Najib Mahfuz: Qotillik
Nima qilish kerak?! Qamoqdan chiqqanidan beri u tilanchilik qilardi: u yerdan bir piastr, bu yerdan bir piastr, na ish bor, na umid. Uning birinchi marta qamalishi emas, chamasi, oxirgisi ham emas. Endi u hayotdan o‘chirib tashlangan. Umid bog‘lagan barcha odamlari undan yuz o‘girdi. Kimga murojaat qilmasin, hech kim unga ish bermadi. Hatto nasha sotuvchilar ham unga ishonishni xohlamadilar. Kunlar o‘tar, u esa tobora cho’kib borardi. Charchoqdan holdan toyib, eski tanishlari bilan aloqalarini qayta tiklash umidida qahvaxonadan qahvaxonaga sarson kezardi, ammo behuda - uni hamma joyda unutishgandi: u bilan hech kim gaplashmas, hech kim unga yaqinlashmasdi. Faqat norozilik to‘la nigohlar uni teshib o‘tardi xolos.
Ba’zan biror yosh ofitsiantning rahmi kelib, unga yashirincha bir necha bo‘lak nasha keltirardi. Shunda bechora shirin xayollarga cho‘mardi: unga tog‘-tog‘ taomlar, may daryolari, go‘zal ayollar ko‘rinardi, ko‘z oldidan allaqachon, deyarli chorak asr avval, balki undan ham oldinroq, kichik qahvaxonalarda rubob sadolari ostida eshitgan unutilgan sehrli ertaklarning manzaralari gavdalanardi.
Iflos va soqol bosgan, egniga faqat yirtiq galyabiya[1] kiyar va onasi bilan birga Qohiraning eng qadimiy mahallalaridan biri - Husayniyada kichik sassiq hujrada yashardi.
Uning onasi, ko‘zi ojiz va falaj kampir, sadaqa bilan kun ko‘rar, o‘g‘lining borligini unutganday edi. U ham yarim tunda uyga qaytganda onasiga e’tibor bermasdi.
"Nima qilsam ekan?" - deb o‘zidan so‘rardi tinmay. - "Qayoqqa boray?" Uning o‘tmish hayoti shiddatli kechgandi: yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, keyin nasha tarqatgan, so‘ng o‘g‘irlik qila boshlagan. Qanchalar mushtlashgan edi! Birinchi marta qamoqqa ham mushtlashgani uchun tushgandi. Hozir u qirq yoshda, ammo mushaklari hali baquvvat, aravani ag‘darib tashlashi mumkin, lekin bir burda non uchun tilanchilik qilishga majbur.
Uchinchi bor qamoqdan chiqishi edi, lekin hayot unga hech qachon hozirgidek shafqatsiz munosabatda bo‘lmagandi. Umidsizlikka tushgan qalbidagi yashirin ovoz ba’zida unga qamoqxonaga qaytib, umrining qolgan qismini o‘sha yerda o‘tkazishni maslahat berardi. Birinchi marta qamoqda o‘tirganida, o‘g‘li xayriya kasalxonasida vafot etgandi. Ikkinchi marta qamalganda xotini tashlab ketgandi, endi u qayerda va kim bilan ekanligini bilmasdi. Buning uchun ayolni ayblab bo‘larmidi - doim qamoqda o‘tiradigan erkakka sodiq qoladigan ayollar kamdan-kam topiladi.
Uni yana odam qiladigan mo‘jiza bormi? Nahotki dunyo endi baquvvat bilaklarga muhtoj bo‘lmasa? Nahotki u uchun hammasi tugagan bo‘lsa?!..
Bir kuni u ko‘chada maqsadsiz kezib yurganida, kimdir uni baland ovozda chaqirdi:
Xuddi qamchi zarbidan cho‘chigandek, u orqasiga o‘girildi. Nihoyat, u kimgadir kerak bo‘lib qoldi. Bayyumiyning yuzlari yorishibdi va quvnoq jilmayib, uni chaqirgan odam tomon yugurdi va uning qo‘lini o‘pa boshladi:
- Assalomu alaykum, janoblari, assalomu alaykum, xo‘jayin, salom Ali Rukn Said hazratlariga...
U qo‘lini qo‘pol tortib oldi-da, dedi:
- Qo‘ysang-chi valdirashni! Yaxshisi ayt-chi, qamoqxonani sog‘inib qolmadingmi?
- Sizday odamlar bo‘lmaganda, - dedi Bayyumiy xushomadgo‘ylik bilan, - rostdan ham sog‘inib qolardim...
Ali janoblari aravasi tomon yo‘naldi va qo‘li bilan Bayyumiga yoniga o‘tirishni ishora qildi. U ko‘zlariga ishonmadi, lekin biror muhim ish borligini tezda anglab, itoat etdi. Xo‘jayin jilovni silkitdi va ot chang yo‘ldan yo‘rtib ketdi. Ali Rukn qovog‘ini uyib atrofga alanglab oldi, keyin to‘satdan so‘radi:
- Hoji Abdusamad al-Xabboniyni o‘ldira olasanmi?
Bayyumining yuzi hayratdan o’zgarib ketdi.
- O‘ldirishmi? - g‘o‘ldiradi u.
- Ha, - dedi Ali Rukn beparvolik bilan, go‘yo o‘z so‘zlariga e’tibor bermaganday.
- Men hali hech kimni o‘ldirmaganman.
- Unday bo‘lsa, xayr, - dedi Ali Rukn sovuqqina qilib va jilovni tortdi.
Ammo Bayyumiy joyidan qo‘zg‘almadi.
- To‘lovni siz berasizmi, xo‘jayin? - so‘radi u, yuzi tundlashib.
- Men yoki Mahmud janoblarining o‘zlari, senga nima farqi bor? - jilmaydi Ali Rukn jilovni bo‘shashtirib. - Mahmud janoblari katta odam! U fabrika egasi va eng yirik nasha savdogari. U na o‘zini, na odamlarini hech kim shubha ostiga olmasligini xohlaydi. Aqlli odam ishni uddalashni biladi!
- Men Mahmud janoblarining va sizning xizmatkoringizman...
- Mayli, valaqlaverma, Abdusamadni o‘ldirishga rozimisan?
- Uni jannatda deb hisoblayvering, - dedi Bayyumiy xomush kulib.
- U ham, sen ham jahannamga ravona bo‘linglar!..
Bayyumiy buni do‘stona hazil deb qabul qilib, yana kuldi, Ali janoblari esa davom etdi:
- Qamoqdan chiqqaningdan beri pul ko‘rmagandirsan-a?
- Nima, meni sen bilan savdolashadi, deb o‘ylayapsanmi? - dedi Ali Rukn g‘azab bilan.
- Axir men pulga juda muhtojman, qaramog’imda qari kampir onam bor.
- Ona! - takrorladi Ali Rukn va xaxolab kulib yubordi, keyin cho‘ntagidan besh gineylik pul chiqarib, Bayyumiga uzatdi.
- Yo‘q, sizning nomusingiz haqqi, janob, bu kam, - dedi Bayyumiy pulga ko‘zini tikib.
- Xo‘p, mayli, o‘n giney bo‘lsin oldindan to‘lov, - yon berdi Ali Rukn va g‘azab bilan ko‘zlarini qisib qo‘shib qo‘ydi: - Nima, sen bizga ishonmayapsanmi, ahmoq?
- Yo‘q, aslo, janob. Lekin bu hayotimda olishim mumkin bo‘lgan oxirgi pul bo‘lishi mumkin...
- Bu ishni cho‘zsang, seni nima kutayotganini bilasanmi? - so‘radi u.
- Bilmay bo‘larmidi, Alloh ursin, - dedi kulib Bayyumiy pulni taxlarkan.
- Nima bo‘lmasin, birortamizga yaqinlashma, - deb ogohlantirdi Ali Rukn va jilovni tortdi.
Bayyumiy yerga sakrab tushdi-da, Ali Ruknning o‘girilib qo‘l silkishini behuda kutib, uzoqlashayotgan aravachaning ortidan qarab qoldi.
Bayyumiy qo’lidagi pulni qisdi, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. U hech qachon bunday pulga ega bo‘lmagan edi... Lekin hech kimni o‘ldirmagandi ham. U urushgan, o‘g‘irlik qilgan, ammo o‘ldirmagan. U hayotni sevadi, garchi ba’zida o‘limdan ham yomonroq tuyulsa-da. Biroq bu haqda o‘ylashning nima foydasi bor, ilgari qotillik qilmagan bo‘lsa-da, endi o‘ldiradi. Ha, juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. Har bir qadamni puxta o‘ylash lozim. Ertaga nima sodir bo‘lmasin, bu unga yana qirq giney keltiradi. Bunday pulni u hech qachon orzu ham qilmagan. Ehtimol, xo‘jayin Mahmud ham biror savdo ishini ochishga yordam berar. Shunda hamma orzulari ushaladi.
Avvaliga u odatda boradigan qahvaxonaga borib, boshqa shaharga pul topgani ketayotganini aytdi.
- Bor, omon bo‘l! - deb qichqirishdi hamma bir ovozdan, undan qutulishayotganidan xursand bo‘lib.
Chiqayotib, Bayyumiy: "Hammangizni o‘ldirish kerak edi," deb o‘yladi. Keyin u bozor hammomiga yo‘l oldi. U yerga qora ko‘mir kabi kirib, yana o‘zini odamdek his qilib chiqdi. Bozordan ichki kiyim, yangi galyabiya va etik sotib oldi: bahaybat oyog‘iga botinka topolmadi. So‘ng restoranga borib, shunchalik ko‘p ovqatlandiki, ofitsiant hayron qoldi. "Eh, qaniydi hech kimni o‘ldirmay shunday yashab bo‘lsa," deb o‘ylardi Bayyumiy.
U Hoji Abdusamad al-Xabboniyni bor-yo‘g‘i bir necha marta ko‘rgan edi, xolos. Endi u haqda ko‘proq bilishi kerak edi. Bayyumiy Abdusamad yashaydigan Darb al-Gamamizdagi katta eski uyga borib, uning joylashuvini o‘rgana boshladi, keyin Hojining Mabiyaddagi idorasiga kelib, uni bir necha bor aylanib chiqdi. U bu odamni yaqindan yaxshilab ko‘rib olishga ulgurdi va uning tashqi qiyofasini, ayniqsa, to‘ladan kelgan, jonli yuzini va chiroyli, pishiq kiyimlarini yaxshi eslab qoldi. Bir kuni ularning nigohlari to‘qnashdi va Bayyumiy yashin tezligida ko‘zini olib qochdi.
"Mahmud nega Hoji Abdusamadni shunchalik yomon ko‘radi?" - deb o‘zidan tez-tez so‘rardi Bayyumiy. Bu odam nima uchun o‘limga mahkum etilganini bilishga uning, Bayyumiyning, haqqi yo‘qmi? Agar bu haqda so‘rashga jur’at etsa, javob o‘rniga yuziga tarsaki yoki tepki olardi. Mana, odamlar bilan xohlaganini qiladigan to‘da. U qayerga bormasin, Mahmudning shaykasidan kimnidir uchratardi.
Kechqurun Bayyumiy konyak ichib, sirkka bordi, keyin yaxshi mehmonxonada tunadi. Yana uning xayoliga hech kimni o‘ldirmay shunday yashash qanday ajoyib bo‘lardi, degan fikr keldi. U yana uylanardi, bolalari, o‘g‘il va qizlari bo‘lardi. Savdo qilib, daromad ko‘rardi... Ertaga uni nima kutmoqda? Ilgari uni nima kutgan edi? Bolaligidanoq yarim yalang‘och iflos ko‘chalarda yugurgan, keyin o‘g‘ri va bezorilar to‘dasiga qo‘shilib, bosqinchilik va mushtlashuvlarda qatnashgan yoki kechqurunlari bir burda non uchun qahvaxonalarni kezib, yashirincha nasha bo‘laklarini sotishga uringan paytlaridan beri uni nima kutardi?!..
Kelishilgan shanba yetib keldi. Bayyumiy hayotining eng og‘ir kunini qarshi olish uchun erta uyg‘ondi. Bir cho‘ntagiga sovuq go‘sht bo‘lagi, ikkinchisiga konyak shishasini soldi, ko‘kragiga o‘tkir pichoqni yashirdi. Bugun Mahmud va uning odamlari idoralari va do‘konlaridan chiqmaydilar, hammaning ko‘ziga ko‘rinishga va shubhalardan qutulishga harakat qiladilar. Bunday hiylalarni u yaxshi biladi. Bu razil bezorilardan u qirq giney oladi yoki ehtimol, orqasidan xoinlarcha zarba yeydi.
Bayyumiy Hoji Abdusamadning uyidan bir necha metr narida daraxt ortiga yashirinib, o‘z qurbonini kuzata boshladi. Eshik ochilib, ikki o‘g‘il bola va bir qiz maktab sumkalarini ko‘tarib chiqishdi. Uchalasi ham bir-biriga o‘xshardi, ayniqsa katta o‘g‘ilning Abdusamadga o‘xshashligi ko‘zga yaqqol tashlanardi. Shunda Bayyumiyning esiga o‘g‘li tushdi, uning o‘limidan keyin qanchalik qayg‘urganini esladi...
Hovliga Abdusamadning o‘zi chiqdi-da, hassaga tayanib, mo‘ylovini burab to‘xtadi. U orqasidan kelayotgan, ammo Bayyumiy ko‘rolmaydigan kimsa bilan gaplashardi. Abdusamad hamsuhbatiga qo‘l silkidi-da, shoshilmay ko‘chaga chiqib ketdi. Uning to‘la yuzida mamnun tabassum porlab turardi. Bu odam quvnoq va Bayyumiyning nazarida mehribon ko‘rinardi! Biroq uning ham boshqalardan farq qilishini isbotlaydigan dalillar qani? Ularning barchasi qarindoshlari bilan gaplashganda yoqimli jilmayishadi. Masalan, qamoqxona boshlig‘i. Ey, Xudoyim! Bu zolimni unutib bo‘ladimi! Ammo bir kuni Bayyumiy uning o‘g‘li bilan o‘ynayotganini ko‘rdi, ular shunday quvnoq kulishardiki, qamoqxona boshlig‘i ham unga odam bo‘lib tuyuldi!..
Bayyumiy uzoqroqda turib, Abdusamadning ortidan ergashdi. U hayajondan titrab, faqat bir narsani - hammasi tezroq tugashini xohlardi. Abdusamad g‘alati darajada xotirjam borardi. U endi hech qachon oilasini, farzandlarini ko‘rolmasligini, bugun hayotining so‘nggi kuni ekanini, orqasidan kelayotgan va borligini bilmaydigan kishi uning taqdirini bashorat qila olishini, bu odam ellik gineyaga uning qismati quroli bo‘lishga rozi bo‘lganini qayoqdan bilsin? Qiziq, Abdusamadning puli uni sotishgan puldan necha barobar ko‘p ekan?!..
"Bu odam qayoqqa ketyapti o‘zi?" - deb o‘yladi Bayyumiy atrofga alanglаb. Axir bu ko‘cha uning idorasi joylashgan Mabiyodga olib bormaydi-ku. Mana, u derazalaridan dod-voy va yig‘i-sig‘i eshitilib turgan allaqanday uyga yaqinlashdi. Demak, Abdusamad dafn marosimiga kelgan ekan. Qanday g‘alati kun!
Bayyumiy nariroqda to‘xtab, bo‘layotgan voqealarni kuzata boshladi. Uning qo‘li beixtiyor cho‘ntagidagi sovuq go‘shtga tegdi. Bir bo‘lagini uzib olib, chaynay boshladi. Uning bir qultum konyak ichgisi keldi-yu, ammo o‘zini tiydi; haqiqatan ham zarur bo‘lguncha kutish kerak.
Soat o‘n birlarga yaqin uydagi dod-faryod va yig‘i-sig‘i kuchayib, so‘nggi vidolashuv daqiqalari yetib kelganini bildirdi. Marhumni ko‘chaga olib chiqishdi va dafn marosimi yo‘lga tushdi. Hoji Abdusamad katta ro‘molchasi bilan ko‘z yoshlarini artib, birinchi qatorda borardi.
Ayollarning yig‘i-sig‘isi, erkaklarning ma’yus yuzlari. Bu qayg‘uli manzara Bayyumiga og‘ir ta’sir qildi. Faqat qabristonga boradigan yo‘lda u bir oz o‘ziga keldi va yana o‘z qurbonini kuzatishga kirishdi. Abdusamad ro‘molchasi bilan ko‘zlarini artardi. Nega endi uni o‘ldirmoqchi bo‘lishyapti? Qani endi Abdusamad o‘lsa-yu, hech kimni o‘ldirishning hojati qolmasa! Ha, lekin unda uning qirq gineyasi yo‘qolardi, balki berilgan bo‘nakni ham qaytarishni talab qilishar!..
Uzoqda qabriston darvozasi ko‘rinishi bilanoq Bayyumiy to‘xtadi; u dafn marosimida qatnashishni istamadi. Abdusamadni kutayotganda uning miyasida g‘alati fikrlar aylanardi. Qani endi go‘rkov bo‘lib ishlasa. Bu daromadli kasb bo‘lsa kerak. Bu yerda hech kim undan o‘tmishini surishtirmaydi. Nasha sotib, daromadni osongina oshirish mumkin edi. Qabrlar orasida savdo-sotiq avj olardi... Bayyumiy qiladigan ishi haqida emas, xohlagan narsasi haqida o‘ylashni ma’qul ko‘rardi.
Hoji Abdusamad paydo bo‘ldi. Endi u Mabiyaddagi idorasiga yo‘l oldi. U eshik ortiga o‘tib ketgach, Bayyumiy ro‘paradagi kichkina qahvaxonada o‘tirib, choy buyurdi, bir necha bo‘lak go‘sht yedi va qalyon chekib, idorani kuzatdi. Mana, eshik ochildi, ichkaridan kimdir chiqdi. Bayyumiy o‘z ko‘zlariga ishonmadi - bu Abdusamad o‘ldiriladigan janob Mahmud edi. Hojining o‘zi esa mehmonni eshikkacha kuzatib qo‘ydi, ikkovlari ham kulib yuborishdi. Mahmud o‘z aravachasiga o‘tirdi-da, jo‘nab ketdi. Demak, u avvalgidek o‘zini Abdusamadning do‘sti qilib ko‘rsatyapti. Qanday berahm va tuban munofiq! Ha, uning shafqatsizligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Ehtimol, hozir u bechora Bayyumiy haqida o‘ylab, unga omad tilayotgandir!.. Qanday xatarli ishga qo‘l urding, Bayyumiy! Bugun hammasi amalga oshishi kerak. Ertaga nima bo‘ladi? Agar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, u g‘azab va qasos nishoniga aylanadi va yer uning uchun torlik qiladi. Ha, orqaga yo‘l yo‘q, bu aniq, u tanimaydigan va hech qanday adovati bo‘lmagan odamni o‘ldiradi, chunki buni boshqalar talab qilishyapti.
Soat to‘rtda, odatdagidek, ish tugagach, idorada gavjumlik boshlandi. Hovliga qo‘l aravachalar kiritildi, xizmatchilar tarqala boshladi, derazalar yopildi va eshikdan Hoji Abdusamad bilan yana to‘rt kishi chiqdi. Bayyumiy o‘rnidan turishga chog‘landi. Lekin shu payt butun guruh uning tomonga kelayotganini ko‘rdi. Ular qahvaxonaga kirib, uning yaqiniga o‘tirishdi.
- Zo‘r fikr. Men ta’ziyaga borishdan oldin shu yerda bir oz dam olay, - dedi Hoji.
Patnis keltirildi. Hamma choy va qahva icha boshladi.
- Xudo rahmat qilsin, Abduhakim janoblari, - dedi Hoji Abdusamad xo‘rsinib, - bugun sizni dafn etishimizni kim o‘ylabdi deysiz!
- Kechagina u shu yerda biz bilan birga o‘tirgan edi-ya, - qo‘shib qo‘ydi hozir bo‘lganlardan biri.
- Ha, biz bu yerga har kuni kelardik.
Bayyumiy unga achinish bilan qaradi va uning chindan ham qayg‘uga botganini ko‘rdi. Hechqisi yo‘q, uning sog‘lig‘i yaxshi. Bo‘yni shunday yo‘g‘on, qorni shunday kattaki, u har qanday g‘am-g‘ussani ko‘tarishga qodir... Uni o‘ldirish ham qiyin bo‘lmaydi. Hammasi bugun kechqurun, u ta’ziyadan qaytayotganda hal bo‘lishi kerak...
- Men ertaga Yuqori Misrga borishim kerakmi? - so‘radi xizmatchilardan biri.
- Ha, - dedi Hoji, - bu oltin bitim, biz bunday omadni orzu ham qilolmasdik.
- Umuman olganda kelishganimizdek, lekin sen yuztagacha oshirishing mumkin. Axir bitim kafolatli-ku.
Shu bilan birga u shunday yorqin jilmaydiki, go‘yo butun g‘am-g‘ussasini unutganday bo‘ldi.
- Shom namoziga kech qolmaslik uchunketishim kerak.
- Xayr, - javob berishdi unga, - ertaga soat beshda uchrashuvimiz esingizdan chiqmasin!
- Soat beshda, ha. Agar kechikib qolsam, xavotir olmanglar, albatta kelaman.
Hoji kelajak haqida ishonch bilan gapirganda yoki uchrashuv belgilaganda, Bayyumiy har safar hayajonga tushardi. Bu odamni o‘ldirishning nima keragi bor? Axir u uni mutlaqo tanimaydi-ku. U hozirgina uni ko‘rib chiqdi. Uning qalbida unga nisbatan na nafrat, na alam bor. Hoji unga hech qanday zarar yetkazmagan. Nega o‘ldirish kerak?.. Agar u shunday qilmasa, o‘zini ham o‘ldirishadi... keyin, ehtimol, hayot unga yana kulib boqar... U ham va’da bergan edi... Yaxshisi bu haqda o‘ylamaslik kerak... Ishonish kerakki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Kim undan shubhalanadi! Nahotki bu odamni o‘ldirish uchun unda biron-bir sabab bo‘lsa? Darhaqiqat, ular o‘zlarining qora ishlari uchun aynan uni tanlab, oqilona ish qilishgan...
"Kelgusi ramazon oyida, - davom etdi Hoji Abdusamad, - bizning omadimiz yanada ko‘proq kulishi mumkin. Xudo sizga omad bersin..."
Kelgusi ramazon oyida! Bu odamning ovozini eshitish naqadar azobli! Go‘yo bu ovoz Bayyumiyning qulog‘ida hech qachon tinmaydigan bo‘lib qolganday!
"Kechirasiz, men ketishim kerak, - dedi Hoji o‘rnidan turib, - xayr."
Bayyumiy uning ortidan chiqdi. U chiroqlardan nariroqdagi qorong‘i burchakka yashirinib, go‘sht bo‘laklarini chaynay boshladi va konyakni oz-ozdan ho‘pladi. Har safar ichganda yuragi ko‘ksidan otilib chiqadiganday, qoni qaynab-toshardi. Uning qulog‘iga qorining ovozi chalindi. Bayyumiy Abdusamadning hammadan keyin chiqishiga ishonchi komil bo‘lgani uchun yeb-ichishni davom ettirib, telbalik girdobiga sho‘ng‘idi. Politsiyachi sekin, vazmin qadam tashlab o‘tib borardi. Bayyumiy seskanib ketdi: politsiyachi uning hidini sezsa yoki ko‘rsa, yoki hatto faqat eshitsa ham, darhol hammasini tushunadi, bu turma kamerasi, chelaklar, to‘shamalar, kaltaklar va qarg‘ishlarni eslatuvchi hid edi... Politsiyachi yonidan o‘tib ketdi, yana qaytib keldi, miltig‘iga suyanib turib qoldi, keyin uni qo‘ltiqlab chiqib ketdi.
Marosimda faqat bir necha kishi qoldi. Bayyumiy panagohini tark etdi. Atrofdagi hamma narsa unga qip-qizil bo‘lib ko‘rinardi. Ko‘ylagi ostidagi pichoqni paypaslab, Abdusamadning uyi tomon yurdi. Tevarak-atrof bo‘m-bo‘sh va jimjit edi: do‘konlar yopiq, o‘tkinchilar yo‘q edi. Mana, uzun, tor va qorong‘i ko‘chaning oxiridagi tanish uy. Bayyumiy to‘xtadi. Bu yerdan hammani yaxshi ko‘rish mumkin, uning o‘zini esa qorong‘ilik yashirib turibdi. U ko‘ksidagi pichoqni yana bir marta ushlab ko‘rdi. Vaqt juda sekin o‘tardi. Soat birga zang urganda uzoqdan Abdusamad ko‘rindi. Lekin u yolg‘iz emasdi. Bayyumining yuragi gupillab ura boshladi. Agar Hojini hoziroq o‘ldira olmasa, boshqa hech qachon bunday qilishga jur’at etolmaydi va o‘lim har qadamda uning o‘zini ham poylab turadi. Abdusamad va uning hamrohi ko‘chaning o‘rtasiga yetib kelishdi. Bayyumining tomog‘ini umidsizlik bo‘g‘di. U mag‘lubiyatini tan olib, o‘z panagohini tark etishga tayyor edi, biroq to‘satdan ular to‘xtashdi, bir-birlarining qo‘llarini qisishdi va u, ikkinchisi yon tomondagi tor ko‘chaga burildi. Abdusamad yolg‘iz o‘zi ketdi. Bayyumining muskullari yana taranglashdi, nigohi yaqinlashib kelayotgan odamga qadaldi. Hoji bir qo‘lida hassasini, ikkinchi qo‘lida soat zanjirini o‘ynatib, sekin yurib borardi. Uning yuzida charchoq va xotirjamlik ifodasi bor edi.
Mana, u uy oldidagi qorong‘i tor ko‘chaga kirdi, gavdasining shakli yo‘qolib, zulmatda harakatlanayotgan mujmal soyaga aylandi. Endi ularni bir necha qadam ajratib turardi. Bayyumiy pichoqni chiqarib, qo‘lida mahkam siqdi-da, o‘z qurboniga tashlanib, halokatli zarba berdi. Odam sekin qichqirib yubordi, uning beso‘naqay tanasi chayqalib, yerga qulab tushdi. Vahimadan qaltirayotgan Bayyumiy, pichoqni o‘ldirilgan odamning ko‘ksida qoldirib, qochib ketdi. U butunlay qonga belangani haqida o‘ylamasdi ham...
[1] Galabiya - keng, uzun erkaklar ko'ylagi, umumiy milliy libosdir.
[2] Gviney - 100 kurushga teng pul birligidir. Kurush Misrning asosiy pul birligidir.