Benikoh bola | Anton Chexov
Kollegiya amaldori Miguyev kechqurun sayr qilar ekan, telegraf ustuni oldida to‘xtab, chuqur xo‘rsindi. Bir hafta oldin xuddi shu joyda, kechqurun sayrdan uyiga qaytayotganida, uni sobiq xizmatkori Agniya quvib yetdi va g‘azab bilan dedi:
- Shoshmay tur! Begunoh qizlarni badnom qilishni ko‘rsatib qo‘yaman senga! Go‘dakni ham senga tashlayman, sudga ham boraman, xotiningga ham aytaman...
Xotin undan bankka o‘z nomiga besh ming so‘m qo‘yishni talab qildi. Miguyev buni eslab, xo‘rsindi-da, bir lahzalik ishqibozlik unga shuncha tashvish va azob-uqubatlar keltirganligi uchun o‘zini yana bir bor koyidi.
Miguyev o‘z dala hovlisiga yetgach, nafas rostlash uchun zinapoyaga o‘tirdi. Soat roppa-rosa o‘n bo‘lib, bulutlar orasidan oyning bir bo‘lagi mo‘ralab turardi. Ko‘chada va dala hovlilar yonida hech kim yo‘q: qariya dam oluvchilar allaqachon uyquga yotishgan, yoshlar esa o‘rmonda sayr qilishardi. Miguyev papiros tutatish uchun ikkala cho‘ntagidan gugurt qidirar ekan, tirsagi bilan yumshoq bir narsani turtib yubordi; bekorchilikdan o‘ng qo‘lining tirsagi ostiga qaradi va birdan dahshatdan yuzi burishib ketdi, go‘yo yonida ilonni ko‘rganday bo‘ldi. Zinapoyada, eshik oldida qandaydir tugun yotardi. Nimadir uzunchoq, paypaslab ko‘rilganda qavilgan ko‘rpaga o‘xshash narsaga o‘ralgan edi. Tugunning bir uchi sal ochilgan edi, kollegiya amaldoriunga qo‘lini tiqib, issiq va nam bir narsani ushlab ko‘rdi. U dahshatga tushib, o‘rnidan sakrab turdi-da, soqchilardan qochmoqchi bo‘lgan jinoyatchiday atrofga alangladi...
- Tashlab ketibdi-ku! - dedi u g‘azab bilan tishlari orasidan, mushtlarini qisib. - Mana u yotibdi... qonunsizlik yotibdi! Yo rabbim!
Qo‘rquv, g‘azab va uyatdan qotib qoldi... Endi nima qilish kerak? Xotini bilib qolsa nima deydi? Hamkasblari nima deydi? Janobi oliylari endi uning qorniga urib, pishqirib: "Tabriklayman... Xe-xe-xe... Soqoliga oq tushgan, qarib quyilmagan... sho‘x, Semyon Erastovich!" derdi. Butun dala hovli ahli endi uning siridan voqif bo‘ladi, ehtimol, hurmatli oilalarning onalari uni uylariga kiritishdan bosh tortishar. Tashlandiq bolalar haqida hamma gazetalarda yozishadi, shu tariqa Miguyevning kamtarin nomi butun Rossiyaga tarqaladi...
Dala hovlining o‘rta derazasi ochiq bo‘lib, undan Miguyevning xotini Anna Filippovnaning kechki ovqatga dasturxon tuzayotgani aniq eshitilib turardi; hovlida, darvozaning narigi tomonida qorovul Yermolay balalaykada mungli kuy chalardi... Chaqaloq uyg‘onib, chinqirib yig‘lashi bilan sir ochilib qoladi. Miguyev ichida shoshilish ishtiyoqini his qildi.
- Tezroq, tezroq... - pichirladi u. - Hozir, hech kim ko‘rmay turib, uni biror joyga olib borib, begona eshikka tashlab kelaman...
Miguyev tugunni bir qo‘liga oldi-da, shubha uyg‘otmaslik uchun sekin, bir maromda qadam tashlab, ko‘cha bo‘ylab ketdi...
"Juda ham rasvo ahvol! - deb o‘ylardi u o‘zini xotirjam ko‘rsatishga urinib. - Kollegiya asessori qo‘lida chaqaloq bilan ko‘chada ketyapti! Yo rabbim, agar birov ko‘rib, nima gap ekanligini anglasa, halok bo‘ldim... Uni mana shu ayvonga qo‘ya qolay... Yo‘q, to‘xta, bu yerda derazalar ochiq, ehtimol kimdir qarab turgandir. Qayerga qo‘ysam ekan? Ha, topdim, uni savdogar Melkinning hovlisiga olib borib qo‘yaman... Savdogarlar boy va rahmdil odamlar; ehtimol, yana minnatdor bo‘lib, uni o‘zlari tarbiyaga olishar.
Miguyev bolani Melkinnikiga olib borishga qaror qildi, garchi savdogarning hovlisi dala joyning chetidagi ko‘chada, daryo bo‘yida joylashgan bo‘lsa-da.
“Faqat yig‘lab, tugundan chiqib ketmasin-da, - deb o‘ylardi kollegiya asessori. - Xuddi shunday: tashakkur - kutmagandim! Qo‘ltig‘imda tirik odamni xuddi portfel kabi ko‘tarib ketyapman. Hamma qatori tirik inson, joni bor, his-tuyg‘usi bor… Agar Melkinlar uni o‘z tarbiyasiga olishsa, undan ehtimol biror buyuk odam yetishib chiqar... Balki undan professor, sarkarda, yozuvchi chiqar... Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku! Hozir bo‘lsa, uni arzimas narsaday qo‘ltig‘imga qistirib olib ketyapman, 30-40 yildan keyin esa, ehtimol, uning oldida qotib turishimga to‘g‘ri kelar..."
Miguyev, kimsasiz tor ko‘cha bo‘ylab baland devorlar yonidan, qalin, qop-qora nastarin daraxti soyasi tagidan o‘tib borarkan, birdan o‘zini nihoyatda shafqatsiz va qabih ishga qo‘l urayotgandek his qildi.
"Axir bu, aslida, pastkashlik-ku! - o‘ylardi u. - Shu qadar tubanlikki, bundan battarini o‘ylab topib bo‘lmaydi... Xo‘sh, nima uchun biz sho‘rlik go‘dakni eshikma-eshik uloqtiryapmiz? U tug‘ilganiga aybdormi? U bizga nima yomonlik qildi? Biz ablah ekanmiz... Chanada uchishni yaxshi ko‘ramiz-u, chanani tortish begunoh bolalarning zimmasiga tushadimi... Axir, bu ishning oqibatini o‘ylab ko‘rish kerak-ku! Men yo‘ldan ozgan bo‘lsam, bolaning taqdiriga g‘am-alam yozilishi kerakmi... Uni Melkinlarga tashlab ketsam, ular bolalar uyiga topshirishadi, u yerda esa hamma begona, hammasi rasmiy... na mehr, na muhabbat beriladi, na uni birov erkalaydi... Keyin uni etikdo‘zga shogirdlikka berishadi... ichkilikka beriladi, so‘kinishni o‘rganadi, ochlikdan azob chekadi... Etikdo‘zlikka - vaholanki u kollegiya amaldorining o‘g‘li, aslzoda... U mening pushti kamarimdan-ku..."
Miguyev nastarin daraxtlari soyasidan oy nuriga cho‘milgan yo‘lga chiqdi-da, tugunni ochib, chaqaloqqa tikildi.
- Uxlayapti, - shivirladi u. - Buni, qara, muttahamning burni qirrali, huddi otasiniki... Uxlayapti-yu, o‘z otasi unga qarab turganini sezmaydi... Fojia, Mayli, kechir oshna... Kechir, azizim... Peshonangga shu bitilgan ekan-da...
Kollegiya amaldori ko‘zlarini pirpiratdi va yuzida chumoli o‘rmalayotgandek bo‘ldi... U chaqaloqni o‘rab, qo‘ltig‘iga qisdi-da, yo‘lida davom etdi. Yo‘l bo‘yi, to Melkinning hovlisigacha uning miyasida ijtimoiy masalalar charx urdi, yuragini vijdon azobi kemirib bordi.
"Agar men halol, vijdonli odam bo‘lganimda, - deb o‘ylardi u, - hamma narsaga tupurib qo‘yardim-da, bu go‘dakni olib Anna Filippovnaning oldiga borardim, uning oldida tiz cho‘kib: "Kechir! Gunohkoram! Meni qiyna, ammo begunoh go‘dakni nobud qilmaylik. Farzandimiz yo‘q; uni o‘zimiz tarbiyalaymiz!" derdim. U mehribon ayol, rozi bo‘lardi... O‘shanda bolam yonimda bo‘lardi... Eh!
U Melkinning hovlisi oldiga yetib kelib, ikkilanib to‘xtadi... Ko‘z oldiga o‘z mehmonxonasida gazeta o‘qib o‘tirgani, yonida esa qirra burunli bolakay xalatining popuklarini o‘ynab o‘tirgani keldi; shu bilan birga ko‘z qisib qo‘yayotgan hamkasblari va pishqirib, qornini silayotgan boshliq ham xayolidan o‘tdi... Qalbida esa vijdon azobiga qo‘shilgan holda allaqanday nozik, iliq, g‘amgin tuyg‘u mavj urardi...
Kollegiya amaldori chaqaloqni ehtiyotkorlik bilan ayvon zinasiga qo‘ydi-da, qo‘l siltadi. Uning yuzida yana yuqoridan pastga qarab chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi...
- Meni, ablahni kechir, azizim! - deb g‘o‘ldiradi u. - Yomonlab yurma!
U bir qadam orqaga tisarildi, lekin shu zahoti qat’iyat bilan tomoq qirib dedi:
- E, nima bo‘lsa bo‘lar! Hammasi menga desin! Uni o‘zim olib ketaman, odamlar nima desa deyaversin!
Miguyev chaqaloqni qo‘liga oldi-da, tez-tez yurib orqaga qaytdi.
"Nima desa deyaversin, - deb o‘ylardi u. - Hozir boraman, tiz cho‘kib: "Anna Filippovna!" deyman. U rahmdil ayol, tushunadi... Keyin birga tarbiyalaymiz... Agar o‘g‘il bo‘lsa, Vladimir, agar qiz bo‘lsa, Anna deb ataymiz... Hech bo‘lmaganda qariganingda ovunchog‘ing bo‘ladi..."
Va u o‘ylaganidek qildi. Qo‘rquv va uyatdan qaltirab-titrab, yig‘lab, umid va noaniq quvonchga to‘lib o‘z hovlisiga kirdi, xotinining oldiga borib, uning oldida tiz cho‘kdi...
- Anna Filippovna! - dedi u hiqillab va chaqaloqni polga qo‘yib. - O‘ldirishga emas, so‘zlashga ijozat ber... Gunohkoram! Bu mening bolam... Agnessani eslaysanmi? Xullas... shayton yo‘ldan urdi...
Uyat va qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, javobni ham kutmay, sakrab o‘rnidan turdi-da, kaltaklanganday tashqariga - toza havoga otildi...
"U meni chaqirmaguncha shu yerda, hovlida turaveraman, - deb o‘ylardi u. - Unga o‘ziga kelish va fikrlarini jamlab olish imkonini beraman..."
Balalayka ko‘targan qorovul Yermolay yonidan o‘tib ketayotib, unga qaradi-da, yelkasini qisdi... Bir daqiqadan so‘ng u yana yonidan o‘tdi va yana yelkasini qisdi.
- Shu desang, ajabtovur voqea bo‘ldi, - deb g‘o‘ldiradi u jilmayib. - Semyon Erastich, Hozirginabu yerga bir xotin, kir yuvuvchi Aksinya keldi. Ahmoq, bolasini ko‘chadagi ayvonga yotqizib qo‘yibdi-da, bu yerda o‘tirganimda, kimdir bolani olib ketibdi... Mana senga mojaro!
- Nima? Nima deyapsan? - deb bor ovozi bilan baqirdi Miguyev.
Xo‘jayinning g‘azabini o‘zicha tushungan Yermolay ensasini qashlab, xo‘rsindi.
- Uzr, Semyon Erastich, - dedi u, - lekin hozir yoz fasli-da... busiz iloji yo‘q... ya’ni, ayollarsiz...
U xo‘jayinning ko‘zlari olayib, g‘azab va hayrat bilan boqib turganini ko‘rib, aybdorona yo‘talib qo‘ydi-da, davom etdi:
- Albatta, bu gunoh, lekin ilojimiz qancha... Siz hovliga begona ayollarni kiritmaslikni buyurgansiz, bu to‘g‘ri, ammo o‘zimiznikini qayerdan topamiz? Ilgari Agnyushka bor paytida, begonalarni kiritmasdim, chunki o‘zimizniki bor edi, hozir esa, o‘zingiz ko‘rib turibsiz... begonalarsiz ish bitmaydi... Agnyushka paytida ham, to‘g‘ri, tartibsizliklar bo‘lmagan edi, chunki...
- Yo‘qol, ablah! - deb baqirdi unga Miguyev, oyoqlarini yerga urib, xonaga qaytib kirdi.
Anna Filippovna hayratlanib va g‘azablanib, avvalgi joyida o‘tirar va ko‘z yoshli nigohini chaqaloqdan uzmasdi...
- Xo‘p, yaxshi... - g‘o‘ldiradi rangi o‘chgan Miguyev, labini qiyshaytirib jilmayarkan. - Hazillashdim... Bu meniki emas, balki... kir yuvuvchi Aksinyaning bolasi. Men... hazillashdim... Uni qorovulga olib bor.