Asarlar
June 5, 2023

Makon. Qilichqo'l botir qahramonligi

7-bob. Isyonchilar sardori

Shunday qilib Brikshani isyonchilar qarorgohidagi hayoti boshlandi.

Briksha bu ishlarga tez ko’nikib ketibdi. Uning temirtanli tanasi moslashuvchan, o’zgaruvchan bo’lgani uchun qayerga borsa ham odamlar orasiga sho’ng’ib ketishi oson edi. Tusini o’zgartirsa bo’ldi, oddiy makonlik bo’lib qolardi. Uning temirtanli tanasi har kuni chiniqishdan quvvatlanar, uni mushaklari, tanasi chiniqa boshlagandi. Sochlari qorayib, tekislanib qoldi, yuzlaridagi noodatiy va o’zga olamga tegishli belgilar va ifodalar yo’qolib, chandiqlar va sepkillar bilan bezalibdi, tog’ oftobiga qaramasdan ham uning rangi qoracha tusga kiribdi. Uch haftada u shunday o’zgaribdiki, ko’rganlar uni mahalliy bahodirlardan deb atashi mumkin edi.

Briksha To’liqbek o’g’illari bilan birga yura boshladi. To’liqbek o’g’illari, ayniqsa katta o’g’il Ergash Brikshani to’y voqeasidan keyin xurmat qila boshlagandi. Boshqalar hamon shubhalansa ham, ikki o’g’il Brikshaga ishonib, unga o’zlarini guruhidan joy berishdi.

To’liqbek o’g’illari qoni qaynoq, shijoatli bahodir yigitlarni birlashtirishgandi. Bu yigitlar yursalar ham, tursalar ham birga bo’lishib, o’zaro birodarlar xisoblanishardi. Ular birga ov qilishardi, qishloqdagi og’ir yumushlarni bajarishardi, ko’p xollarda esa ayg’oqchilik, josuslarni manzilgohga kiraverishida kutib olishni ham odat qilishgan edi.

Briksha bu guruhda eng birinchi ov qilishni o’rgandi. Bu tog’u-toshlarda, daralarda quyon, kiyik, yovvoyi echki kabi jonzotlar ko’p edi. Yigitlarga eng ma’quli kiyik edi, chunki kiyikni ovlash yigitlar uchun sinovli hamda uning go’shti ham eng totlisi sifatida ko’rilardi. Brikshaga boshida farqi yo’qdek tuyuldi ammo u o’zida nafaqat tashqi balki ichki o’zgarishlarni ham xis etib, ko’proq lazzat olish tuyg’usiga ega bo’lib borayotganini anglab borardi.

Yigitlar ichida Ergash ayniqsa Brikshaga eng yaqin edi. Makonliklar haqidagi ko’p narsalarni – ov qilishni, tomoq qirilib aytiladigan qo’shiq aytishni, makoncha o’qishni va yozishni Brikshaga o’rgata boshladi. Briksha juda tirishqoq edi – u bir haftadayoq kitob o’qiydigan bo’lib qoldi. Endi u avvalgidan ham bemalolroq gaplasha olardi. Ergash bilan birga yurganda u odamlarning muammolariga, turmush tarziga ko’p guvoh bo’lar edi. Ergash juda ko’ngilchan, yumshoqfe’l yigit edi. U kam gapirardi ammo ko’p tushunishga harakat qilardi.

Tuman bo’lsa umuman teskari, g’irt maqtanchoq, sergap shu bilan birga soddadil xushchaqchaq yigit edi. U doim hammani so’zlari bilan kuldurardi. Har ikki gapni birida u o’zini chet elda – Jo’ngyang degan yurtda tahsil olgani haqida gapirardi. U joyda ko’rgan kechirganlari haqida, o’qishda o’qiganda mutlaqo boshqacha – Makonliklar kabi do’stona bo’lmagan, o’z ishiga pishiq, uddaburon insonlar haqida so’zlardi.

-         Jo’ngyangda umuman qishloq yo’q. Bizniki kabi xarobazorlarni qo’yaverasiz, - derdi u, - shaharlarni ayting – oromgohning o’zginasi. U yerda dam olish uchun alohida bog’lar ham bor, uylarga qaragan odamning do’ppisi yerga tushib ketadi – shu darajada baland, odamlarini aytmaysizmi, hashamdor, olifta kiyinishadi.

Briksha uni gaplaridan o’zi tashrif buyurgan olam ham o’sha joyga o’xshashligini o’yladi.

“ Jo’ngyang qanaqa joy ekan, o’zi? “ qiziqsindi u.

-         Jo’ngyang qayer u? – so’radi Tumanbekdan.

-         Makondan o’tganda, uzoq janubda, cho’liston ortida, - deb javob qildi Tuman.

-         Jo’ngyangga elchi jo’natsak bo’lmaydimi? – so’radi Ergashdan Briksha bir kuni.

-         Bo’lmaydi, - kulimsirab Ergash, - Jo’ngyang – G’alato’plar viloyati. Ularga qaram o’lka...

Brikshani tog’u – toshlarda yurish ko’ngilli tuyulmasdi. U bu yerga akasini qilgan qilmishlarini Makondan yo’qotish uchungina qo’shilgan edida. Briksha hamma bilan chiqib qolganida, bir kuni yigitlarga bir taklif kiritibdi.

-         Qachongacha sandiroqlab yuramiz? Kelinglar, Makonga chiqaylik – zulmga tezroq chek qo’yaylik!

-         Otam va biz hozir fursatni kutmoqdamiz, - deb javob qildi Ergash, - hali Makonni ozod qilish uchun yetarli kuchimiz yo’q. Agar biron nima qilgan taqdirimizda ham, yutuqlarimiz dengizdan tomchi ham bo’lmaydi.

-         O’sha tomchi, agar bugundan tusha boshlasa, dengizga aylanadi, - depti Briksha yana donolarcha.

U bir o’zi bir kuni yigitlar davrasidan chiqibdida, ertasi kuni hech nima bo’lmagandek qaytib kelibdi. Undan so’rashganida :

-         Bir tomchilik ish qildim xolos, - deb kamtarlik qilibdi.

Ammo keyingi kunlari vodiy tomondan shov-shuvlik yangiliklar sadosi manzilgohni tutibdi.

-         Qilichqo’l botir yana qaytibdi!

-         Qilichqo’l botir soliqchilarni adabini beribdi!

-         Qilichqo’l botir hokimni arzandasini uyini o’marib, barcha pullarni ko’chaga sochib tashlabdi!

Shundan keyin To’liqbek huzuriga odam arimasdan kela boshlabdi. Dehqonlar, savdo ahlidan, kichikroq amaldorlar ham kelib keta boshlabdi. Ular so’zlarining mazmuni bitta - Brikshani bu yerdaligini eshitishgan, yashirincha To’liqbekka sadoqat bildirishni xoxlashadi.

To’liqbek va boshqa isyonchilar bundan shodlanibdi. Endi ham Brikshaga ishonchi bo’lmagan inson manzilgohda qolmapti. “Qilichqo’l botir” esa jasur yigitlar bilan u ko’p ishlarni amalga oshira boshlabdi – odamlarni chetga sotayotgan mahalliy qishloq hokimini ta’zirini berishda qatnashibdi, non topa olmay qolgan bechoralarga nonlar ulashibdi.

Qarshilik ko’rsatuvchilar qarorgohiga yangiliklar quyilib kelardi. Ularda Briksha – Qilichqo’l botir odamlarda umid uyg’otgani, odamlar avvalgidek qo’rqoq bo’lmay qolgani haqida habarlar gapirilardi. Odamlar mahkamalarga to’planishadigan bo’libdi, Mirzabek mingboshi jo’natgan jarchilarni esa bir necha joyda kaltakashibdi. Bundan, To’liqbekning xursandchiligiga yana ham xursandchilik qo’shilardi va u Brikshani xuddi o’g’li kabi yaqin oladigan bo’lib qolgandi.