Sherlok Xolms - Alvonlik Ishi. Uchinchi bob.
Lavriston Bog’i Jumbog’i.
Tarjimon: Bahtiyor Daminjonov
Tan olaman, yangi hamrohim nazariyasining bunaqangi amaliy tabiatga egaligi isbotini ko’rib, hayratdan yoqa ushlab qolgandim. Uning sinashtalik kuchiga bo’lgan xurmatim birdaniga yuksaldi. Shunda ham, ongimning bir chetida bu meni ataydan chalg’itish uchun uyushtirilgan voqea bo’lishi mumkinligi haqida shubham, garchi buni qanday va nima maqsadda qilganini tushuntirishga ojizlik qilsamda, g’imirlab tinchlik bermasdi. Unga qaragan paytimda, u xatni o’qib bo’lgandi va uning ko’zlarida aqliy mavhumlikdan darak berib turuvchi jonsizlik, ifodasizlik aks etgandi.
- Bu qanday qilib bila qoldingiz? - so’radim.
- Nimani bila qolibman? - dedi u qo’pol qilib.
- Ha, uni nafaqada Dengiz serjanti ekanligini-da.
- Maydagapga vaqtim yo’q, - javob berdi u asabiylashib; so’ng jilmaydi. – Xurmatsizligim uchun ma’zur tuting. O’ylarim iplarini buzib tashladingiz, lekin bu yaxshillikka bo’ldi. Xo’sh, siz uni rostdan ham Dengiz serjanti ekanini ko’rolmadingizmi?
- Aslida olganda, buni bilib olish, tushuntirishdan ko’ra ancha osonroq bo’ldi. Agar sizdan ikki karra ikki necha bo’ladi deb so’rashsa, siz buni to’rt ekanligini bilasiz, buni fakt ekanligiga ishonchingiz komil bo’lsa ham, buni isbotlashda qiyinchilikka uchrashingiz mumkinku. Ko’chaning narisidan turib ham uning qo’lini ortiga ishlangan katta moviy langar naqshini ko’ra olgandim. Bu dengizga oidlikdan nishona edi. Uning jamadoni harbiylarniki, biroq yonlamasiga tekis o’sgan soqoli bor edi. Demak, dengiz harbiysi. Bu kimsada biz oz o’zini yuqori tutish, buyruq berish mayli bor edi. Boshini qanday tutgani va xassasini do’qillatganini ko’rgan bo’lsangiz kerak. Baquvvat, xurmatli, o’rta yoshli janob uning yuzida zohir edi – barcha faktlar meni uning serjant ekanligiga ishonishga olib keldi.
- G’aroyib! – jumla otilib chiqdi mendan.
- Siyqasi chiqqan ish bu, - dedi Xolms, lekin uning ifodasidan mening hayratim va qoyil bo’lganimdan ko’ngli to’lganini uqdim, - Hozirgina jinoyatchilar qolmadi, degandim. O’ylashimcha, yangilishibman – bunga qarang! - U menga haligi kishi tutqazib ketgan xatni irg’itdi.
- Daxshat!, - unga ko’zimni yugirtirgan ko’yim xitob qildim, - bu axir daxshatku!
- Odatdagidan ko’ra, ozgina o’zgacha shekilli, - dedi sokinlik bilan u, - Menga ovozini chiqarib o’qib bera qolmaysizmi?
Unga o’qib bergan maktubim quyidagicha edi :
“Qadrdonim janob Sherlok Xolms. Brikston ko’chasidan chiqariverishdagi Lavriston Bog’ida, kechasi soat uchlarda, yomon hodisa ro’y berdi. O’sha paytda navbatchilikda bo’lgan qorovulimiz, taxminan tongi ikkilarda avvallari bo’sh bo’lgan uyda yorug’likni ko’rib qolgan va bundan shubhaga borgan. U echikni ochiq xolda ko’rgan. Keyin u uyning bo’m-bo’sh old xonasida, yaxshi kiyingan, cho’ntagidagi tashrif qog’oziga : “Enox J. Drebber, Klivlend, Ogayo, Amerika Qo’shma Shtatlari. “ deb yozilgan bir jentlmenning o’lik tanasini topib olgan. O’g’rilik bo’lmagan, uning qanday o’lim topganiga ham dalil yo’q. Tanasida lat yeyish bo’lmagan, biroq xonada qon izlari bor. Uning bu bo’sh uyga qanday kelib qolganini aniqlashtira olmayotirmiz, bu ish umuman, to’laligicha chalkash chiqib qoldi. Agar, o’n ikkilardan oldinroq borishni ilojini qilsangiz, u yerda meni topasiz. Sizdan biron nima eshitmagunimcha, hammasini o’z joyida qoldirdim. Kela olmay qolgan taqdiringizda, sizga ikir-chikir tafsilotlarini taqdim etajakman. Mabodo, marhamat qilib, o’z mulohazangizni bildirsangiz, ko’magingizdan boshim ko’kka yetgan bo’lardi.“
- Gregson Skotlend Yarddagilarning eng uddaburoni, - dedi do’stim, - u va Lestreyd boshqalardan ko’ra yaxshi. Ikkalovlari ham tez va g’ayratli, ammo afsuski tor ish olib borishadi. Yana, bir-birlariga pichoq ham qayrab yurishadi. Bu ikkovi bir juft tajribali rashkchi xotinlarga o’xshashadi. Agar ikkalasi ham bitta ishga qo’yilsa bormi, o’shani ustida bir-birini ustidan mazah-masxaralar boshlanib ketadi.
U to’lqinlanib, bidirlaganida ham xotirjamlikni saqlab turishidan taajublandim.
- Vaqtni ketkazmaslik kerak, albatta, - dedim baland ovozda, - chiqib, taksi to’xtatib kelaymi?
- Borish-bormaslikka xali iymonim komil emas. Men oyog’ini asrashni joyiga qo’yadigan eng yalqov yaramasman. Juda, menda juda qiziqish bo’p qolsagina, o’rnimdan turishim mumkin.
- Axir, bu siz qidirayotgan o’sha jinoyatni ochish imkoniku, shunday emasmi?
- Qadrli sherigim, bu ish menga nima qilib beradi. Butun masalani ochdim deylik, ishoningki hamma olqishlar Gregson, Lestreyd va ularning jamoalarida ketadi. Mening rolim norasmiy xarakterga ega bo’ladi, xolos.
- Lekin u sizdan iltimos qilibdiku.
- To’g’rida. U meni o’zida kuchliroq ekanimni biladi va buni tan oladi. Lekin, u bu ishdagi o’rtadagi odamga topishirganini tan olishdan avvalroq, tilini kesib tashlay qoladi. Mayli, borib yaxshisi ko’rib kelsak ham bo’ladi. O’zim uchun ham, ishlasam ishlabmanda. Agar men ham biron nima aniqlay olmasam ham, balki maza qilib kulib kelarman. Ketdik!
U paltosini chaqqonlik bilan kiydi va shunday shoshildiki, jo’shqinlik undagi beparvolikni yengani bilindi.
- Shlyapangizni olvoling, - dedi u.
- Men ham borishimni istaysizmi?
- Ha, agar qiladigan boshqa ishingiz bo’lmasa.
Bir daqiqa o’tgach, ikkalamiz Brikston Ko’chasiga shiddat bilan yuruvchi foytunda edik.
O’sha kuni tong bulutli va tumanli edi, Uy yuqorilarida osig’liq jigarrang-kulrang pardalar pastdagi loyga botgan ko’chalarni akslantirganga o’xshab ketgandi. Sherigimning kayfiyati eng yuqori darajada edi, va u tinmasdan Krimona(“skripka turi va uning egasi atoqli ismi – izoh) skripkalari, Stradivari va Amatilarning(skripka ishlovchi o’sha paytdagi italyan oilalari – izoh) farqli jihatlari to’g’risida javrab ketdi. O’zimga kelsak, men jim edim, qorong’u muhit, yuklatilgan ishimizning ko’ngilni xira qilguvchi ekanligi ta’sirida ruhim tushkunlikka tushgandi.
- Zimmangizdagi ish haqida ko’p ham o’ylayapsiz, shekilli, - dedim oxiri, Xolmsning musiqiy leksiyasini bo’lib.
- Bu haqida xali ma’lumot yo’q, - javob berdi u. - Hamma dalillarni ko’rmaguncha biron nimani taxmin qilish katta xatodir. Bu qaroringizni zaiflashtiradigan omil bo’ladi.
- Ma’lumotlarni tez orada qo’lga kiritasiz, - dedim, barmog’im bilan ishora etib, - mana bu Brikston Ko’chasi, va man bu o’sha uy, agar adashmasam.
- Boshladik, unda. Hov, haydovchi, to’xta! – Biz xali o’sha joydan yuz yarddan uzoqroqda edik, ammo bizning suhbatimiz unga ta’sir etdi va safarimizni piyoda tugatdik.
Lavriston Xiyobonining uchinchi uyi qo’rqinch va baxtsizlikda qolganlikka o’xshardi. Bu xonadon ko’chadan uzoqroqda qatorlashib turgan, ikkitasi band, ikkitasi bo’sh bo’lgan uylardan biri edi. Uylarning so’nggisidan uch qator bo’sh va noxush ma’yus derazalar ko’rinib turibdi, inglizcha “Ruxsat” so’zi oyinalaridan xira pardadek tushib turibdi. Hamma joydan bodrab chiqqan sarg’ish maysalardan iborat bo’lgan bir mitti bog’, bu uylarni har birini ko’chadan ayirib turgan bo’lib, loy va shag’aldan iboratligidan, sarg’aygan bir yo’lka bu bog’ni ko’ndalangiga kesib o’tgandi. Barchasi tunda yog’ib o’tgan yomg’irdan butunlay shalabbo bo’lgan edi. Bog’ tepasiga yog’ochli panjara o’rnatilgan uch futli g’ishtin devor bilan chegaralangan va bu devorga konsteybl suyanib turardi, atrofini nimanidir payqab qolish umidida bo’ynilari cho’zib, ko’zlarini lo’q qilib turgan, bir to’da tomoshatalablarning siyrak to’pi o’rab olgandi.
Men Sherlok Xolms tez uyga kirib, jumboqni yechishga kirishib ketishini tusmollagan edim. Lekin, uni bunday niyati yo’qqa o’xshardi. Beg’amlik ruhiyatiga kirib olib u, ayni damda, o’zini qiziqishni chegaralab olganga o’xshab tuyuldi. U yo’lakni uyog’i va buyog’iga o’tib, turib qolar, yerga, osmonga, qarshisidagi uylarga va panjaralarga o’ysizlik bilan tikilib turaverardi. Tekshiruvini tugatgan bo’lib esa, u ko’zini yerdan olmay, yo’lka bo’ylab, aniqrog’i yo’l chetidagi maysalarni ezib, sekin yura ketdi. U ikki marta to’xtadi, bir martasida uni kulganini ko’rdim va mamnuniyatini ifodalaganini eshitdim. Nam yegan tuproqda juda ko’p oyoq izlari bor edi, lekin politsiya kelgani va yuraverganidan men hamrohim bulardan nimani ajratib, aniqlab qolayotganini bilmasdim. Baribir ham, men uning ziyrak iste’dodining tezkor ishlashi guvohi bo’lib turardim va bilardimki, u mendan yashirin bo’lib ko’ringan juda ko’p narsalarni ko’ra bilardi. Uy eshigi yonida biz qo’lida daftar ushlab turgan uzun, oqish yuzli, mallasoch kishini uchratdik. U yonimizga keldi va hamrohimning qo’lini silliqqina siqib oldi.
- Kelganingiz ko’ngilli bo’ldi, - dedi u, - Men hammasini o’z joyida, tegilmasdan qoldirganman.
- Mana bundan boshqa! - dedi do’stim haligi yo’lakka ishora qilib. - Agar bir poda buqalar o’tganida ham, shunchalik rasvo bo’lib ketmagan bo’lardi. Shubham yo’qki, Gregson, bizga ijozat bermaslaridan avvalroq, bir to’xtamga kelib ulgurgansiz.
- Ichkarida qiladigan ishlarim xali juda ko’p, - dedi izquvar kalovlanib. - Hamkasbim, janob Lestreyd shu yerda. Bu ishni unga topshirganman.
Xolms menga ma’noli qarab qo’ydi va qoshlarini beparvolarga yuqoriga ko’tardi.
- Bu ishda siz va Lestreyd kabi kishilar turganda, uchinchiga yo’l bo’lsin. - dedi u.
Gregson qo’llarini, xursandchilikdan ishqalab qo’ydi.
- O’ylashimcha, qilina olinadigan barchasi ishni qildik, - deb javob qildi u, - shunda ham, hodisa juda g’alati ekan va men sizni bunaqalariga qiziqishingiz borligini bilardim.
- Bu yerga foytunda kelmadingizmi? - so’radi Sherlok Xolms.
- Unda, ichkariga kirib, xonani ko’zdan kechiraylikchi. - mantiqsiz savol-javobdan so’ng, u uyga shahdam kirib ketdi, unga hayratda qolgan Gregson ham ergashdi.
Ochilib qolgan taxtalari changlanib ketgan ostona yo’li, oshxona va idora xonalariga olib chiqdi. Yana biz oz yurilganda, chapda va o’ngda eshiklar ko’rindi. Bulardan bittasi, aftidan, haftalab yopiq bo’lib kelgan. Boshqa eshik ovqatlanadigan xonaga tegishli edi, aynan shu xonada o’sha sirli qotillik ro’y bergandi. Xolms kirdi va men ham yuragimdagi o’lim haqidagi o’y-fikrlar qurshovida unga ergashdim.
Xona katta to’rtburchak shaklda edi, jihozlari bo’lmaganidan esa yanayam kattaroq ko’rinardi. Devorda qo’pol yopishtirilgan, yaltiroq devor-qog’oz bezag’liq bo’lib, uni ayrim joylari chirib, dog’ga aylangan va ba’zi joylarida bo’laklari ko’chib tushib, pastga osilib qolganidan, ortidagi sariq yelimi ko’rinib qolgandi. Devor qarshisida bo’lsa diqqatni tez o’ziga tortuvchi, oq marmarsimon mantiya bilan qo’yilgan kamin mavjud edi. Uning bir chetida, qizil mum shamdon idishi qotirilgan. Xonaning yakka-yolg’iz derazasi shunaqangi nopok bo’lib ketibdiki, yorug’lik tuman qoplagan kabi tushardi va har bir narsaga rangpar xiralik berib turardi. Bu ham, butun xonani bosib ketgan chang-g’ubordan battarlashgandi.
Bu tafsilotlarni barini keyinroq kuzatdim. O’shanda mening diqqatim pol ustida cho’zilib yotgan, shiftga so’qirlarcha tikilgancha qotib qolgan jonsiz, ayanchli tanaga qaratilgandi. Tana 43 yoki 44 yoshli kishiniki bo’lib, u o’rta bo’yli, pastqam yelkador, jingalak qorasochli va soqoli qisqa qilib qirdirilgan edi. U og’ir surtuk, nimcha va yorqin rangli shim, to’g’ri yoqa-menjet kiyib olgandi. Tozalangan va bezaklangan shlyapasi polda unga yonma-yon yotardi. Ikki yonga tashlangan, mushtlangan qo’llari, bir-biriga chalishgan oyoqlari uning o’lim oldi talvasasi ayanchli bo’lganini bildirib turgandek edi. Qotib qolgan ko’zlaridagi daxshat, va kaminaga tuyulgan nafrat ifodasini insonlarda avval hech ko’rmagandim. Bu badjahl va daxshatga soluvchi burishiqlar, tor peshona, to’mtoq burun va cho’ziq jag’lari, g’ujanak, notabiiy yotgan xolati bilan qo’shilib marhumga yaxlit maymunbashara ko’rinishni berardi. O’limning har xil turlarini ko’rgan bo’lsamda, u men uchun London shahrining eng asosiy yo’llaridan birida joylashgan, o’sha qorong’u xonadagidanda qo’rqinchliroq ko’rinish olmagan edi.
Lestreyd, doimgidek buldogsimon va oriq chehrasi bilan, eshik ostonasida yonida turardi va u menga, sherigimga salom berdi.
- Bu hodisa boshog’riq bo’ladi, ser, - dedi u. - Men ko’rgan ishlarni hammasidan ustun keladi, tag’in ham men anoyilardan emasman.
- Hech qanday ashyoviy dalil yo’qmi? - dedi Gregson.
- Hech qanday, - dedi Lestreyd ham.
Sherlok Xolms tanaga yaqinlashdi va egilib olib, uni diqqat bilan tekshirib chiqdi.
- Yaralar yo’qligiga aminmisiz? - so’radi u, barmog’ini hamma joyda yotgan bir qancha qon sachratqilari laxtalarga nuqtab.
- Aminmiz! - xitob qildilar ikkala izquvar ham.
- Unda, a’yonki, bu qon boshqasiga tegishli-ehtimol qotildir, agar bu qotillik bo’lgan bo’lsa. Bu menga 34-yildagi, Utrextdagi Van Jensen o’limi ishida qatnashganimni yodimga solmoqda. Bu hodisani eslaysizmi, Gregson?
- O’qib chiqing, sizga foydasi bor. Quyosh ostidagi hech bir narsa, yangilikmas. Barchasi avval qilingan bo’lib chiqadi.
U so’zlar ekan, epchil barmoqlari uyoqda, buyoqqa uchar, har bir narsani sezib, ushlab, bosib, yechib, tekshirib chiqardi, ko’zlari esa avval uchratgan paytimdagi kabi chaqnoq bo’lib ketdi. Tekshirish, shunday silliq kechdiki, hech kim uni daqiqalar ichida bo’lib o’tishini taxmin qilolmasdi. Oxiri u marhumning labini xidlab ko’rdi va charmdan ishlangan oyoq kiyimlarining tagcharmlariga qarab chiqdi.
- U hech yoqqa surilmadimi? - so’radi u.
- Tekshirish zaruriyatida surilganidan boshqa.
- Endi, uni o’likxonaga olib borib qo’ysangiz ham bo’ladi, - dedi u, - O’rganadigan boshqa hech nima qolmadi.
Gregson to’rt kishi va zambil boshlab kirdi. Uning buyrug’i bilan, ular xonaga kirishdi va murda zambilga ko’tarilib, olib chiqib ketildi. Ular murdani ko’tarayotib, bir uzuk tiq etib tushib qoldi va polda dumalab ketdi. Lestreyd uni qo’li oldi va ko’zlarini javdiratib tikildi.
- Bu yerda ayol kishi bo’lgan ekanu, - xitob qildi u, - Bu ayollar nikoh uzugi!
Shunday der ekan, uni ko’rsatib kaftiga qo’yib oldi. Biz hammamiz uning qarshisiga keldik va uzukka nazar soldik. Bu toza tillo uzukning xalqasi bir vaqtlari bir xonimning barmog’ini bezaganiga shubha bo’lishi mumkin emasdi.
- Bunisi ishni battar chigallashtirdi, - dedi Gregson. – Xudo biladi, shunisi yetmay turgandi o’zi.
- Bu ishni oddiy qilib qo’ymaganiga ishonchingiz komilmi? - kuzatuvchanlik bilan Xolms. – Qarab turish bilan hech narsaga erishib bo’lmaydi. Marhumning cho’ntaklaridan nima topdinglar?
- Hammasi shu yerda, - dedi Gregson, zinaning pastki pog’onasida turgan bir uyum ashyolarni ko’rsatib. - Tilla soat, 97163 raqamli, Londonda, Barraud tomonidan yasalgan. Tilla Albert zanjiri, juda og’ir va qattiq. Tilla uzuk, masonlarniki. Tilla to’g’nag’ich, buldogni kallasiga o’xshatmasi, ko’zlarida yoqutlari bor. Rus charm qarta qutisi, Klivlendlik Enox J. Drebber qartalari solingan, yuqoridagi ism-sharifi E. J. D. yozuvli dastro’molchaga mos keladi. Hamyoni yo’q, lekin zaruriyat uchun yetti funt o’n uch shillingi bor. Bokkachioning “Dekameron”ning cho’ntak nashri, ilk varog’iga Jozef Stangerson nomi bitilgan. Ikkita maktub – biri E. J. Drebberga, boshqasi Jozef Stenjersonga.
- Strenddagi Amerika Birjasiga – so’ralgunicha. Ikkalasi ham Guyion Paraxod Kompaniyasidan ekan, Liverpuldan kemalariga o’tirib, suzib ketish haqida aytib o’tishgan. Ravshan bo’ladiki, bu bebaxt kimsa Nyu Yorkka qaytish taraddudida bo’lgan.
- Anavi Stenjerson deganini ustidan surishtiruv o’tkazdingizmi?
- Bir marta shunday qildim, ser, - dedi Gregson. - Barcha gazetalarga e’lonlar bostirdim. Bir odamim Amerika Birjasiga ketgan va xali qaytganicha yo’q.
- Ertalab telegraf orqali habar qildik.
- Aynan qanday habar yo’lladingiz?
- Biz xolatni batafsil tasvirlab berdik va o’zimizga foydasi teguvchi biron barcha ma’lumot berilishidan, minnatdor bo’lishimizni aytdik.
- Sizlarga muhim bo’ladigan, mayda tafsilotlarni ham so’rab o’tmadingizmi?
- Bori shumi? Bu ishda yechilishi kerak bo’lgan boshqa holat yo’qmi? Endi telegraf jo’natmaysizmi?
- Aytishim kerak bo’lgan hammasini aytdim, - dedi Gregson hamiyatiga tegilganidan achchiqlangan ohangda.
Sherlok Xolms tabassum qilib qo’ydi. Yo’lakda suhbat qilayotganimizda xonada bo’lgan Lestreyd qayta ko’rinish berib, qo’llarini dabdaba va kalondimog’lik bilan ishqalab kirganida, u bir nima demoqchi ham bo’lgandek edi.
- Janob Gregson, - dedi u, - Men hozirgina eng muhim bo’lgan bir kashfiyot qildim. Agarda men devorlarni ehtiyot yuzasidan tekshirib chiqmaganimda, bu narsa e’tiborsiz qoldirilgan bo’lardi.
Pakananing ko’zlari, gapirayotib, charaqlab ketdi. Chamasi u xamkasblardan bir qadam oldinda oldindaligidan shodu-xurramlik ichida qolgandi.
- Buyoqqa kelinglar, - dedi u, hayajon bilan, bizni mudhish jasad olib ketilganidan buyon, ancha soflik kirgan xonaga qaytib kirdi, - Endi, shu yerda turinglar!
U poyafzali bilan gugurt chaqib, devorga tutdi.
- Buni qaranglar! - dedi u, tantanavor.
Devor-qog’oz ko’chib yotganini aytib o’tgandim. Gugurt tutilgan burchakdagi qog’oz bo’lsa to’la archilib tushgan va kattakon sariq yelim qavatni qoldirgandi. Bu bo’shliq orasida, qon bilan aji-buji yozilgan alvon so’zlari bitilgandi.
- Bunisiga nima deysizlar? - xitob qildi izquvar, to’y olib boradigan o’rtakash ruhida. - Bu nazardan chetda qolgandi chunki, bu devorning eng qorong’u burchagida turgan va hech kim bu joyni ko’rishni o’ylamagan. Qotil buni o’zi yoki marhumning qoni bilan yozgan. Devorga bitilgan bu qonli yovuzni qarang-a! Nima bo’lsa ham, bu o’z joniga suiqasd taxminini chippakka chiqaradi. Nega aynan shu burchak yozish uchun tanlanganimi? Hozir aytaman. Kamin mantiyasi ustida turgan shamdon idishni ko’rdingiz. O’sha paytda u yoniq bo’lgan va agar bu joy sham yonib turganida, devorning qorong’u burchagi bo’lmay, aksincha eng yorug’ joyi bo’ladi.
- Xo’p, siz topib olibsizku? So’z nimani anglatadi? – dedi mensimaygina Gregson,
- Nimani? Yozuvchi ayol kishi ismi bo’lgan Reychel so’zini yozmoqchi bo’lganda. Lekin bitirishidan avval unga xalaqit berilgan. So’zimni yodingizda tuting, shu ish a’yon bo’lganida Reychel ismli ayol bunga aloqador bo’lib chiqishi tayin. Kuling, kulish juda osonda, janob Sherlok Xolms. Siz juda aqlli bo’lishingiz mumkin, lekin so’nggi so’zni qariya ovchi itlar xal etajak!
- Chindan ham, ma’zur tuting! - dedi sherigim pakanani asabini qitiqlaganicha, kulgudan yorilib ketgudek bo’lib. - Albatta, siz bizning oramizda buni birinchi topganingiz bilan iftixor qilishga haqlisiz. Va, aytganingizdek, bu belgi o’tgan tundagi ushbu jumboqning ikkinchi qatnashchisi tomonidan yozilganini har qanaqangi bo’lsa ham dalili bo’la oladi. Bu xonani tekshirishga xali vaqtim bo’lmagandi, ijozatingiz bilan endi bir qarab chiqaman.
Shunday deya turib, u cho’ntagidan o’lchov lentasi va katta yumaloq shisha chiqardi. Bu ikki vosita bilan u sas chiqarmay, xonada timirskilana ketdi. U ba’zida to’xtab-to’xtab olardi va tez-tez egilardi, bir marta yuzi bilan uzala tushib yotib ham oldi. U bu ishiga shunaqangi berilib kirishib ketdiki, bizni borligimizni go’yoki unutib, nafasi ostida o’ziga-o’zi nimalarnidir pichirlardi, g’udranardi, xushtak chalib, rag’batlantiruvchi va umidbaxsh qilib hayqirib ham olardi. Uni tomosha qilar ekanman, yodimga asl zotli, tulkilarni ovlashga o’rgatilgan ko’ppakning o’rmonda sakrashi, uyoqdan-buyoqqa o’tishi, yo’qolib qolgan izga qayta duch kelmagunicha ishtiyoqi o’ziga sig’may uvillashi kelardi. Yigirma daqiqalarcha u tadqiqot olib bordi; menga ko’rinib turgan dog’larning o’zaro aniq masofasini o’lchadi va ba’zida lentani tushunarsiz tarzda devorga yopishtirib ham ko’rdi. Bir joyda u juda ehtiyotkorlik bilan rangpar chang uyumini terib, konvertga solib qo’ydi. So’ngra u devordagi so’zga shishasini tutdi va har biriga ayni bir minutdan termulib chiqdi. Tamomlagach, u bundan qaonatlangan bo’ldida, shishasi va lentasini cho’ntagiga qayta joylab qo’ydi.
- Aytishlaricha, dahoning qiyinchliklarga duch kelishga so’nmas saboti bor, - dedi u jilmayib. – qo’pol matal bo’lsa ham, izquvar ishiga toza mos keladi.
Gregson va Lestreydlar ko’ngilli sheriklari hatti-harakatini bir oz nafrat va qiziquvchanlik bilan tomosha qildilar. Ular men tushunib yetayotgan bir faktni, Sherlok Xolmsning har bir zarrachadek harakati muayyan va amaliy yakunga qaratilganini tushunib, to’g’ri baholay olmadilar.
- Xo’sh, endi fikringiz qalay, ser? - dedilar ikkalasi ham.
- Agar sizlarga yordam tariqasida biron taxminimni aytadigan bo’lsam, bu sizlardan ish ochishga da’vogarlikni olib qo’yganim bo’lardi. - dedi do’stim. - Hozir shunday yaxshi ishlayapsizki, kimnidir aralashuvi achinarli bo’lardi. - U so’zlayotganida to’la kinoya ohangi sezilib turardi. - Agar tergovlaringiz qanday ketishini bilib turishimga ijozat bersangiz, - davom etdi u, - Sizlarga har qanday yordam berishdan o’zimni baxtiyor sanagan bo’laman. Ungacha esa, murdani topgan konsteybl bilan gaplashishim kerak. Menga uning ismi va manzilini bera olasizmi?
Lestreyd daftarchasiga qarab oldi.
- Jon Rens, - dedi u. - Hozir ishdamas. Uni Kennington parki eshigi yaqinidagi Odli turar joy majmuasi, 46da topasiz.
- Ketdik, Doktor, - dedi u, - borib uni ko’rib kelamiz. Sizga bu ishning bir uchini chiqarishingizga ko’maklashaman. - davom etdi u ikki izquvarga o’girilib. - Bu qotillik bo’lgan va qotil erkak kishi bo’lgan. U olti futdan baland, ayni kuchga to’lgan yoshida, bo’yi balandligiga qaramay, oyog’i kichikroq, dag’al, to’rtburchak poshnali poyafzal kiygan hamda Trichinopoli sigarasidan chekkan. U bu yerga to’rtta g’ildirakli foytunda qurboni bilan kelgan, foytunning otlaridan birining uchta oyog’idagi taqalari eski, bitta yangisi esa oldingi oyog’iga taqilgan bo’lgan. Adashmasam, o’ylashimcha, qotil qizilyuzli va o’ng qo’lidagi barmoqlarining tirnoqlari haddan ziyod uzun bo’lgan. Bular juda kam ma’lumot, ammo sizga ko’magi tegishi ehtimol.
Lestreyd bilan Gregson bir-biriga badgumonlik bilan jilmayib qo’yishdi.
- Agar bu kishi o’ldirilgan bo’lsa, bu qanday sodir bo’lgan? - so’radi Lestreyd.
- Zahar, - dedi Sherlok Xolms, qisqa qilib va oldinga qadam tashlab yurib o’tdi. – Ha, yana bir narsa, Lestreyd, - qo’shimcha qildi u, eshik yonida qayrilib: “Rache” - bu nemischa qasos degani, shunday ekan, Miss Reychelni qidirib vaqtni yo’qotmang.
Go’yoki, orqadagi raqiblaridan oldinga otilib chiqib, ortiga qayrilib o’q otgan Parfiya chavandozi singari u ham, bularni og’zini ochib g’aflatda qoldirdiyu, ulardan uzoqlashib, tashqariga yo’naldi.