Tamaki va shayton | Akutagava Ryunoske
Qadim zamonlarda Yaponiyada tamaki haqida hech qanday tushuncha bo‘lmagan. Solnomalarning guvohlik berishicha, u mamlakatimizga qachon kirib kelgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar juda ziddiyatlidir. Ba’zilarida bu voqea Keyte yillarida, boshqalarida esa Temmon yillarida sodir bo‘lgani aytiladi. Biroq, Keytening o‘ninchi yiliga kelib, mamlakatimizda tamaki, chamasi, hamma joyda yetishtirilayotgan edi. Tamaki barglarini chekish o‘sha paytda qanchalik odat tusiga kirganini Bunroku yillaridagi mashhur qo‘shiqcha tasdiqlaydi:
Yaponiyaga tamakini kim olib kelgan? Bu kimning ishi? Tarixchilar - ha, ular bir ovozdan javob berishadi: yo portugallar, yo ispanlar. Ammo bu savolga boshqa javoblar ham bor. Ulardan biri o‘sha davrlardan saqlanib qolgan afsonada keltirilgan. Bu afsonaga ko‘ra, Yaponiyaga tamakini qayerdandir shayton olib kelgan. Va bu iblis qandaydir katolik ruhoniysi (ehtimol, avliyo Fransisk) bilan birga Yaponiyaga kirib kelgan.
Ehtimol, xristian diniga e’tiqod qiluvchilar meni o‘z ruhoniylariga tuhmat qilishda ayblashar. Shunday bo‘lsa-da, aytishga jur’at etamanki, tilga olingan afsona haqiqatga juda o‘xshaydi. Nima uchun? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar Yaponiyaga janubiy yovvoyilarning xudosi bilan birga janubiy yovvoyilarning shaytoni ham kirib kelayotgan bo‘lsa, tabiiyki, yaxshilik bilan birga bizga Yevropadan yomonlik ham kirib keladi.
Men tamakini Yaponiyaga iblis olib kelganini isbotlay olmasam kerak. Biroq, Anatol Frans yozganidek, iblis bir tup rezeda yordamida qandaydir qishloq ruhoniysini yo‘ldan urishga muvaffaq bo‘lgan. Aynan shu oxirgi holat meni tamaki va shayton haqidagi hikoya mutlaqo yolg‘on ekanligiga shubha qilishga majbur qildi. Darvoqe, agar u baribir yolg‘on bo‘lib chiqsa, bu yolg‘onda ozgina bo‘lsa-da haqiqatni ko‘rmagan odam qanchalar adashgan bo‘lardi. Shuning uchun ham tamakining yurtimizga qanday kirib kelgani haqida hikoya qilishga jur’at etdim.
O‘n sakkizinchi yili Temmon nomli iblis, missionerga aylanib, Fransisk Ksavega hamroh bo‘lib, uzoq dengiz safarini eson-omon bosib o‘tdi va Yaponiyaga yetib keldi...
U missionerga quyidagicha aylandi: Bir kuni qora kema Amakava yaqinidami yoki boshqa biror joyda to‘xtaganida, missionerlardan biri qirg‘oqqa tushmoqchi bo‘ldi. Bundan bexabar kemachilar usiz yo‘lga chiqib ketdilar. Xuddi shu payt kemada nima bo‘layotganini hidlab, dumini kemaning reysiga ilib, boshi bilan pastga osilgan iblisimiz orqada qolgan odam qiyofasiga kirib, avliyo Fransiskka jon-jahdi bilan xizmat qila boshladi. Doktor Faust huzuriga qip-qizil plash kiygan gusar bo‘lib kelgan maestro uchun bu arzimas ish edi...
Biroq u bizning yurtimizga kelgach, ko‘rganlari Yevropada bo‘lganida Marko Poloning "Xotiralar"ida o‘qigan narsalariga sira ham to‘g‘ri kelmasligiga ishonch hosil qildi.
Masalan, "Xotiralar"da Yaponiyada oltin mo‘l-ko‘l deyilgan bo‘lsa-da, iblis atrofga qanchalik sinchkovlik bilan qaramasin, oltinni ko‘rmadi. Shunday ekan, deb o‘yladi u, muqaddas xochni sekin qirib, oltinga aylantiraman - hech bo‘lmasa shu bilan kelajakdagi izdoshlarni yo‘ldan ozdiraman.
Yana "Xotiralar"da yaponlar marvarid kuchi yoki shunga o‘xshash narsa orqali o‘liklarni tiriltirish sirini bilishlari aytilgan edi. Afsus! Bu yerda ham Marko Polo aldagan ko‘rinadi. Agar bu ham yolg‘on bo‘lsa, har bir quduqqa tupurish bilan dahshatli kasallik tarqaladi va odamlar cheksiz azob-uqubatlardan bu jannatni unutadilar.
Avliyo Fransiskning orqasidan ergashib, atrofni mamnun nigoh bilan ko‘zdan kechirar va quvonch bilan jilmayar ekan, iblis o‘zicha shunday o‘ylardi.
To‘g‘ri, uning rejasida qandaydir kamchilik bor edi. Hatto u, iblis ham bunga bas kelolmasdi. Gap shundaki, Fransisk Ksave hali o‘z va’zlarini boshlashga ulgurmagan, demak, hali yangi e’tiqod qiluvchilar paydo bo‘lmagan, shu sababli iblisning hozircha munosib raqibi yo‘q, boshqacha aytganda, vasvasaga soladigan kishisi yo‘q edi. Ming marta iblis bo‘lsang ham, tushkunlikka tushadigan holat! Eng muhimi, u birinchi, eng zerikarli vaqtni qanday o‘tkazishni tasavvur ham qilolmasdi.
U ancha o‘ylab, oxiri dehqonchilik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Uning quloqlarida turli xil o‘simliklar va gullarning urug‘lari saqlanardi; u bularni Yevropadan jo‘nashdan oldin tayyorlab qo‘ygandi; yaqin atrofdan bir parcha yerni ijaraga olish qiyin emasdi. Buning ustiga avliyo Fransiskning o‘zi bu mashg‘ulotni juda munosib deb topdi. Avliyo, albatta, xizmatkorining Yaponiyada qandaydir shifobaxsh o‘simlik yetishtirmoqchi ekaniga shubha qilmasdi.
Iblis darhol kimningdir ketmonini olib, yo‘l yoqasidagi dalani zo‘r berib chopishga kirishdi.
Bahorning ilk kunlari edi, yerni qalin tuman qoplagan, olisdagi qo‘ng‘iroq ovozi cho‘zilib, uyqu keltirardi. Bu yerdagi qo‘ng‘iroqlar g‘arbda iblis o‘rganib qolgan, miyani zirqiratadigan qo‘ng‘iroqlardan farqli o‘laroq, ohangdor va mayin jaranglardi. Ammo iblis bu yerlarning osoyishtaligiga berildi, ko‘ngli yumshadi deb o‘ylasangiz, ehtimol, yanglishgan bo‘lardingiz.
Budda qo‘ng‘irog‘i uni bir paytlar avliyo Pavel qo‘ng‘irog‘idan ham ko‘proq norozi qilib, aftini burishtirdi va u yanada g‘ayrat bilan dalani yumshatishda davom etdi. Bu sokin qo‘ng‘iroq sadolari, tog‘ cho‘qqilaridan bir maromda tushadigan quyosh nurlari yurakni g‘alati tarzda yumshatardi. Bu yerda nafaqat yaxshilik qilish istagi yo‘qolardi, balki yomonlik qilish xohishi ham butunlay yo‘q bo‘lardi! Yaponlarni yo‘ldan urish uchun shuncha uzoq yo‘l bosib kelish kerak edimi?!
Shuning uchun ham doimo mehnatdan jirkanib kelgan iblis - hatto singlisi Ionna ham unga "Kaftlaringda qadoq yo‘q" deya ta’na qilardi - endi ketmonni zo‘r berib silkitardi. U tanasini ham egallab olish xavfini solayotgan ma’naviy dangasalikni o‘zidan haydamoqchi edi.
Bir oz vaqt o‘tgach, iblis dalani yumshatib bo‘lib, quloqlarida olib kelgan urug‘larni tayyor egatlarga sepdi.
Bir necha oy o‘tgach, shayton sepgan urug‘lar nish urib, poya chiqardi, yoz oxiriga kelib esa keng barglar butun dalani qoplab oldi. O‘simlikning nomini hech kim bilmasdi. Hatto avliyo Fransiskning o‘zi iblisdan so‘raganda ham, u faqat iljayib, indamay qo‘ya qolardi.
Shu orada poyalarning uchida gullar qalin osilib turardi. Ular voronka shaklida bo‘lib, och binafsha rangda edi. G‘unchalarning ochilishini ko‘rib, shayton g‘oyat quvonardi. Har kuni ertalabki va kechki ibodatdan so‘ng dalaga kelib, gullarni mehribonlik bilan parvarish qilardi.
Kunlardan bir kun (bu voqea va’z aytgani ketgan avliyo Fransiskning yo‘qligida sodir bo‘ldi) dala yonidan mol savdogari ola ho‘kizini yetaklab o‘tib qoldi. Chetan devor ortida, och binafsha rang gullar qalin o‘sgan joyda u qora rido va keng soyabonli shlyapa kiygan missionerni ko‘rdi; u o‘simlik barglarini hasharotlardan tozalayotgan edi. Bu gullar savdogarni hayratga soldi. U beixtiyor to‘xtab, shlyapasini yechdi-da, missionerga muloyimlik bilan murojaat qildi:
- Quloq soling, muhtaram avliyo! Bu qanaqa gullar ekan, aytib bera olasizmi?
Xizmatkor o‘girilib qaradi. Qizil sochli kishining burni kalta, ko‘zlari kichkina, ko‘rinishi juda muloyim edi.
- Ha, o‘shalar, janob hazratlari.
Qizil sochli kishi chetan devor yoniga kelib, bosh chayqadi. So‘ng o‘ziga notanish bo‘lgan yapon tilida javob berdi:
- Juda afsusdaman, ammo gulning nomini ayta olmayman.
- Qanday baxtsizlik! Ehtimol, avliyo Fransisk sizga bu haqda menga og‘iz ochmang, deb tayinlagandir?
- Yo‘-o‘q! Gap butunlay boshqa narsada.
- Unday bo‘lsa, marhamatli janob, menga bir og‘iz so‘z ayting. Axir meni ham avliyo Fransisk ma’rifatli qilib, sizning xudoyingizga imon keltirgan-ku.
Savdogar g‘urur bilan ko‘kragiga urdi. Darhaqiqat, uning bo‘ynida quyoshda yaltirab turgan kichkina jez xoch osilib turardi. Ehtimol, uning jilosi haddan tashqari o‘tkir ediki, missioner boshini quyi soldi. Keyin missioner hazilmi-chinmi, samimiy ohangda dedi:
- Afsuski, ilojim yo‘q, azizim. Buni dunyoda hech kim bilmasligi kerak - mening yurtimda shunday qoida bor. Lekin sen o‘zing topishga urinib ko‘r! Axir yaponlar donishmand-ku! Topsang, dalada o‘sgan hamma narsa seniki bo‘ladi.
"Qizil sochli kishi ustimdan kulmayaptimikan?" - deb o‘yladi savdogar.
Oftobda qoraygan yuzida tabassum bilan u missionerga ehtirom ko‘rsatib ta’zim qildi.
- Bu nimaligini sira tushunolmayapman! Bunchalik tez topolmayman ham.
- Bugun bo‘lmasa ham mayliga. Senga uch kun muhlat beraman, yaxshilab o‘ylab ko‘r. Hatto birortasidan so‘rab olsang ham bo‘ladi. Topsang, hammasi seniki bo‘ladi. Buning ustiga qizil vino ham olasan. Yoki, agar xohlasang, senga jannat va barcha avliyolar tasvirlangan chiroyli suratlar sovg‘a qilaman.
Savdogar, chamasi, bunday qat’iyatdan cho‘chib ketdi:
- Agar topolmasang... - Missioner shlyapasini gardaniga surib, kaftini silkitdi-da, kulib yubordi. Qarg‘a qag‘illagandek qattiq kuldi. Savdogar uning kulgisidan ham hayron qoldi. - Agar topolmasang, unda men ham sendan biror narsa olaman. Xo‘sh, qanday? Bunday bitim senga ma’qulmi? Topasanmi, yo‘qmi? Topsang - hammasi seniki.
Uning ovozida ilgarigidek muloyimlik sezilib turardi.
- Mayli, janoblari, shunday bo‘la qolsin. Men esa siz uchun jonimni ham berishga tayyorman, nima istasangiz hammasini beraman.
- Nahotki hammasi? Hatto o‘z ho‘kizingni ham-a?
- Agar siz shu bilan qanoatlansangiz, hoziroq oling! - Savdogar miyig‘ida kulib, ho‘kizning peshonasiga urib qo‘ydi. Chamasi, u oqko‘ngil xizmatkorning o‘zi bilan hazillashmoqchi bo‘lganiga ishonchi komil edi. - Agar yutib chiqsam, mana shu gullagan o‘t-o‘lanlarning hammasini olaman.
- Xo‘p, xo‘p. Xo‘sh, kelishdikmi?!
- Kelishdik, muhtaram janob. Rabbimiz Iso Masih nomi bilan qasam ichaman.
Missionerning kichkina ko‘zlari chaqnab ketdi, u mamnunlik bilan o‘zicha nimadir deb g‘o‘ldiradi. Keyin chap qo‘lini biqiniga tirab, ko‘kragini biroz kerib, o‘ng qo‘li bilan och binafsha rang gulbarglarni ushlab, dedi:
- Agar topolmasang, joningni ham, taningni ham olaman.
Missioner shunday dedi-da, qo‘li bilan shlyapasini yechdi. Qalin sochlari orasida echkinikiga o‘xshagan bir juft shox ko‘zga tashlandi. Savdogar oqarib ketdi va shlyapasini tushirib yubordi. Noma’lum o‘simlikning barglari va gullari xiralashdi - ehtimol, quyosh shu lahzada bulut ortiga yashiringani uchundir. Hatto ola ho‘kiz ham nimadandir qo‘rqqanday boshini egib, bo‘g‘iq bo‘kirdi; yer ham ovoz berganday bo‘ldi.
- Gap bunday, azizim! Garchi sen menga va’da bergan bo‘lsang ham, va’da va’daligacha qoladi. Shunday emasmi?! Axir sen men ayta olmaydigan nom bilan qasam ichding-ku. Qasamingni unutma. Senga uch kun muhlat. Endi xayr.
Iblis muloyim ohangda gapirardi, uning muloyimligi zamirida mensimaslik yashiringan edi. Keyin u savdogarga ta’zim qildi.
Shunda savdogar o‘zining laqma odam kabi shaytonga aldanganini angladi. Agar shunday davom etsa, u nopokning changalidan qutulolmay, "abadiy do‘zax olovida" qovurilishi muqarrar edi. Demak, u behuda avvalgi e’tiqodidan voz kechib, cho‘qintirilgan ekan. Qasamni buzish aslo mumkin emas - axir u Dzessusu Kirisito nomi bilan ont ichgan-ku! Albatta, avliyo Fransisk shu yerda bo‘lganida, ishlar bir amallab hal bo‘lardi, biroq baxtga qarshi, u yo‘q edi. Savdogar uch kecha ko‘z yummadi. U iblis kishanlarini parchalash yo‘lini izlab, g‘alati gulning nomini har qanday yo‘l bilan topishdan boshqa iloj topolmadi. Ammo avliyo Fransiskning o‘zi ham bilmagan nomni unga kim aytardi!
Shartnoma muddati tugaydigan kuni kechqurun savdogar o‘sha ola ho‘kizini yetaklab, missionerning uyiga sekin yaqinlashdi. Uy dala yaqinida, yuzi yo‘lga qaratib qurilgandi. Missioner allaqachon uxlayotgan bo‘lsa kerak. Uning uyidan biror yorug‘lik chiqmasdi. Oy nur sochardi, biroq havo biroz bulut, sokin dalada tun g‘ira-shirasida u yer-bu yerda g‘amgin och binafsharang gullar ko‘zga tashlanardi. Savdogarning qandaydir rejasi bor edi, to‘g‘ri, unchalik ishonchli emas, lekin bu ma’yus joyni ko‘rib, g‘alati qo‘rquv his qildi va kech bo‘lmasdan qochishga chog‘landi. Eshik ortida echki shoxli janob uxlab, do‘zaxiy tushlar ko‘rayotganini tasavvur qilgach esa, uning shunchalik ehtiyotkorlik bilan saqlagan jasoratining so‘nggi qoldiqlari ham yo‘qoldi. Biroq joni va tani nopokning qo‘liga tushay deb turganida, ruhiy zaiflikdan hiqichoq tutishi o‘rinsiz edi.
Shunda savdogar Birudzen Mariyaning himoyasiga butunlay ishonib, rejasini amalga oshirishga kirishdi. Reja juda oddiy edi. U ola ho‘kizni ushlab turgan arqonni yechib, bor kuchi bilan uning dumbasiga tepdi.
Ola ho‘kiz sakrab, devorni buzib o‘tdi-da, butun dala bo‘ylab izg‘ib, uy devorini ham bir necha bor shoxlashni unutmadi. Dupur va bo‘kiriq tovushlari kuchsiz tun tumanini titratib, uzoq-uzoqlarga tarqaldi. Derazalardan biri shartta ochildi... Qorong‘ida yuz ko‘rinmasdi, ammo u yerda, shubhasiz, missioner qiyofasidagi iblisning o‘zi turardi. Xizmatkorning boshida shoxlar ko‘rinardi. Darvoqe, bu savdogarga shunchaki ko‘ringan bo‘lishi ham mumkin.
- Qaysi hayvon u yerda mening tamakimni toptayapti? - uyqudan uyg‘onib baqirdi iblis qo‘llarini siltab. U g‘oyat g‘azablangan edi - kimdir uning uyqusini buzishga jur’at etgandi. Ammo dala ortida yashirinib turgan savdogarga uning xirillagan so‘kishlari xudoning ovozidek eshitildi.
- Qaysi hayvon u yerda mening tamakimni toptayapti?!!
Bunday hikoyalarda bo‘lgani kabi, keyingi voqealar ham juda yaxshi kechdi. Gulning nomini topib, savdogar iblisni aldab qo‘ydi. Uning dalasida o‘sgan barcha tamakini o‘zi olib ketdi. Voqea shu bilan tugadi.
Biroq men bu qadimiy afsonada chuqurroq ma’no yashirinmaganmikin, deb o‘ylab qoldim. Iblis savdogarning joni va tanasini qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, tamakini butun mamlakatimizga yoydi. Ya’ni, shaytonning mag‘lubiyatiga g‘alaba, savdogarning najotiga esa halokat hamroh bo‘lmadimikin? Shayton yiqilsa, bekorga turmaydi. Shunday bo‘ladiki, vasvasani yengganiga ishongan odam kutilmaganda uning quli bo‘lib qoladi.
Yo‘l-yo‘lakay iblisning keyingi taqdiri haqida qisqacha so‘zlab o‘tay. Avliyo Fransisk qaytib kelgach, muqaddas pentagramma kuchi bilan iblisni mamlakat hududidan quvib chiqardi. Biroq shundan keyin ham u missioner qiyofasida goh u yerda, goh bu yerda paydo bo‘lib turardi. Solnomalardan biriga ko‘ra, Nambanji ibodatxonasi qurilayotgan paytda u Kiotoga tez-tez tashrif buyurardi. Matsunaga Dandzeni masxara qilgan Kasin Koji o‘sha iblis bo‘lgan, degan taxmin ham bor. Qimmatli vaqtingizni olmaslik uchun sizni muhtaram Lafkadio Xernning asarlariga havola qilaman. Toyetomi va Tokugava chet el e’tiqodini taqiqlaganidan so‘ng, ba’zilar iblisni ko‘rishgan, ammo keyin u butunlay g‘oyib bo‘ldi. Shu bilan u haqidagi xronikalar tugaydi. Afsuski, biz iblisning Yaponiyada Meydzi davridan keyin paydo bo‘lgandagi faoliyati haqida hech narsa bilmaymiz...