Jahon adabiyoti
March 30, 2021

Zolim. Uilyam Demil

Tashqarida salqin kuz havosi ila yo‘g‘rilgan o‘rmon uzra oktyabr quyoshi zaif nur sochmoqda edi.
Ichkarida esa hozircha bizga notanish qandaydir bir erkak tog‘ bag‘rida joylashgan lagerdagi o‘z bo‘lmasida o‘y surgancha tik turib qolgandi. U o‘tkir ichimliklar hamda qurol-ashyolari saqlanadigan shkafga yuzma-yuz turardi. Shkaf eshigi ochiq qolgan; Jadson Veb – ya’ni, boyagi erkak – qish arafasida bu yerdan ketish tadorigini ko‘rmoqda edi, hademay u bilan xotini Marsi o‘z ona yurtlariga qaytib ketishadi.
Jadson allaqanday shisha turgan shkafga ko‘zi tushgani hamon birdan afti-angori o‘zgardi. U yerdagi hamma shishalar bus-butun turar, faqat birgina shishaning og‘zi ochilib qolgandi. Bu ochilgan shisha ichidagi viski esa yarimdan ham ozroq edi. Ustiga-ustak, qo‘l tekkan ushbu shisha yonidagi stakani bilan boshqalaridan oldinroqqa qo‘yib qo‘yilgandi. Jadson shkafdagi o‘sha shishaga qo‘lini tekizgan zahoti yotoqxonadan xotinining ovozi keldi:
“Men hamma narsalarni joylab bo‘ldim, Jadson. Kalitlarni olib ketish uchun Alek kelgani yo‘qmi hali?”
Alek bu yerdan taxminan bir milcha narida yashar, u jo‘nab ketayotgan shaharliklarning yozgi lagerlariga ko‘z-quloq bo‘lib turadigan xizmatchi edi.
“Bir yarim soatlarda qaytib kelaman, deganday bo‘luvdi”.
Marsi jomadonini ko‘targancha xonaga kirib keldi. U erining qo‘lidagi shishani ko‘rgan on esxonasi chiqib ketdi.
“Jadson!”- deb yubordi u, “Nima balo, kallayi saharlab otib olmoqchimisan, esing joyidami o‘zi?”
“Bekorga xunob bo‘lyapsan, azizam”, - dedi Jadson irjayib. “Bu shishaga hali labimni ham tekizganim yo‘q: men faqat uning ichiga nimanidir solib qo‘ymoqchiman”.
Vasvasaga tushgan erkak stol ustiga ikki dona oppoq tabletkalarni qo‘ydi-da, viski shishasini ochishga shaylandi. Erining ovozidagi bu ohangdan Marsining ko‘ngli battar xijil bo‘lgandi; sababki, eri jami odam zotiga qarama-qarshi holda nimanidir rejaga solgandagina ovozi bunday ohangga kirardi.
“O‘tgan qishda bu uyga kimdir-birov kirgan ko‘rinadi. U ichimlikni o‘g‘irlaganu biz yo‘qligimizda tag‘in kirib, viskidan totib ko‘rgan”, - deya so‘zida davom etdi u, “lekin endi bu gal o‘sha noinsof yaxshigina tavbasiga tayanadi”.
Ayol erini shisha ichiga tabletkalarni bittama-bitta tashlayotganini kuzatib turdi.
“Ular nima o‘zi?”- deb so‘radi u sarosima ichida. “Ishqilib, o‘sha odamni mayib-majruh qilib qo‘yadigan biron og‘u bo‘lmasin?”
“Qilganda qandoq! Hech bir doktor endi uni qutqarib qololmaydi”. Erkak shishaning og‘zini yopdi-da, yana shkaf ichiga, kichkinagina viski stakani yoniga qo‘yib qo‘ydi.
Ayolning yuzi oqarib ketgandi. “Bunday qilma, Jadson”, - deya yolvordi u. “Shaytonga xay ber. Axir seni nima haqing bor -”
“O‘z mol-mulkimni himoya qilish pallasi yetganida men ham o‘z qoidalarimni yarata olaman”.
“Balki biz kelasi yil ko‘klamgacha bu yerda bo‘lmasmiz. Aytaylik, nimadir yuz bersa, rejalarimiz o‘zgarib qolishi ham mumkin-ku – axir hech kim bilmaydi - ”
Yo‘q, bironta so‘zning foydasi yo‘q edi, ayol buni allaqachon anglab yetgandi. Erkak batamom o‘zi yaratgan “qoida” ustida g‘irt zolimga aylanib bo‘lgandi.
“Pastga tushib, lagerdagilar bilan xayrlashib tura qolay”, - dedi ayol ohista. “Meni o‘sha yerdan olib ketarsan”.
Marsi ichida bor gapni Alekning xotiniga shipshitib qo‘yishga qaror qilgandi. Zotan kimdir bu sirdan voqif bo‘lmog‘i zarur edi.
Xotini pastga tushib ketishi bilan Jadson ham shkafni yopa boshladi; shunda uning xayoliga yarq etib hovliga quritish uchun qo‘ygan botinkalari keldi. Ularni ham shu shkafga joylashi kerak edi, shunday ekan Jadson shkaf eshigini ochiq qoldirdi-da, botinkalarini olish uchun ular turgan stol tomon shoshilgancha ketdi.
Botinkalari tomon Jadson endigina qo‘lini cho‘zgan ham ediki, to‘satdan nimanidir bosib olib, o‘sha zahoti oyog‘i toyib ketdi va ulkan stolga boshi bilan urilgancha yerga guppa tushdi.
Oradan bir necha daqiqalar o‘tgach, u yotgan yerida qo‘ltiqlari orasida Alekning kuchli qo‘llarini his qildi.
“Unaqa yomon darajada toyib ketganingiz yo‘q, janob Veb. Hash-pash deguncha o‘zingizga kelib qolasiz. Mana, buni iching-chi; bu sizni bir zumda otday qilib qo‘yadi”.
Kichkinagina viski stakani Jadsonning lablariga tegdi. Hali – hanuz atrofidagi borliqni to‘liq anglab ololmay, beshafqat Jadson hushsiz holda stakandagi viskini ichib yubordi.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi


Hikoyachi