October 29

#yangilik #новости #news  


⚖ Mamlakatimizda “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oya asosida bosh qomusimizningning 32 yilligini munosib kutib olish hamda yuksak saviyada nishonlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishning ijrosini ta’minlash maqsadida texnikumining pedagog-xodimlari tomonidan Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasidagi ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan normalar, Konstitutsiyaning erkin va farovon hayotni taʼminlaydigan jihatlari xususida so‘z yuritiladi.

🔸 “Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari Ubaydullayev Ilxomjon Raxmatovich va Jiyanova Shohida Mahsumovnalarning “Ijtimoiy davlatga samarali ijtimoiy himoya siyosati orqali erishamiz” mavzusidagi maqolasi chop etildi.


Ijtimoiy davlatga samarali ijtimoiy himoya siyosati orqali erishamiz

«Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli „Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat“, degan tamoiyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi».

Sh.M.Mirziyoyev.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohadagi islohotlarning negizida Konstitutsiyamizda belgilangan normalarning amalda o‘z ifodasini topishidek muqaddas maqsad yotadi. Yangi O‘zbekiston davlatini barpo etishda yangi konstitutsiyaviy huquqiy maqom sifatida O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekanligi eʼtirof etildi.

Ijtimoiy davlat tushunchasi xususida fikr yuritilganda, ijtimoiy davlat g‘oyasi, dastlab qadimgi Sharqda, xususan, mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan ilgari surilgan. Qomusiy alloma Abu Nasr Forobiy maʼrifatli insonlar jamoasini, ideal jamiyat g‘oyasini “Fozil odamlar shahri” asarida bayon etgan.

Ijtimoiy davlat barpo etish Alisher Navoiy bobomizning ham ezgu orzusi bo‘lgan. U insonlarning baxtli yashashi uchun munosib ijtimoiy muhit yaratish, farovon jamiyat qurish, maʼrifatli davlat boshqaruvi, adolatparvar va odil hukmdor, insonlar o‘zaro mehr-oqibatli va bag‘oyat ahloqiy bo‘lish kabi qarashlarni ilgari surgan edi. Shunga o‘xshash g‘oyalarni Nizomiy larni Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy Sheroziy, Ahmad Donish singari qator allomalarimiz ijodida ko‘rishimiz mumkin.[1]

Ijtimoiy davlat – bu davlatning konstitutsiyaviy huquqiy maqomi bo‘yicha sifat tavsifi bo‘lib, unda inson va fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy huquq va erkinliklari hamda davlatning tegishli majburiyatlari konstitutsiyaviy kafolatlanganligini taqozo etadi.[2]

Ijtimoiy davlat jamiyatning umumiy manfaatlariga xizmat qilib, undagi ijtimoiy farqlarni kamaytirishga yoki istisno qilishga intiladi. Davlatning ijtimoiy xarakteri ko‘p hollarda uning asosiy qonunida mustahkamlab qo‘yiladi. Agar xorijiy tajriba va amaliyotga eʼtibor qaratilsa, 1949 yil ilk bor GFR davlati, keyinchalik boshqa Yevropa davlatlari, MDH davlatlari konstitutsiyalarida ham ijtimoiylik o‘zining konstitutsiyaviy ifodasini topa boshladi. Va nihoyat O‘zbekiston Respublikasida ham 2023 yil 30 aprelda referendum orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham o‘z ifodasini topdi.

Qayd etish joizki, ijtimoiy davlat – sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muhtojlarni uy-joy bilan taʼminlash, bandligini taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat modelidir[3]

Ijtimoiy davlat insonlarning mehnati va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ish haqining minimal kafolatlangan miqdorini belgilash, oila, onalik, otalik va bolalikka, nogiron va keksa kishilarga yordam berishni taʼminlash, davlat pensiyalari, nafaqa va ijtimoiy himoyaning boshqa turlarini kafolatlash majburiyatiga ega. Ijtimoiy davlatning moddiy zamini muhtoj qatlamlarning yashash minimumini taʼminlay oladigan iqtisodiy rivojlanishning yuksak darajasidir, deyish o‘rinlidir.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining bir qator normalariga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, mazkurijtimoiy davlatdagi ijtimoiy siyosatning asosiy konstitutsiyaviy asoslarini ko‘rishimiz hamda aniq tushunib olishimiz mumkin, zero:

– ish bilan taʼminlash va mehnat muhofazasi;

– mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini kafolatlash;

Bunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega deb belgilanganligi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi nazarda tutilgan.

– Sog‘liqni saqlash;

Bunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligining belgilanishi, davlatning sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini ko‘rishi, davlatning jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi nazarda tutilgan.

– Oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida bo‘lishi hamda qo‘llab-quvvatlanishi;

Bunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 76-moddasida Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishi, nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi nazarda tutiladi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 78-moddasida esa farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekanliklari, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, davlatning va jamiyatning bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi nazarda tutiladi.

– Nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnatga layoqatsizlar va keksalarga g‘amxo‘rlik;

– ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish;

Bunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 57-moddasida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi, davlatning aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rishi, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini taʼminlashi nazarda tutilgan.

– davlat pensiyalarini, boshqa to‘lov va nafaqalarni belgilash;

Bunda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 46-moddasida har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot huquqiga ega bo‘lishi, qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligining belgilanshi shular jumlasidandir.

Ubaydullayev Ilxomjon Raxmatovich

Jiyanova Shohida Mahsumovna

Farg‘ona viloyat yuridik texnikumi

“Mutaxassislik fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari.