Akutaga Ryunoske
July 16, 2025

Zoili tarozisi | Akutagava Ryunoske

Men paroxod salonining o‘rtasidagi stolda, qandaydir g‘alati odamning ro‘parasida o‘tiribman.

To‘xtang! Men paroxod saloni deyapman-u, lekin bunga ishonchim komil emas. Garchi deraza ortidagi dengiz va butun sharoit shunday taxmin qilishga undasa-da, bu oddiy xona bo‘lishi ham mumkin deb o‘ylayman. Yo‘q, baribir bu paroxod saloni! Aks holda bunday chayqalmasdi. Men Kinosita Mokutaro emasman va chayqalish balandligini santimetrigacha aniq ayta olmayman, ammo chayqalish bor, albatta. Agar menga ishonmasangiz, deraza ortida ufq chizig‘ining goh ko‘tarilib, goh tushib borayotganiga qarang. Osmon bulutli, dengiz bo‘ylab yashil loyqa keng yoyilgan, biroq dengiz loyqasi kulrang bulutlar bilan qo‘shiladigan chiziq tebranuvchi ip kabi illyuminator doirasini kesib o‘tadi. Loyqalar orasidan mayin uchib o‘tayotgan, osmon bilan bir xil rangdagi jonzotlar esa, ehtimol, baliqchilar bo‘lsa kerak.

Endi esa ro‘paramdagi g‘alati odamga qaytaman. U yaqinni ko‘rolmaydiganlar uchun mo‘ljallangan kuchli ko‘zoynagini burniga surib, zerikkan qiyofada gazetaga tikilgandi. Uning soqoli qalin, iyagi to‘rtburchak, men uni qayerdadir ko‘rganman, lekin qayerda ekanini sira eslay olmayapman. Uzun, paxmoq sochlariga qarab uni yozuvchi yoki rassom deb o‘ylash mumkin edi. Biroq uning jigarrang kostyumi bu taxminga to‘g‘ri kelmaydi.

Bir muddat men bu odamga zimdan qarab turdim va ryumkadan yevropacha aroqni mayda-mayda ho‘plab ichdim. Zerikib ketdim, u bilan gaplashgim kelib ketdi, lekin uning nihoyatda befarq ko‘rinishi tufayli hamon jur’at etolmasdim.

To‘satdan iyagi to‘rtburchak janob oyoqlarini cho‘zib, esnashni bosib turganday gapirdi:

- Zerikarli! - Keyin ko‘zoynagi ostidan menga bir qarab qo‘ydi-da, yana gazetaga yopishdi. Shu lahzada u bilan qayerdadir uchrashganimga deyarli ishonch hosil qildim.

Salonda ikkalamizdan boshqa hech kim yo‘q edi.

Bir ozdan so‘ng bu g‘alati odam yana tilga kirdi:

- Oh, zerikarli! - Bu safar u gazetani stolga tashlab, mening aroq ichishimga parishonxotir qaray boshladi. Shunda men:

- Bir qadah ichmaysizmi? - deb so‘radim.

- Rahmat... - U "ha" ham, "yo‘q" ham demay, yengilgina bosh irg‘adi. - Juda zerikarli! Yetib borguncha jon berib qo‘yasan kishi.

Uning fikriga qo‘shildim.

- Zoiliya tuprog‘iga qadam qo‘ygunimizcha bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tadi. Paroxod jonimga tegib ketdi.

- Nima dedingiz? Zoiliyami?

- Ha, Zoiliya respublikasi.

- Zoiliya degan mamlakat bormi o‘zi?

- Tan olaman - hayron qoldim! Siz Zoiliyani bilmaysizmi? Kutmagandim. Qayerga bormoqchi ekaningizni bilmayman-u, lekin bu paroxod odatdagi eski yo‘nalish bo‘yicha faqat Zoiliya portiga kiradi.

Men dovdirab qoldim. Aslini olganda, bu paroxodga nima uchun chiqqanimni ham bilmasdim. "Zoiliya" degan nomni esa ilgari sira eshitmagandim.

- Shunaqami?..

- Albatta-da! Zoiliya qadimdan mashhur mamlakat. Bilasizmi, Gomerni aynan shu yurtning bir olimi shafqatsiz haqoratlagan. Hozirgacha Zoiliya poytaxtida uning sharafiga ajoyib xotira lavhasi saqlanib qolgan.

Uning tashqi ko‘rinishidan aslo kutmagan bilimdonligidan hayratda qoldim.

- Demak, bu juda qadimiy davlat ekan-da?

- Ha, juda qadimiy! Afsonalarga ko‘ra, bu mamlakatda dastlab faqat qurbaqalar yashagan, ammo Afina-Pallada ularni odamlarga aylantirgan. Shu bois ba’zilar Zoiliya aholisining ovozi qurbaqaning vaqillashiga o‘xshashini ta’kidlashadi. Aslida, bu unchalik ishonchli emas. Chamasi, solnomalarda Zoiliya haqidagi eng qadimgi ma’lumot Gomerga qarshi chiqqan qahramon bilan bog‘liq.

- Demak, hozir ancha madaniy mamlakat ekan-da?

- Shubhasiz. Masalan, poytaxt Zoiliyadagi universitet, unda eng sara olimlar to‘plangan, dunyoning eng nufuzli universitetlaridan qolishmaydi. Darhaqiqat, o‘sha yerdagi professorlar tomonidan yaqinda ixtiro qilingan qiymat o‘lchagich dunyoning eng so‘nggi mo‘jizasi sifatida tan olingan. Biroq, buni "Zoiliya xabarnomasi"dan eshitganman, xolos.

- "Qiymat o‘lchagich" nima o‘zi?

- Aynan: qiymatni o‘lchaydigan qurilma. To‘g‘ri, u asosan romanlar yoki rasmlarning qiymatini o‘lchash uchun qo‘llaniladi.

- Qanday qiymatni?

- Asosan badiiy qiymatni. Ammo u boshqa turdagi qiymatlarni ham o‘lchay oladi. Zoiliyada mashhur ajdod sharafiga bu qurilma Zoili tarozisi deb nomlangan.

- Siz uni ko‘rganmisiz?

- Yo‘q. Faqat "Zoiliya xabarnomasi"dagi rasmlarda... Tashqi ko‘rinishidan u oddiy tibbiy tarozidan farq qilmaydi. Odatda odam turadigan platformaga kitoblar yoki rasmlar qo‘yiladi. Ramalar va muqovalar o‘lchovlarga biroz xalaqit beradi, lekin keyin ularga tuzatish kiritiladi, shuning uchun hammasi joyida.

- Qulay narsa ekan!

- Juda qulay. Aytish mumkinki, madaniyat quroli! - Iyagi to‘rtburchak odam cho‘ntagidan papiros olib, og‘ziga qistirdi. - Bu narsa ixtiro qilinganidan beri it go‘shtini qo‘y go‘shti deb sotadigan barcha yozuvchi va rassomlarga qopqoq yopildi. Chunki qiymatning hajmi raqamlarda aniq ko‘rsatiladi. Zoiliya xalqi juda oqilona ish tutib, bu qurilmani darhol bojxonalarga o‘rnatdi.

- Nega endi?

- Chunki chet eldan olib kelinayotgan barcha qo‘lyozma va rasmlar shu qurilmada tekshiriladi va qiymatsiz buyumlarni olib kirishga ruxsat berilmaydi. Aytishlaricha, yaqinda bir vaqtning o‘zida Yaponiya, Angliya, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Rossiya, Italiya, Ispaniya, Amerika, Shvetsiya, Norvegiya va boshqa mamlakatlardan keltirilgan buyumlar tekshirilgan va ochig‘ini aytganda, yapon buyumlari uchun natija uncha yaxshi bo‘lmagan ko‘rinadi. Vaholanki, bizning nazar bilan qaraganda, Yaponiyada yaxshigina yozuvchi va rassomlar bor...

Shu suhbat paytida eshik ochilib, qo‘ltig‘ida bir dasta gazeta bo‘lgan qora tanli yigit kirib keldi. U yengil to‘q ko‘k kostyum kiygan chaqqon yigit edi. U indamay gazetalarni stolga qo‘ydi-da, eshik ortida g‘oyib bo‘ldi.

To‘rtburchak iyakli kishi sigarasining kulini qoqib, gazetani ochdi. Bu "Zoiliya xabarnomasi" deb atalgan, g‘alati mixsimon belgilar bilan to‘ldirilgan nashr edi. Bunday g‘alati yozuvni o‘qiyotgan bu odamning bilimdonligidan yana hayratga tushdim.

- Hamon faqat Zoili tarozisi haqida yozishyapti, - dedi u gazetaga ko‘z yugurtirib. - Ana, o‘tgan oyda Yaponiyada chiqqan hikoyalarning qiymati e’lon qilinibdi! Hatto muhandis-o‘lchovchilarning hisobotlari ham ilova qilingan.

- Kumening familiyasi uchraydimi? - deb so‘radim do‘stimdan xavotirlanib.

- Kume? "Kumush tanga" hikoyasi bo‘lsa kerak? Bor ekan.

- Xo‘sh, qanday? Uning qiymati qanday?

- Hech narsaga arzimaydi! Birinchidan, uning yozilishiga inson hayoti ma’nosiz ekanligi haqidagi kashfiyot turtki bo‘lgan. Bundan tashqari, hamma narsadan xabardor bilimdonning nasihatgo‘ylik ohangi butun asarning qiymatini tushirib yuborgan.

Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi.

- Kechirasiz, juda afsusdaman, - iyagi to‘rtburchak odam istehzoli jilmaydi, - lekin sizning "Trubka"ngiz ham tilga olinibdi.

- Nima deb yozishibdi?

- Deyarli xuddi shunday. Unda umumiy gaplardan boshqa hech narsa yo‘q emish.

- Hm!..

- Yana bir gap: "Bu yosh yozuvchi haddan tashqari sermahsul..."

- Voy-bo‘!..

O‘zimni juda noqulay, hatto ahmoqdek his qildim.

- Faqat siz emas, har qanday yozuvchi yoki rassom ham, agar o‘lchagichga duch kelsa, qiynaladi: bu yerda hech qanday aldov o‘tmaydi. U o‘z asarini qanchalik maqtamasin, o‘lchagich haqiqiy qiymatni ko‘rsatadi va hammasi barbod bo‘ladi. Albatta, do‘stlarning hamjihatlikdagi maqtovlari ham hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartira olmaydi. Xullas, ishga o‘tirib, chinakam qiymatga ega bo‘lgan asarlar yozishni boshlashingizga to‘g‘ri keladi!

- Xo‘sh, o‘lchov asbobining baholari to‘g‘ri ekanligi qanday aniqlanadi?

- Buning uchun taroziga biror durdonani qo‘yish kifoya. Mopassanning "Hayot" asarini qo‘ysangiz - ko‘rsatkich darhol eng yuqori qiymatni ko‘rsatadi.

- Shunchaki shumi?

- Ha, shunday.

Men jim qoldim: suhbatdoshimning miyasi nazariy fikrlashga unchalik moslashmagandek tuyuldi. Biroq menda yana bir savol paydo bo‘ldi.

- Demak, Zoiliya san’atkorlari yaratgan asarlar ham o‘lchov asbobida tekshiriladimi?

- Bu Zoiliya qonuni bilan taqiqlangan.

- Nima sababdan?

- Taqiqlashga majbur bo‘lishgan, chunki Zoiliya xalqi bunga rozi emas: Zoiliya azaldan respublika. "Vox populi - vox dei" ["Xalq ovozi - Xudoning ovozi" (lotincha)] - bu ularda so‘zma-so‘z amal qilinadi. - To‘rtburchak iyakli odam g‘alati jilmaydi. - Mish-mishlarga ko‘ra, ularning asarlari o‘lchov asbobiga tushganda, ko‘rsatkich eng past qiymatni ko‘rsatgan ekan. Shunday bo‘lgach, ular yo o‘lchov asbobining to‘g‘riligini, yo o‘z asarlarining qimmatini inkor etish tanloviga duch kelishgan, ammo ikkalasi ham ularga ma’qul kelmagan. Lekin bu shunchaki mish-mish, xolos.

Shu lahzada kema qattiq chayqaldi va to‘rtburchak iyakli odam bir zumda stuldan dumalab ketdi. Uning ustiga stol ag‘darildi. Aroq shishasi va qadahlar ag‘anadi. Gazetalar uchib ketdi. Deraza ortidagi ufq g‘oyib bo‘ldi. Singan likopchalarning jarangi, ag‘darilgan stullarning gumburlashi, kemaga yopirilgan to‘lqinning shovqini. Halokat! Bu halokat! Yoki suv osti vulqonining otilishi...

O‘zimga kelganimda, xonamda tebranma kresloda o‘tirganimni ko‘rdim; ma’lum bo‘lishicha, Sent Jon Ervinning "Tanqidchilar" [St. John Ervine, "The Critics" (inglizcha)] pyesasini o‘qiyotib mudrab qolgan ekanman. O‘zimni kemada his qilishim ehtimol kreslo yengil tebranayotgani tufayli bo‘lsa kerak.

To‘rtburchak iyakli odamga kelsak... ba’zida u menga Kume bo‘lib tuyuladi, ba’zida esa unday emas. Hanuzgacha aniq bilmayman.

Akutagava Ryunoske