Tarjimalar
February 28, 2023

Sherlok Xolms - Alvonlik Ishi. Ikkinchi bob. 

Deduksiya San’ati.

Tarjimon: Bahtiyor Daminjonov

Kelishganimizdek, keyingi kuni uchrashdik va uchrashgan paytimizda aytilganidek Beyker Stritdagi 221-b raqamli uyni ko’zdan kechirib chiqdik. Xonalarda bir juft qulay yotoqxona bor bo’lib, ikkita keng derazali, yorug’lik bilan ta’minlanib, munavvarlik kasb etgan kattagina shinamgina mehmonxonasi ham bor ekan. Kvartira har tomonlama biz orzu qilgandek bo’lib chiqqani, xona ijarasi shartlari ham durustligi vajidan, biz o’sha zahotiyoq joylashishga kirishdik. O’sha tongda, men narsalarimni mehmonxonadan ko’chirib keldim, keyingi kuni Sherlok Xolms ham bir qancha qutilar va chamadonlari bilan ortimdan ko’chib keldi. Bir-ikki kun, biz boshpanamizni o’zimiz uchun ko’ngilli qilib olish niyatida, narsalarni yoyish va joylash bilan o’tkazdik. Buni xal etgach, nihoyat asta-sekin o’rnashib, yangi muhitga o’zimizni ko’niktira boshladik.

Xolms aytilganidek, birgalikda yashagani qiyinchilik tug’diradigan kishi emasdi. Uning yurish-tutishlari sokin, qiliqlari ham odatiy edi. Kechasi o’nlardan keyin uyg’oq qolishi kamdan-kam bo’lardi, har doim men turishimdan avval nonushta qilib bo’lib chiqib ketgan bo’lardi. Ba’zan u kunini laboratoriyada, ba’zida o’likxonalarda o’tkazar, vaqti-vaqti bilan esa Londonning eng pastki qismlarigacha davom etguvchi sayrga chiqib ketardi. Kayfiyatida ishchanlik kuzatilgan kezlari, ishtiyoqi har qanday odamnikidan ham toshib ketardi. Lekin ahyon-ahyonda u o’zini butkul tashlardi va u bironta so’z aytmasdan, biron muskulini ham seskantirmasdan, mehmonxonadagi divanda qimir etmay kunlab o’tirardi. Bunday paytlarda, uning ko’zlarida quruq o’ychanlik ifodani uqardim. Agar uning jo’shqinlik va tozalikka yo’g’rilgan hayot tarzini ko’rmaganimda, uni bironta giyohvand moddaga ruju qo’ygan deb shubha qilgan bo’lardim.

Haftalar o’tar ekan, mening unga, uning hayotidagi mo’ljal-maqsadlariga bo’lgan qiziqishim chuqurlashgandan chuqurlashaverdi. Uning tana tuzilishi va shaxsiyati xatto juda sodda kuzatuvchilarni ham diqqatini qiziqtirib qo’yadigan edi. Balandligi olti futdan yuqori, shunaqangi ozg’in ediki, cho’zinchoqroq ko’rinardi. Ko’zlari, lanj bo’lgan paytlarini xisobga olmasak, nigohlarni teshib yuboradigan darajada keskin va o’tkir edi. Ozg’in, burgutnikiga o’xshash buruni esa unga sergaklik va qat’iyat bag’ishlab turar edi. Iyagining do’ngligi va to’rtburchakligi ham, o’ziga ishonadigan kishiniki ekanligidan dalolat berib turardi. Qo’llari, hamisha siyohlar bilan bulg’angan va kimyoviy moddalar to’lib toshgan bo’lardi. Shunga qaramasdan, u narsalarni qo’llari bilan ushlab, ishlatishda ayni paytda ustasi farang edi. Uni tez-tez mo’rt bo’lgan buyumlarni qo’llarida aylantirib turganini ko’rib qolardim.

Necha marta u mening sinchkovligimni oshirganini, undagi o’ziga xos maxfiylikni buzish maqsadida qilgan harakatlarim necha marta buzilganini tan olsam, o’quvchi meni takasaltangga chiqarib qo’ysa kerak. Tanqid qilmaslaridan avval, eslab o’tishim joizki, hayotim o’shanda bemaqsad, mazmunsiz, tashqi dunyoda diqqatimni jalb eta oladigan hodisa kam qolib edi. Sog’lig’im, ob-havo juda ko’ngilli bo’lmaguncha tashqariga chiqishimdan cheklab turar, kunlik turmushimning bir xilligini buzib tura oladigan, chaqirib kelguvchi do’stlarim ham yo’q edi. Shu sharoitda, kamina hamrohimning sirlarini o’rganishga erk berdim va vaqtimning juda ko’p qismini uning chigalliklarini yechishga sarf etdim.

U tibbiyotni o’rganmayotgandi. Uning o’zi bir safar, savolimga javoban, Stemfordning fikrini tasdiqlab, shunday dedi. Umuman, u o’ziga oliy bilimlarga to’la olam eshiklarini ochadigan biron bir yo’nalish, yoki daraja keltirguvchi fanlar ketidan quvmayotgandi. Bunga qaramay, uning aniq bilimlarga bo’lgan xafsalasi shunaqangi mislsiz darajada, g’ayriodatiy chegaralangan ilmi chuqur va ikir-chikirlargacha suyangan ediki, uning kuzatishlari meni hayron qoldirdi. Aminmanki, biron kishi bunday teran qarashlar egasi sifatida, ish olib bora olmaydi. Oddiy o’quvchi, bunday saboqlar chiqarishiga kamdan-kam xollardagina erishadi. Biron kishi, juda yaxshi sabab bo’lmasa, bunday mayda-chuyda masalalar bilan boshini to’ldirmaydi.

Uning nodonlik jihati bilimdonligi bilan teppa-teng atoqli chiqdi. Zamonaviy adabiyot, falsafa va siyosatdan u habarsiz ekan. Tomas Karlaylni iqtibosini keltirayotganimda, u shoirni kimligi va nima ish qilganini go’llarcha surishtirdi. Mening hayratim, uning Kopernik teoremasi va Quyosh Sistemasi tuzilishini o’qimaganini bilgach, eng yuqori nuqtaga chiqdi. 19-asrning bir madaniyatli kishisi yerning quyosh atrofida aylanishidan xabarsiz bo’lishi mumkinligi shunday ajabtovur ma’lumot bo’lib tuyuldiki, uni zo’rg’a xazm qilish mumkin edi.

-         Hayron qoldingizmi, - dedi u, mening taajubdan jilmayib, - Endi, bilib olib, buni unutishga bosh kuchim bilan harakat qilaman.

-         Unutishga?

-         Bilasizmi, - tushuntirdi u, - men kishining miyasini mitti bo’sh shiyponga o’xshataman. Unga o’zing xoxlagan jihozlarni o’rnatib to’ldirishga to’g’ri keladi. Ahmoq unga o’zi duch kelgan hamma shox-shabbalarni olib kiraveradi, oqibatda unga kerakli paytda asqotishi mumkin bo’lgan aql doirasi to’lib, boshqa narsa haqida o’ylay olmay qoladi, yaxshiroq xolatda ham ular betartib taxlanaverganidan boshqalari orasida qolib ketadida, qo’li yetishi qiyin bo’lib qoladi. Tajribali kimsa bo’lsa bu shiyponni nimalar bilan to’ldirish kerakligini yaxshi biladi. U faqat o’ziga foydasi tegadigan vositalardan boshqa hech nima olmaydida, ularni eng mos keladigan tartibda terib qo’yadi. Shiypon, uning atroflari cho’ziluvchan, o’suvchan deb o’ylash yanglishishdir. Bunga ishonavering, agarki vaqti kelsa, mayda nimanidir o’rgansangiz, boshqa avval bilgan boshqa narsa unutasiz. Shu sababli, keraksiz ma’lumotlar keraklilarini itqib yubormasligiga erishish eng muhim omil xisoblanadi.

-         Lekin, Quyosh Sistemasi-ya! - e’tiroz bildirdim.

-         Menga bu nima balo qilib berardi? - kesdi meni, toqatsizlik bilan. - xo’p siz, biz quyosh atrofida aylanamiz deysiz. Agar biz oy atrofida aylangan taqdirimizda ham, menga yoki mening ishimga biron chaqaga arzigulik foydasi tegmagan bo’lardi.

Uning ishi nima ekanini bilishning ayni qulay vaqti ediyu, lekin uni o’shandagi fe’l-atvoriga nimadir bu savol hozir juda yoqimsiz qabul etilishini bildirib turdi. Shunga qaramay, men bu qisqa suhbatimizni zo’r mushohada etdim va bundan xulosa chiqarib ko’rishga urindim. U o’zining ishiga taaluqli bo’lmagan hech qanday bilimni olmasligini aytdi. Demak, hozirgi bilgan narsalari, unga asqotishi joiz bo’ladi. Yodimda qolgan, o’ziga juda yaxshi tanish bo’lganini ochib bergan har turli paytlarni ongimda xisobini oldim. Xattoki, qalam oldimda, uning bilganlarini jadvalga tuzib chiqa boshladim. Tugatganimda esa, qog’ozimga qarab kulishdan o’zimni tiya olmasdim. Jadval quyidagicha edi :

Sherlok Xolms. – Uning bilimi chegarasi.

  1. Adabiyot bo’yicha. – Nol.
  2. Falsafa. – Nol.
  3. Astronomiya. – Nol.
  4. Siyosat. – Zaif.
  5. Botanika. – Chalakam-chatti. Belladonna o’simligi, afyun, zaharlarni yaxshi biladi. Amaliy bog’bonchilik bo’yicha hech vaqoni bilmaydi.
  6. Geologiya. – Amaliy, biroq cheklangan. Ko’z tashlab turib, qumlarni turlarini ajrata biladi. Bir sayr qilib kelib, shimiga yopishgan loy sachratqilarining rangi va qalin yoki siyrakligiga qarab Londonning qayerlarida bo’lganini aytib berdi.
  7. Kimyo. – Teran.
  8. Anatomiya. – To’g’ri lekin muntazam emas.
  9. Adabiy Hikoyanavislikdan. – Ulkan. Asrning har bir daxshatini har bir tafsilotigacha biladigan ko’rinadi.
  10. Skripkani yaxshi chaladi.
  11. Yog’och qilichbozligi, haqiqiy qilichbozlik, boksyorlikda mutaxassis.
  12. Britaniya qonunchiligda yaxshigina amaliy bilimlari bor.

Shu joyigacha yozib bo’lgach, alam bilan bu ro’yhatimni olovga tashlab yubordim. “ Agar kishini faqat o’zi erishgan hamma yutuqlarini o’zigagina foydasi tegadigan mana bu fanlar vositasidagina bilib olish qo’limdan keladigan bo’lsa, “ dedim o’zimga, “ Urinishimni o’sha zahotiyoq to’xtatganim ko’ngilli emasmi? “

Uning skripkadagi qobiliyatini yuqorida aytib o’tgandim. Bu qobiliyati ajib bo’lsa ham, boshqalariga o’xshab faqat o’zigagina xos ajabtovur edi. U men yaxshi biladigan parchalarni, xatto eng murakkablarini ham chala olardi, chunki iltimos qilganimda, menga Mendelsonning Lideri va boshqa sevimli kuylarimni chalib berdi. O’ziga qolsa, bironta tanish musiqa uyoqdan tursin, tanish notalarni ham chertishga kamdan-kam harakat qilardi. Kechki paytlari u, kresloga o’rnashib suyanib olganicha, ko’zlarini yumib, tizzalari o’rtasiga joylashtirib olgan skripkani beparvolarcha tirnab o’tirardi. Ba’zan chalingan sadolar o’jar va ma’yus tortardi. Tez-tez qoyilmaqom va quvnoq ham bo’lib qolardi. Bundan kelib chiqqanda, sadolar uni zabt etgan o’y-hayollarni aks ettirishi a’yonlashardi, biroq bu musiqalar uning ana shu o’ylariga yordam berish uchunmidi yo shunchaki injiqlik yo hayolot ijrolarimidi, tagiga yetishga ojizlik qilardi. Agar u odatiga ko’ra ortidan bir necha yaxlit sevimli kuylarimni ijro etib, sabrimga nisbatan bunday sinovlarni mukofotlab turmaganida, asab torlarini chertadigan o’sha noma’lum sololarga qarshi chiqqan bo’lardim.

Bir-ikki hafta bizni chaqirib keladigan hech kim bo’lmadi va men sherigimni o’zim kabi yakkayu-yolg’iz deb xisoblay boshlagandim. Ko’p o’tmay, aksincha uning tanishlari ko’p ekanini, ularni jamiyatning turli toifalariga mansub kishilar ekanini bilib oldim. Menga o’zini Janob Lestreyd deb tanitgan, kalamushnikini eslatuvchi yuzlari oqish-sarg’ish, ko’zlari tim qora kishi bir haftaning o’zidayoq uch yoki to’rt marta keldi. Bir kuni tongda esa chiroyli kiyingan bir yosh qiz chaqirib kelib, bir soatcha yoki undan ko’proq vaqt qolib ketdi. O’sha kuni kechki paytga bo’lsa yahudiy tashviqotchisiga o’xshab ketadigan kulrangsoch, kasalmand kishi keldi. U menga juda xursand ko’rindi va uning ortidan, tili zahar bir katta yoshli ayol ham kirib keldi. Bir marta, qari oq soch bir jentlmen, boshqasida bo’lsa duxobali ish kiyimi kiygan temir yo’l yuk tashuvchisi hamrohim bilan suhbat olib bordi. Bu charchatadigan kishilardan birontasi ko’rinish berganida, Sherlox Xolms mehmonxonani olib turishni iltimos qilardi va men yotoqxonamga kirib ketar edim. Bu noqulaylik uchun kechirim so’rashni ham kanda qilmasdi : “Bu kishilar mening mijozlarim,“ derdi u, “Ish yuzasidan, xonani olishim kerak bo’lib qoldi.“ Yana, azaliy savolni so’rashga imkon bo’lardi va yana mening tortinchoqligim bu kishiga ishonchdan mahrum qilardi. O’shanda, u bu savoldan o’zini olib qochishga sabablari bor deb tassavur qilardim, biroq, bu tushunchani u tezda uning o’zi, bu mavzudan so’z ocha turib, haydab yubordi.

Bu 4-mart kuni bo’ldi. Yodimda qolishiga yaxshigina sabab bor edi, chunki o’sha kuni odatdagidan ertaroq turdim va Sherlok Xolmsni tushlikni tugatmasidan ilgari uchratdim. Ijarachi ayol mening kech turishimga o’rganib qolganidan, o’rnim xali tuzalmagan, qahvam ham tayyorlanmagan edi. Bu tartibsizlikni hadsiz deb topgan bo’lib, qo’ng’iroqni chalish bilan tayyorligimga ishora qildim. Keyin stol ustidan gazetani olib vaqtni aldab turishni ixtiyor qildim. Bu vaqtda xonadoshim nonini sassiz chaynab turgandi. O’qiyotgan maqolalarimning birining sarlavhasiga qalam bilan belgi qo’yilgan edi va tabiiyki, ko’zim o’shanga yugurgilab ketdi.

Uning dabdabali nomi : “Hayot Kitobi.“ edi. Bu maqola kuzatuvchan odam o’zining yo’lida uchraganlari haqida doimiy va to’g’ri ma’lumot ola olishi mumkinligini isbot etishga toza uringandi. Menga bu ziyraklik va bo’lmag’urlikning g’aroyib qorishmasi bo’lib tuyuldi. Mulohaza otashin va tugal ediyu, undan chiqariladigan saboq notabiiy va bo’rttirmaga o’xshadi. Yozuvchi, go’yoki kishining lahzalik ifodasi - muskullar qimirlashi, yoki ko’z tashlashiga qarab turib uning ichida nimalar kechayotganini tushunib olsa bo’ladi deb da’vo qilardi. Aldov, uning aytishicha, kuzatish va tahlil qilishga o’rgangan odam uchun umuman duch kelinishi imkonsiz xolat edi. Uning xulosalari Evklidning bir qancha takliflariga kabi benuqson ko’rinardi. Evklidning natijalari ham shunday g’aroyib boshlanar ediki, kishilar ish jarayonlarini ko’rishgach va oxirigacha yetishishgach, uni sehrgar deb o’ylashlari ham hech gapmasdi.

“Mantiqchi kishi,“ derdi yozuvchi, “bir tomchi suvdan, ko’rmay-eshitmay turib ham uning Niagara yoki Atlantikadan ekanligini ajrata biladi. Shunday qilib, dunyodagi barcha tiriklik ulkan bir zanjirdir, biz ko’rib turgan, tanish bo’lgan chor-atrof ham shuning bir bo’g’ini xisoblanadi. Boshqa san’atlar kabi, Deduksiya va Tahlil San’ati ham faqatgina uzoq va sabrli o’rganish orqali egallanadi. Shuningdek, hayot darajasining qisqaligi va biron foniy kimsaning uni mukammal o’zlashtirishning imkonini topa olmasligi ham inobatga olinadi. Mavzuyimizning eng mushkul tomoni bo’lmish ruhiy va ahloqiy tarafiga o’tib ketmasimizdan, o’quvchimizning osonroq chigalliklarni o’zlashtirishidan boshlasak. Uni masalan, bir tanishini uchratganida, bir qarashdayoq uning savdosi nima ekani, tarixi va kasbini aniqlashtirib olishiga imkon beramiz. Bu mashqimiz bolalarcha sodda tuyulsa ham, kuzatuvchilik iste’dodini o’tkirlashtiradi va qayerga, nimalarga e’tibor berish kerakligini o’rgatadi. Quyidagilarning har biri - kishining barmog’idagi tirnoqlar, paltosini yengi, oyoq kiyimi, shimining tizza qismi, ko’rsatkich va bosh barmoqlarining kirligi, yuz ifodasi, kiyimining qadamalari kishini bizga to’kis ochib beradi. Shularni hammasi birlashtirilganda, buni imkoni yo’q deb xisoblovchi kuzatuvchan o’quvchining hayollari o’ziga pand berib qo’yadi.”

-         Aqlga sig’mas safsata! - gazatani stolga uloqtirib, baqirib yubordim, - Umrimda bunaqangi be’mani narsa o’qimagandim.

-         Nima ekan, u? - so’radi Sherlok Xolms.

-         Mana bu maqolani aytyapman, - tushlik qilgani joylasha turib, tuxum ochadigan sanchqim bilan ko’rsatdim. - Belgilab qo’yganingizga qaraganda o’qigandirsiz. Dono yozilganini rad etmayman. Shunda ham ko’nglimni ozdirdi. Ko’rinib turibdiki, bu tadqiqot - o’zicha mana bunday g’alati paradokslarini, tor doirasidagi tadqiqotlarida rivojlantirib o’tiradigan, kursidan bosh ko’tarmaydigan bir ishyoqmasniki.Asliyotga g’irt teskari bu gaplar. Uni London Metrosining uchinchi darajali vagonida, tiqilinchlar orasida uchratib qolib, undan vagonda yo’lovchilarning barini tavsiflab berishini so’ragan bo’lardim. Unga qarshi mingga bir tikkan bo’lardim.

-         Va pulingizni bekordan-bekor yo’qotgan bo’lardingiz, - dedi Sherlok Xolms, mutlaqo xotirjam ohangda, - Maqolaga kelsak, uni o’zim yozganman.

-         Siz?

-         Ha, mening Kuzatish va Deduksiyaga qiziqishim bor. Maqolamda ifodalab bergan, sizga juda hayoliy tuyulib ketgan nazariyalarim aslida o’ta amaliy, xatto shunchalik aslikka daxldorki kamina ularga nonim va pishlog’im sifatida suyanaman.

-         Qanaqasiga? – behosdan so’rab yubordim.

-         Ha, o’zimga tegishli hunarim bu. O’ylashimcha, olamda bitta o’zimman. Men agar shunday aytilishi lozim bo’lsa, izquvarlarga maslahatgo’yman.Londonda, bizda, davlat izquvarlari va xususiy izquvarlar juda ko’p. Ana shular magar xatolikka duch kelsalar, meni oldimga kelishadi va men ularni to’g’ri yo’lga solaman. Ular meni oldimga kelib, barcha dalillarni o’rtaga tashlashadi va men odatda, jinoyat tarixiga oid bilganlarimga tayangan xolda, ularni to’g’rilayman. Barcha g’arazli ishlarda qardoshlik rishtasi kabi o’xshashliklar mavjud, va agar shularni mingtasini tafsilotlarini qo’lga kiritib, barmoqlaringizda ushlab tursangiz va ming birinchisini tagiga yetsangiz bo’ladi. Lestreyd – mashxur izquvar. U hozirda soxtakorlik ishida tumanga duch keldi va mana shu uni bu yerga boshlab kelgan edi.

-         Boshqalarchi?

-         Xususiy surishtiruv idoralari ularni bu yerga jo’natadilar. Bu odamlar, bir muammoga yo’liqqan bo’lishadi va ularga dalda istab kelishadi. Ularni tinglayman, ular mening izohlarimni tinglashadi va men ulardan cho’ntak haqi undiraman.

-         Aytmoqchisizki, - dedim men, - xonangizni tark etmay turib, siz boshqalar garchi har bir tafsilotni ko’rib ham tagiga yeta olmagan masalalarni yecha olasizmi?

-         Aynan shunday. Bu narsada sezgirman. Vaqti-vaqti bilan murakkabroq ish uchrab qoladi. O’shandagina, men o’rtaga kiramanda, hammasini o’z ko’zim bilan ko’rib chiqaman. Bilasizmi, kamina muammoni xal qilishga ishlaydigan, uni qoyilmaqom qilib yengillab bera oladigan ko’p maxsus ko’nikmalarga egaman. Sizda nafrat uyg’otgan o’sha maqolada yozilgan deduksiya qonunlari bo’lsa, mening amaliyotim oldida hech narsamas. Kuzatishlarim ikkinchi tabiatim. Birinchi bor ko’rishganimizda, sizga Afg’onistondan kelganingizni aytganimda ajablangan edingiz-a.

-         Sizga kimdir aytgandirda.

-         Hecham unaqa emas. Sizni Afg’onistondan kelganingizni bilib olgandim. Odatimga ko’ra, fikrlar ipi aqlimdan qator-qator bo’lib sirg’alib kirib keldida, men darhol ongli qadam tashlamasdan turib xulosaga kelib oldim. Shunda ham, ozgina urinib ko’rdim. Mulohazalarim quyidagi keldi : “Mana, tibbiyot sinfiga mansub jentlmen, biroq ko’rinishi, xatti-harakati harbiycha. Unda, harbiy shifokor ekan. Yuzi qoraygan, demak tropik mamlakatdan kelgan, terisi tabiiy ranglarini yo’qotgan, bilaklaridagisi joyida. Yuzidagi so’lg’in ifoda aytib turibdiki, qiyinchliklar va kasalliklarni boshidan o’tkazgan. Chap qo’li shikastlangan. Uni avaylab, notabiiy harakatlantirmoqda. Ingliz harbiy shifokori qaysi tropik mamlakatda qiyinchliklarga uchrab, qo’lidan yaralanadi? Muqarrar, Afg’onistonda. Ushbu mulohazalarimga soniya ham ketmadi. Keyin men sizga Afg’onistondan kelganingizni aytdim va siz lol bo’lib qoldingiz.

-         Tushuntirganingizdan keyin, oson bo’ldi-qoldi, - dedim kulib, - Menga Edgar Allan Poning Dyupinini eslab yubordingiz. Kitobiy asarlardan tashqarida ham bunaqagi odamlar bo’lishi hayolim ko’chasiga hech kelmagan ekan.

Sherlok Xolms turdi va trubasini tutatdi.

-         Shubham yo’qki, meni Dyupinga o’xshatib, maqtayapman deb o’ylaysiz. Mening fikrimcha, Dyupin tuban bir kishi edi. Uning chorak soat vaqt oladigan, do’stlarining o’y-hayollariga kerakli so’zlar orqali kirib olish xiylasi toza bo’rttirilgan va yuzaki. Tan berish kerak, unda bir oz daholarcha tahlilchiligi bor edi, lekin u Po tassavuri darajasidagi g’ayriodatiy qobiliyatga ega kishi emasdi.

-         Gabariyoning ishlarini o’qiganmisiz? - so’radim, - Lekua, sizning didingizdagi izquvar o’tiradimi?.

Sherlok Xolms istehzoli pishillab qo’ydi.

-         Lekua - ayanchli notavon edi, - dedi u, jahldor ovozda, - uning tavsiya qilgulik birgina narsasi - ishchanligi bor edi, xolos. O’sha kitob ko’nglimni ozdirgandi. Masala bittagina noma’lum mahbusni qanday aniqlashdan iborat edi. Men buni 24 soat ichida qilgan bo’lardim. Lekuaga 6 oydan ziyod vaqt ketdi. Kitobdan izquvarlar nimalardan qochish lozimligini o’rgatadigan qo’llanma chiqqan bo’lardi.

Hayotim davomida meni qoyil qoldirgan bu ikki xarakterni osongina tepkilab tashlanganidan o’zim ancha nochor xis qildim. Deraza qarshisiga yurib bordim va serharakat ko’chaga tikilib, o’ylanib turdim. “Bu odam bilimdon bo’lishi mumkin, “dedim o’zimga-o’zim, “lekin juda maqtanchoq ekan.“

-         Shu kunlarda jinoyat va jinoyatchi ham qolmadi, - shikoyat qilgan bo’ldi u, - bunday o’tirishimizda miyaning nima keragi qoladi? Nomimni mashxur etish uchun meni aynan shu miya ko’mak beradi. Dunyoda xali o’tgan va yashayotgan hech bir insonda meniki kabi jinoyatni aniqlash uchun bunchalik qobiliyat va bilimdon tafakkur bo’lmagan. Shunga yarasha esa? Aniqlashga bironta jinoyat, aqalli xatto Skotlend Yard ham bemalol ko’ra oladigan darajadagi shaffof rejaga ega biron g’arib yovuzlik yo’q.

Men haliyam uning bunday dimog’dorlarcha so’zlashuvidan ranjib turardim. So’ng, mavzuni o’zgartirishni yaxshiroq deb topdim.

-         Mana bu kimsa nimani izlayapti ekan-a? - so’radim, odmi kiyingan, ayg’oqchilarga o’xshab ko’chaning narigi tomonida yurib, raqamlarga betoqat qarab chiqayotgan odamni ko’rsatib, Uning qo’lida katta moviy konvert bo’lib, bu uni xat keltiruvchi ekanidan dalolat berib turardi.

-         Dengiz kuchlaring nafaqadagi serjantini aytasizmi, - dedi Sherlok Xolms.

“Buni endi oshib tushdi!“ o’yladim o’zimga-o’zim. “Buni taxminni tasdiqlolmasligimni bilib, shunaqa ataylab dedi.”

Bu hayol miyamda chaqnab o’tgan bir paytda, haligi biz kuzatayotgan kishi eshigimizning raqamlariga ko’zi tushib qoldi va tez-tez yurib, ko’chani kesib o’tdi. Biz pastda qattiq taqillashni, do’rillagan ovozni keyin zina bo’ylab og’ir qadamlarni eshitdik.

-         Sherlok Xolmsga, - dedi u, xonaga kirib kelasolib, do’stimga xatni topshirar ekan.

Uning maqtanchoqlarcha aytgan so’zlarini tekshirish fursati edi. Sal avval, u kishini ta’rifini berayotgan mahal, buni xisobini qilmagani aniq. “So’rasam maylimi, yigitcha, dedim, muloyimlik bilan, “nima ish bilan shug’ullanasiz, asli?“

-         Darbonman, ser, - dedi u, dag’allik bilan do’rillab, - Xizmat kiyimim ta’mirda qolgan.

-         Avvalchi? “ so’radim va hamrohimga ma’noli qarab qo’ydim.

-         Serjant, ser, Qirollik Dengiz Yengil Piyodalarida, ser. Boshqa savollar yo’qmi? Yaxshi, ser.

U ikkala tizzasini baravariga qattiq shapatilab, qo’llarini ko’tarib chest berdiyu, ketdi.