Najib Mahfuz
November 15, 2024

Najib Mahfuz: Fokuschi likopchani o‘g‘irladi

- Sen ham biron ish bilan shug‘ullansang bo'lmaydimi? - dedi bir kuni onam. So‘ng qo‘lini cho‘ntagiga solib, qo‘shib qo‘ydi: - Mana piastr, borib loviya sotib ol. Yo‘lda bolalar bilan o‘ynama, ehtiyot bo‘l, tag'in mashina tagida qolib ketmagin!

Men likopchani oldim, oyoq kiyimlarimni kiydim-da, xirgoyi qilib tashqariga chiqdim. Loviya sotiladigan do‘kon oldida odamlar to‘plangan edi. Navbatda uzoq turishga to‘g‘ri keldi, nihoyat marmar peshtaxta yoniga borib, ingichka ovozda qichqirdim:

- Amaki, piastrga loviya bering!

U shoshilib so‘radi:

- Qanaqa loviya, pishirilganmi? Yog‘ bilanmi yoki eritilgan yog‘ bilanmi?

Nima deb javob berishni bilmadim, u qo‘pol ohangda qichqirdi:

- Qani, peshtaxtadan nari tur!

Men uyalib orqaga tisarildim va uyga quruq qo‘l bilan qaytdim. Onam meni ko‘rib xitob qildi:

- Hech narsa olib kelmabsan-ku?! Yo loviyani to‘kib yubordingmi, yo piastrni yo‘qotdingmi, shumtaka?

- O‘zingiz aytmadingiz-ku, qanaqa loviya sotib olishni, yog‘limi yoki eritilgan yog‘limi?

- Voy tavba! Men seni har kuni ertalab nima bilan boqaman?

- Bilmayman.

- Voy tentak! Bor, unga ayt: yog‘ bilan.

Men yana do‘konga yugurdim. Bu safar shunday dedim:

- Amaki, piastrga yog‘li loviya bering.

- Qanaqa yog‘ bilan, - deb so‘radi u norozi ohangda, - paxta, makkajo‘xori, zaytun moyidanmi?

Men dovdirab qoldim va yana nima deb javob berishni bilmadim, u esa:

- Xalaqit berma, peshtaxtadan nari tur! - dedi.

Onamning oldiga yana esankirab qaytdim. U meni ko‘rib, hayratdan qo‘llarini siltadi:

- Yana tuz totmay, loviyasiz, yog‘siz kelding!

Jahlim chiqdi:

- Siz menga qanaqa yog‘ bilan ekanini aytmadingiz-ku, paxta yog‘imi, makkajo‘xori yog‘imi yoki zaytun yog‘imi!

- Agar yog‘ bilan bo‘lsa, demak, paxta yog‘i bo'ladi-da, anqov.

- Men qayoqdan bilay?

- Sen boshimga bitgan balosan, do‘kondor esa - to‘nka, - dedi onam, meni yana loviyaga jo‘natib.

Bu safar men do‘kon ostonasidan turib qichqirdim:

- Paxta yog‘i solingan loviya bering, amaki!

Og‘ir nafas olib, boshim arang yetadigan marmar peshtaxta oldiga bordim-da, g‘olibona ohangda takrorladim:

- Paxta yog‘i bilan, amaki!

U cho‘michni qozonga botirdi:

- Piastrni ber.

Qo‘limni cho‘ntagimga soldim, lekin u bo‘sh edi! Men jon-jahdim bilan tangani qidira boshladim, cho‘ntagimni ag‘dardim, lekin piastr g‘oyib bo‘lgan edi. Do‘kondor qozondan bo‘sh cho‘michni olib, zerikib dedi:

- Piastrni yo‘qotibsan, ahmoq bola.

Men oyoqlarim ostiga qaradim, ko‘zlarim bilan yerni timirskiladim va ming‘irladim:

- Hech narsa yo‘qotganim yo‘q. U doim cho‘ntagimda edi.

- Peshtaxtadan nari tur, pul topishda Allohga iltijo qil.

Men bo‘sh likopcha bilan onamning oldiga qaytdim. U g‘azab bilan qichqirdi:

- Boshginamga bitgan balo! Chinakam to‘nka ekansan!

- Lekin piastr...

- Piastrga nima bo‘ldi?

- Cho‘ntagimda yo‘q.

- Yo obakidandon sotib oldingmi?

- Yo‘q, Xudo guvoh!

- Xo‘sh, qayoqqa ketdi?

- Bilmayman.

- Qur’on bilan qasam ich, uni sarflamaganingga.

- Qasam ichaman!

- Balki cho‘ntaging teshikdir?

- Yo‘q, unday emas, oyi.

- Balki uni birinchi yoki ikkinchi borganda do‘kondorga bergandirsan?

- Balki shundaydir... esimda yo‘q.

- Biron narsa esingdami o‘zi?

- Qornim ochganini eslayapman.

Shu payt u qo‘llarini bir-biriga urdi.

- Xo‘sh, seni nima qilsam ekan-a? Mayli, mana senga yana piastr, lekin men uni qutichangdan olaman. Agar yana quruq qo‘l bilan qaytib kelsang, boshingni yoraman.

Shirin nonushtani o‘ylab chopib ketdim. Muyulishda, do‘konga yaqin joyda bir to‘da bolalarga ko‘zim tushdi. Ularning quvonchli xitoblari qulog‘imga chalindi. Oyoqlarim o‘z-o‘zidan sekinlashdi, yuragim esa o‘sha tomonga, ularga talpinardi. Loaqal bir ko‘z tashlab ko‘rsam edi! Olomon orasini yorib o‘tib, qarshimda... ko‘zboylog‘ichni ko‘rib qoldim. Mana senga kutilmagan tomosha! Dunyodagi hamma narsani unutib qo‘yib, uning arqonlar, tuxumlar, quyonlar va ilonlar bilan qanday mo‘jizalar ko‘rsatishini tomosha qila boshladim. Ko‘zboylog‘ich pul yig‘ish uchun aylana bo‘ylab yurganida men orqamga tisarilib, shivirladim: "Menda hech narsa yo‘q." U menga yirtqich hayvondek yopishib oldi. Men arang qo‘lidan chiqib oldim-da, orqamdan bir tepki yeb, qochib ketdim. Lekin baribir baxtiyor edim. Do‘kondorning oldiga yugurib borib, dedim:

- Yog‘li loviya, amaki!

U o‘rnidan qo‘zg‘almay menga qaradi. Men yana iltimosimni takrorlaganimda, u tishlarini g‘ijirlatib:

- likopchani ber! - dedi.

"likopcha! Qani u?! - deb o‘ylardim bezovtalanib. - Balki qochib ketayotganimda tushirib yuborgandirman? Yoki uni ko‘zboylog‘ich o‘g‘irlab ketdimi?"

- Sening kallang butunlay ishlamaydi, bolakay.

likopchani qidirib orqaga qaytdim. Ko‘zboylog‘ich turgan joyda endi hech kim yo‘q, lekin qo‘shni tor ko‘chadan bolalarning ovozi eshitilardi. Men bolalar to‘dasiga yaqinlashib, atrofini aylanib chiqdim. Ko‘zboylog‘ich meni ko‘rib, dahshat bilan qichqirdi:

- Pulini to‘la yoki bu yerdan jo‘na!

- Mening likopcham! - alam bilan qichqirdim men.

- Yana qanaqa likopcha, shuntaka?

- likopchani qaytaring!

- Yo‘qol, yo‘qsa, ustingga ilon yuboraman.

Aniq-ravshan, likopchani u o‘g‘irlagan edi... Lekin uning vahshiyligidan qo‘rqib, qochib qoldim va alamdan yig‘lab yubordim. O‘tkinchilar nima uchun yig‘layotganimni so‘rashganda, "Fokuschi likopchani o‘g‘irladi", deb javob berardim. "Hey, bu yoqqa kel, tomosha qil!" degan baland ovozni eshitishim bilanoq g‘am-anduhim tarqaldi. Boshimni burgancha, yaqin atrofda dumaloq tuynukchali qutini ko‘rdim - sehrli suratlar bor edi! U yerga o‘nlab bolalar yugurib kelishardi. Ular navbatma-navbat tuynukchalarga mo‘ralashar, xo‘jayin esa rasmlarda nimalar tasvirlanganini tushuntirib berardi: "Mana, jasur ritsar va go‘zal malika, qizlar ichida eng suluvi". Ko‘z yoshlarim bir zumda qurib, hayajon bilan qutiga intildim, fokuschi va likopchani butunlay unutdim. Vasvasaga bardosh berolmay, piastr to‘lab, yonimdagi ikkinchi tuynukchaga qarayotgan qizcha bilan birga derazaga yopishib oldim. Ko‘z o‘ngimda ajoyib manzaralar birin-ketin o‘tardi. Osmondan yerga tushganimda esa, na piastrim, na likopcham bor edi, fokuschi esa g‘oyib bo‘lgan edi. Ammo yo‘qotgan narsalarimga achinmadim, ritsarlik janglari va muhabbati manzaralariga maftun bo‘lgandim. Ochlikni ham, uyda meni kutayotgan ko‘ngilsizliklarni ham unutdim. Chetroqqa o‘tib, bir paytlar xazina va qozi qarorgohi joylashgan yarim vayrona uy devoriga suyanib, butunlay xayollarga berilib ketdim. Ritsarlik qahramonliklarini, go‘zal malikani va vahshiy ajdahoni tasavvur qilardim. Xayollarimda baland jangovar nidolar yangrar, jangda qo‘lim sira titramadi. Xayoliy nayzam bilan dushmanga zarba berib, xitob qilardim:

"Ol, ajdaho, yuragingga to‘g‘ri zarba!"

To‘satdan yonimda nozik, mayin ovoz eshitildi:

"U sohibjamol malikani qo‘lga olib, orqasidagi egarga o‘tqazdi!"

Men o‘girildim va men bilan birga sehrli suratlarni tomosha qilgan qizchani ko‘rdim. Uning egnida kir ko‘ylak va rangli shippaklar bor edi. Bir qo‘li bilan uzun sochini o‘ynardi, ikkinchisida esa bir hovuch qandlangan no‘xat bo‘lib, ularni bemalol og‘ziga solardi. Biz bir-birimizga qaradik va u menga darhol yoqib qoldi.

"Kel, ozgina o‘tiraylik", dedim men.

U bosh irg‘adi. Qo‘lidan ushlab, yarim vayrona devordagi eshikdan o‘tdik-da, hech qayoqqa olib bormaydigan zinapoyaning pog‘onasiga o‘tirdik. Zinapoyalar yuqoriga, osmon ko‘m-ko‘k bo‘lib ko‘rinib, minoralar gumbazi qad rostlab turgan maydonchaga qarab ko‘tarilardi. Nima haqda gaplashishni bilmay, yonma-yon jim o‘tirardik. Meni g‘alati, notanish hislar qamrab oldi. Qizchaning yuziga engashib, uning sochlarining tuproq va qandlangan no‘xatning shirin ifori aralashgan hidini tuydim. Lablaridan o‘pdim, og‘zim ham shirin ta’mga to‘ldi. Uni ikki qo‘lim bilan quchoqladim. U indamadi. Yana yuzidan, yumilgan lablaridan o‘pdim. Keyin shirin no‘xatni so‘rigancha lablari qimirladi. Nihoyat, u qat’iyat bilan o‘rnidan turdi. Hayajonlanib qo‘lidan ushladim-da, iltimos qildim:

"Yana ozgina o‘tir."

Lekin u befarq ohangda javob berdi:

"Yo‘q, ketishim kerak."

"Qayoqqa?"

"Ummu Aliy doyaga."

U pastki qavatida dazmolchi ustaxonasi joylashgan uyni ko‘rsatdi. U Ummu Aliyning oldiga yugurib bordi-da, menga tezroq jo‘nashni buyurdi.

"Nima uchun?"

"Oyimning ahvoli yomon. Menga Ummu Aliyning oldiga yugurib borib, tezroq kelishini aytishni ta'yinladi."

"Lekin keyin qaytib kelasanmi?"

U bosh irg‘ab, chiqib ketdi. Shunda men ham onamni esladim. Yuragim siqildi. Eski zinapoyadan turib, qattiq yig‘lagancha uyga yo‘l oldim: bu jazodan qutulishning sinovdan o'tgan usuli edi. Faqat onam hiylani payqab qolishidan juda qo‘rqardim. Biroq u uyda yo‘q ekan. Oshxonaga, yotoqxonaga mo‘raladim, uy bo‘m-bo‘sh edi. Qayoqqa ketdi? Qachon qaytadi? Xavotirga tushdim... Shu payt xayolimga najotbaxsh fikr keldi. Oshxonadan likopchani olib, jamg‘armamdan piastrni oldim-da, yana do‘kondorning oldiga yo‘l oldim. U do‘kon oldidagi o‘rindiqda yuzini qo‘li bilan berkitib uxlab yotardi. Dukkakli qozon allaqayoqqa g‘oyib bo‘lgan, moy shishalari javonda tizilgan, marmar peshtaxta esa yaltirab turardi. Shivirlab chaqirdim:

"Amakijon..."

Javoban faqat xurrak eshitilardi. Do‘kondorning yelkasiga sekin turtdim. U bezovta bo‘lib qimirladi va uyqudan qizargan ko‘zlarini ochdi.

"Amaki", deb yana chaqirdim.

Nihoyat u uyg‘ondi, meni tanidi va norozilik bilan to‘ng‘illadi:

"Xo‘sh, yana nima?"

"Piastrga loviya..."

Boshingni yorib yubormasimdan burun yo‘qol!

"Nima?!" Shunda u meni shunday qattiq turtdiki, oyoqda turolmay chalqanchasiga yiqildim. Ko‘zlarimdan tirqirab oqayotgan yoshlarni arang tiyib o‘rnimdan turdim. Bir qo‘limda likopchamni, ikkinchisida piastrni mahkam ushlab turardim. Savdogarga nafrat bilan qaradim-da, ketmoqchi bo‘lib o‘girilib qaradim, birdan ritsarlik qahramonliklari tasvirlangan suratlar yodimga tushib qoldi. Bir zumda qat’iy qarorga keldim va bor kuchim bilan likopchani do‘kondorga otdim. likopcha uning naq boshiga tegdi. Men esa orqamga qaramay qochib ketdim. Nazarimda, uni ritsar ajdahoni o‘ldirganidek o‘ldirdim...

Eski devor oldida to‘xtab, nafasimni rostladim va atrofga alangladim - ta’qib yo‘q edi. Endi nima qilishim kerakligini o‘yladim. Ikkinchi likopchasiz uyga qaytishga jur’at etolmasdim, chunki meni albatta kaltaklashlarini bilardim. Bu lahzani orqaga surish uchun ko‘chalarda maqsadsiz kezishim mumkin edi. Qo‘limda piastr qisilgandi, javob berishdan oldin hali rohatlanishim mumkin edi. Gunohimni o‘ylamaslikka ahd qildim. Ammo sehrgar qani, sehrli suratlar qayerda? Ularni har yerda bekorga qidirdim. Behuda izlanishlardan charchab, uchrashuv belgilangan vayrona zinapoyaga qaytdim va u yerda yoqimli uchrashuvni kutib o‘tirdim. Qizchaning shirindan shirin lablarini yana bir bor o‘pgim keldi. Ichimda qiz menda ilgari hech qachon his qilmagan ajoyib tuyg‘ularni uyg‘otganini tan olardim. Orzu-xayollar og‘ushida kutarkanman, uyning ichkarisidan shivirlash eshitildi. Ehtiyotkorlik bilan zinaning yuqori maydoniga ko‘tarilib, u yerga cho‘zildim va sezdirmay pastga qaradim. Baland devor ortida xarobalar - sobiq xazina va oliy qozining qarorgohidan qolgan hamma narsa ko‘rinardi. Zinapoya tagida bir erkak bilan bir ayol shivirlashib o‘tirishardi. Erkak daydi, ayol esa lo‘li cho‘ponga o‘xshardi. Allaqanday sezgi bilan ularning ham "uchrashuvi" borligini anglagan edim, xuddi menikiday. Ularning yurish-turishlari shundan dalolat berardi. Faqat ular bunday ishlarda ancha tajribali bo‘lib, men hatto tushimga ham kirmagan ishlar bilan band edilar. Hayratlanib, ulardan ko‘z uzolmasdim. Men qiziqish va ayni paytda uyat hissini tuyardim.

Nihoyat, ular bir-birlaridan uzoqlashishdi. Uzoq jimlikdan so‘ng erkak aytdi:

- Pulni ber! Ayol jahli chiqib javob qaytardi:

- Senga yetkazib bo‘lmaydi! Oyog‘i ostiga tupurib, dedi:

- Sen jinni ekansan. - Sen o‘g‘ri! Kutilmaganda u ayolning yuziga shapaloq tushirdi. Javoban ayol uning ko‘ziga bir hovuch tuproq sochdi. Nafratdan yuzlari burishib ketdi, u ayolga tashlanib, bo‘g‘zidan oldi. Shiddatli olishuv boshlandi. Ayol bo‘ynini qisib turgan barmoqlarni bo‘shatishga behuda urinardi. Tomog‘idan xirillagan ovoz chiqar, ko‘zlari kosasidan chiqib ketar, a’zoyi badani titrardi... Men bularning barchasiga qo‘rquvdan karaxt bo‘lib qarab turardim. Ammo uning burnidan oqayotgan qonni ko‘rib, qattiq qichqirib yubordim va erkak boshini ko‘tarishga ulgurmasdan zinadan pastga dumalab tushdim. Ikki sakrashda eshikka yetib, qayoqqa ketayotganimni bilmay ko‘cha bo‘ylab chopib ketdim. Nafasim tiqilguncha yugurdim. Shunda to‘xtab, hayratda qoldimki, chorrahada baland ravoq tagida turganimni ko‘rdim. Ilgari bu yerda hech qachon bo‘lmagan, uyim qaysi tomonda ekanini bilmasdim. Arkning ikki tomonida ko‘r tilanchilar o‘tirishar, ularning yonidan o‘tkinchilar beparvo o‘tib borishardi. Uyga yo‘l topgunimcha son-sanoqsiz xavf-xatarlar meni kutayotganini vahima bilan angladim. Balki birinchi uchragan odamdan yo‘l so‘rashim kerakdir. Bordi-yu, vayronalar orasida ko‘rgan do‘kondor yoki daydiga o‘xshagan biror kimsaga duch kelib qolsam-chi? Agar mo‘jiza ro‘y berib, qarshimdan kelayotgan onamni ko‘rib qolsam-chi?! Uning oldiga quvonch bilan yugurardim! Bu yerdan yolg‘iz o‘zim chiqib keta olamanmi yoki yo‘l ko‘rsatuvchi yulduzimni izlab adashib qolamanmi?

Meni nima kutayotgani haqida o‘ylarkanman, kun ufqqa botib, tun o‘z panagohini tark etib, yerga cho‘kdi. Tez va qat’iy harakat qilishim kerakligini tushundim.

Najib Mahfuz (Misr)