Akutaga Ryunoske
July 27, 2025

Qora libosli Madonna | Akutaga Ryunoske

Ko‘z yoshlar vodiysida turib, sening marhamatingga iltijo qilamiz... Ey, gunohlarni kechiruvchi va marhamatli, ey, rahmdil va fazilat sohibasi Bibi Maryam!

[Injil]“Ava Mariya” duosi

- Xo‘sh, qanday ekan? - so‘radi Tasiro Mariya Kannon haykalchasini stolga qo‘yarkan.

Mariya Kannon tasvirlangan haykalchalar odatda oq chinnidan yasalgan bo‘lib, Yaponiyada xristianlik ta’qiqlangan davrlarda katoliklar orasida keng tarqalgan edi. Ammo Tasiro menga ko‘rsatgan haykalchaga o‘xshashini muzeylardan yoki to‘plovchilar javonlaridan topish mushkul. Birinchidan, u taxminan o‘ttiz santimetr balandlikda bo‘lib, yuzidan tashqari deyarli butunlay qora yog‘ochdan o‘yilgandi. Bundan tashqari, g‘oyat nozik ishlangan xoch naqshli bo‘yin marjonu oltin va sadaf bilan bezatilgandi. Fil suyagidan yasalgan yuzidagi lablari qizarib ko‘rinardi.

Men qo‘llarimni ko‘ksimda chalishtirib, bu "qora libosli Madonna"ning go‘zal chehrasini sukut saqlab kuzatdim. Uning suyakdan o‘yilgan yuz qiyofasida nimadir g‘alati tuyuldi. Yo‘q, g‘alatimas, balki... Menda u sovuq tabassum bilan boqayotgandek taassurot uyg‘ondi.

- Xo‘sh, fikringiz qanday? - takrorladi Tasiro to‘plovchilarga xos g‘urur bilan jilmayib, nigohini goh menga, goh Mariya Kannonga tashlarkan.

- Noyob namuna! Biroq, sizningcha u biroz vahimali ko‘rinmayaptimi?

- Ha, uning yuzini osoyishta deb bo‘lmaydi. Aytgancha, bu Mariya Kannon bilan bog‘liq g‘alati afsona bor.

- G‘alati afsona? - Men haykalchadan nigohimni uzib, Tasiroga qaradim. U to‘satdan jiddiylashib, stoldagi haykalchani olmoqchi bo‘ldi-yu, ammo darhol joyiga qo‘ydi.

- Ha, bu Madonna baxtsizlik keltiradi, deb hisoblashadi. Mushkul ahvolda yordam so‘rashsa, go‘yo undan-da og‘irroq kulfat yuborarmish.

- Bunday bo‘lishi mumkin emas.

- Shunday bo‘lsa-da, haykalchaning avvalgi egasi bilan xuddi shu holat yuz bergan. – Qovog‘ini solgan Tasiro o‘tirdi va menga stolning narigi tomonidan joy ko‘rsatdi.

- Afsonaning haqiqatligini aytmoqchimisiz? - hayratlanib xitob qildim stulga cho‘karkanman.

Tasiro universitetni mendan ikki yil oldin bitirgan va mashhur advokat edi. Bundan tashqari, men uni bilimdon, zamonaviy va hech qanday g‘ayritabiiy kuchlarga ishonmaydigan odam sifatida bilardim. Agar u g‘alati afsona haqida so‘z ochgan ekan, bu afsona arvohlar haqidagi bema’ni hikoya bo‘lmasligiga ishonch hosil qilish mumkin edi.

- Nahotki rost bo‘lsa? - takrorladim men.

Tasiro shoshilmay trubkasini yoqarkan, javob berdi:

- Hukm chiqarish, albatta, sizning ixtiyoringizda. Ammo men baribir bu Mariya Kannonning o‘tmishi qorong‘u deb o‘ylayman. Agar vaqtingizni ayamasangiz, sizga so‘zlab beraman...

Bu haykalcha menga kelishidan oldin Nigata prefekturasidagi bir shaharchada yashovchi badavlat Inami oilasiga tegishli edi. Haykalcha nafaqat noyob va go‘zal buyum, balki urug‘ga baxt-saodat keltiruvchi homiy ham hisoblangan.

Biz huquqshunoslik fakultetida birga o‘qigan Inami oilasining boshlig‘i xususiy korxonasiga ega, bundan tashqari bank ishlari bilan ham shug‘ullanadi - xullas, ishbilarmon odam. Bir-ikki marta unga ayrim xizmatlar ko‘rsatishimga to‘g‘ri kelgandi. Ehtimol, u menga minnatdorchiligini izhor etmoqchi bo‘lgandir, shu bois bir kuni Tokioga navbatdagi tashrifi chog‘ida Mariya Kannon nomli oilaviy yodgorlikni hadya etdi.

Aynan o‘shanda Inami menga bu afsonani aytib bergan, garchi o‘zi ham mistika yoki la’natlarga ishonmasa-da. U voqeani onasidan qanday eshitgan bo‘lsa, shundayligicha so‘zlab berdi.

Bu voqea kuzda, Inamining onasi Oye o‘n-o‘n bir yoshlarida yuz bergan ekan. Chamasi, imperator Komey hukmronligi nihoyasiga yetay deb qolgan, "qora kemalar" allaqachon Uraga portida turardi. Oyening ukasi sakkiz yashar Mosaku qizamiq bilan og‘ir xastalangan. Ularning ota-onasi bir necha yil oldin, vabo paytida vafot etishgan va o‘shandan beri bolalarni yetmishdan oshgan buvisi tarbiyalagan, shu bois Mosakuni to‘shak tortganda, yolg‘iz beva kampir - Inamining katta buvisi juda tashvishga tushdi. Tabiblarning sa’y-harakatlariga qaramay, bolaning ahvoli tobora og‘irlashdi va bir haftaga yetmay Mosaku o‘lim yoqasiga kelib qoldi.

Bir kuni kechasi Oyening xonasiga to‘satdan buvisi kirib, qizchani uyg‘otdi, zo‘rlab o‘rnidan turg‘izdi va kiyinishni buyurdi. Hali uyqusiragan Oye kimonosini arang kiyib olganida, buvisi uni qo‘lidan ushlab, xira qog‘oz fonus bilan yo‘lni yoritib, gumburdoq yo‘laklar bo‘ylab ular kunduzi ham kamdan-kam kiradigan omborxonaga boshlab ketdi.

Omborxona to‘rida azaldan yong‘indan asrovchi Inari ma’budasining oq yog‘ochdan yasalgan oddiy mehrobi turardi. Buvisi belidan obi kalitini olib, mehrob eshigini ochdi va fonusning xiragina yorug‘ida kimxob parda ortida turgan o‘sha Mariya Kannon ko‘rindi. Oye yarim qorong‘u omborxonada haykalchani ko‘rib, negadir qo‘rqib ketdi va buvisining tizzalarini quchoqlab yig‘lab yubordi. Biroq buvisi, odatiga xilof ravishda, uning ko‘z yoshlariga e’tibor bermay, mehrob oldiga o‘tirdi-da, ehtirom bilan cho‘qinib, Oyega tushunarsiz duolarni o‘qiy boshladi.

O‘n daqiqalardan so‘ng buvisi nihoyat Oyeni quchoqlab, shivirlab yupatuvchi so‘zlar aytib, yoniga o‘tqazdi. So‘ng u yana ibodat qila boshladi - bu safar Oye hammasini tushundi:

- Muqaddas Bibi Maryam, dunyoda menga faqat sakkiz yashar nabiram Mosaku va yonimdagi singlisi Oye qolgan, xolos. Ko‘rib turganingdek, u turmushga chiqish uchun hali juda yosh, agar Mosaku bilan biror falokat yuz bersa, Inami oilasi avlod davomchisiz qoladi. Sendan iltijo qilaman, Mosakuni balo-qazodan asra, uning hayotini saqla! Agar bunga mening e’tiqodim va duolarim yetmasa, iltimos, bu dunyoda o‘zim tirik ekanman, Mosakuning umrini asrab qol. Men qarib qoldim, tez orada ruhim Parvardigorimiz huzuriga boradi... ammo o‘shanda nabiram ulg‘ayib qoladi. Iltimos, biz gunohkorlarga rahm ayla, toki men abadiy orom topgunimcha o‘lim farishtasi Mosakuga qilichini tekkizmasin.

Buvi bevalarcha siniqlikda boshini quyi egib, shu tarzda ibodat qilardi. U ibodatni tugatgach, Oye nihoyat boshini ko‘tarishga jur’at etdi va birdan unga Mariya Kannon lablarini jilmayishga cho‘zgandek tuyuldi. Oye qo‘rquvdan bo‘g‘iq qichqirib, yana buvisining tizzalariga yopishdi. Buvisi esa, aksincha, mamnun ko‘rinardi va nabirasining yelkasini mehribonlik bilan silab, bir necha bor takrorladi:

- Qani, yur uyga. Mariya xonim buvisining duolarini eshitdi.

Ertalab go‘yo duolar ijobat bo‘lgandek, Mosakuning isitmasi tushdi va shu paytgacha behush yotgan bola o‘ziga kela boshladi. Buvimning quvonchini so‘z bilan ta’riflash qiyin edi. Inami onasi buvisining bir vaqtning o‘zida ham kulganini, ham yig‘laganini hech qachon unutmasligini aytardi. Kampir nabirasining uxlab qolganini ko‘rib, bemor bolaga tinimsiz qarashdan charchagani uchun o‘ziga ham dam berishga qaror qildi va odatda o‘z yotoqxonasida yotadigan bo‘lsa-da, bu safar qo‘shni xonadan joy hozirlashni buyurdi.

Shu orada Oye buvisining to‘shagi boshida toshlar bilan o‘ynay boshladi. Buvisi uyqusiz tunlardan so‘ng boshi yostiqqa tekkani zahoti qattiq uxlab qoldi. Taxminan bir soatdan keyin, Mosakuga qarab turgan keksa xizmatkor ayol to‘satdan fusuma to‘sig‘ini sal ochib, hayajon bilan dedi:

- Xonimni tezroq uyg‘oting!

Oye karavotga yaqinlashib, buvisining uyqu kimonosining yengidan bir necha marta tortib chaqirdi:

- Buvi! Buvi!

Ammo har doim juda sergak uxlaydigan kampir, qizaloq qanchalik chaqirmasin, uyg‘onmadi. Shunda xizmatkor ham bo‘layotgan voqeadan hayratlanib, xonaga kirdi va kampirning yuziga bir qarashdayoq es-hushini yo‘qotgandek bo‘ldi; bekasining kimonosiga yopishib, achchiq-achchiq yig‘lay boshladi:

- Voy, xonim! Xonim!

Biroq buvisi qimirlamay yotardi, ko‘zlari ostida esa allaqachon to‘q binafsha rang soyalar paydo bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay fusuma ochilib, rangi oppoq oqarib ketgan boshqa bir xizmatkor ayol mo‘raladi.

- Xonim! Yosh janob... - u titroq ovoz bilan shivirladi.

Bu so‘zlarni eshitib, hatto kichkina Oye ham Mosakuning ahvoli og‘irlashganini tushundi. Buvisi esa hamon ko‘zlarini yumgan holda yotardi, go‘yo uning yonida yig‘layotgan xizmatkorlarni eshitmayotgandek edi.

O‘n daqiqadan so‘ng Mosaku vafot etdi. Mariya Kannon iltimosni so‘zma-so‘z bajardi va buvisi hayotligida Mosakuni o‘ldirmadi.

Hikoyasini tugatgach, Tasiro menga xo‘mrayib qaradi.

- Nima deb o‘ylaysiz? Bu voqea haqiqatmi?

- Hm... Xo‘sh... Rostini aytsam, bilmayman... - men ikkilanib javob berdim.

Tasiro bir muddat jim turdi, so‘ngra o‘chib qolgan trubkasini qayta yoqarkan, dedi:

- Men hammasi aynan shunday bo‘lganiga ishonaman. Ammo bunga Madonna sababchi bo‘lganmi-yo‘qmi, noma’lum... Aytgancha, siz taglikdagi yozuvni o‘qimagan ekansiz. Mana, qarang. U yerda o‘yib yozilgan lotin harflarini ko‘ryapsizmi? "Desine fata deum flecti sperare precando..."(Taqdir yozgan narsani ibodat bilan o'zgartirishga umid qilmang)

Men muqarrar taqdirning timsoli bo‘lib ko‘ringan Mariya Kannonga hayratlanib tikilardim. Qora yog‘ochdan yasalgan Madonnaning go‘zal yuzida nafratli, sovuq tabassum qotib qolgandi.

Agutagava Ryunoske