 iyul kuni uni kasalxonaga yotqizadilar. Odatdagidek tekshirishlar, tibbiy ko‘riklar boshlanadi. Oradan bir kun o‘tib, tush mahali adib yuragi urishdan to‘xtadi — 64 yil, 9 oy va 11 kun davom etgan matonatli umr yakun topdi.

Ispaniyalik mashhur yozuvchi Migel de Unamuno Servantes yaratgan Don-Kixot obraziga ta’rif berib: “Agar dunyoda chang-to‘zon ko‘tarilsa, andisha, vijdon, ezgu-saxovat, g‘amxo‘rlik ko‘kka sovurilsa, agar xudbinlik hissi nafsoniyat ko‘zni qamashtirsa, jaholat girdobiga tushib qolgan odamlar shaxsiy manfaat uchun bir-birining joniga qasd qilishga shay bo‘lsa Don-Kixotlarcha — tishni tishga qo‘yib ma’naviyatni, axloq-odobni, insoniy fazilatlarni saqlab qolishga, g‘alaba qozonishga, umid bilan barchasini himoya qilishga to‘g‘ri keladi”, deb yozgan edi.

Fikrimizcha, Folkner XX asrning oxirgi Don-Kixotlaridan edi. Kundaligida u: “Odam umrining boqiyligi shundaki, yengib o‘tishiga ko‘zi yetmaydigan fojialar bilan to‘qnashganda ham u baribir bu ishni uddalashga harakat qiladi”, deb yozadi.

Folkner hayotligida mashhurlikka beparvo qaragan edi. Dunyo­ga yoyilgan shuhrati haqida gap ochilganda, uning hatto g‘azabi qaynardi. Vafotidan keyingi shon-shuhrati haqida esa o‘ylamasdi ham. Adibning yagona bir orzusi bor edi: “Tasavvur qiling, umrbod unutilib, mangu uyqu pardasi ortidan yo‘q bo‘lib ketarkan, odam o‘zidan keyin biron narsa — xoh u yodda qoluvchi bir xotira, xoh surat bo‘lsin — nimadir qoldirib ketadi. Ijodkordan yozgan asarlari qoladi. Ana shu yozuvchi hayotining izi. Garchi qalamkash hayotdan ko‘z yumib, mangulikka ketganida ham, kimdir uning shu zaminda, odamlar orasida yashaganini yodga oladi”.

MUHAMMADJON XOLBEKOV

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 43-sonidan olindi.

Mutolaada bo‘ling:

t.me/e_kutubxona