October 30

#yangilik #новости #news  


⚖️ Mamlakatimizda “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oya asosida bosh qomusimizningning 32 yilligini munosib kutib olish hamda yuksak saviyada nishonlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishning ijrosini ta’minlash maqsadida texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasidagi ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan normalar, Konstitutsiyaning erkin va farovon hayotni taʼminlaydigan jihatlari xususida so‘z yuritiladi.

🔸 “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchi Usmonova Odina Habibovnaning “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” mavzusidagi maqolasi chop etildi.


Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi

“Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi.”

Sh.M.Mirziyoyev.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishni imzoladi. Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 32 yilligini munosib kutib olish hamda yuksak saviyada nishonlash uchun “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Mazkur farmoyishda quyidagi masalalarga eʼtibor qaratish taʼkidlangan bo‘lib, xususan:

-  Yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalarda, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;

-   So‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va rolini yoritish;

-  “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini ochib berish;

-  Mulkiy huquqlarning ishonchili himoyasini taʼminlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini targ‘ib qilish;

- “Konstitutsiya oyligi” doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida barcha o‘quvchi hamda talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini o‘tkazish.[1]

Buyuk sarkarda, davlat arbobi Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb taʼkidlagan edilar. Zero, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash mamlakatimizda barpo etilayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.

Tabiiyki, har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi Konstitutsiya va qonun ustuvorligi taʼminlanishi bilan bevosita bog‘liq.

2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referundumda Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilindi. Albatta, mazkur Konstitutsiya loyihasi bugungi kun talablaridan kelib chiqib, tom maʼnoda takomillashtirilgan, o‘zida Yangi O‘zbekistonni qurish uchun, kelajakda davlatimizning rivojlangan davlatlar qatorida ko‘rish imkonini beradigan, chinakam huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati amal qilishi uchun xizmat qiladigan mukammal qilib yaratilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida eʼtirof etilgan g‘oyalarning mazmun-mohiyatidan bugungi kunda mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda davlat siyosatining uyg‘un tarzda olib borilayotganini guvohi bo‘lib turibmizki, zero, unda: O‘zbekiston yagona xalqi sifatida,

- inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib,

- demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatimizni namoyon qilib,

- inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda,

- davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosiga tayanib,

- mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib,

- xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda,

- O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʼminlashni maqsad qilgan holda[2] ushbu Asosiy Qonunni qabul qilganni o‘z aksini topgan bo‘lib, juda chuqur mazmunga ega.

Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning har bir sohadagi tashabbuslari va qatʼiy siyosiy irodasi bilan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan va Taraqqiyot strategiyasi asosida davom etayotgan keng qamrovli islohotlar va saʼy-harakatlar natijasida mamalaktimizda ijtimoiy davlat qurishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.[3]

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasiga eʼtibor qaratidigan bo‘lsak, yangi tahrirdagi norma davlatimizning qanday davlatga aylanishi, qanday davlat qurish maqsad qilinganligini aniq ko‘rsatib turibdi, yaʼni O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Ushbu jumlalar negizida juda katta salmoqdagi mazmun-mohiyat hamda islohotlar, farovon turmush tarzini yaratishga bo‘lgan intilishlar yotadi.

Birgina norma, yaʼni O‘zbekistonning ijtimoiy davlat deb belgilanishiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xususan,“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullarini olaylik. Bunda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish, aholining bandligini taʼminlash va uning daromadlarini oshirish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatli tizim orqali yordam ko‘rsatishga alohida eʼtibor berilmoqda. Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi ekanligini biz respublikada amalga islohotlar jarayonida ko‘rib turibmiz. Binobarin, barcha islohotlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar “Inson qadri uchun”,“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Davlat – inson uchun”,“Inson – jamiyat – davlat” degan xalqchil tamoyillar asosida olib borilmoqda.


Usmonova Odina Habibovna

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi

“Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi