Majburiy ariza | Anton Chexov
1876-yilning 7-iyul kuni kechqurun soat 8 yarimda men bir pyesa yozdim. Agar mening raqiblarim uning mazmunini bilishni istasalar, mana u. Buni jamiyat va matbuot hukmiga havola qilaman.
Kutilmagan ot o‘limi yoxud rus xalqining olijanobligi!
Grafinya Finikova, uning ma’shuqasi.
Graf Finikov, Grafinya Finikovaning eri.
Nil Yegorov, 13326-raqamli izvoshchi.
Voqea Nevskiy prospektida kunduzi sodir bo‘ladi.
(Grafinya va Lyubvin Nil Yegorovning izvoshida ketishmoqda)
Lyubvin (quchoqlab). Oh, men seni qanchalar sevaman! Lekin vokzalga yetib, vagonga o‘tirmagunimizcha xotirjam bo‘lolmayman. Yuragim sezib turibdi, sening ablah ering hozir orqamizdan quvib keladi. Oyoqlarim qaltirayapti. (Nilga) Tezroq hayda, la’nati!
Grafinya. Tezroq, izvoshchi! Uni qamchi bilan ur! Ot haydashni bilasanmi o‘zi, jo‘ja xo‘roz!
Nil (otga qamchi uradi). Chu, chu, jin ursin! Janoblar choyxonaga qo‘shimcha choychaqa beradilarmi?
Grafinya (baqiradi). Shunday! Shunday! Tezroq hayda, yaramas, bo‘lmasa poyezdga kech qolamiz!
Lyubvin (uning benihoya go‘zalligidan zavqlanib, quchoqlab). Oh, azizim! Tez orada shunday on keladiki, sen butunlay meniki bo‘lasan, eringniki emas! (Vahima ichida atrofga qaraydi.) Ering bizni quvib yetyapti! Men uni ko‘ryapman! Izvoshchi, tezroq hayda! Tezroq, yaramas, bo‘yning uzilgur la’nati! (Nilning orqasiga uradi.)
Grafinya. Ensasiga ur! To‘xta, men o‘zim soyabon bilan... (Uradi.)
Nil (bor kuchi bilan savalaydi). Chu! Chu! Qimirlasang-chi, la’nati! (Holdan toygan ot yiqilib jon beradi.)
Lyubvin. Ot o‘ldi! Voy, dahshat! Endi u bizga yetib oladi!
Nil. Voy sho‘rim, endi nima bilan kun ko‘raman? (Sevimli otining jasadiga yopishib, ho‘ngrab yig‘laydi.)
Graf. Mendan qochmoqchimidinglar?! To‘xta! (Xotinining qo‘lidan ushlaydi.) Bevafo, xoin! Men seni sevmaganmidim?! Senga borimni berib, ardoqlamaganmidim?!
Lyubvin (qo‘rqoqlik bilan). Qochib qolsam bo‘larkan! (To‘plangan olomon shovqini ostida qochib ketadi.)
Graf (Nilga). Izvoshchi! Sening otingning o‘limi oilamni sharmandalikdan saqlab qoldi. Agar u to‘satdan o‘lmaganida, men qochoqlarga yetib ololmasdim. Mana senga yuz so‘m!
Nil (olijanoblik bilan). Oliyjanob graf! Menga sizning pulingiz kerak emas! Men uchun sevimli otimning o‘limi oila qadryatlarini himoya qilishga xizmat qilganini anglash yetarli mukofotdir! (Hayratga tushgan olomon uni ko‘tarib olqishlaydi.)
1886-yilning 30-fevralida Baykal ko‘li qirg‘og‘ida mening bu pyesam sahna san’ati havaskorlari tomonidan sahnalashtirildi. O‘shanda men Dramatik yozuvchilar jamiyatiga a’zo bo‘lib kirdim va xazinachi A. A. Maykovdan tegishli qalam haqi oldim. Boshqa hech qanday pyesa yozmaganman va hech qanday gonorar ham olmaganman.
Shunday qilib, mazkur Jamiyatning a’zosi bo‘lganim va shu unvon bilan belgilangan huquqlarga ega bo‘lganim uchun partiyamiz nomidan qat’iy talab qilamanki, birinchidan, rais, xazinachi, kotib va qo‘mita mendan omma oldida uzr so‘rasinlar; ikkinchidan, sanab o‘tilgan barcha mansabdor shaxslar o‘rniga partiyamiz a’zolari saylansin; uchinchidan, Jamiyatning yillik byudjetidan Gamburg lotereyasi chiptalarini sotib olish uchun har yili 25 ming so‘m ajratilsin va har bir yutuq barcha a’zolar o‘rtasida teng taqsimlansin; to‘rtinchidan, Jamiyatning umumiy va favqulodda yig‘ilishlarida harbiy musiqa chalinsin va munosib gazak tortilsin; beshinchidan, Jamiyatning barcha daromadi faqat viloyatlarda pyesalari namoyish etiladigan 30 a’zoning foydasiga tushadi, qolgan 390 a’zo esa bir tiyin ham olmaydi, chunki ularning pyesalari hech qayerda namoyish etilmaydi, shuning uchun adolat va teng huquqlilik yuzasidan oliy hukumatdan bu 30 a’zoga o‘z pyesalarini qo‘yishni taqiqlash va ishlar normal borishiga zarur bo‘lgan muvozanatni buzmaslik so‘ralsin.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimanki, agar yuqorida ko‘rsatilgan bandlardan biriga salbiy javob bo‘lsa ham, men Jamiyat a’zosi unvonimdan voz kechishga majbur bo‘laman.
Drama yozuvchilari va opera bastakorlari jamiyati a’zosi
Tahririyatdan. Drama yozuvchilari va opera bastakorlari jamiyatining hurmatli a’zosining ushbu bayonotini e’lon qilar ekanmiz, u Akakiy Tarantulov janoblarining xizmatlari kabi buyuk bo‘lgan ushbu jamiyatning hurmatli a’zolarining kamida yarmida to‘liq hamdardlik uyg‘otadi, degan umid bilan o‘zimizni ovutamiz. Rus dramaturgiyasi - shunday muhim she’riyat turidirki, unda Akakiy Tarantulovlar Finlyandiyaning sovuq qoyalaridan tortib alangali sahnalargacha, larzaga kelgan Kremldan to Drama yozuvchilar va opera bastakorlar uyushmasining umumiy yig‘ilishlaridagi shovqin-surongacha bo‘lgan keng hududda o‘chmas shuhrat qozonishlari mumkin...