Tarjimalar
February 27, 2023

Sherlok Xolms - Alvonlik Ishi. Birinchi bob

Janob Sherlok Xolms

Tarjimon: Bahtiyor Daminjonov

1878 – yili, kamina London Universtitetidagi Tibbiyot Doktorligini bitirdim va harbiy jarrohlik kursiga yozilish uchun Netliga yo’l oldim. O’sha joyda o’qishimni tamomlab, menga biriktirilgan “Beshinchi Nortumbrlend Yengil Piyodalari”ga yordamchi jarroh sifatida tayinlashdi. Bo’linma o’sha paytda Hindistonda joylashtirilgandi va bormasimdan oldinroq, Ikkinchi Afg’on Urushi boshlanib ketdi. Bombayda to’xtaganimda bildimki, mening korpusim allaqachon ilgarilab, dushman sarhadlari osha ichkarilab ketgan ekan. Birgalikda stansiyaga birga tushgan bir qancha ofitserlar bilan yo’lga tushdim. Qandahorga ziyon zahmatsiz yetib borishga muvaffaq bo’lib, korpusim bilan ham uchrashgach, yangi xizmat burchimni ado etishga kirishib ketdim.

Yurish ko’plarga mansab va sharaflar olib keldi, biroq menga faqat ko’ngilsizliklaru, daxshatlardan boshqasi yo’liqmadi. Brigadamdan chetlashtirildim hamda Berkshirliklarga biriktirildim. O’sha guruh bilan men Mayvanddagi qonli jangda qatnashdim. U joyda meni jezoyil (Afg’onlarning shohdor miltig’i - izoh) o’qi bilan yelkamdan yaralashdi. U suyaklarni sindirib, arteriyamni shikastlab o’tdi. Agar harbiy navbatchim Myurrey jasorat va sadoqat ko’rsatib, meni yukchi otiga ortib olgancha, Britaniya ximoya chizig’iga yetkazib qo’ymaganida, vahshiy dushmanlar qo’lida qolib ketishim tabiiy edi.

Og’riqdan o’zimni yo’qotib, boshimdan o’tkazgan uzoq mashaqqatlardan kuchsizlangan paytimda, meni xizmatdan chetlatishdi va ko’p azob chekkan yaradorlar bilan Peshovardagi baza kasalxonasiga joylashtirishdi. O’sha yerda o’zimni tiklab olib, hovlida sayr qilib yuradigan darajaga yetganimda xattoki ayvon isinib o’tiradigan bo’lib qolgan bir paytimda, terlamaga bezgagi, Hind mulklarimizdan meros o’tgan tavqi la’nat meni yiqitib qo’ydi. Oylab, hayotim parishonlikda bir qadar o’tdi va o’zimga kelib, tuzalish xolatiga yetganimda shunday zaif va xoldan toygan edimki, tibbiyot boshqarmasi meni Angliyaga qaytarishda bir kun ham kechikmaslikka qaror qildi. Meni Orontes nom olgan harbiy qo’shinlar kemasiga olishdi va bir oy o’tib, sog’lig’im barbod bo’layozganida, Portsmut bandargohiga kelib tushdim. Boshqa tarafdan, kaminani otaliqqa olgan hukumat keyingi to’qqiz oyni tiklanishimga sarf etishga ruxsat berib, mablag’ ajratgandi.

Angliyada meni na biron do’stim, na biron qarindoshim bor edi, shunga yarasha havo kabi erkin edim. Kuniga beriluvchi 11 shillingu, 6 shilling kirim men kabi har bir kishining ishlamay erkin yashash harajatini qoplashga bemalol yetardi. Bunday sharoitda tabiiyki men Imperiyaning hamma bekorchilariyu, ishyoqmaslari to’lib toshib ketgan London sari surildim. Bir oz vaqt Strenddagi xususiy mehmonxonada turdim. Bu joyda keragidan ancha ko’p pul sarf etib yuborganim meni noqulay va ma’nisiz turmush tarziga olib keldi. Mablag’larim shunaqangi havotirli xolatga tushib qoldgan payti tushundimki, yo markazdan ketishim va qishloqlardan biriga o’rnashishim kerak, yo yashash tarzimga o’zgartirish kiritishim lozim. Keyingi ikkinchisi ma’qul kelib, rejamni mehmonxonani tark etishdan va turar joyimni kamroq chiqim talab qiluvchi biron ijara-uyga o’zgartirishdan boshlashga qaror berdim.

O’sha qarorga kelgan kunim, men Kriterion qovoqxonasida turgandim. Kimdir meni yelkamga qo’l tashladi va o’girilib qaraganimda qo’limda “Bart”da bir vaqtlari kiyim bezatuvchisi bo’lib ishlagan yosh Stemfordni tanidim. Katta begona Londonda tanish chehrani uchratib qolish, yolg’iz odam uchun chindan ham ko’ngilli edi. Oldinlari Stemford mening yaqinim bo’lmagan edi lekin, hozir men u bilan g’oyatda shavq ila salomlashdim va u ham meni ko’rganidan yorishib ketgandek bo’ldi. Quvonchim mo’l-ko’lligidan, men uni Holbornda birga tushlik qilishga taklif etdim va birgalikda izvoshga o’tirdik.

-         O’zi, nimalar qilib yuribsiz, Vatson? - so’radi u to’lib toshgan London ko’chalarida ketar ekanmiz, oshkora hayratlanib. - niholdek ozg’in, yong’oqdek qorayib ketibsizku.

Men unga qisqacha hayotim haqida gapirib bera ketdim. Manzilimizga yetgan mahalimizda bazo’r tugatib oldim.

-         Boyaqishgina! - dedi u, hamdardlarcha hikoyamni eshitib bo’lgach, - Endi nima qilmoqchisiz?

-         Turar joy axtarib yuribman, - javob berdim. – Ko’tarsa bo’ladigan narxda xona ijara olishlik muammosini xal qilishga urinyapman.

-         Bu juda g’alati. - dedi hamrohim. - sen bu kuni aynan shu so’zlarni aytgan ikkinchi kishisan.

-         Birinchisi kim edi? - so’radim.

-         Kasalxonaning kimyo laboratoriyasida ishlaydigan bir tanishim. U bugun ertalab, o’zi topgan yaxshi xonalarini yarmidan bo’lishadigan sherik topa olmagani, o’zining hamyoni uchun esa ular qimmatlik qilishini aytib shikoyat qilgandi.

-         Yupiter haqqi, - deb yubordim. - agar u chindan ham xonalar va harajatni bo’lishishni istasa, men u qidirgan odamman. Yana yolg’iz bo’lgandan, sherigim bo’lgani afzalroq.

Yosh Stemford menga ko’zoynagi ortidan g’alati qarab qo’ydi.

-         Siz xali Sherlok Xolmsni bilmaysizda. - dedi u. – bilganingizda ehtimol, uni barqaror sherik sifatida ko’rmagan bo’larmidingiz.

-         Nega, uni biron yomonligi bormi?

-         Yo’q, yomonligi bor demadim. U fikrlarida juda telbavo bo’lsada, ilm-fanning ba’zi shoxlarida esa ishtiyoqmand kishi. Bilganlarim bo’yicha, u o’ziga to’g’ri, o’rtacha inson.

-         Taxminimcha u tibbiyot talabasi-a? - so’radim.

-         Yo’q, to’g’risi uni nimalarni mo’ljal qilishidan habardor emasman. Ishonishimcha, u anatomiyani yaxshi biladi va u birinchi darajali kimyogar. Shunda ham bilganim, u bironta muntazam tibbiyot sinflariga qatnamagan. Uning tadqiqotlari qolipsiz va o’lda-jo’lda, biroq u professorilarni ham joyiga o’tqizib qo’yadigan darajadagi juda ko’plab bilimlarga ega.

-         Undan hech nimani mo’ljal etganini so’ramaganmisiz? - so’radim.

-         Yo’q, ba’zida qiziqishi oshib-toshib, juda muloqotga kirishimli bo’lib ketganida ham, u osongina gap olsa bo’ladigan kishimas.

-         U bilan uchrashishim kerak ekan, - dedim, - agar kimdir bilan ijarada tursam, ilm bilan band va osuda odatlari bor kishini ma’qul ko’raman. Hayajonlaru, shovqinlarga chidaydigan emasman. Ikkalasidan ham Afg’onistonda umrimni so’nggiga qadar yetadigan bo’lib to’yib ketganman. Bu tanishingizni qanday uchratsam bo’ladi?

-         U shak-shubhasiz laboratoriyada bo’ladi, - javob qildi hamrohim, - yo haftalab u joydan nari yuradi yo ertalabdan kechgacha ishlaydi. Agar istasangiz, tushlikdan so’ng birga borishimiz mumkin.

-         Albatta, - javob berdim men. So’ng, suhbatimiz boshqa taraflarga sirg’alib ketdi.

Holborndan chiqib, kasalxonaga tomon yo’lga chiqqan paytimiz, Stamford menga bo’lajak ijarachi sherigimning xislatlari haqida yana bir-ikki og’iz gapirdi.

-         Agar u bilan chiqisha olmasangiz, meni umuman ayblamang, - dedi u, - kamina uni laboratoriyada ko’rishib, gaplashib bilgandan ortiq bilmayman. Siz o’zing shu uchrashuvni taklif qildingiz va meni bunga javobgar qilib o’tirmang.

-         Agar chiqisha olmasak, ajralishdan osoni yo’q. - javob berdim, - Menga anglashilishicha, Stemford, - hamrohimga qattiq tikilib, qo’shib qo’ydim, - senda o’zingni bundan olib qochishingga loyiq ba’zi sabablaringiz bor. Bu oshnangiz nima, dahshatlimi? Mendan biron nimani yashira o’tirmang-a.

-         Aytishga til bormaydigan narsani aytish oson emas, - kulgu ila javob berdi u, - Xolms menga doimo o’ta ilmga o’chlikning sovuqqonlikka juda yaqin xossasiga egaga o’xshab tuyuladi. Men uni bironta do’stiga biron chimdim o’simlik alkaloidini, yomonlikni o’ylabmas o’zing tushungan bo’lishing kerak, shunchaki uning ta’siri haqida to’kis tassavur etish asnosida berib ko’rishini tassavur qila olaman. Uni oqlash uchun shuni ham aytib o’tishim joizki, fikri ojizimcha, xuddi o’shandek o’ziga ham buni ravo ko’rgan bo’lardi. U aniq va puxta bilim shaydosiga o’xshaydi.

-         To’g’ri qiladi ham.

-         Ha, lekin ba’zida bu chegaradan ham juda o’tib ketadi. O’liklarni parchalash xonalaridagi o’liklarni xivchin bilan savalashga kelganda, ayniqsa antiqa tusga kiradi.

-         O’liklarni savalash?

-         Ha, o’limdan so’ng qancha vaqt ko’karishlar xosil bo’lishiga aniqlik kiritish uchun. O’z ko’zlarim bilan ko’rganman.

-         Yana uni tibbiyot talabasimas degin?

-         Yo’q. Uni niyatini nimaligini xudo biladi. Mana yetib keldik. Sen o’zing uni ko’rib xulosa chiqarishing darkor. “ U shunday deyotgan payti, biz tor ko’chaga burildik. Va katta shifoxonaning bir qanotiga ochilgan kichik yonlama eshikchadan kirib keldik. Manzara menga tanish edi. Toshli zinalardan o’tib, oqlangan devorli va to’q rangli eshiklari bor uzun yo’lakdan o’tar ekanmiz, menga yo’lni ko’rsatishning sira xojati bo’lmadi. Yo’lak oxiridan ham boshqa bir pastqam yo’lak ajralib va kimyo laboratoriyasiga shu tariqa boshlab bordi.

Bu baland xujra, terib chiqilgan va sanoqsiz shisha idishlari bilan limmo-lim edi. Tevarak har joyda to’lib ketgan retorta idishlari, probirkalar, ko’kimtir yonib turgan mitti Byunsen lampalari qalashtirilgan keng, pastqam stollar mavjud bo’lib, ichkarida faqatgina bitta bizdan uzoqroqdagi stol atrofida kuymalanganicha o’z ishiga berilib ketgan talabagina bor edi. Bizning qadam tovushlarimizni eshitib u boshini burdi va oyog’ida suyungandan irg’ishlab qo’ydi.

-         Topdim! Topdim!, - xitob qildi u hamrohimga, qo’lida tajriba-quvurlaridan birini ko’tarib yugurib kelar ekan. “ Gemoglobindan boshqasi erita olmaydigan kimyoviy reaksiyani kashf etdim. - Agar u oltin koni topib olgan taqdirda ham ham bundan ziyodroq zavqlanmasa kerak.

-         Doktor Vatson, Sherlok Xolms, - tanishtirdi bizni Stemford.

-         Ishlar qalay? - deb u soddadillik bilan va qo’limni shunday zo’r kuch bilan siqdiki, boshida uning kuchiga bunday baho bermagan edim, - Payqashimcha, Afg’onistonda bo’lgansiz.

-         Buni qanday go’rdan bila qoldingiz? - hayrat ichida so’radim.

-         E’tibor bermang, - dedi u, quvnoqlik bilan. – Hozirgi masalamiz gemoglobin haqida bo’ladi. Shubham yo’qki, siz mening ixtiroyimning ahamiyatini ko’rib turibsiz?

-         Shubhasiz, bu kimyoviy jarayon tarafidan qiziq, - javob berdim men. - lekin amalda...

-         Nega endi, bu yillar davomidagi eng asliyotga munosib, tibbiy qonunlarga bo’ysinuvchi kashfiyot. Bu natija qon dog’larini bexato aniqlanish testini berishini ko’rmayapsizmi? Qani, buyoqqa kelib ko’ring!” - u meni paltoyimni yengidan jo’shqinlik bilan ushlab, o’zi ishlayotgan stol tepasiga boshlab keldi. “Toza qon olaylik,” - dedi u, uzun bigizni barmog’iga sanchdida, chiqib qolgan bir tomchi qonni pipetkada tortib oldi. “Endi, bu qonga bir litr suv qo’shaman. Ko’rib turibsizki, xosil bo’lgan aralashma top-toza suv ko’rinishida. Qonning nisbati birga milliondan ko’p bo’lishi mumkin emas. Shunga qaramay, shubham yo’qki, biz muhim reaksiyani ko’ra olamiz.“ Gapirayotib, u idishga bir qancha oq kristallar tashladi, va unga shaffof suyuqlik tomchilarini qo’shdi. Zum o’tmayoq, hosil bo’lgan narsa to’q lok rangi kasb etdi va jigarrang changsimon cho’kindi shisha idish tagiga cho’kib qoldi.

-         Ha! Ha! - baqirdi u, qarsak urib, xuddi yangi o’yinchoq topib olgan boladek suyungancha. - Bunga nima deysiz?

-         Tadqiqotingiz mohirona ekan, - izohlagan bo’ldim.

-         Go’zal! Go’zal deng! Eski Gvayakum sinovi bema’ni va noaniq edi. Qon xujayralarining mikroskopik tadqiqoti ham shunday edi. Ikkinchisi, agar qon tahlili bir necha soatlik bo’lganida xollarda xatto foydasiz ham edi. Mana endi, bunda qonning yangi yoki eskiligi ahamiyatsiz. Agar bu sinov avvalroq ixtiro qilinganidami, hozir dunyoda yurgan yuzlab kishilar, ancha oldinroq jinoyatlari uchun jazo olishgan bo’lishar edilar.

-         Rost! – pichirlab qo’ydim.

-         Jinoiy ishlar doimiy ravishda bir narsaga kelganda, osilib qolavermoqda. Biron kimsa jinoiy ish qilib qo’yilganidan oylab o’tibgina, shubha ostiga olinadi. Uning choyshablari yoki kiyimlari tekshiriladi va ulardan jigarrang choyshabni topib olishadi. Xo’p, bu choyshab qonlimi, loymi, changlimi yoki meva yuqimi, boshqami? Bu savol juda ko’p mutaxassislarni boshini qotiradi va nimaga, bilasizmi? Chunki, buni aniqlaydigan ishonarli sinov yo’q. Hozir esa bizda Sherlok Xolmsning sinovi mavjud va buni aniqlashning hech qanday qiyinchiligi qolmadi.

Uning ko’zlari gapirar ekan, yaltirab ketdi va u qo’lini yuragi ustiga qo’yib olib, xuddi tassavuridagi olomonning betinim qarsaklariga javob qilayotgandek ta’zim qildi.

-         Sizni tabriklasa bo’larkan, - dedim men, uning ishtiyoqidan hayajonlanib.

-         O’tgan yili, Frenkfortda Fon Bischof ishi bo’lib o’tgandi. Agar bu tadqiqot o’shanda mavjud bo’lganida, aniqki osilgan bo’lardi. Bredforslik Meyson, dongdor Myuller, Montpellierlik Lefevr va yangi Orleandan Samsonlar ham. Bu tadqiqot asqotgan bo’lishi mumkin bo’lgan yana bir qancha ishlarni nomlarini aytib berishim mumkin.

-         Jinoyatning tirik solnomasiga o’xshaysiz, - dedi Stemford kulib. - Gazeta ochib olsangiz ham bo’ladi. Uni “O’tmishdagi Politsiya Yangiliklari” deb nomlang. “

-         Bularni o’qish ham qiziq bo’lardida, - dedi Sherlok Xolms, barmog’iga plasterni qattiq yopishtirib olib, - Ehtiyot bo’lishimga to’g’ri keladi, - davob etdi u, menga jilmayish bilan o’girilib, - axir, kuchli toksidlar bilan ko’p o’ralashaman. - gapirar ekan, u qo’lini ushlab turdi. Men unda yana bir qancha kislotadan qoraygan o’xshash plaster bo’laklarini payqab qoldim.

-         Biz bu yerga ish bilan keldik, - dedi Stemford, baland uch oyoqli kursiga o’tirib olgancha, yana boshqasini oyog’i bilan men tomonga surib qo’yib. - Mana bu do’stim, sen bilan ijarani bo’lishadigan sherik topilmaganidan shikoyat qilganingga qiziqib qoldi, yaxshisi ikkalangizni bu yerda uchrashtirish ma’qulroq deb o’yladim.

Sherlox Xolms xonasini men bilan baham ko’rish fikridan ko’ngli yorishgandek bo’ldi.

-         Beyker Stritdagi bir uyni ko’z ostimga olib qo’yganman, - dedi u, - u joy bizga hayotimiz so’nggiga qadar ham mos keladi. Kuchli tamaki hidiga qarshi emassiz deb umid qilaman?

-         O’zim ham doimiy dengizchilarnikidan chekib turaman, - javob berdim men.

-         Bu yaxshi. Odatda, men kimyoviy moddalarni tez-tez tajribalar o’tkazish uchun olib kelib turaman. Bu sizni jahlingizni chiqargan bo’larmidi?

-         Aslo.

-         Xo’sh, ko’raylikchi, yana boshqa kamchiliklarim nimalar edi. Ba’zida yomon joylarga borib kelaman, yana ba’zan kunlab og’zimni umuman ochmayman. Shunday paytlarda, meni badqovoq deb o’ylamasligingiz kerak bo’ladi. Meni xoli qo’ysangiz, tezda tag’in o’zimga kelib qolaman. Sizchi, sizni tan oladigan nimalaring bor? Birga yashashdan oldin, ikki janoblar o’zlaridagi eng yomon xislatlarini bilganlari ma’qul.

Bu “kesma-ko’rik”dan kulib yubordim.

-         Kuchuk saqlayman, - dedim, - shovqinga toqatim yo’q, chunki asablarim charchagan, haddan tashqari kech turaman hamda g’irt ishyoqmasman. Yaxshi bo’lib qolgan paytimda yana boshqa xislatlarim ham chiqib qolaru, biroq ayni paytda asosiylari shu.

-         Skripka chalish ham, sizning shovqin darajangizga kiradimi? - so’radi u, xavotirlanib

-         Chaladigan odamga bog’liq, - javob berdim, - Yaxshi chalinadigan skripka sadosi xudoning inoyati, ammo yomon chalinadigani...

-         Ha, unda yaxshi, - gurillab baqirib yubordi u kulgu bilan, - O’ylashimcha, xonalar ham sizga ma’qul kelsa, ishimiz pishdi xisob.

-         Qachon ko’rgani boramiz?

-         Ertaga tushlikda bu yerga kelsangiz, birga borib hammasini pishitib kelamiz, - javob berdi u.

-         Yaxshi, qoq peshinda kelaman, - dedimda uni qo’lini siqdim.

Biz uni tajribalariga tashlab, mehmonxonamga tomon yurib chiqdik.

-         Aytmoqchi, - qo’qqisdan, burilib Stemfordga qarab so’radim, - U meni Afg’onistondan kelganimni qay go’rdan bilib oldiykan?

Hamrohim menga sirli jilmaydi.

-         Bu shunchaki uning o’ziga xosligi. - dedi u. - Ko’p odamlar ham uni bularni qanday bilib olishi sirini topishni istab kelishgan.

-         O! Maxfiy degin? - dedim qo’llarini ishqalab. – Qiziqtirib qo’yadiganku bu. Bizni ko’rishtirib qo’yganingdan juda minnatdorman. Bilasanku, “Insoniyatning eng katta silasilaviy ta’limi bu insondir”.

-         Unda, qani o’rganib ko’ring, - dedi Stemford, xayr-xo’shlashar ekanmiz. – uni xali chuvalashgan, murakkabligini tushunib yetasiz. Garov bog’laymanki, u siz haqingizda, siz u haqida bilganingizdan ko’proq narsa bilib oladi. Ko’rishguncha!

-         Ko’rishguncha! - javob yo’lladim men ham va yangi tanishimga g’oyatda qiziqib qolganimni o’ylab, xonamga ravona bo’ldim.