KBT boʻyicha katta keys
Mijoz: Alisher (ismi oʻzgartirilgan), 32 yoshda, hozirda bank xodimi, oilali, ikki nafar farzandi bor.
Alisher oxirgi olti oy davomida oʻzida davomiy tushkunlik va sababsiz tashvishlanishni his qilmoqda. Ishtahasi va uyqusi oldingidek yaxshi emas. Bundan tashqari, oʻzi va kelajagi haqida salbiy fikrlar uni qiynamoqda. Oʻzini boshqalar bilan tez-tez solishtiradigan odati ham uni bezovta qilmoqda.
Alisherning ushbu holati, uning kundalik hayotiga, ish faoliyatiga va oilaviy munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. U ishdagi kundalik vazifalarini bajarishda qiyinchilikka duch kelmoqda, ishga boʻlgan qiziqishi kamaygan va oʻzining oilasi bilan munosabatlari yomonlashgan.
Mijozga diagnostika jarayonlari asosida, klinik depressiya va umumiy tashvish buzilishi (Generalized Anxiety Disorder – GAD) tashxisi qoʻyildi.
Alisher uchun terapevt 12 hafta davom etadigan KBT terapiya rejasini ishlab chiqadi. Har bir haftalik seans 60 daqiqadan iborat boʻlib, asosan kognitiv qayta tuzish, ekspozitsiya terapiyasi, muammolarni yechish va fikrlarni ratsionalizatsiya qilish texnikalari qoʻllaniladi. Terapiya jarayonida Alisherning salbiy fikrlash jarayonlari va tashvish buzilishiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar aniqlanadi hamda ularga ijobiy ishlov beriladi.
1-SEANS: Terapiya bilan tanishtirish va maqsadlarni belgilash
Birinchi seansda terapevt Alisherni KBT ning asosiy tamoyillari va jarayonlari bilan tanishtiradi. Alisherga depressiya va tashvishning qanday paydo boʻlishi, ularning fikrlash jarayonlariga qanday taʼsir qilishi haqida tushuntirish beriladi. Terapiya jarayonida asosiy maqsadlar belgilanadi:
- Alisherning salbiy fikrlarini aniqlash va ularni qayta ijobiy shakllantirish.
- Tashvish manbalarini aniqlash va ularni boshqarish uchun ekspozitsiya texnikasini qoʻllash.
- Alisherning kundalik hayotida duch keladigan muammolarni hal qilish uchun muammolarni yechish texnikasini qoʻllash.
2-4-SEANSLAR: Salbiy fikrlarni aniqlash va qayta tuzish
Bu seanslar davomida terapevt Alisher bilan birgalikda uning salbiy fikrlarini aniqlashga va ularga ishlov berishga eʼtibor qaratadi. Alisher oʻzining asosiy salbiy fikrlarini yozma ravishda qayd etadi va terapevt bilan birgalikda ularni tahlil qiladi:
- Kognitiv qayta tuzish: Alisherning "Men hech narsaga erisholmadim" degan salbiy fikri tahlil qilinadi. Terapevt Alisherdan bu fikrning qanchalik haqiqatga mos kelishi va asoslantirishni soʻraydi. Tahlil jarayonida Alisher oʻzining professional va shaxsiy yutuqlarini koʻrib chiqadi hamda bu fikrning haqiqatga mos emasligini anglab yetadi. Bu fikr "Men oʻz imkoniyatlarim doirasida koʻp narsalarga erishdim va kelajakda yana yutuqlarga erishishim mumkin" degan ijobiy fikr bilan almashtiriladi.
- Oʻzini qadrlash mashqlari: Alisher har kuni oʻzining ijobiy jihatlari va yutuqlarini yozma ravishda qayd qilishni boshlaydi. Bu mashq uning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishga va salbiy fikrlarini inkorga etishga yordam beradi.
5-7-SEANSLAR: Tashvish manbalarini aniqlash va ularni boshqarish
Bu seanslar davomida terapevt Alisher bilan birgalikda uning kelajakdagi tashvish manbalarini aniqlash va ularga yechim topishga eʼtibor qaratadi. Terapevt ekspozitsiya texnikasidan foydalangan holda, Alisherni oʻz tashvish va qoʻrquvlarini his qilishga undaydi:
- Ekspozitsiya texnikasi: Terapevt va Alisher tashvish manbalarini eng yengilidan boshlab eng qiyinigacha tartiblab chiqishadi. Yaʼni Alisher kelajakdagi qaysi holatlardan koʻproq tashvishlanmoqda. Ushbu tashvishlarni keltirib chiqarayotgan kelajakdagi voqea va holatlar ketma-ketlikda qogʻozga yozib chiqiladi.
- Progressni baholash: Har bir seans davomida terapevt Alisherning ekspozitsiya jarayonidagi progressini baholaydi. Alisher asta-sekin oʻzini chetdan koʻrib, oʻz xulq-atvorini tahlil qilishni boshlaydi.
8-10-SEANSLAR: Kundalik hayotdagi muammolarni hal qilish.
Ushbu seanslar davomida terapevt Alisherga kundalik hayotida duch keladigan muammolarni aniqlash va ularga samarali yechim topish uchun texnikalar oʻrgatadi:
- Muammoni aniqlash va tahlil qilish: Alisher kundalik hayotida duch kelgan asosiy muammolarni aniqlaydi, masalan, ishdagi stress yoki oilaviy munosabatlardagi qiyinchiliklar. Bu muammolar terapevt bilan birgalikda tahlil qilinadi va ularga yechim topish uchun turli strategiyalar ishlab chiqiladi.
- Yechim variantlarini ishlab chiqish va amalga oshirish: Terapevt Alisherga turli yechim variantlarini ishlab chiqishda yordam beradi. Har bir variantning afzalliklari va kamchiliklari koʻrib chiqiladi hamda eng samarali yechim tanlanadi.
11-12-SEANSLAR: Natijalarni mustahkamlash va terapiyadan keyingi rejalar
Soʻnggi seanslar davomida terapevt va Alisher oʻzining terapiya davomida erishgan yutuqlarini koʻrib chiqadilar va ularni mustahkamlash uchun rejalar tuzadilar. Terapiya jarayonida Alisherning salbiy fikrlari sezilarli darajada kamayadi, uning tashvishi nazorat ostiga olinadi va unda oʻzining kundalik muammolarini mustaqil hal qilish qobiliyati oshadi:
- Tayanch strategiyalarni ishlab chiqish: Terapevt Alisherga terapiyadan keyingi hayotda duch keladigan yangi muammolarni hal qilish uchun tayanch strategiyalar ishlab chiqishda yordam beradi. Bu strategiyalar Alisherga oʻz yutuqlarini saqlab qolishga va yangi qiyinchiliklarga samarali yechim topishga yordam beradi.
- Tugallash: Terapiya jarayoni muvaffaqiyatli tugallanadi va Alisher oʻzini ancha yaxshi his qilayotganini taʼkidlaydi. U oʻzining salbiy fikrlari va tashvishlarini boshqarishni oʻrganadi. Ushbu terapiya unga oʻz hayotini yanada sifatli va baxtli qilish imkonini beradi.
- Terapiya tugadi.
KBTni tushunish uchun, mustaqil o’qish va ishlash hamda tajriba talab etiladi. KBTni o’rganib olsangiz, faoliyatingiz yana ham samarali bo’ladi.
Xullas, shunaqa gaplar. Rivojlanishdan to'xtamang!
®️ Psixologiya