Parcha | Anton Chexov
Haqiqiy davlat maslahatchisi Kozerogov iste’foga chiqqach, kichikroq mulk sotib olib, o‘sha yerga o‘rnashdi. Bu yerda u qisman Sinsinnatus, qisman professor Kaygorodovga taqlid qilib, ter to‘kib mehnat qildi va tabiat haqidagi kuzatishlarini yozib bordi. Uning vafotidan so‘ng, yozuvlari boshqa mol-mulki bilan birga vasiyatnomaga ko‘ra uy boshqaruvchisi Marfa Yevlampiyevnaga o‘tdi. Ma’lumki, hurmatli kampir boyning hovlisini buzib, o‘rniga a’lo darajadagi spirtli ichimliklar sotiladigan mayxona qurdirdi. Bu mayxonada yo‘lovchi pomeshchik va amaldorlar uchun alohida "toza" xona bo‘lib, agar yo‘lovchilardan birontasiga qog‘oz kerak bo‘lib qolsa deb, xonadagi stol ustiga marhumning yozuvlari qo‘yilgandi. Yozuvlardan bir varaq qo‘limga tushib qoldi; chamasi, u marhumning dehqonchilik faoliyati boshlanishiga tegishli bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga olardi:
"3-mart. Bahorgi qushlarning uchib kelishi allaqachon boshlandi: kecha chumchuqlarni ko‘rdim. Xush kelibsiz, janubning qanotli farzandlari! Sizning yoqimli chug‘urlashingizda go‘yo: "Baxtli bo‘ling, janob oliy hazratlari!" degan tilakni eshitgandayman.
14-mart. Bugun Marfa Yevlampiyevnadan: "Nima uchun xo‘roz bunchalik tez-tez qichqiradi?" deb so‘radim. U menga: "Tomog‘i bor-da, shuning uchun," deb javob berdi. Men esa: "Mening ham tomog‘im bor, lekin qo‘shiq aytmayman-ku!" dedim. Tabiatda sirli narsalar shunchalik ko‘p ekan! Peterburgda xizmat qilganimda u yerda bir necha bor kurka go‘shti yegan edim, ammo ularni tiriklayin faqat kecha ko‘rdim. Juda g‘aroyib qush ekan.
22-mart. Pristavimiz tashrif buyurdi. Ezgulik haqida uzoq suhbatlashdik - men o‘tirardim, u tik turardi. Aytgancha, u mendan: "Janob oliy hazratlari, yoshligingiz qaytib kelishini istarmidingiz?" deb so‘radi. Men unga: "Yo‘q, istamayman, chunki yosh bo‘lganimda bunday martabaga erishmas edim," deb javob berdim. U fikrimga qo‘shildi. Uning yuzidan ta’sirlangani ko‘rinib turardi.
16-aprel. O‘z qo‘llarim bilan bog‘dagi ikkita jo‘yakni qazib, ularga manniy yormasini ekdim. Marfa Yevlampiyevnani hayratda qoldirish uchun bu haqda hech kimga og‘iz ochmadim. Hayotimdagi ko‘plab baxtli onlar uchun undan minnatdorman. Kecha choy ichayotganda u o‘zining to‘lishib ketganidan nolidi va tobora semirib borayotgani omborxonaga kirishiga xalaqit berayotganini aytdi. Men bunga javoban: "Aksincha, azizim, qaddi-qomatingizning to‘laligi sizga husn bag‘ishlaydi va sizga bo‘lgan mehr-muhabbatimni oshiradi," dedim. U qizarib ketdi, men esa o‘rnimdan turib, uni ikki qo‘lim bilan quchoqladim, chunki uni bir qo‘l bilan quchoqlab bo‘lmas edi.
28-may. Bir chol meni ayollar cho‘miladigan joy yonida ko‘rib, bu yerda nima qilib o‘tirganimni so‘radi. Men unga: "Yosh yigitlarning bu yerga kelmasligini va bu yerda o‘tirmasligini nazorat qilyapman," dedim. Shunda chol "Unday bo‘lsa, keling, birga nazorat qilaylik” deb, yonimga o‘tirdi va biz ezgulik haqida suhbatlasha boshladik."