Potensial jinsiy obyekt fenomeni: Oila qurish uchun juft tanlash
Ko‘payish, avlod qoldirish – bu hayotning biologik asoslariga tayanadigan, insoniyat hayotida haligacha eng kuchli instinkt sifatida saqlanib qolayotgan universal mexanizmdir. Ushbu instinkt atrofida shakllanuvchi eng muhim psixologik hodisalardan biri bu jinsiy obyekt (juft) tanlovi, ya’ni insonning kimni “o‘ziga juft” sifatida qabul qilishidir.
Ushbu tanlov faqat biologik emas, balki ijtimoiy madaniyatning, tarbiya, stereotiplar va ommaviy ong mahsuli sifatida ham shakllanadi. Madaniyat va sivilizatsiyaning rivojlanishi natijasida jinsiy obyekt tanlovining tashqi ko‘rinishi va ifoda shakllari o‘zgarib boradi. Ammo uning mohiyati, ya’ni “ko‘ngilga yoquvchi” shaxsni aniqlash va unga nisbatan intilish mexanizmi o‘zgarmay qolaveradi.
Jinsiy obyektivlashtirish va tanlov mezonlari
Shaxs jinsiy obyektni tanlashi jarayonida har doim obyektivlashtiradi, ya’ni muayyan shaxsga jinsiy qiymat (kutuvlar) yuklaydi. Bu qiymat esa har bir jamiyatda o‘ziga xos mezonlar asosida shakllanadi. Masalan, Afrika qit’asidagi “Taruned” qabilasida semizlik kuch, boylik va salomatlik ramzi sifatida talqin qilinadi. Shunga ko‘ra, eng semiz erkak yoki ayol — eng yuqori darajadagi jinsiy obyekt hisoblanadi.
Bizning jamiyatda esa bu mezonlar tubdan farq qiladi. Masalan, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy kontekstida, jinsiy obyekt tanlashda birinchi o‘rinda ijtimoiy maqom (status), diniy qarashlar, ma’naviylik, oilaparvarlik, ijtimoiy moslik kabi omillar muhim rol o‘ynaydi. So‘ngra esa fiziologik omillar, tashqi ko‘rinish, teri rangi, bo‘y-bast, chiroy, hatto hid va tovush ohangi ham inobatga olinadi.
Bu tanlov ikki bosqichda kechadi:
1. Stereotip asosida “ichki ideal” shakllanadi, ya’ni ong osti darajasida kimdir “ideal” sifatida belgilab olinadi.
2. Real hayotda shaxs tanlanadi, lekin bu tanlov ko‘pincha ilgari shakllangan ichki idealga yaqinlik darajasi bilan baholanadi. Ya’ni shaxsning o‘z hayolidagi eng idealga eng yaqin bo‘lgan shaxs, variantlar ichidan tanlanadi.
Shu nuqtada bir muhim savol tug‘iladi: potensial jinsiy obyekt bilan ajrimlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Menimcha, oilaviy ajrim va juft (potensial jinsiy obyekt) tanlash fenomeni o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjud. Chunki har bir insonda, bolalik davridan boshlab, birlamchi seksual etalonlar shakllana boshlaydi. Psixoanalitik yondashuvga ko‘ra, ushbu etalonlar ko‘pincha oila a’zolari, ya’ni o‘g‘il bolalarda, onasi yoki maktabdagi ideal ayol obrazi; qizlarda esa, otasi yoki kuchli, mehribon erkak obrazi asosida paydo bo‘ladi.
Ammo hozirgi davrda giperakselleratsiya, ya’ni yoshlarning jismoniy va ruhiy rivojlanishidagi tezlashuv holati mavjud. Bu esa birlamchi jinsiy ideallarning an’anaviy oilaviy figuraga emas, balki ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar yoki pop madaniyatdagi personajlarga nisbatan shakllanishiga olib kelmoqda. Natijada, shaxs ichida ideal tarzda shakllangan obyekt bilan real hayotda uchrayotgan inson o‘rtasida tafovut yuzaga keladi.
To‘y bo‘lganidan so‘ng, nikoh asosida yashay boshlagan er-xotin o‘zaro ruhiy jihatdan mos kelmaslikni his qiladi. Chunki aslida ular o‘z ong ostida boshqa idealga oshno bo‘lishni xohlagan bo‘lishi mumkin. Bu esa sekin-asta norozilik, sovuqlik, befarqlik va oxir-oqibat ajrim holatiga olib boradi.
Xulosa qilib aytganda, “potensial jinsiy obyekt” tushunchasi, oddiy estetik yoki jismoniy yoqimlilik emas, balki u chuqur psixologik, madaniy va ijtimoiy ildizlarga ega bo‘lgan hodisadir. Agar yoshlar ongida shakllanayotgan ichki ideal, jamiyatdagi real imkoniyatlardan, qadriyat va tarbiyaviy modellaridan keskin farq qilsa, bu holat oilaviy hayotga, hatto jamiyatdagi demografik barqarorlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli jamiyatning bo‘lagi bo‘lgan oiladan boshlab ota-onalar o‘z farzandlariga namuna bo‘lishi, ya’ni ota o‘g‘ilga, ona esa qiz farzandga bu kabi muhokama qilinmas ko‘nikmalarni berishi darkor.
®️ Psixologiya