Najib Mahfuz: Givohvand va bomba
Ko‘cha boshqacha ko‘rinardi. Dunyo o‘zgarib ketgandi! Odamlar qayoqqadir shoshilishar, trotuarlar odamga to‘la, atrof g‘ujg‘on o‘ynardi. Askarlar dubulg‘alari ostidan atrofga shaytonlarcha qarab turishardi. Nima bo‘ldi o‘zi? Har safar e’tiborini jamlashga uringanida, xayollari shamoldagi changday to‘zg‘ib ketardi. U faqat do‘sti Muhsinning ustaxonasiga ketayotganini eslashi mumkin edi. Muhsin, qariya, qayerdasan? Bu ko‘cha oygacha cho‘zilib ketgandek tuyulardi... U oqsoqlanib, chayqalib borardi, oyoqlari unga deyarli bo‘ysunmasdi. Quyosh xira nur sochar, nurlari qandaydir qorong‘i edi. U o‘zini g‘alati his qilardi, lekin tabassumi va hatto kulgisi ham yo‘qolmasdi. U odamlarga qiziqsinib qarardi: ularni nima haydayapti? Boshidagi tarbush joyidamikan? Miyasi g‘ovlab ketgandi, tarbush masalasida ham ishonchi komil emasdi. Qo‘lini ko‘tarib, uning joyidaligiga ishonch hosil qilish uchun juda ko‘p kuch sarflash kerak edi. Antikvar mebel do‘koniga yetgach, yaqinroq kelib, eshik tirqishidagi oynaga qaradi-da, tarbushning ensasiga surilib tushganini va old tomondan sochi to‘zib ketganini ko‘rdi. Yana bir qarab, bo‘yinbog‘ini to‘g‘riladi. Ko‘zlari shishib, deyarli yumilib qolgandi. Ko‘chadagi harakat kuchayib, shovqin yanada avj oldi. Xo‘sh, nima bo‘ldi o‘zi? U qo‘shiqni xirgoyi qila boshladi, lekin tezda adashib, so‘zlarni unutdi. Bu uni xafa qildi. Biroq shu zahoti ichida simobga o‘xshagan bir narsa lopillay boshladi, o‘zini baxtiyor his etib jilmaydi. Nazarida hozir uchib ketsa ham bo‘ladigandek edi. Yoki suvga tushgandek yerga kirib ketsa... Qutbda yashovchi odamlar bilan suhbatlashsa... Mana, Muhsinning ustaxonasi ham ko’rindi! U yo‘l-yo‘lakay o‘ziga bergan savollarini, darmonsizligini butunlay unutib yuborgandi. "Tog‘a" Muhsinning oldiga kelib, xuddi shohga ta’zim qilayotgandek engashdi-da, hurmat bajo keltirish uchun, qolaversa qimirlashga erinchoqlik qilgani uchun bir oz egilib turdi. Ustaxona egasi jilmayib, ishdan ko‘zini uzmay dedi:
- Siz bundan ham yaxshiroq muomalaga loyiqsiz...
Bola unga eshik oldiga kursi qo‘ydi. U qaddini rostlab, bu safar qo‘lini ko‘tarib, salomlashishni takrorladi. So‘ng kursiga yaqinlashib o‘tirdi. Xo‘jayinga qarab, boshini ko‘rsatdi:
- Nazarimda, bundan yaxshisi bo‘lmasa kerak!
- Men nima degan edim? - dedi Muhsin g‘ururlanib.
- Hech narsaga o‘xshamaydi-ku!
- Hozircha ko‘proq oling, deb maslahat bergan edim, siz menga ishonmagan edingiz.
Eshik oldida o‘tirarkan, u asta-sekin nima uchun bunchalik hayajonlanganini eslab, yana avvalgi hayratiga qaytdi, bu hayrat bir oz darmonsizlik hissi bilan aralashgandi. U atrofda nimalar bo‘layotganini so‘radi.
- Hozir tantanali yurish bo‘ladi, - dedi Muhsin.
- Ha. Rahbarimiz Londondan qaytib kelmoqda. Qarang, qancha askar qo‘riqchi qilib qo‘yilgan!
Ayub beparvolik bilan atrofga alangladi. Quyosh nuri so‘ndi. Ko‘cha odamga to‘la edi.
- Buning nima keragi bor? - so‘radi u.
- Bu g‘alaba bilan qaytish, - dedi u. - Bu hozirgi hukumatning qulashiga olib keladi...
Ayub boshini kursi suyanchig‘iga tashlab osmonga qaradi. Muhsin jilmayib so‘radi:
- Hukumatning qulashidan xursand emasmisiz?
- Ayting-chi, hozir mamlakatni kim boshqarayotganini bilasizmi? - deb so‘radi Muhsin kulgidan bo‘g‘ilib.
Ayubning boshi yana o‘z holiga qaytdi. U befarq tikilib turardi.
- Konstitutsiya tiklanishi sizni quvontirmayaptimi? - tinchimadi do‘sti.
- Xo‘p, omad tilayman! - Muhsin kulib yubordi.
Uzoqdan qichqiriqlar eshitildi. Ko‘cha bo‘ylab jo‘shqinlik uchqunlari sochilib ketayotgandek edi.
- Tartib saqlansin! - deb o‘shqirdi zobit.
Muhsin ustaxonadan yugurib chiqib, boshqalar bilan birga allanimalar deb qichqirdi. Ayub kursida o‘tirar va faqat kulardi. Namoyish xuddi zilzilaga o‘xshab o‘tar, minglab odamlar to‘lqinma-to‘lqin bir-birining o‘rnini bosardi. Ayubdan boshqa hech kim joyidan jilmasdi. U o‘tib ketayotgan odamlarga xalaqit bermaslik uchun devorga yaqinroq surilib, shunday sekin xirgoyi qila boshladiki, hatto so‘zlar ham eshitilmasdi: "Agar omading bo‘lmasa, sening harakatlaringdan hech narsa chiqmaydi..."
Ko‘chaning o‘rtasida qizil belbog‘li oq kitel kiygan politsiya zobiti turardi. Odamlar oqimi ikkiga bo‘linib, tartib posbonini aylanib o‘tib, yana birlashardi. Hammasi yaxshi ketayotgandi - askarlar bilan bir necha mayda janjallar bo‘ldi, xolos. Biroq to‘satdan allaqanday yigit to‘ppa-to‘g‘ri zobitga tashlanib, qorniga makkorona zarba berdi. U ingrab yerga yiqildi, yigit esa shamolday g‘oyib bo‘ldi. Qo‘shiq Ayubning tomog‘iga tiqilib qoldi. U hiringlab kulishdan o‘zini tiyishga urinib, ko‘chaga tikilib qoldi. Askarlar qaramasdan olomonni kaltaklashardi. Bir necha izquvar yigitni quvlab ketishdi, biroq odamlar dengizining to‘lqinlari ularga xalaqit berdi. O‘q ovozlari eshitildi. Bir necha soniya ichida odamlar tor ko‘chalarga tarqalib ketishdi, mana, butun ko‘cha bo‘shab qoldi, do‘konlar yopildi. Zobit leytenant qo‘liga tayanib o‘rnidan turdi.
- Agar uni tutmasang, holing chatoq bo‘ladi, - deb baqirdi u katta izquvarga.
Bu to‘polon va yugur-yugurdan Ayubning ko‘zlari og‘riy boshladi. Ko‘chada faqat u qoldi, hatto askarlar ham tarqalgan olomon ortidan qochib ketishdi. U ko‘zlariga dam berish uchun ularni yumdi va birdan shunday kulgisi qistadiki, to‘g‘ri yo‘lakka o‘tirib qoldi. Atrofga qarab, ustaxona qulflanganini ko‘rdi. U o‘z qo‘shig‘ini eslashga urindi, ammo eslay olmadi. Yana ko‘zlarini yumdi, biroq og‘ir qadam tovushlari uni ko‘zini ochishga majbur qildi. U o‘ziga yaqinlashayotgan izquvarning jirkanch basharasini ko‘rdi. Yer yaralgandan buyon shunday maxluqni ko’rganmikan? Izquvar borgan sari yaqinlashib, Ayubdan butun ko‘chani, hatto osmonni ham to‘sib qo‘ydi. Ayub indamay unga tikilib qoldi, yolg‘izlikdan qo‘rquv bosdi.
- Hey, yaramas, nimaga kulasan? - Izquvarning ovozi qamchi vishillagandek eshitildi.
- Bu men emas... - g‘o‘ldiradi u.
Izquvar Ayubning ustiga engashib baqirdi:
- Avval zobitni urasan, keyin ko‘chada hohlagan xiringlaysan-a?
Ayub go‘yo kaltakdan himoyalanmoqchi bo‘lgandek qo‘llarini oldinga cho‘zdi.
- Xudo kechirsin... Men joyimdan qimirlaganim ham yo‘q...
- Gazanda, meni ko‘r deb o‘ylayapsanmi?!
U Ayubni qattiq tepdi, u yerga ag‘darildi, tarbushi o‘n besh metr narida uchib tushdi. Ayub ingragancha o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, ammo izquvar uni bo‘yinbog‘idan ushlab, tomog‘ini shunday siqdiki, bechoraning yuzi qizarib ketdi. Ayub zo‘rg‘a oyoqqa turib, xirillab dedi:
- Unday emas... Xudo haqi, shu paytgacha joyimdan qimirlaganim yo‘q...
- Jim bo‘l!.. Men sendan ko‘z uzganim yo‘q...
U Ayubga kishanbandlar taqib, hushtak chaldi. Askarlar guruhi kelgach, izquvar Ayubni ko‘rsatib:
- Zobitni urgan jinoyatchini hibsga olinglar! - dedi.
Kuchli portlash gumburladi. Hamma joyida qotib qoldi.
- Bu bomba, - dedi askarlardan biri.
Bir necha soniya hammasi jim turdi, keyin xuddi uyqudan uyg‘ongandek Ayubni sudrab ketishdi.
- Men aybdor emasman! - deb baqirardi u bor ovozi bilan. - Men hech kimni urganim yo‘q... Joyimdan qimirlaganim ham yo‘q...
Uni politsiya bo‘limiga olib kelib, zobitning xonasiga itarib kiritishdi.
- Mana jinoyatchi, janoblari, - dedi izquvar hurmat bajo keltirib.
- Bu xato, men aybdor emasman! - g‘azab bilan qichqirdi Ayub.
- Uni qayerda ushladingiz? - so‘radi boshliq Ayubga g‘azab bilan tikilib.
- Men unga Abdin saroyi maydonida yetib oldim, undan ko‘z uzmay uzoq yugurdim. U jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatdi, lekin men uni yiqitdim, shunda askarlar yordamga yetib kelishdi...
Boshliq Ayubga nafrat bilan qaradi.
- Meni urding-a, itvachcha! - g‘azab bilan vishilladi u.
- Xudo haqi... - jon-jahdi bilan baqirdi Ayub.
Zobit shapaloq bilan uni jim qildi, so‘ng izquvarga o‘girildi:
Izquvar hamma narsa tushunarliligi anglashildi-da, Ayubni xonadan itarib chiqardi. Ayubning qo‘llarini qayirib, yuziga ura boshlashdi. U og‘riqdan qichqirib yubordi va hushini yo‘qotib polga yiqildi. Yog‘och skameykada ko‘zini ochdi: atrofida askarlar turishardi. Izquvar uni dag‘allik bilan ko‘tarib, boshliqning xonasiga sudrab ketdi. Bu safar Ayubni fuqarocha kiyingan bir guruh amaldorlar oldiga o‘tqazishdi. Uning yuzi haddan tashqari shishib ketgan, go‘yo butun xonani egallayotgandek tuyulardi. U xuddi parchalanib ketayotgandek edi. U boshliq deb o‘ylagan kishi unga savollar bera boshladi:
- Men aybdor emasman! - dedi u bo‘ysunuvchilik bilan.
U suv so‘radi, unga bir piyola suv keltirishdi. So‘roq qilayotgan amaldor uning ismini so‘radi.
- Askarlar va izquvarlar sizni ko‘rishgan...
- Men aybsizman, - uning gapini bo‘ldi u, - Allohning kitobi bilan qasam ichamanki, aybsizman!
- Savollarga javob bering va shovqin ko‘tarmang, - dedi amaldor qat’iyat bilan.
- Men hech narsa qilganim yo‘q... Meni bu yerga nima uchun olib kelishganini bilmayman...
- Barcha guvohlar sizni Aralash sud binosi oldida bomba portlatganingizni tasdiqlashmoqda!
U hech narsani tushunmasdi. Ular mastmi yoki aqldan ozganmi? U o‘z quloqlariga ishongisi kelmasdi.
- Men Muhsinning ustaxonasi oldidagi stuldan qo‘zg‘alganim ham yo‘q, - dedi u nihoyat, - ofitserga tegmadim.
- Safsata! Tan olmaslik ishni yanada chigallashtiradi, xolos.
- Lekin men hech narsa qilganim yo‘q...
- Bomba!.. Siz bomba dedingizmi?!
- Askarlar va izquvarlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan.
- Men sizni tushunmayapman... nima haqida gapirayotganingizni anglamayapman, - dedi u peshonasiga urib.
- Men juda aniq gapiryapman, xuddi sizning jirkanch jinoyatingiz aniq bo‘lgani kabi!
- Lekin, hurmatli janob, meni bomba uchun qamashgani yo‘q-ku! Izquvar meni hech qanday sababsiz qamoqqa oldi, ofitserga hujum qilgan deb noto‘g‘ri ayblov qo‘yishdi...
- Tan oling, bu ahvolingizni yengillashtiradi! Sizni bu jinoyatga jalb qilgan odamlarning nomlarini bizga ayting, afsuslanmaysiz...
- Janoblar, siz dahshatli xatoga yo‘l qo‘yyapsizlar! - baqirdi Ayyub ovozi titrab. - Men kambag‘al odamman, hech qachon hech kimga ozor yetkazmaganman... Muhsindan so‘rang...
- Hamma narsani tan oling, o‘zingizga foyda bo‘ladi!
- Biz sizning orqangizda turgan odamlarni bilamiz, - gapga aralashdi tergovchining o‘ng tomonida o‘tirgan kishi. - Biz sizga ularning nomlarini o‘qib beramiz, suratlarini ko‘rsatamiz - o‘zingiz ko‘rasizki, bizga hamma narsa ma’lum. Albatta, siz chalg‘itilgan baxtsiz odamsiz. Ular uchun siz shunchaki qo‘g‘irchoq, qurolsiz. Sizdan foydalanishdi, keyin qo‘rqoqlarcha va razillarcha tashlab ketishdi. Tan oling, bu ayb-gunohingizni yengillashtiradi, amalda uni yo‘qqa chiqaradi!
- Tan olish!.. Axir men ofitserni urganim yo‘q-ku...
- Demak, tan olishni xohlamaysiz-a?
- Nimani tan olishim kerak?.. Xudodan qo‘rqmaysizlarmi?!
- Ogohlantirib qo‘yay, yashirish befoyda.
U ro‘parasida o‘tirganlarning yuzlariga tikilar va o‘tib bo‘lmas devorni ko‘rardi. Marhamat va umidning barcha eshiklari mahkam yopilgandi.
- Nahotki sizga chindan ham mening e’tirofim kerak bo‘lsa?
Yuz ifodalari o‘zgardi, ular qiziqish bilan, deyarli mehribonona qarashdi.
- Qani, gapiring, Ayyub, - dedi tergovchi.
- Tan olaman, men giyohvandman...
Qiziqish darrov g‘azabga aylandi:
- Qornimda o‘n besh gramm bor. Sud shifokori tasdiqlashi mumkin...
- Bugun o‘z me’yorimni qabul qildim, har kuni shunday... Giyohvand odamning bomba tashlaganini hech eshitganmisiz?
- Bu bolalarcha hiylalarni qo‘ying, baribir qochib qutula olmaysiz.
- Men yana ichkilikbozman ham. Men ofitserni urmadim, bombani tashlamadim!
- Sababini bilmoqchimisiz? Marhamat! Men hech qachon siyosat bilan shug‘ullanmaganman, 1930-yilgi ham, 1923-yilgi konstitutsiyalaringiz bilan ham ishim yo‘q! Namoyishga ham bormadim. Shifokor chaqiring!..
- Yaxshisi, maslahatimga quloq solib, tan oling. Ismlar va suratlar oldingizda turibdi.
- Lekin qarang, mening yagona mashg‘ulotim - arxivlarni kavlash va kuniga o‘n besh grammimni so‘rib olish. Shifokoringizni chaqiring, undan so‘rang, xohlagan odamdan so‘rang!..
Ayyub yana Muhsinning "tog‘asi" huzurida paydo bo‘lguncha bir yil o‘tdi. Uni Aralash sudni portlatishga urinishda aybladilar. Uning surati gazetalarda bosildi va hamma Ayyubni azob chekkan qahramon deb bilardi. Bir necha mashhur advokatlar uni himoya qilishni taklif qilishdi va sud uni aybsiz deb topdi. Sud qarori e’lon qilinganda zal qarsaklardan larzaga keldi. Endi u ustaxonaga kirdi, do‘stlar qattiq quchoqlashib olishdi. Ayyub eshik oldidagi odatiy joyiga o‘tirdi.
- Menda ajoyib mol bor! - dedi Muhsin mehribonlik bilan.
- Bir yil uningsiz yashadim, - javob berdi Ayyub kulib, - bilasanmi, hatto uning nimaligini ham unutibman.
Ayyub indamadi. Muhsin unga hayron bo‘lib qaradi.
- Xudo ularni do‘zaxga yuborsin! Ayyub afandi, nahotki ular seni o‘zgartirishgan bo‘lsa?! Seni tanimayapman.
Ayyub jilmaydi, ammo yana indamadi.
- Endi hamma seni yaxshi ko‘radi, hurmat qiladi... - davom etdi Muhsin.
Ayyub soddalik va quvnoqlik bilan kuldi.
- Sening giyohvand ekaningga hech kim ishonmaydi, - yana gap boshladi "tog‘a" Muhsin. - Yuqorida seni chindan ham ofitserni urib, bomba tashlagan deb o‘ylashyapti...
- Mening sud jarayonim xuddi portlagan bombaga o‘xshardi! - dedi Ayyub g‘urur bilan.
- Nima qilmoqchisan? - ishonqiramay so‘radi Muhsin.
- Ba’zilar menga kelgusi saylovlarda o‘z nomzodimni qo‘yishni taklif qilishdi, - dedi u bir ozdan so‘ng.
Hayratda qolgan Muhsin og‘zini ochgancha unga tikilib qoldi.
- Axir u yerda bombani kim tashlaganini bilishadi-ku! - dedi u ma’noli qilib.
- Xo‘sh, nima bo‘pti? Hatto bilishsa ham... Ularning aytishicha, men ularga qarshi to‘qilgan ayblovlarni tasdiqlashdan bosh tortgan ekanman...
- Axir senga baribir-ku, sen bunday narsalarda hech narsani tushunmaysan-ku?!
- Kamerada ham, sudda ham menga ko‘p narsani o‘rgatishdi, - dedi Ayyub jilmayib.