Anton Chexov
May 24, 2025

Katta bog‘bon hikoyasi | Anton Chexov

Graf N. ning issiqxonasida gullar savdosi bo‘lib o‘tdi. Xaridorlar ko‘p emas: men, qo‘shnim - pomeshchik va yog‘och savdosi bilan shug‘ullanuvchi yosh savdogar. Ishchilar ajib xaridlarimizni olib chiqib, aravalarga joylashtirayotganda, biz issiqxona kiraverishida turli mavzularda suhbatlashib o‘tirardik. Aprelning iliq tongida bog‘da o‘tirib, qushlar ovozini tinglab, ochiq havoga olib chiqilgan gullarning quyoshda jilvalanishini tomosha qilish g‘oyat yoqimli edi.

O‘simliklarni joylashtirish ishiga bog‘bonning o‘zi - Mixail Karlovich rahbarlik qilardi. U mo‘yna nimcha kiygan, yuzi silliq qirib olingan, syurtuksiz, hurmatga sazovor chol edi. U doim jim yurar, ammo bizning suhbatimizga quloq solib, yangi gap aytarmikanmiz deb kutardi. U aqlli, nihoyatda mehribon, hammaning hurmatiga sazovor inson edi. Otasi shved, onasi rus bo‘lishiga va pravoslav cherkoviga borsa-da, negadir hamma uni nemis deb hisoblardi. U rus, shved va nemis tillarini bilar, bu tillarda ko‘p kitob o‘qir edi. Unga o’qish uchun yangi kitob hadya qilish yoki u bilan, aytaylik, Ibsen haqida suhbatlashishdan ortiq zavq bag‘ishlab bo‘lmasdi.

Uning zaif tomonlari ham bor edi, biroq beg‘araz edi: masalan, u o‘zini katta bog‘bon deb atardi, garchi kichik bog‘bonlar bo‘lmasa ham; yuz ifodasi g‘oyat mag‘rur va kibrli edi; u qarshi fikrlarga toqat qilolmas va o‘zini jiddiy hamda e’tibor bilan tinglashlarini xush ko‘rardi.

– Mana bu yigitchani tavsiya qilaman, u juda yaramas,– dedi qo‘shnim suv to‘la bochka bilan o‘tib ketayotgan, qorachadan kelgan lo‘libashara ishchini ko‘rsatib. – O‘tgan hafta uni shaharda talonchilikda ayblab sud qilishdi va oqlashdi. Uni ruhiy kasal deb topishdi, holbuki, basharasiga qarang, u soppa-sog‘. So‘nggi paytlarda Rossiyada ablahlarni tez-tez oqlab, hammasini kasallik va hissiy holatlar bilan izohlayaptilar. Vaholanki, bu oqlov hukmlari, ochiq-oydin yengillik va yon berish yaxshilikka olib bormaydi. Ular ommani axloqan buzmoqda, odamlarda adolat tuyg‘usi so‘nib bormoqda, chunki illatning jazosiz qolishiga o‘rganib qolishgan. Bilasizmi, zamonamiz haqida Shekspirning quyidagi so‘zlarini bemalol aytsa bo‘ladi: “Bizning yovuz, buzuq asrimizda ezgulik ham illatdan uzr so‘rashi kerak”.

– Bu juda to‘g‘ri, – deb ma’qulladi savdogar. - Sudlarda oqlanishlar tufayli qotilliklar va o‘t qo‘yishlar ko‘payib ketdi. Dehqonlardan so‘rab ko‘ring-a.

Bog‘bon Mixail Karlovich bizga o‘girilib dedi:

– Menga kelsak, janoblar, men oqlov hukmlarini hamisha quvonch bilan kutib olaman. “Aybsiz” deyilganda, men axloq va adolat uchun xavotir olmayman, aksincha, quvonaman. Hatto vijdonim aybdorni oqlab, sud maslahatchilari xatoga yo‘l qo‘yganini aytganda ham, baribir g‘olib chiqqandek his qilaman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, janoblar: agar sudyalar va maslahatchilar dalillar, ashyoviy isbotlar va nutqlardan ko‘ra insonga ko‘proq ishonsa, bu insonga bo‘lgan ishonch o‘zi har qanday hayotiy mulohazalardan ustun emasmi? Xudoga ishonish qiyin emas. Unga inkvizitorlar ham, Biron ham, Arakcheev ham ishonardi. Yo‘q, siz insonga ishoning! Bu e’tiqod faqat Masihni tushunadigan va his qiladigan oz sonli odamlarga xos.

– Yaxshi fikr, – dedim men.

– Lekin bu yangi fikr emas. Esimda, bir vaqtlar shu mavzuda afsona ham eshitgan edim. Juda ajoyib afsona, – dedi bog‘bon va jilmaydi. – Buni menga rahmatli buvim, otamning onasi, ajoyib kampir aytib bergan edi. U shved tilida hikoya qilardi, lekin rus tilida u qadar chiroyli va klassik tarzda chiqmaydi.

Biz undan hikoyani gapirib berishni va rus tilining qo‘polligidan cho‘chimaslikni so‘radik. U juda mamnun bo‘lib, sekin trubkasini tutatdi, ishchilarga g‘azab bilan qaradi-da, gapini boshladi:

– Kichik bir shaharchada Tomson yoki Vilsonmi, familiyasi ahamiyatsiz, keksa, yolg‘iz va xunukroq bir janob yashay boshladi. Uning kasbi olijanob edi: odamlarni davolardi. U doim qovog‘i soliq va kamgap bo‘lib, faqat kasbi taqozo etgandagina gapirardi. Hech kimnikiga mehmonga bormas, tanishlari bilan indamay bosh irg‘ashdan nariga o‘tmas va xuddi tarkidunyo qilgan rohib kabi kamtarona umr kechirardi. Aslida, u olim edi, o‘sha davrda esa olimlar oddiy odamlarga o‘xshamasdi. Ular kunlarini tafakkur, kitob mutolaasi va kasalliklarni davolash bilan o‘tkazishar, boshqa hamma narsani arzimas deb bilib, ortiqcha so‘z aytishga vaqt ajratishmasdi. Shahar aholisi buni juda yaxshi tushunib, uni tashriflari va behuda gaplari bilan bezovta qilmaslikka tirishardilar. Ular Xudo nihoyat kasallarni davolay oladigan odamni yuborganidan mamnun, shaharlarida shunday ajoyib zot yashayotganidan g‘ururlanardilar.

"U hamma narsani biladi", deyishardi u haqda.

Biroq bu yetarli emasdi. "U hammani sevadi!" deyish kerak edi. Bu olimning ko‘ksida ajoyib, farishta qalb urib turardi. Nima bo‘lganda ham, shahar aholisi unga begona bo‘lsa-da, u ularni farzandlaridek sevardi, hatto jonini ham ayamasdi. O‘zi sil kasaliga chalingan, yo‘talardi, ammo bemorga chaqirilsa, dardini unutib, o‘zini ayamay, nafasi bo‘g‘ilib qanchalik baland bo‘lmasin, tog‘larga chiqib ketardi. Jazirama issiq va qaqshatqich sovuqqa e’tibor bermas, ochlik va chanqoqlikni pisand qilmasdi. Pul olmasdi, g‘alati joyi shundaki, bemori vafot etsa, qarindoshlari bilan birga tobut ortidan yurib yig‘lardi. Tez orada u shahar uchun shunchalik zarur bo‘lib qoldiki, aholi ilgari bu odamsiz qanday kun kechirganliklari haqida o‘ylab, hayratga tushardilar. Minnatdorchiliklari cheksiz edi. Katta-yu kichik, yaxshi-yu yomon, halol-u firibgar - xullas, hamma uni hurmat qilar, qadrini bilardi. Shaharchada va uning atrofida unga ozor berishni u yoqda tursin, hatto shu haqda o‘ylashga ham jur’at etadigan kimsa topilmasdi. U uyidan chiqayotganda, eshik-derazalarini qulflamasdi, chunki uni xafa qilishga botinadigan o‘g‘ri yo‘qligiga ishonchi komil edi. Ko‘pincha shifokorlik burchi tufayli katta yo‘llardan, o‘rmonlar va tog‘lardan o‘tishiga to‘g‘ri kelardi. U yerlarda och-yupun daydilar ko‘p bo‘lishiga qaramay, o‘zini mutlaqo xavfsiz his qilardi. Bir kuni kechasi bemordan qaytayotganda, o‘rmonda qaroqchilar unga hujum qilishdi. Biroq uni tanib, hurmat bilan boshlaridan qalpoqlarini yechib, ovqat yeyishni istaysizmi, deb so‘rashdi. To‘qligini aytgach, unga issiq kiyim berib, shahargacha kuzatib qo‘yishdi. Taqdir bu olijanob insonga ozgina bo‘lsa-da, minnatdorchilik bildirish imkonini berganidan baxtiyor edilar. Keyin, tushunarli, buvimning aytishicha, hatto otlar, sigirlar va itlar ham uni tanib, uchrashganda sevinishardi.

O‘zining avliyoligi bilan barcha yovuzliklardan o‘zini himoya qilganday ko‘ringan, hatto qaroqchilar va quturgan odamlar ham xayrixohlik bildirgan bu odam, bir kuni ertalab o‘ldirilgan holda topildi. U qonga belangan, boshi yorilgan holda jarlikda yotar, oqargan yuzida hayrat ifodasi muzlab qolgandi. Ha, ro‘parasida qotilni ko‘rganida uning yuzida dahshat emas, balki hayrat qotib qolgandi. Shahar va uning atrofidagi aholini qamrab olgan chuqur qayg‘uni endi tasavvur qila olasizmi? Hamma o‘z ko‘zlariga ishonmay, bu odamni kim o‘ldirgan bo‘lishi mumkin, deb o‘zidan-o‘zi so‘rardi. Tergov olib borayotgan va doktorning jasadini tekshirayotgan sudyalar shunday xulosaga kelishdi: "Bu yerda biz qotillikning barcha alomatlarini ko‘ryapmiz, ammo bizning doktorimizni o‘ldirishi mumkin bo‘lgan odam dunyoda yo‘qligi sababli, bu yerda qotillik sodir bo‘lmagan va bu alomatlarning yig‘indisi shunchaki tasodif bo‘lishi kerak. Doktor qorong‘ida jarlikka o‘zi yiqilib tushib, boshini urib olgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilish lozim."

Bu fikrga butun shahar qo‘shildi. Doktorni dafn etishdi va endi hech kim zo‘rlik bilan o‘ldirilgani haqida gapirmasdi. Doktorni o‘ldirishga yetarli pastkashlik va razillikka ega bo‘lgan odamning mavjudligi aqlga sig‘masdi. Axir razillikning ham o‘z chegarasi bor-ku. Shunday emasmi?

Lekin birdan, tasavvur qiling-a, tasodif qotilni fosh etib qo‘ydi. Bir necha bor sudlangan, axloqsiz hayoti bilan tanilgan bir bezori qovoqxonada doktorga tegishli tamaki qutisi va soati evaziga icharkan ko‘rib qolishdi. Uni fosh qilishga urinishganda, u dovdirab qoldi va ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirdi. Uning uyida tintuv o‘tkazilganda, yostiq ostidan yenglari qonga belangan ko‘ylak va oltin hoshiyali doktorlik nashtari topildi. Yana qanday dalil kerak? Jinoyatchini qamoqqa olishdi. Aholi g‘azablandi, ayni paytda shunday deyishardi:

- Ishonib bo‘lmaydi! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Ehtiyot bo‘linglar, xato bo‘lib chiqmasin; axir dalillar ham aldashi mumkin-ku!

Sudda qotil o‘z aybini qat’iy inkor etardi. Hamma narsa unga qarshi bo‘lsa-da, uning aybdorligiga ishonish bu yer qoraligiga ishonish kabi oson edi, ammo sudyalar go‘yo aqldan ozgandek: ular har bir dalilni o‘n martadan taroziga solib, guvohlarga shubha bilan qarar, qizarib ketar, suv ichishardi... Sud ertalabdan boshlanib, kechgacha davom etdi.

- Ayblanuvchi! - deb murojaat qildi bosh sudya qotilga. - Sud sizni falonchi doktorni qatl etishda aybdor deb topdi va sizni...

Bosh sudya "o‘lim jazosiga" demoqchi edi, biroq hukm yozilgan qog‘ozni qo‘lidan tushirib yuborib, muzday terni artdi-da, baqirib yubordi:

- Yo‘q! Agar men nohaq hukm chiqarayotgan bo‘lsam, mayli, Xudo meni jazolasin, lekin qasam ichamanki, u aybdor emas! Do‘stimiz doktorni o‘ldirishga jur’at etadigan inson borligiga ishonmayman! Inson bunday tubanlashishga qodir emas!

- Ha, bunday odam yo‘q, - deb ma’qullashdi boshqa sudyalar.

- Yo‘q! - deb xitob qildi olomon. - Uni ozod qiling!

Qotilni to‘rt tomonga qo‘yib yuborishdi va hech kim sudyalarni adolatsizlikda ayblamadi. Buvim aytardiki, Xudo insonga bo‘lgan bunday ishonch uchun shaharchaning barcha aholisining gunohlarini kechirgan ekan. U odam o‘zining timsoli va o‘xshashi ekanligiga ishonganlarida quvonadi va agar inson qadr-qimmatini unutib, odamlar haqida itlardan ham yomonroq hukm chiqarilsa, qayg‘uradi. Mayli, oqlov hukmi shaharcha aholisiga ziyon keltirsin, lekin o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, insonga bo‘lgan bu ishonch ularga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Axir bu ishonch o‘lik bo‘lib qolmaydi-ku; u bizda olijanob tuyg‘ularni tarbiyalaydi va har bir odamni sevish va hurmat qilishga undaydi. Har bir odamni! Bu esa muhim.

Mixail Karlovich gapini tugatdi. Qo‘shnim unga nimadir deb e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan edi, bosh bog‘bon e’tirozlarni yoqtirmasligini anglatuvchi ishora qildi-da, aravalar yoniga borib, yuzida jiddiylik ifodasi bilan ularni joylashtirishda davom etdi.

Anton Chexov