Moychechakka
Xatni shunday boshlash kerak ekan. Men ancha izladim. Xatni boshida, o'sha insondan hol-ahvol so'rash kerak ekan. Yana uning universitetdagi o'qishi va ishlari yaxshi ekani, oila a'zolari haqida so'rab qo'yish kerak ekan. Hozirda qanday kitoblar mutolaasi bilan band ekani, kitobning aynan qaysi joylari yoqayotgani haqida so'rash muhim emish. Hissiyotlari haqida ham bilib qo'ymoq joiz deyishdi. Lekin, sezganingizdek, bular boshqa oddiy insonlar uchun me'yorlar. Biz dunyoni boshqa me'zonlar bilan tasavvur etamiz. O'shanga muvofiq ravishda yashaymiz. Demak, o'z uslubimda. Xotira uchun
Zerikarli bo'lishi tabiiy. Har qanday shakl, inson naznida idealliklikdan yiroqda bo'ladi. Har qanday ma'no vaqti kelib o'zining holatini yo'qotadi. Hamma narsa unutilishga va yolg'izlikka mahkumdir. Negadir Interstellar kinosidan, doktor Brandning gaplarini iqtibor keltirgim keldi "Sevgi - bu zamon va makondan ustun bo'lgan, biz idrok qila oladigan yagona narsa". Ha, hissiyotlar inson uchun unutimasdir. Kechib bo'lmas va takrorlanmas hissiyotlargina, doimo saqlanib qolguvchidir. Sizni xatni birinchi bor o'qiyotgan paytingizda hayolingizda o'tgan va siz his qiladigan tuyg'ulargina siz bilan abadiy qolur. Chunki, barcha o'limga mahkum
Boshidanoq, g'amginlikni ta'rif etish bilan boshlaganim uchun, meni ma'zur tutgaysiz. Nima qilay, men kamchiliklarga boy bo'lgan insonman. Aslida nima yozishimni bilmay, gapni olib qochayotgan aqli pastman holos
Men istaydigan narsa, siz bu xatni asrab qo'yishingiz va kelajakda, balki 20 yildan keyin eski buyumlar orasidan topib olib, meni bir eslab qo'yishingizdir. Kim sifatida eslashni esa, yaxshisi, o'zingizga qo'yib beraman. Do'st yoki shunchaki tanish, balki ahmoqona narsalarni gapirishni yoqtiradigan telba sifatida... Bu muhim emas. Kim sifatida eslashingiz emas, xotirangizda joy egallash muhimroq
Hozir kayfiyatingiz qanday ekanini bilmayman. Lekin, yaxshi deb tahmin qilishdan hursand bo'lardim. Dunyo sizga ko'rsatgan narsalar haqida yaxshiroq tasavvur ega bo'ling. Haqiqatdan ular yaxshi bo'lishi muhimmas. Siz shunday o'ylang. Nimalar deyapman? Chunki, aslida hammasi yomon. Barcha uchun yomon. Mavjud bo'lgan sof maqsadli hissiyotlarni unutishni boshlayapmiz. Hususan, do'stlik, sevgi, qarindoshlik rishtalari. Mehr biz uchun ojizlik bo'lib ko'rina boshlayapti. Dunyo shunday bo'lishga majbur qilyapti deya o'zimizni ovutyapmiz. Meningcha esa, dunyo bunga majbur qilmayapti. Biz o'zimiz buni istayapmiz. Biz o'zimiz mehrsiz bo'lishni tanlayapmiz. Insonlar sevgi yo'q bo'lgan dunyoni tanlashmoqda...
Bularning barchasini tushunish, nihoyatda muhimdir. Bu barcha uchun dasturamal bo'lib hizmat qilishi darkor. Biz sevgini faqat kitob yordamida anglashga majbur bo'lgan avlodmiz. Biz sevgini ko'rmadik. Biz uni faqat kitoblar yordamida idrok etishga va undan foydalanib, hayotimizda 'arzon sevgi nusxasini' yaratishga harakat qildik. Biz haqiqatni, yolg'on bilan yopib, keyin ham soxtalashtirishgan dunyoda yashashga mahkum bo'ldik. Biz sof tuyg'ularga ishonmay qo'ydik. Biz kemadagi barchani suzishni bilmaslikda teng aybladik. Zero, ular suzishni bilishmagani uchun, kemaga chiqishgan deb o'ylay boshladik. To'g'ri, ularning ko'p qismi suzishdan mutlaqo bexabar. Ular insonlar ko'rishi uchun oddiy ko'lmakchada suzishni biladilar holos. Lekin, bu mutlaq haqiqat emas. Ularning ko'p qismi hech qachon suzmaslik uchun, hovuzchada suzishni o'rganishgan, cho'kib ketmaslik uchun kemaga chiqishgan. Ammo suzishni biladiganlar ham bor. Ular cho'kib ketishgan qo'rqib kemaga chiqishmagan. Ular hovuzchada suzishmaydi. Chunki ular qachondir okeanda suzishni o'zlari uchun ma'qul deb bilishadi
Balki qachondir ko'risharmiz. Suhbatlasharmiz. Biz onlayn hayotda do'stlar topadigan avlodmiz. Biz hozir, aslida bizniki bo'lgan dunyoda yashayapmiz. Ammo, dunyo bizniki bo'lgani bilan, undagi qonunlarni biz o'rnatmadik
Albatta, xat qanday yozilishini baribir tushuna olmadim. Shuning uchun eplolmadim ham, menimcha. Lekin samimiy yozdim. Samimiy bo'lish muhim. Har kim uchun samimiylik muhimdir
P.S Sizga aytmoqchi bo'lgan gaplarim juda ko'p. Lekin hozir ularni bir xatda bayon qila olmayapman. Balki qachondir boshqa bir xatda, barcha gaplarimni aytardim. Balki qachondir kelajakda uchrashib qolganimizda, o'zim aytib berarman