POP Psixologiya
Parapsixologiyadagi nazariyalar (masalan: intuitsiya, telepatiya, fikrlarni o‘qish, ong osti) yoki insonni lol qoldiruvchi har xil psixologik faktlar, men qatori ko‘plab psixologlarni, Psixologiya sohasiga kuchli qiziqishlariga va ushbu mutaxassislikni o‘rganishlariga sababchi bo‘lgan. Lekin psixologiya yo‘nalishida tahsil olishim davomida tushunib yetdimki, meni qiziqtirgan narsalar ilmiy psixologiyadan ancha yiroqda ekan.
Eʼtibor bersangiz, atrofimizdagi aksariyat odamlar psixologiyaga kuchli qiziqish bildiradilar. Lekin ularni qiziqishlariga sababchi bo‘lgan narsalar, ko‘pincha “tez hazm bo‘ladigan” yechimlar va hayratlanarli faktlardan boshqa hech narsa emas.
Aslida (ilmiy) psixologiya juda zerikarli va tushunish qiyin bo‘lgan fanlardan biri ekanligini psixologiya talabalari juda yaxshi biladi. Shunday ekan psixologiyada o‘qish va uni o‘zlashtirish uchun tinimsiz mehnat talab etiladi.
Bugungi maqolamiz ilmiy psixologiya haqida emas, aksincha o‘zini ilmiylikka daʼvo qiladigan Ommabop psixologiya haqida.
Ommabop psixologiya — bu o‘zining maʼlumotlarini ilmiy psixologiya bilan bog‘liq deb daʼvo qiladigan fikr va amaliyotlar majmuasi bo‘lib, ushbu fikr va amaliyotlar keng doiraga ommalashib, katta mashhurlikka erishgan. Yaʼni ommabop psixologiyada maʼlum bir psixologik muammoga professional yondashuvlar ko‘zga tashlanmaydi va yechimlar umumiy xarakterga ega bo‘ladi. Masalan: Internet sahifalarida, “agar siz stressga tushsangiz, yashil rangli kiyim kiying” kabi tavsiya va amaliyotlarni eshitgansiz, o‘qigansiz. Bunday tavsiyalarda stressing sabablari haqida fikr yuritilmaydi. Ko‘rib turganingizdek, ommabop psixologiyada yuqoridagi kabi barcha uchun bir xil tavsiya ishlab chiqiladi. Ilmiy psixologiyada esa stressga boshqacharoq yaʼni ilmiy tadqiqot yoki tashxis yordamida va eng asosiysi individual yondashiladi.
Ommabop psixologiyani g‘arb mamlakatlari va AQSHda POP-Psixologiya (Popular psychology) qisqartmasi bilan ifodalashadi. Ommabop psixologiya 20 asrning 50-60 yillarida “Psixologiya barcha uchun” shiori ostida kengaya boshladi. Natijada badiiy janrdagi yozuvchilar, tibbiyot olimlari ham o‘zlarining hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotga asoslanmagan, umumiy xarakterdagi psixologik kitoblarni yoza boshladilar.
Hozirgi kunga kelib ommabop psixologiya ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi, hamma bilib-bilmasdan maslahat va tavsiyalar bera boshladi. Misol uchun, telegram yoki instagram POP-psixologiyani "uyasiga" aylangan bo'lib, psixologik mavzudagi saviyasiz va ishonchsiz media kontentlar aholiga taqdim etilmoqda. Asosiy maqsad esa kurslar sotish, tijorat, daromad qilish bo‘lib qolgan. Yana bir narsa, ommabop psixologiya bu ilmiy psixologiya fanini ommalashtirish degani emas.
Pop psixologiyaning asosiy belgilari quyidagicha:
— Dalillar va maʼlumotlar hammaga tushunarli va oddiy tilda bo‘ladi.
— Dalillarni asoslovchi ilmiy tadqiqotning (empirik tadqiqot) yo‘qligi va ilmiy nazariyalarga nisbatan tanqidiy pozitsiya.
— Psixolog bo‘lish hamma uchun, yaʼni cheksiz (7 yoshdan 70 yoshgacha degandek) doira.
— Ommabop psixologiya asosan muallifning hayotiy tajribasiga va baʼzan ilmiy maʼlumotlarning soddalashtirilgan talqiniga tayanadi.
— Psixologik muammolarga “retseptlar” ko‘rinishidagi tayyor va bir xil tavsiyalar yoki individual tashxisning yo‘qligi.
— Ommabop psixologiyadagi asosiy dalillar insonni hayratlantiruvchi faktlarga asoslanadi va bu faktlarning aksariyati yolg‘on bo‘ladi.
Ommabop psixologiyani xavfli tomonlari
— Bir lahzada baxt yoki o‘z-o‘zini yaxshilashni vaʼda qiladigan o‘sha jozibali psixologik ibora va tavsiyalar sizni hayratda qoldirishga asos bo‘ladi, natijada siz pop psixologiyasining o‘ljasiga aylanasiz.
— Ommabop psixologiyadagi asosiy vosita bu ilmiy maʼlumotlarning soddalashtirilgan talqini bo‘lib, u ko‘pincha asl maʼlumotlarning buzilishiga olib keladi. Natijada mijozga nisbatan noto‘g‘ri tashxis, yoki tavsiya taqdim etiladi.
— Pop psixologiyasi baʼzan eskirgan fan, g‘oyalar yoki nazariyalarga asoslanadi. Shuningdek, u haqiqiy fanni noto‘g‘ri ko‘rsatishi yoki siz boshdan kechirishingiz mumkin bo‘lgan taʼsirlarni haddan tashqari oshirib yuborishi mumkin.
— Pop psixologiyasi ko‘pincha shov-shuvga sabab bo‘ladigan nazariyalarni yaratishga urinadi. Agar siz pop-psixologiyaga kurslarga, seminarlar, motivatsion treninglarga pul sarflayotgan bo‘lsangiz, siz "arzimas fan" deb ataladigan narsaning, yoki firibgarning qurboni bo‘lishingiz mumkin. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, pop-psixologiyadagi asosiy taʼsir bu sizni jalb qilish va sizning pulingizni olish.
— Pop psixologiyasi «platsebo effekti» deb nomlanuvchi holatni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Masalan, odamga aslida taʼsir ko‘rsatmaydigan “dori” berilganda platsebo effekti paydo bo‘ladi. Biroq, o‘sha odam ijobiy natijaga erishadi, chunki buni sodir bo‘lishiga ishonadi va kutadi.
— Pop psixologiya kitoblari zararli bo‘lishi mumkin, chunki ular baʼzan professional davolanishga muhtoj odamlarni nafaqat samarasiz, balki potensial zararli bo‘lgan yo‘lga olib borishi mumkin.
— Pop psixologiyada “o‘z-o‘ziga yordam” tamoyili keng targ‘ib qilinadi. Natijada odamlarda uchrashi mumkin bo‘lgan eng og‘ir psixologik muammolarda ham mutaxassisga murojaat qilishga xohish yo‘qoladi.
Xulosa: Ommabop psixologiya biz kabi psixologiya fani hali rivojlanib ulgurmagan mamlakatlarning media sohasi va internet platformalarida keng tarqalgan bo‘lib, isteʼmol jihatdan eng ijobiy reaksiya bildiriladigan kontentlardan biri hisoblanadi. Shu sababli ham aholida psixologiya faniga nisbatan ishonchsizlik oshib boradi. Ommabop psixologiyaga berilmaslik uchun albatta insonda skeptik fikrlash bo‘lishi zarur. Agar o‘zingizda psixologik muammo bor deb bilsangiz, internetga emas mutaxassis psixologga murojaat qilishni tavsiya qilaman.