ilmiy
September 21, 2025

30-40 yoshli qimorbozlar

So‘nggi 9 oylik amaliy faoliyatim davomida har uchta murojaatdan biri onlayn qimorbozlik, ya’ni ludomaniya muammosi bilan bog‘liq bo‘lgani ushbu mavzuga ilmiy yondashishda zarurat tug‘dirdi. Bu holat faqat individual yoki qaysidir qimorboz oilasining muammosi emas — u zamonaviy raqamli muhit va psixosotsial bosimlar kesishmasida shakllanayotgan jiddiy ijtimoiy-psixologik hodisadir.

Bugungi kunda raqamli vositalar, xususan smartfonlar, inson faoliyatining barcha jabhalariga chuqur kirib borgan, kognitiv faoliyatni qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida ishlatilmoqda. Biroq, ushbu qulayliklar bilan birga doimiy va qulay kirish imkoniga ega onlayn qimor platformalari ham keng tarqalmoqda. Ayniqsa, 30–40 yoshdagi shaxslar orasida bu holatning ko‘payayotgani, masalaning individual emas, balki tizimli va ijtimoiy darajadagi muammo ekanini ko‘rsatmoqda.

Ludomaniyaga olib keluvchi omillarni faqatgina oiladagi tarbiya kamchiligi yoki hissiy-irodaviy sifatlarning zaifligi bilan izohlash, bu holatning murakkab psixodinamik sabablarini e’tibordan chetda qoldirish bo‘ladi. Aslida, ludomaniya uzoq yillik ichki ziddiyatlar, boshqarilmagan stress, affektiv beqarorlik va impulslarni nazorat qila olmaslik kabi psixologik noaniqliklar bilan bog‘liq. Uni tushunish uchun faqat hozirgi simptomlarga emas, balki ludomanning bolalikdan boshlab shakllangan psixosotsial rivojlanish trayektoriyasiga chuqur tahliliy yondashish lozim.

O‘zimning ilmiy-amaliy tajribamdan kelib chiqib aytolamanki, ludomanik xatti-harakatlar odatda stressni yengillashtirish strategiyalari sust rivojlangan, hissiy holatlarni boshqarishda qiynalayotgan va o‘z hayoti ustidan nazorat hissi yo‘qolgan shaxslar orasida ko‘proq uchraydi. Bunday shaxslar qimorni faqat daromad yoki yutuq manbai deb emas, balki psixologik chalg‘ituvchi vosita sifatida qabul qiladilar.

Onlayn qimor o‘yinlari doimiy ravishda shaxsni “aktiv holat”da ushlab turadi: har soniyada qaror, har daqiqada ehtimol va kutilmagan fursatda emotsional tebranish. Bu jarayonlar, aslida, dopamin reseptorlarini simulyatsiya qiluvchi sun’iy rag‘batlantiruvchi tizim orqali ishlaydi. Ya’ni qimorboz o‘z xatti-harakatidan maza qiladi. Natijada, qimor o‘ynash shaxsda vaqtinchalik emotsional yengillik hissini hosil qiladi. Lekin bu holat uzoq davom etsa, psixologik qaramlik va hayotni boshqarish qobiliyatining izdan chiqishiga olib keladi.

Ludoman qimorda yutqazganida jarayon tugamaydi, aksincha, u ichki dialog orqali o‘zini yutqazilgan narsani tiklashga undaydi. “Bu safar albatta yutaman”, “hech bo‘lmasa yutqazgan pulimni qaytarishim kerak” kabi irratsional fikrlar orqali u takroriy stavkalarga kirib boradi. Bu holat psixologiyada chasening deb ataladi. Ya’ni yo‘qotilgan narsani tiklashga bo‘lgan shoshqaloq, impulsiv harakatlar zanjiri. Bu zanjir shaxsni asta-sekin moliyaviy va psixologik botqoqqa tortadi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 30–40 yosh oralig‘idagi shaxslar ko‘pincha tashqi hayotda faol, mehnatkash, oilaparvar va ijtimoiy jihatdan “barqaror” ko‘rinadi. Ammo, bu tashqi obraz ortida turli ichki bosimlar, ko‘ngilsizliklarni boshqarishdagi zaiflik va psixologik yolg‘izlik yashirinib yotgan bo‘lishi mumkin. Bunday shaxslar, psixologik yordam izlash o‘rniga, raqamli muhitdagi qimorni vaqtinchalik yechim deb qabul qiladilar. Bu esa muammoni bartaraf etmasdan, yanada chuqurlashtiradi.

Ludomaniyaga qarshi kurashishda qimorni cheklashdan ko‘ra, oiladagi ijtimoiy muhitni, stress omillarini va psixologik ehtiyojlarni tahlil qilish muhimroqdir. Shunday ekan sizning oilangizda farzandlaringiz bu holatga tushmasligi uchun, ularni stressga bardoshligini rivojlantiring, mehnatsevarlikka o‘rgating, ular qiziqadigan sohaga yo‘naltiring, emotsional intellektini rivojlanishiga zamin yarating, hissiy qo‘llab-quvvatlang yolg’izlikni his qilishiga yo‘l qo‘ymang va eng asosiysi ularga e’tiborli bo‘ling.

Xullas, shunaqa gaplar.

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...