Asarlar
April 27, 2023

Makon - 2. Qilichqo'l botir Qahramonligi

Briksha Tashrifi. 1-qism.

Briksha chuqur nafas oldi. U kemasidan turib, pastga – Makon joylashgan sayyoraga boqib turarkan, fikr-yodi akasida edi.

“ Demak, og’am Olmosni izini shu olamdan topibdida. “ deb o’yladi Briksha.

Briksha kemasini pastlatdi. U Makonning eng shimoliy qismiga – ortida tubsiz dengizlar va tog’liklar bilan chegaralangan qorli cho’qqilarga yetib keldi. Qorli bo’ron uning kemasiga kuch bilan urildi. Briksha bu qorlik iskanjasidan qutila olmay pastga sho’ng’ib, qo’nishga majbur bo’ldi. Kema mahoratli uchuvchini qo’lida bo’lgani uchun yumshoqqina qorga – tog’ cho’qqilaridan biriga ohista qo’ndi. Brikshaning ko’z o’ngida bo’ronli tog’ning asl, ta’rifi yo’q manzarasi paydo bo’ldi. Briksha shamolni, qorni, sovuqlikni xis etdi. Briksha oddiy jonzot emasdi. Uning tani sovuqni o’ziga olmasdi. Unga qor yopishgani zahoti o’z-o’zidan qoqilib tushdi. Briksha atrofga alangladi. U oddiy insonnikidan bir necha o’n barobar kuchli sezgilari bilan atrofini o’ragan tog’lar ortida nimalar borligini ko’ra oldi. Sharq va g’arb tomonda adog’siz tog’lardan boshqasi ko’rinmadi. Shimolda esa muzlardan iborat ummon ko’rindi. Janubida esa, bir necha o’n chaqirim narida keng bir yam-yashil vodiy ko’rinib turganini ko’rdi. Briksha darhol janubga tomon qadam tashladi.

Qorlar qalin. Bir qadam bosishning o’zi mashaqqat. U yuravergani sayin oyog’i tolib qola boshladi. Bir joyga kelganida u oyog’ini zo’rg’a sudrardi. Shunda u o’tirib oldi. U titilib ketgan oyoq kiyimlarini bir chetga uloqtirdi, shimini tizzasigacha salgina ko’tarib oldi va oyog’ini qorga tiqdi. Muzdek qorni uning tani xis etib, u bundan rohatlandi.

Briksha – qudrat borasida har qanday tirik jon xavas qilguvchi mavjudot edi. Boshqa o’g’illarini nafrat, alam va qayg’u bilan paydo qilgan bo’lsada, otasi uni o’zgacha bir ruh – tiriklikka xavas qilib yasagandi. Binobarin u sovuq temirtanga yoki qo’g’irchoqqa o’xshamagan, balki yuzi-ko’zi istarali, muloyim yuzli, ko’zlari moviy-jigarrang tovlanadigan yigitcha edi.

U boshqa o’g’illardan farqli tez fikrlab qaror chiqarib ketavermasdan, o’tirib obdon o’ylay o’ylab turib keyin oxirida harakat qiladi. Ayniqsa otasidan ayrilgan o’sha kundan buyon Briksha tobora tirik insonlarga o’xshab go’zallikdan bahra olishni, xunuklikdan jirkanishni, insonlar kabi tavakkaliga qaror qilishni ham o’zlashtirib, tirik insondan hech qanday farqi yo’q bo’lib ketgan edi.

Hozir ham, Briksha boshqa o’g’illardan farqli unga taqdim qilingan qudrat va yuksak zakovatni ishlatib ketavermay, charchoq, og’riq va ochlik tuyg’usiga “taslim” bo’la qoldi hamda oyog’iga kirgan qorning sovuq haroratidan o’zicha bahramand bo’lardi.

Briksha ko’zlarini yumdi. Yodiga o’zi yillar davomida yashab kelgan olamdagi bahor tarovati, issiq non, insonlarning kulgulari va jonzotlarning kishnashlari kelib ketib, u jilmaydi.

Keyin u cho’chibgina, ko’zlarini ochdi. Oyoqlarini qimirlatib ko’rdi. Oyoqlaridan og’riq ketib qolib, yana yura oladigan bo’lib qopti.

Briksha yo’lida yana shoshilmasdan davom etdi. U bir soatcha yurgach, qorli tog’ cho’qqilari pastlab, maysalar nish urgan tuproq va toshlar ko’zga chalina boshladi. Briksha oxiri tuproqqa oyoq qo’ydi. U tuproqni birinchi bor bosar ekan, ko’z oldida yastangan qirliklar, adirlar, yam-yashil yaylov, u yer-bu yerda do’ppayib turgan pastqam uylar, ovullar, qishloqlar ko’rinib turardi. Briksha o’zi ko’zlagan o’lka – Makonga qadam qo’ygan edi.

Briksha uzoq-uzoqlardan, lekin ming chaqirim ham chiqmaydigan masofadan turib, briklarga xos oltinchi sezgisi bilan juda kuchli qudratni xis qila boshladi. Bu “Olmos”ligini Briksha o’sha zahoti bildi, chunki u avvalroq ham bunday sezgini tuygan va yaxshi eslab qolgan edi. Briksha akasi shu qudrat uchun kelganini o’zicha taxmin qilgandi – taxmini haqiqatligiga endi zarrachayam shubha qilmasa bo’ladi.

Briksha tog’dan tushishiga, qosh qoraydi. U o’ziga tog’ning chetidagi, bir g’orga o’xshab ketadigan, sovuq toshli tog’ teshigini topdi va u o’sha joy ustida hech narsasiz uzala tushib yotib oldi va ko’zlarini ohista yumdi.

U tong otguncha, haykal kabi, qimir etmay hordiq chiqardi.

Tun bag’rida, bo’rillar uvillar, yovvoyi echkilar ma’rar, bir-ikki marta yirtqichlar, o’laksaxo’rlar uning tevaragiga yaqinlashgan bo’lsa ham Brikshaga bu narsalar xuddi yo’qdek. Briksha ko’zlarini chirt yumganicha, tong shafaqlari chiqquniga qadar uxladi.

Uyg’oniboq, Briksha oyoqqa xuddi xoda tikkalangani kabi shartta turdi.

Uni tanasi haliyam madorsiz, quvvatsiz edi. U darhol, atrofni o’rganib, yemish qidirishga tushib ketdi.

U joylashgan tog’ ostida, qorlar bilan qoplangan har yer-har yerdagi nishabliklar tepasidan zilol suv jildirab tushib turibdi. Briksha o’shalarga og’zini tutib suv ichdi. Keyin unga qo’llarini oyoqlarini tutdi. Uning tanasi suvni o’ziga to’liq olgach, Briksha qorin to’qlashga tushib ketdi.

U o’zi bilan olib kelgan, yelkasiga tashlab olgan ensiz to’rvasini ochib undan yashil rangli bir xanjarni oldi. Tog’dan o’tib yana pastroqqa yurdi. U joyda yashil ko’kalamzordan chiqdi. Bu ko’kalamzor orasidan Briksha eng yaxshilarini farqlab, yaproqlarini ehtiyot bilan kesib-kesib to’rvasiga yig’di. Keyin u o’sha joyda bir chirigan katta daraxt to’nkasini uchratib qolib, uni epchillik bilan sindirib xanjari bilan yo’ndi va bir kosacha qilib turib, haligi o’tlarni o’sha kosacha ichiga tushadigan qilib qattiq siqdi. U haligi suyuqlikni ichib olib, ozgina burishibgina qo’ydi ammo, undagi ochlik sal bo’lsa ham barham topdi.

Briksha yana yo’lida davom etdi. U ko’kalamzordan chiqib, bir so’qmoqni topdi va maysalarga e’tibor berib yura-yura, qarshisidan bir manzilgoh – makonliklarning qishlog’i chiqdi. Briksha oldiniga, oldida turgan g’ishtin uylarga hadik bilan qarab turdi. U otasi huzuridan va o’zi qochib yurgan olamdan boshqa yoqqa chiqqan emasdi. Bu olamni odamlari qanday ekan? Nihoyat, hadikni chetga surib qo’yib, Briksha dadillashdi va katta-katta qadam tashlab, qishloqqa olib boradigan katta ko’chadan kirib keldi.