Anton Chexov
December 19, 2024

Qarg‘a | Anton Chexov

Qarg‘alar uchib kelishdi va rus dalalarining ustida gala-gala bo‘lib aylanishdi. Men ulardan eng salobatlisini tanlab, u bilan suhbatlasha boshladim. Afsuski, menga o‘taketgan bahs-munozarachi va pand-nasihatchi qarg‘a duch keldi, shuning uchun ham suhbatimiz zerikarli chiqdi. Mana, biz nima haqida gaplashdik:

Men: - Aytishlaricha, sizlar qarg‘alar juda uzoq umr ko‘rasizlar. Sizlarni va yana cho‘rtanbaliqlarni ham tabiatshunos olimlar g‘oyat uzoq umr ko‘rishning namunasi sifatida ko‘rsatishadi. Yoshing nechada?

Qarg‘a: - Men 376 yoshdaman.

Men: - Voy-bo‘! Qoyil! Aytadigan gap yo‘q, umr ko‘ribsan-da! Sening o‘rningda bo‘lganimda, mo‘ysafid, "Rus qadimiyati" va "Tarix xabarnomasi"ga qanchadan-qancha maqolalar bitgan bo‘lardim! Agar men 376 yil yashaganimda, shu vaqt ichida qanchadan-qancha hikoyalar, sahnalar, mayda-chuyda narsalar yozgan bo‘lardim! Qanchadan-qancha qalam haqi olgan bo‘lardim! Sen bo‘lsang, qarg‘a, shu vaqt ichida nima qilib yurding?

Qarg‘a: - Hech narsa, janob inson! Men faqat ichdim, yedim, uxladim va nasl qoldirdim...

Men: - Uyatsiz! Seni qilgan ishingdan uyalaman, ham xafa bo‘laman, ahmoq qush! Dunyoda 376 yil yashabsan-u, 300 yil avvalgi kabi ahmoqligingcha qolibsan! Taraqqiyotdan asar ham yo‘q!

Qarg‘a: - Aql, janob inson, ko‘p yillar bilan emas, balki tarbiya va ta’lim bilan beriladi. Xitoyni olaylik... U mendan ancha ko‘proq umr ko‘rdi, lekin ming yil avval qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi o‘sha ahmoqligicha qolgan. U mendan ko‘ra ko‘proq umr ko‘rdi, lekin ming yil muqaddam qanday bo‘lsa, hozir ham shunday ahmoqligicha qoldi.

Men (hayratlanishda davom etib): - 376 yil! Bu nima degani o‘zi! Butun bir umr-ku! Shu vaqt ichida men barcha fakultetlarda o‘qishga ulgurardim, yigirma marta uylanishga ulgurardim, hamma kasb va lavozimlarni sinab ko‘rgan bo‘lardim, allaqanday yuqori martabagacha ko‘tarilib, ehtimol Rotshilddek boy bo‘lib o‘lgan bo‘lardim! Tushunib ol, ahmoq: bankka 5 foiz murakkab foiz bilan qo‘yilgan bir so‘m 283 yildan keyin millionga aylanadi! Hisoblab ko‘r-chi! Demak, bundan 283 yil oldin bankka bir so‘m qo‘yganingda, hozir senda million bo‘lardi! Eh, sen tentak, tentak! Shunchalik ahmoqligingdan achinmaysanmi, uyalmaysanmi?

Qarg‘a: - Aslo... Biz ahmoqmiz, lekin 400 yillik umrimiz davomida 40 yoshli odamga nisbatan kamroq ahmoqlik qilamiz, deb o‘zimizni ovuta olamiz. Ha-a, janob inson! Men 376 yildan beri yashayapman, ammo qarg‘alar bir-biri bilan urushib, bir-birini o‘ldirganini bir marta ham ko‘rmaganman, sizda esa urush bo‘lmagan yilni eslolmaysiz... Biz bir-birimizni talamaymiz, qadimiy tillarni o‘qitmaydigan ssuda kassalari va pansionlar ochmaymiz, tuhmat qilmaymiz, shantaj qilmaymiz, yomon roman va she’rlar yozmaymiz, haqoratli gazetalar chiqarmaymiz... Men 376 yil yashadim, urg‘ochi qarg‘alarning erlarini aldaganini, xafa qilganini ko‘rmaganman, sizlarda-chi, janob inson? Oramizda xushomadgo‘ylar, laganbardorlar, yaltoqlar, xoinlar yo‘q... O‘rtamizda malaylar, laganbardorlar, yopishqoqlar, xristosfurushlar yo‘q...

Biroq shu payt suhbatdoshimni sheriklar chaqirib qolishdi, u gapini tugatmay, dala uzra uchib ketdi.