Najib Mahfuz
November 18, 2024

Najib Mahfuz: Shiypon ostida

Bulutlar quyuqlashib, atrofni qorong‘ilik qopladi. Yomg‘ir maydalab yog‘a boshladi. Ko‘cha ustidan zax hidi anqigan sovuq shamol esdi. Yo‘lovchilar qadamlarini tezlatishdi. Ba’zilari avtobus bekati ayvoniga yashirinishdi. Hammasi zerikarli va odatdagidek edi. Birdan muyulishdan bir odam yugurib chiqdi-da, shosha-pisha tor ko‘chaga otildi. Uning ortidan bir to‘da erkaklar va bolalar: "O‘g‘ri! O‘g‘rini ushla!" deb baqirib yugurdilar. Qichqiriqlar asta-sekin tindi, ovozlar uzoqlashib, so‘ndi. Ko‘cha bo‘m-bo‘sh bo’lib qoldi. Faqat bekat ayvoni ostidagi odamlar qoldi - kimdir avtobusni, kimdir yomg‘irning tinishini kutardi.

Yana ta’qib shovqini eshitildi. U tobora yaqinlashardi. Ta’qibchilar o‘g‘rini sudrab kelishdi, atrofda esa bolalar raqsga tushib, ingichka, chinqiroq ovozda quvonch bilan qichqirishardi. Ko‘chaning o‘rtasida o‘g‘ri qutulib ketmoqchi bo‘ldi, lekin uni ushlab olishdi va musht-tepkilar yog‘ila boshladi. U zarba va tepkilardan qutulib qolishga behuda urindi. Ayvon ostidagi odamlar bo‘layotgan voqeani kuzatib turishardi.

"Bechoraning ahvoliga qarang!"

"Ularning o‘zlari o‘g‘rilardan ham battarroq!"

"Politsiyachini indamay tikilib turishini qarang."

"Hatto yuzini teskari o‘girib oldi-ya."

Yomg‘ir kuchaydi. Havoda kumush iplar osilib qolgandek edi. Keyin jala quydi. Ko‘cha bir zumda bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi - faqat o‘g‘rini urganlar va shiypon ostida turganlar qoldi. Ba’zi kaltaklovchilar charchab, qo‘llarini tushirdilar va o‘g‘ri bilan nimanidir gaplasha boshladilar. Keyin yomg‘irga e’tibor bermay, o‘zaro qizg‘in bahslasha boshladilar. Nam kiyimlari badanlariga yopishib qoldi, lekin ular go‘yo yomg‘ir yo‘qdek, qaysarlik bilan bahslashishda davom etishdi. O‘g‘ri, harakatlariga qaraganda, o‘zini oqlamoqchi edi, lekin hech kim unga ishonmasdi. U xuddi minbardagi notiqdek qo‘llarini silkitardi. Uning ovozi yomg‘ir shovqinida eshitilmay qoldi. Biroq u, shubhasiz, gapirardi, ular esa bo‘yinlarini cho‘zib tinglashardi. Ayvon tagida turganlar olomonni kuzatishda davom etishardi.

"Nega politsiyachi aralashmayapti?"

"Ehtimol, kinoga olishayotgandir."

"Axir, ular uni chinakamiga urishdi-ku?"

"Nega ular yomg‘irda bahslashishyapti?"

To‘satdan maydon tomondan ikkita avtomobil ko‘rindi. Ular juda tez harakatlanardi. Ikkinchi mashina birinchisini quvib yetdi, u keskin tormoz berdi va yo‘lda qora iz qoldirib, yonboshlab ketdi. Orqadagi mashina dahshatli gumburlab unga urildi. Ikkalasi ham ag‘darildi. Portlash yuz berdi, alanga ko‘tarildi. Jala shovqini orasidan qichqiriq va ingrashlar eshitildi. Ammo hech kim falokat yuz bergan joyga yaqinlashmadi. O‘g‘ri hamon gapirardi, uni o‘rab turgan olomon orasidan hech kim yonib tugayotgan mashinalarga qayrilib ham qarashmasdi.

Ayvon ostidagi odamlar vayronalar ostidan asta-sekin qonga belangan odam emaklab chiqayotganini ko‘rishdi. U tik turishga urindi-yu, lekin yuztuban yiqilib tushdi va boshqa qo‘zg‘almadi.

"Bu haqiqiy falokat-ku!"

"Politsiyachi esa hech narsa bo‘lmagandek turibdi-ya!"

"Yaqin atrofda telefon bo‘lishi kerak-ku!"

Lekin ho‘l bo‘lishdan qo‘rqib, hech kim joyidan qo‘zg‘almadi. Yomg‘ir chelakdan quyganday yog‘a boshladi, momaqaldiroq gumburladi. O‘g‘ri so‘zini tugatdi-da, xotirjam va ishonch bilan tinglovchilarga qaradi. U kutilmaganda kiyimlarini yechdi-da, qip-yalang‘och bo‘lib, ularni yomg‘irdan so‘nib qolgan avtomobil parchalari ustiga tashladi. Keyin xuddi yalang‘och tanasini hammaga ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek atrofga alangladi, ikki qadam oldinga, ikki qadam orqaga tashladi-da, mohirona noziklik bilan raqsga tusha boshladi. Uning ta’qibchilari baravariga chapak chala boshladilar, bolalar esa qo‘l ushlashib, xaloyiq atrofida aylana hosil qildilar.

Odamlar hayratda qotib qolishdi, lekin tezda o‘zlariga keldilar.

"Agar bu kinoga olish bo‘lmasa, haqiqiy telbalik!"

"Albatta, kinoga olishyapti. Politsiyachi ham aktyor, o‘z navbatini kutyapti."

"Avtomobillar-chi?"

"Mohirona kinotryuk. Shoshilmang, hozir shu derazalarning birida rejissyor paydo bo‘ladi."

Bekat qarshisidagi binoning derazasi qarsillab ochildi - yomg‘ir shovqiniga qaramay, odamlar ayvon tagidan buni eshitishdi. Derazadan bashang kiyingan bir erkak ko‘rindi va qattiq hushtak chaldi. Shu zahoti qo‘shni deraza ochildi, unda hashamatli kiyingan ayol ko‘rindi. U hushtakka boshini xiyol qimirlatib javob berdi va ikkovi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bir ozdan so‘ng bashang kiyingan erkak va hashamatli ayol yomg‘irga e’tibor bermay, qo‘ltiqlashib binodan chiqishdi. Ular yonib bitgan mashinalar oldida to‘xtashdi. Bir-birlariga nimadir deyishdi-da, kiyimlarini yecha boshladilar. So‘ng ayol yotdi-da, boshini chalqancha yotgan murda ustiga tashladi. Erkak ayolning yoniga tiz cho‘kib, uni mehr bilan erkalay boshladi. Raqs davom etardi. Bolalar davra qurib aylanishardi. Yomg‘ir tinmay yog‘ardi.

"Behayolik!"

"Agar bu kinoga olish bo‘lsa, bu bema’nilik, agar unday bo‘lmasa - aqldan ozish."

"Politsiyachini sigaret chekib tushirini qarang."

Bo‘m-bo‘sh ko‘cha yana odamlar bilan to‘ldi.

Janubdan tuya karvoni ko‘rindi. Oldinda haydovchi borardi. Tuyalarga erkak va ayol badaviylar hamrohlik qilishardi. Ular o‘ynoqlayotgan o‘g‘rini o‘rab olgan olomondan sal nariroqda to‘xtashdi, tuyalarni panjara devorga bog‘lab, chodirlar tikishdi. Ba’zilari ovqatlana boshladilar, boshqalari choy ichib, chekishardi. Yana boshqalari esa shoshilmay suhbatlasha boshladilar. Shimoldan chet elliklar bilan liq to‘la sayyohlik avtobuslari kelib, raqs tushayotgan o‘g‘rini o‘rab olgan olomon ortida to‘xtadi. Avtobuslardagi erkaklar va ayollar pastga tushib, guruhlarga bo‘linishdi-da, raqsga, muhabbatga, o‘limga va yomg‘irga zarracha e’tibor bermay, uyga suqlanib tikilishdi.

Ko‘plab qurilish ishchilari paydo bo‘ldi, ularning ortidan tosh, sement va asbob-uskunalar ortilgan yuk mashinalari keldi. Ishchilar hayratlanarli tezlikda ulkan chuqur qazishdi va uning yonida toshlardan katta karavot qurishdi, uni choyshablar bilan yopib, oyoqlarini atirgullar bilan bezashdi. Yomg‘ir esa tinmay yog‘ardi. Shundan so‘ng ishchilar avtomobil parchalari yoniga borib, ularning ostidan boshi yorilgan, qo‘l-oyoqlari kuygan jasadlarni olib chiqishdi. Bir-birini bemalol erkalab yotgan erkak va ayolning tagidan yuztuban yotgan odamning murdasini chiqarib olishdi. Ishchilar murdalarni karavotga qator qilib yotqizishdi-da, erkak va ayol yoniga qaytishdi. Ularni birga ko‘tarib, chuqurga olib borishdi-da, tubiga tushirib, tuproq bilan ko‘mib tashlashdi. Yerni tekislab, tosh yotqizishdi... Keyin g‘oyat katta tezlikda joyidan qo‘zg‘algan yuk mashinalariga o‘tirishdi. Uzoqdan ularning tushunib bo‘lmaydigan qichqiriqlari eshitildi...

- Bularning barchasi tushga o‘xshaydi.

- Dahshatli tush! Yaxshisi, ketaylik.

- Lekin biz kutishimiz kerak.

- Nimani?

- Baxtli yakunni.

- Rostdan ham baxtli yakun bo’ladimi?

- Albatta. Rejissyorlar ishni falokatdan boshlashni yaxshi ko‘rishadi!

...Suyda libosidagi bir odam paydo bo’ldi. Uning qayerdan paydo bo‘lganini hech kim bilmasdi: chet ellik sayyohlar guruhidanmi, badaviylar tomonidanmi yoki o‘g‘ri atrofidagi davradanmi? U kattakon qog‘ozni yozdi-da, xuddi hukm o‘qiyotgandek tantanavor ohangda o‘qiy boshladi. So‘zlarning ma’nosini hech kim tushunmasdi: ularni qarsak, turli tillardagi qichqiriqlar va yomg‘ir shovqini bosib ketardi. Ammo bu ovozi chiqmagan so‘zlar izsiz yo‘qolmadi. Ular ko‘chada to‘lqinlardek to‘qnashib, bir-biriga urilib, toshqindek yoyilardi. Badaviylar orasida bir mushtlashuv, chet ellik sayyohlar orasida boshqa bir janjal boshlandi. Keyin badaviylar bilan sayyohlar o‘rtasida urush avj oldi. Ko‘pchilik qo‘shiq aytib, raqsga tushdi. Ayrimlar chuqur atrofiga to‘planib, yalang‘och holda sevgi-muhabbatga berildilar. O‘g‘ri quturgandek aql bovar qilmas harakatlar qilardi. Hamma narsa avjiga chiqdi: mushtlashuv va raqs, muhabbat va o‘lim, momaqaldiroq va yomg‘ir. Ayvon ostidagi olomon orasiga boshi ochiq, novcha bir kishi suqilib kirdi. Uning egnida qora shim va sviter, qo‘lida durbin bor edi. U to‘planganlarni bemalol turtib, ko‘chani durbindan kuzata boshladi, u yoq-bu yoqqa yurib:

- Yomon emas... yomon emas! - deya g‘o‘ldirardi.

Ayvon ostidagi odamlar unga tikilib qolishdi.

- O‘shami?

- Ha, bu rejissyor.

- Siz hamma ishni to‘g‘ri bajaryapsizlar, hammasini boshidan takrorlashning hojati yo‘q, - dedi erkak ko‘chaga qarab.

- Janob... - deb murojaat qildi kimdir.

Lekin erkak qat’iy bir harakat bilan so‘zlovchini gapning o‘rtasida jim bo‘lishga majbur qildi.

- Taqsir, siz rejissyormisiz? - asabiy zo‘riqishga bardosh berolmay, dadillik bilan so‘radi yana kimdir.

Lekin u savolga e’tibor bermay, durbindan ko‘z uzmay turardi. To‘satdan hamma bekat tomon dumalab kelayotgan odam boshini ko‘rdi. Kesilgan bo‘ynidan qon otilib chiqardi. Odamlar dahshatdan qichqirib yuborishdi. Qora sviter kiygan erkak boshga charchoq bilan nazar tashlab, g‘o‘ldiradi:

- Ofarin... ofarin...

- Axir bu haqiqiy bosh va haqiqiy qon-ku! - deb qichqirdi kimdir.

Erkak durbinini sevishayotgan juftlikka qaratdi va sabrsizlik bilan buyurdi:

- Holatni o‘zgartiring... Bir xillikdan qoching!

- Axir, bosh haqiqiy-ku, marhamat qilib tushuntirib bersangiz... - degan ovoz eshitildi xaloyiq orasidan.

- Birgina so‘zingiz kifoya. Biz sizning va boshqalarning kimligini bilmoqchimiz.

- Nega javob bermayapsiz?

- Taqsir, shubhalarimizni tarqating...

Erkak xuddi yashirinmoqchi bo‘lgandek birdan orqaga tisarildi. Uning kibrli qiyofasi yo‘qoldi. U qandaydir bo‘shashib, cho‘kib qoldi. Odamlar ayvon tagida yaqin atrofda qandaydir basavlat erkaklarni ko‘rib qolishdi, ular xuddi itdek nimanidir hidlayotganga o‘xshardi. Qora sviter kiygan kishi telbalardek bostirma ostidan yomg‘irga otildi. Aylanib yurganlardan biri buni payqab qolib, ortidan yugurdi. Boshqalar ham unga chaqmoq tezligida ergashdilar. Ko‘p o‘tmay ularning barchasi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

- Yo xudoyim, u rejissyor emas ekan...

- Kim ekan u?

- Ehtimol, o‘g‘ridir.

- Yoki kasalxonadan qochib ketgan jinni.

- Balki bularning hammasi filmdagi epizoddir?

- Yo‘q, bu kinoga olish emas.

- Lekin sodir bo‘layotgan voqealarni faqat kinoga olish bilan izohlab bo‘ladi.

- Taxmin qilmaylik.

- Bularning barchasini qanday tushunishimiz kerak?

- Bu hayot, garchi...

- Bu yerdan ketishimiz kerak, aks holda tergovda guvoh sifatida so‘roq qilishadi.

- Hammasini tushunib olish uchun hali umid bor, - dedi kimdir va politsiyachiga qichqirdi: - Hoy, serjant!

Politsiyachi faqat to‘rtinchi chaqiriqdan keyin o‘girildi. Yomg‘irga g‘azab bilan qaradi, plashini yopdi-da, shoshilib ayvon tomon yurdi.

- Sizlarga nima kerak? - deb so‘radi u atrofdagilarga xo‘mrayib.

- Ko‘chada nimalar bo‘layotganini ko‘rmayapsizmi?

- Avtobusni kutayotganlarning hammasi allaqachon jo‘nab ketgan, sizlarga bu yerda nima bor?

- Mana bu odam boshiga qarang.

- Hujjatlaringiz qani?

U yovuz iljayib, hujjatlarni tekshira boshladi. So‘ng so‘radi:

- Bu yerga nima maqsadda to‘plandingizlar?

Odamlar bostirma ostida qo‘rqib bir-birlariga qarab qo‘yishdi.

- Biz bir-birimizni mutlaqo tanimaymiz! - deb g‘o‘ldiradi ulardan biri.

- Yolg‘on sizlarga yordam bermaydi...

Politsiyachi ikki qadam orqaga tisarilib, avtomatini to‘g‘riladi-da, o‘q uza boshladi. Odamlar birin-ketin tutday to’kilardi. Ularning jasadlari ayvon tagida yoyilib yotar, boshlari yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan yo‘lakka tushib qolgandi.

Najib Mahfuz (Misr)