Makon. Qilichqo'l botir qahramonligi.
8-bob. Qilichqo'l tuzog'i
Briksha hammadan ham vaqtliroq turdi. U odaticha uydan chiqib, yuzini uy qarshidagi tog’dan tushib turgan muzdek suvda yuvdi. So’ngra, o’zicha ongini joyiga qo’yish uchun birpas jimga qotib turdi.
Keyin, To’liqbek uyiga kirib keldi. To’liqbek uyi baland, juda keng, ko’p xonali edi – bu yerda To’liqbek, Ergash va Tuman oilasi bilan bundan tashqari xizmatkor cho’rilar va qullar ham istiqomat qilardi. Qanchalik hashamatli, keng bo’lsa ham Briksha o’rnidan turiboq torlik tuyardi. Qochqin bo’lib yurganda tunab qolgan kulba bundan kengroqdek edi. Chunki bu yerda har qadamda xizmatkorlar, cho’rilar uchrar, Briksha ularni oldida o’zini hecham qulay xis qila olmasdi.
“ Qullar emish... Agar insonlar aqalli men kabi qudratli bo’lganida bilmadim nima qilishardi? Atrofidagilarni xuddi buyumdek ko’risharmidi? “ deb hayolidan o’tkazardi u.
Tamaddiga oyoqlarini chalishtirib o’tirganida ham Briksha borgan sayin toqatsizlanardi. U sekin soqolini silab – silab choyini xo’plab ichib o’tirgan qizilyuzli To’liqbekka qarab – qarab qo’yishni kanda qilmadi. O’zi deyarli tanovul qilmadi ham. Briksha kutardi. To’liqbek kecha kelgan habarchidan keyin nimanidir o’ylagani aniq va Briksha uni uqishga harakat qilardi.
“ Afsus, og’amchalik fikr o’qiy olish qobiliyatim yo’q. “ deb o’yladi Briksha.
- Bizni ilkimiz Vorug’g’a yetmaydi, - deb tomdan tarasha tushgandek gapirib qoldi nihoyat oxirgi piyola choyini ko’tarib turib To’liqbek miyig’ini kulib qo’yar ekan.
- Nega endi? – dedi o’sha zahoti Briksha va To’liqbekka u kabi tikilib turgan ikkinchi o’g’li Tuman.
- Veyd – Vilyam Bosqinchi kishisi. Vilyam agar biz uni yenggan taqdirimizda ham qasos oling’usidir.
- Unda nima qilishimiz kerak? – so’radi Ergash.
- Buni Qilichqo’l botirg’a xavola etaman, - deb xirilladi To’liqbek va ko’zlari bir nimani o’ylagandek qisilib Brikshaga yuzlandi.
Brikshada albatta reja bor edi. Lekin, bu rejani o’zi tuzmagandi. Kecha tunda u To’liqbek huzurida edi.
- O’zimga qo’yib bering! – degandi Briksha, - shunchaki Sehrxon yoniga boraman!
- Bo’lmaydi! – dedi To’liqbek bosh chayqab, - sendan ayrilib qolamiz! Avval, Sehrxonni Makondagi kuchini qirqish lozimdir. U bilan so’zlashmoq qochmaydir.
- Hammani ovora qilishni nima keragi bor? – deb e’tiroz bildirgandi Briksha.
Ammo, aytgani bo’lmadi. To’liqbek Briksha – Qilichqo’l botirni yana bir bor qahramonlik ko’rsatishini istardi. Yolg’iz borishiga ham ko’nmadi.
- Modomiki, shunday ekan, menga ikki o’g’ling, Muzaffar polvon va Omon yetimchani bering. Beshovimiz bu ishni uddalaymiz, - dedi Briksha shu zahoti o’rnidan qo’zg’alib turib.
To’liqbek rozi bo’lib, bosh irg’adi.
Briksha yetimcha Omonni yigitlardan ayrilib, bir o’zi sayr qilib tog’u – toshlarni aylanib yurganda uchratib qolgandi. Ittifoqo uni ko’zi cho’qqiga yaqin sayhonlikda bir uyum shoh-shabbani ko’tarib yurgan sariqqosh, qo’llari ingichka uzun bir yosh o’spiringa tushdi. Omon chayir, qiyalik bo’ylab mohir yugurib ketayotgan bo’lsa ham, jussasi kichikligidan ko’tarib olgan shohlari uni ezib qo’ygudek ko’rinardi.
- To’xta! – yangroq ovoz eshitdi u shoshilib pastga – manzilgohga tushib ketadigan yo’lning yarmiga yetgandi.
U o’girilib ellik qadam ortida, bir katta harsangni tepasida ko’zlari chaqnok, o’rta bo’yli, ozg’indan kelgan, sochlari quyoshda yiltillayotgan insonni ko’rdi. Uni rangi atvoriga razm solib, yuzi oqarishib ketdi.
Briksha uni qo’rqqanidan qotib qolganini ko’rib, ancha yumshoqlik bilan so’radi :
- Yigit, sendan boshqasi yo’qmikan o’tin ko’targani?
Yigit jim turaverdi. Uni ko’zlarida alam uchqunlay boshladi. Briksha shunda hammasiga tushundi.
- Sehrxonni ko’rganmisan? – dedi u, ovozini pastlatib. Keyin uni kutmasdan davom etdi, - qo’rqma yigit. Men Sehrxonmasman. Ko’rinishim o’xshaydi xolos...
- U sizning og’angiz bo’ladi, - yigitni ko’zidan bir tomchi yosh chiqdi. Ammo u shunda ham o’zini yig’ib, boshini ko’tarib turardi.
- To’g’ri, u meni og’am. Bu yerga ham u bilan gaplashgani, eski qolib ketgan ishimizni xal etgani kelganman, - tan oldi Briksha, - lekin fikrim o’zgardi. Og’am sizlarga zulm qipti. U qilgan ishlarni to’g’rilamoqchiman.
Omon o’shanda indamasdan ortiga qayrilmay ketdi. Briksha ham yo’lida davom etdi. Ammo bir necha kunlardan keyin Omon avval orqaravotdan kuzatib yurdi so’ng yigitlar davrasiga qo’shilib oldi...
Kun hali qiyomiga kelmasidanoq beshta otliq tog’li nishabliklar orqali vodiyning g’arbiy chekkasiga – Makon va sharplarning Novoland gubernatorligi chegaralari tomonga qarab yo’lga chiqdi. Tog’lar tezda orqada qolib, ularning tanlariga garmsel, dasht havosi ura boshladi.
Ular ko’p va xo’p yurdilar. Atrofda qo’y boqib yuradigan makonlik va qo’shni o’lkaliklar ahyon – ahyon uchrab qolar va ular bular oldida to’xtashib, Veyd Vorvik qo’shini o’tgan-o’tmaganini surishtirishardi. Ancha paytgacha Veyddan darak bo’lmadi – Veyd vodiyga ancha ichkari tomondan, janubiy yo’llardan o’tgan ekan. Oxiri bir ovulda qoramag’iz bir kishi qo’ylarini bir qo’raga kirgazib, ularga shunday dedi :
- Ko’kragiga temir taqqanlar shu yerdan o’tti. Jonliq olishib, huv anavi tomonga ot surib ketishdi, - ishora qildi u g’arb tarafni asosi bilan ko’rsatib turib.
Beshovlon kishi ko’rsatgan tomonga, g’arb tomonga yarim chaqirim yurmasidanoq Veyd qo’shini qarorgohidan chiqib kelishdi. Sharplar qo’shini chodir tikib, hordiq chiqarayotgan ekan. Besh yigit ularni bir adirlikka chalqanchasiga yotib, o’rnashib olgancha kuzata boshladilar.