Najib Mahfuz
November 17, 2024

Najib Mahfuz: Uyqu

Chang bosgan hovlida qabristondagidek yolg‘iz xurmo daraxti bor edi. U hovli yonidan o‘tayotganida doim shu haqda o‘ylardi. Bugun uni shlangdan yer sug‘orayotgan uy egasi to‘xtatdi:

— Janob!

Jin ursin! Bunday bashara bilan uchrashish, ayniqsa ertalabdan, faqat xosiyatsizlik keltiradi. Balki u mehribon choldir? Ba’zida jilmayadi ham. To‘g‘ri, uning tabassumi huddi daraxt po‘stlog‘idagi yoriqqa o‘xshaydi...

— Sen yolg’iz yashadigan, hali yosh yigitsan... madaniyatlisan... Odamlar sen haqingda yaxshi gapiradi, shikoyat qilishmaydi. Lekin Xudo haqi... Xonadoningda qanday ziyofatlar uyushtiryapsan? Arvohlarni chaqirasanmi?

— Nima, sizga hisob berishim kerakmi?

— Agar bu boshqalarga xalaqit bersa... Bundan tashqari, marhum otang bilan eski do‘stligimiz haqi so‘rashim mumkin-ku!

Uning yuzi g‘azabdan titradi.

— Men seni juma namozida biror marta ham ko‘rmaganman!

— Buning ishga nima aloqasi bor?

— O‘z burchini unutgan dindorni qoralashdan o‘zimni tiya olmayman. Senga aytmoqchi bo‘lganim shu.

Yigit miyig’ida kulib qo‘ydi. Keyin:

— Siz kimga ibodat qilasiz — arvohlargami? – deb so’radi.

— - Aslo yo‘q! Seni imoningda shubha bor, sendagi... hammasi mana shuning oqibatidan...

Yigit suhbat mavzusini o‘zgartirdi:

— Men sizga hojatxonadagi devor haqida aytgan edim...

— Devor yiqilmaydi.. Bilasanmi, sening bu bazmlaring ijarachilarda salbiy ta’sir qilyapti.

— Men qonunga xilof ish qilayotganim yo‘q. Iltimos, ana shu devorni tuzatib bering...

— Ilgarigiday, yaxshilikcha kelishsak bo‘lardi... — Xo‘jayin suv oqimini uzoqroqqa yo‘naltirarkan, shosha-pisha qo‘shib qo‘ydi: — Ta’mirlashni o‘zing qilishing kerak.

Mana, dam olish kunida bu basharani ko‘rish o‘zi ko‘ngilsizlik! Ko‘cha deyarli bo‘m-bo‘sh, ta’til boshlanganda shunday bo‘ladi. Shahar ustida og‘ir, qo‘zg‘almas bulutlar suzmoqda. Uyqusiz tundan keyin boshi qattiq og‘rirdi. Ikki soatdan ortiq uxlamagan edi. Ular ruhlar bilan "muloqot"ni tugatishlari bilanoq, uning hamkasbi, tarix o‘qituvchisi: "Keling, kelajak haqida gaplashamiz!" deb xitob qilgandi. Ular tun bo‘yi bahslashishdi — hammasi behuda ketdi. Tongga yaqin oshnasi uydan chiqib ketayotib, kulib turib dedi:

— Sen uchun eng yaxshisi — uylanish!

U g‘alati xavotir bilan o‘ringa yotdi, ko‘z oldida tanish, sevimli yuz turardi. Yolg‘iz xurmo bo‘lish mumkin emas! Nima uchun onasi o‘limidan bir necha kun oldin: "Nima bo‘lsa ham, Xudoga shukr qilish kerak", deb qattiq turib oldi?

Sahar mardonda qahvaxona bo‘m-bo‘sh edi. U o‘zining odatdagi joyiga, qahvaxonani temir yo‘l platformasidan ajratib turgan bog‘ga kiraverishdagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Ofitsiant u bilan salomlashib, gazeta keltirib berdi. Qahva va loviyali buterbrod tayyorladi. U ovqatlandi, lekin bosh og‘rig‘i bosilmadi. Shuncha uringani bilan... Nima uchun tun bo‘yi uxlay olmadi? Ertaga o‘quvchilarga o‘qishi kerak bo‘lgan grammatika ma’ruzasini esladi. Shu zahoti ko‘z o‘ngida hamkasbi-tarixchi, alahsirash suhbatidagi sherigining qiyofasi gavdalandi:

"— Bu nima deganing?

— Sen arabchani o‘rganasan, xo‘p, ayt-chi, egasiz kesim bo‘ladimi?

— Til dengizga o‘xshaydi, uning chegarasi yo‘q.

— Muhammad vafot etdi. Muhammad — ega. Qanaqa ega? Shuning uchun men til sohasidan tashqaridagi narsalar bilan shug‘ullanaman..."

Ofitsiant marmar stolni artgani keldi.

— Sen nega mijozlardan pul talab qilasan? — deb so‘radi u.

U jilmaydi. G‘alati savollarga qilinadigan odatiy tabassum edi u. Pulni olib, nari ketdi. "Uning tabassumi ma’noli, shunday bo‘lsa ham... biz hech narsani bilmaymiz, odatiy hodisalar yuzasidan sirg‘anib o’tyapmiz... bilim yetishmaydi, ular beqaror, noaniq..."

U bulutga qaradi, keyin yana nimagadir e’tibor berdi... Ko‘zga tashlangan hamma narsa oq tusga kirardi. Ammo oqlik sehrgar qo‘lidagi o‘yinchoq kabi beqaror, mujmal edi. Goh hammayoqni qoplaydi, goh og‘ir to‘lqin bo‘lib pasayadi. Keyin u shaklsiz qora narsaga aylandi. Platforma oldida turgan poyezd g‘oyib bo‘ldimi... yoki bulutlar orasida erib ketdimi? Unga yana xuddi Yapon bog‘idagi Budda oldidagi kabi mutlaq xotirjamlikni his qilgisi keldi. U birdan do‘sti, tarixchining Buddaga ishora qilib: "Tinchlik, haqiqat va g‘alaba" deganini, so‘ngra o‘z fikrini tushuntirib: "Tinchlik, haqiqat va mag‘lubiyat" deganini eshitdi. U bahs boshlash uchun butun irodasini to‘pladi...

Daraxtdagi barglar qattiq qichqiriqdan silkinib ketdi. Bola, ehtimol, ayol baqirgandir... Yuragida go‘yo ishqiy o‘yin zavqi jo‘sh urayotgandek gupillab ura boshladi. Hozir Xayyom ko‘chasidagi o‘sha uyda bo‘lsa yaxshi bo’lardi... Lekin qanday? Yangi ovoz uni chaqirganday bo‘ldi. U orqasiga o‘girilib, oshnasini ko‘rdi, lekin u: "Sening uchun eng yaxshisi uylanish!" deb, unga gapirishiga imkon bermadi. Uni har tomondan shovqin-suron, yugurgan odamlarning oyoq tovushlari qurshab oldi va u ham poyezdga ulgurishga shoshilib yugurdi... Qoqilib, yo‘lkaga yiqilib tushdi... Shuncha odam qayerdan paydo bo‘ldi? To‘da, to‘da, to‘da — hammasi kichkina bog‘chaning to‘sig‘i yonida turibdi. Politsiyachilar platformaga to‘planishdi. Avariyami? Mana shu o‘lik bulutlar ostida... Mana, ofitsiant kirib keldi, qahvaxonaga qaytayotib, olomon orasidan o‘tib ketdi. Unga engashib, so‘radi:

- Siz, hammasini ko‘rdingiz-a?

U qoshlarini chimirdi - ham savol berganday, ham nimanidir inkor qilganday.

- Hozir sizni tergovchi huzuriga chaqirishadi, - qo‘shib qo‘ydi ofitsiant.

- Yana qanaqa tergovchiga?

- Axir stansiyada qotillik sodir bo‘ldi-ku, sizdan ikki qadam narida odamni o‘ldirishdi.

- Qotillikmi?.. - hayron bo‘lib so‘radi u.

- Nima? Osmondan tushdingizmi? Qotillik! Dahshat, nahotki siz o‘sha qizni... doyani tanimasangiz?

- Doyani?

- Uni allaqanday jinni o‘ldirdi, Xudo jazosini bersin!

Yigitning yuzi og‘riq va sarosimadan bujmayib ketdi, lablari: "O‘ldirishdi, ishonmayman, qayerda u?" deb shivirlardi.

- Yordam ko’rsatish uchun kasalxonaga olib ketishdi, lekin u yo‘lda jon berdi.

- Vafot etdimi?

- Iye, ko‘rmadingizmi? Uni shu yerda, ikki qadam narida o‘ldirishdi-ku... - Ofitsiant bir oz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi: - Qanday qilib ko‘rmadingiz? Men band edim... Biz qichqiriq eshitib, yugurib chiqdik. Bu ablah uni quvib ketayotgan edi, u esa qochayotgandi. U hozir tergovchi turgan joyda doyani pichoq bilan urdi.

- Qotilchi nima bo‘ldi?

- Qochib ketdi, hali topolmadilar. Juda yosh ekan. Stansiya boshlig‘i uning devorga tirmashib chiqqanini, keyin parovozga chiqqanini ko‘rgan. Hechqisi yo‘q, ertami-kechmi qo‘lga tushadi!

Og‘riqdan uning yuzi bujmayib ketdi. U zo‘rg‘a o‘tirardi. Ofitsiant uning yonidan nari ketarkan, takrorladi:

- Qanday qilib hech narsani ko‘rmadingiz, axir hammasi ko‘z oldingizda sodir bo‘ldi-ku?

Politsiyachi kelib, undan tergovchining oldiga borishni so‘radi. Qanday bo‘lmasin, fikrlarini jamlab olishi kerak edi. Soatiga qaradi - kamida bir soat uxlagan ekan. Oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab, politsiyachiga ergashdi. Odatdagidek, avval undan yoshi, ish joyi haqida so‘rashdi.

- Qahvaxonaga qachon kelgandingiz?

- Ertalab soat yettilarda.

- Joyingizdan hech qayoqqa ketmadingizmi?

- Yo‘q.

- Nimani ko‘rdingiz? Iltimos, batafsil so‘zlab bering.

- Men hech narsani ko‘rmadim.

- Qanday qilib? Qotillik xuddi shu joyda sodir bo‘ldi-ku, qanday qilib hech narsani payqamadingiz?

- Men uxlayotgan edim.

- Uxlayotgan edingizmi?!

- Ha, - uyalib tasdiqladi u.

- Ta’qib shovqinidan uyg‘onmadingizmi?

- Yo‘q.

- Qichqiriqlar-chi?..

U boshini chayqab, labini tishlab qo‘ydi.

- Siz unga yordam bermadingiz. U sizni ismingiz bilan chaqirgan-ku!

U bo‘g‘iq ovozda xitob qildi:

- Ismim bilan?!

- Ha, ha, u sizni uzoq vaqt chaqirdi. Guvohlarning aytishicha, u yordam so‘rab, siz tomon yugurib kelayotgan edi.

U dovdirab ko‘zlarini pirpiratdi...

Keyin ko‘zlarini yumdi-da, tergovchining savollariga e’tibor bermay qo‘ydi, to tergovchi jahl bilan:

- Javob bering, siz javob berishingiz shart, - demagunicha.

- Men juda baxtsizman!

- U bilan qanday munosabatingiz bor edi?

- Hech qanday.

- Axir u sizning ismingizni aytib qichqirgan-ku!

- Biz u bilan qo‘shni ko‘chalarda yashaymiz.

- Guvohlarning aytishicha, ular sizni tez-tez birga ko‘rishgan. Siz odatda poyezdni kutib yonma-yon turardingiz.

- Balki ish soatlarimiz bir-biriga to‘g‘ri kelgani uchundir.

- Lekin u sizni shunchaki yordamga chaqirgani yo‘q-ku?

- Ehtimol, men unga mahliyo bo’layotganimni sezgandir.

- Demak, sizlar yaqin edingiz?

- Ehtimol. - Va shu zahoti keskin, deyarli g‘azab bilan qichqirdi: - Men uni sevardim, ko‘pdan beri unga uylanmoqchi edim!

- Lekin bunday qilmadingiz.

- Yo‘q, jur’at etolmadim.

- Mana, shu voqea sodir bo‘ldi-yu, siz uxlab qoldingiz!

U boshini quyi soldi. Uyat, uyat... Qanday alam!

- Oxirgi savol: siz u haqda hech narsa bilmaysizmi, qotilni nazarda tutyapman?

- Hech narsa.

- Balki eshitgandirsiz, uning boshqa sevgilisi bormidi?

- Yo‘q.

- Yonida hech kim aylanib yurganini sezmadingizmi?

- Yo‘q.

- Yana biror narsa aytmoqchimisiz?

- Yo‘q.

Osmon hali ham quyuq bulutlar ortida edi. Yomg‘ir yog‘di, keyin tindi. U qayoqqa ketayotganini bilmay uzoq vaqt yurdi. Tush payti bo‘lib qoldi, u esa hamon yurib borardi. Go‘yo bu holdan toydiradigan yurish bilan o‘z umidsizligini yengmoqchi bo‘layotgandek edi. Yapon bog‘i oldida u kutilmaganda tarixchini uchratib qoldi. U salomlashib, qo‘l berib ko‘rishdi.

- Yur, birga o‘tiraylik. Gaplashgim kelyapti.

- Kechir, hozir falsafiy suhbatga toqatim yo‘q... - dedi u bo‘shashib.

Tarixchi unga achinib qaradi-da, qovog‘ini soldi:

- Aytishlaricha, qandaydir doyani o‘ldirishgan ekan, shu rostmi? Sen uxlab qolibsan...

- Kim aytdi senga? - jahl bilan uning gapini bo‘ldi u.

- Sartaroshxonada eshitdim, - uzr so‘ragandek javob berdi do‘sti.

- Nima bo‘pti... odam charchab, mudrab qoladi! Hammasi xuddi shu paytda sodir bo‘lganiga men aybdormanmi?

Uning hamkasbi kulib yubordi.

- Qo‘ysang-chi, xafa bo‘lma... sening u bilan muhabbating borligini bilmasdim-ku, - qo‘shib qo‘ydi u hazillashib.

- Qanaqa muhabbat? Nima deyapsan? Ahmoq!

- Kechir, kechir! Hammasi sartaroshxonadagi gap-so‘zlar.

U yo‘lida davom etdi. Hech qanday maqsadsiz yurib borardi. Hammasini jin ursin! Mish-mishlar yopishqoq qurtlardek tarqalib ketdi. Uni hech qanday kuch bilan hayotga qaytarib bo‘lmaydi, guldek go’zal, dilbar edi... Bu qayg‘uga davo yo‘q. Uning jon achchig‘ida qichqirishi uyqu po‘stlog‘iga urilib, qandaydir tushunib bo‘lmas tarzda hammayoqqa tarqaladi. Shahar atrofi - butunlay quloqqa aylangan. "Bechora, men seni deb halok bo‘laman-ku!" Do‘konda unga bir quti sigaret berishadi va: "Hechqisi yo‘q, janob! Umringiz uzoq bo‘lsin!" Nima-a?! Chamasi, hamma biladi... Endi unga hamdardlik bildirishmoqda... Go‘yo o‘limdan so‘ng unashtiruv e’lon qilingandek. O‘zlaricha yana nimalarnidir o‘ylashadi... U pulni sotuvchiga irg‘itib, sinovchan nazar tashladi. Pul nima bo‘pti!..

Nazarida hamma uni kuzatayotgandek edi. U qochoq. Ayblanuvchi. Jinoyatchi. U yordamga shoshilmagani uchun aybdor. Demak, chora yo‘q. Ertaga maktabda savollar berishadi... Bu haqiqiy jahannamning o’zginasi!..

U uzoq yurdi. Ko‘pchilikka tushuntirishga to‘g‘ri keldi — har bir so‘z g‘ashini keltirar, jarohatlar edi. Mish-mishlarga chek yo‘q. Hamma faqat qotillik va uning qanday uxlagani haqida gapirardi. "Qotil qo‘lga olindi. O‘rta maktab o‘quvchisi... — Demak, ermak uchun, tentak bo‘lib o‘ldirgan ekan-da. — Qotil uni sevardi. U esa sevgisiga javob bermagan... — U Klaydga doimo osoyishta va jiddiy bo‘lib ko‘rinardi. — Aniqlanishicha, u arab tili o‘qituvchisini sevardi. — O! Aniqlanibdimi?! U qiz uchun arvohlarni chaqirar ekan-u, qutqara olmabdi: uxlab qolibdi. — Tergov paytida u... uxlaganini, uxlaganini aytdi!.. Hayron qoladigani shundaki, u qichqiriq va shovqin-surondan uyg‘onmabdi. — Ha, bu g‘alati, lekin ular bilishmaydi — u tun bo‘yi arvohlar bilan muloqot qilgan... kelajak haqidagi bema’ni gaplar-chi!.."

Go‘yo unga zahar sepilganday yuragi og‘rib siqildi. U qaytishni istamadi, lekin oxiri uyga burilishga majbur bo‘ldi. Yomg‘irdan bulutlar shishib, qorayib ketgan edi. Mana, xo‘jayin — ayanchli yolg’iz xurmo tagidagi o‘rindiqda o‘tiribdi.

— G‘amgin ko‘rinasan, ertalabki suhbatimiz seni xafa qildimi? — so‘radi xo‘jayin.

U bosh chayqab, inkor etdi. Xo‘jayin ovozini pasaytirdi:

— Rostmi? Aytishlaricha...

— Ha, ha! — dedi u qo‘pol ohangda. — O‘sha doyani mendan ikki qadam narida o‘ldirishdi, men esa qahvaxonada uxlab o‘tirgandim. Mana shunaqa ishlar!

— O‘g‘lim, men...

— Men uning qichqirganini eshitmadim, — deb uning gapini bo‘ldi u, — ba’zilar esa meni eshitgan, lekin o‘zini uxlayotganga solgan, deb aytishyapti.

Xo‘jayin uning yoniga kelib, uzr so‘radi. Tirsagidan ushlab, yoniga o‘tqazdi.

— Marhum otang mening do‘stim edi, xafa bo‘lma, o‘g‘lim.

Ular uzoq va hushyor jim qoldilar. Keyin u ketishga ruxsat so‘radi. Xo‘jayin uni eshikkacha kuzatib qo‘yib, qulog‘iga shivirladi:

— Senga yana bir marta eslatib qo‘ymoqchiman, anavi arvohlar bilan o‘tkaziladigan davralaring haqida.

U so‘nggi bor, bor kuchini yig‘ib karavotga yetib oldi. Ko‘zlarini yumib, g‘o‘ldiradi:

— Men uxlashim va uzoq, uzoq uxlashim kerak. Uyqu — abadiy...

Najib Mahfuz (Misr)