ilmiy
June 5

Manyaklar (seriyali qotillar) ruhiy kasalmi?

Seriyali qotil (manyak) — bu maʼlum vaqt davomida bir qator qotilliklarni amalga oshiradigan shaxs, odatda har bir qotillik orasida tanaffuslar mavjud boʻladi. Baʼzi manyaklar qotillikdan oldin oʻz qurbonlarini oʻgʻirlab ketishadi yoki qiynoqqa solishadi. Seriyali qotillarni bunday vahshiy xatti-harakatlarga nima undayotgani har doim ham munozarali boʻlsa-da, gʻayritabiiy psixologik jarayonlar, xususan, jiddiy antisotsial tendensiyalarni sabab qilib koʻrsatish mumkin.

Baʼzi manyaklarda psixoz alomatlari, boshqalarida ogʻir bipolyar buzilish tashxisi aniqlangan. Biroq, juda kam sonli manyaklar qonuniy ravishda aqldan ozgan yoki ruhiy kasal deb hisoblangan. Yaʼni aksar manyaklar oʻz vahshiyliklarini maʼlum motiv asosida va bilib amalga oshiradi. Seriyali qotillar, (psixologik tashxis nuqtai nazaridan) antisotsial shaxsiyat buzilishi mezonlariga javob beruvchi xatti-harakatlarini oʻzlarida namoyon etadilar.
Misol uchun: Aksariyat seriyali qotillar gʻayriijtimoiy tendensiyalarni, jumladan empatiyaning etishmasligi, qonunlar va boshqalarning huquqlarini mensimaslik, shuningdek pushaymonlik hissi yoʻqligini koʻrishimiz mumkin.

Seriyali qotillarlarning umumiy maʼnodagi motivlari.

• Kuchli gʻazab bilan bogʻliq motiv — bunda jinoyatchi aholining maʼlum bir kichik guruhiga yoki butun jamiyatga nisbatan nafrat va dushmanlikni his qiladi.

Kuchli gʻazab bilan bogʻliq motiv asosida qotillikka qo'l urgan jinoyatchilar

• Jinoiy tadbirkorlik yoki sheriklik motivi — bunda jinoyatchi giyohvandlik, jinoiy guruh yoki uyushgan jinoyatchilik bilan bogʻliq boʻlgan qotilliklarni sodir etish orqali, maʼlum jinoiy maqom yoki pul tovoniga erishish uchun harakat qiladi. Ushbu turdagi jinoyatlarga misol qilib, "Navoiylik maklerlar" nomi bilan tanilgan seriyali qotillarni misol qilishimiz mumkin.

Otuvga hukm qilingan "navoiylik makler” seriyali qotillar

• Moddiy foyda olish motivi – qotillik qurboning mol-mulkiga egalik qilish va moddiy qiymatliklarga osonlik bilan erishishga undovchi motiv. Ushbu turdagi jinoyatlarga misol qilib, “Kirakash qotillar” nomi bilan tanilgan seriyali qotillarni misol qilishimiz mumkin.

Ketma-ket 11 qurbon: umrbod qamalgan “kirakash” sinfdoshlarning seriyali qotilliklari

• Idealogik motiv – bunda seriyali qotil o'zining maqsad va gʻoyalarini amalga oshirish uchun qotillik sodir etishga harakat qiladi. Bunday turdagi qotillarning obyektlari asosan bir xil alomatli shaxslar bo’ladi. Misol uchun faqat qoratanlilar, faqat ayollar yoki erkaklar, foxishalar.

Idealogik motiv asosida qotillik qilgan jinoyatchilar

• Hissiy qoʻzgʻalish bilan bogʻliq motiv — bunda jinoyatchi oʻz qurbonlarini oʻldirganda kuchli hissiy qoʻzgʻalishni boshdan kechiradi va oʻzida hukmronlik, ustunlik, kuchlilik kabi hislarni tuyadi.

Hissiy qoʻzgʻalish bilan bogʻliq motiv asosida qotillik qilgan jinoyatchilar

• Ruhiy kasallik asoratidagi motiv — bunda qotil ogʻir ruhiy kasallikdan aziyat chekadi va shu kasallik tufayli jinoyat sodir etadi. Yaʼni ruhiy kasal boʻlgan seriyali qotil oʻzida har xil vizual va ovozli galyusinatsiyalarni boshdan kechiradi, natijada seriyali qotilliklarga qoʻl uradi.

Gerbert Malin, ruhiy kasallik natijasida jinoyatga qo'l urgan

• Jinsiy qoniqish motivi — jinoyatchining jinsiy ehtiyojlari, istaklaridan kelib chiqadigan jinoiy harakat. Bunda qotil oʻlik tana bilan jinsiy aloqa qilish uchun yoki aksincha jinsiy aloqadan keyin qotillikni amalga oshiradi.

Jinsiy qoniqish motivi asosida jinoyatga qo'l urgan seriali qotillar

Bu kabi jinoyatchilar, o‘z obyektini jinsiy qiynoqqa solish va bu orqali jinsiy mayllarini qondirish uchun qotillikka qo‘l urishadi. Ular bolalik vaqtida ko‘plab jinsiy kamchiliklar va psixofiziologik jarohatlarni boshdan kechirgan bo‘lishlari mumkin.

Xullas shunaqa gaplar.

O'zingizni asrang!

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...