Psixolog maslahat bermaydi. Nega?
Psixologdan yordam kutish — odatiy holat. Axir, odamlar shuning uchun ham bizga murojaat qilishadi. Lekin nega odamlar yordam berish deganda, psixologdan “bu holatda nima qilish kerak, qanday yoʻl tutish kerak?” degan savollarga javob olishni xohlashadi?
Aslida, bu juda muhim savol. Bu savolga javob topmasdan turib, nega psixolog maslahat bermasligi kerakligini (albatta, ayrim istisno holatlarni alohida aytib oʻtaman) tushunish qiyin.
Demak, nega koʻpchilik psixologdan maslahat kutadi?
1. Chunki yordam olish deganda koʻpchilik notoʻgʻri yoʻl tutganini kimdandir eshitish yoki toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni tushunadi.
2. Chunki odamlar baʼzan yordam beruvchi mutaxassisni kattalarga oʻxshatib qidirishadi. Yaʼni, yordam beradigan odam albatta mijozdan yoshi katta yoki tajribali boʻlishi kerak. Bunga biz maktab, oila, birinchi ish joyidan oʻrganib kelganmiz — yaʼni, “bilimsiz” boʻlgan davrlardan, yordamni esa bizdan “katta va tajribaliroq odamlar” koʻrsatgan davrlardan.
3. Chunki odamlar, aslida ham, maslahatga muhtoj.
Ana endi asosiy savolga qaytamiz. “Psixolog maslahat bermaydi” iborasi qanchalik asosli? Psixolog maslahat berishini nimasi yomon? Maslahat berishning yomon tomoni yoʻq, faqat psixologiyada emas. Sabablari quyidagicha:
- Har bir mijozda shaxsiy tajribaning oʻziga xosligidan kelib chiqsak, har bir mijozga oʻzgacha yondashuv talab etiladi. Bunda maslahatning universallik xususiyati pand beradi. Yaʼni maslahat tarkib jihatdan barchaga umumiylik xarakteriga ega boʻlib, hammaga ham mos kelmasligi mumkin.
- Maslahat berish mijozni passiv fikrlovchi holatiga solib qoʻyishi va uning mustaqil fikrlash qobiliyatini cheklashi mumkin.
- Agar psixolog notoʻgʻri maslahat bersa va natijalar salbiy boʻlsa, bu mijozning psixologik sogʻligiga zarar yetkazishi mumkin.
- Maslahat berish odatda amaliy yechimlarni tavsiya qilishni nazarda tutadi. Biroq, bu yondashuv koʻproq hayotiy masalalar boʻyicha qoʻllanilsa maqsadga muvofiq boʻladi (masalan, moliyaviy maslahatlar, taʼlim yoki kasb tanlash kabi).
- Maslahatlar mijozning harakatiga maʼlum darajada cheklovlar qoʻyadi. Natijada mijozda mustaqillik salohiyati pasayadi.
Psixolog qachon maslahat berishi mumkin?
Shunga qaramasdan, ayrim holatlarda psixologlar maslahat berishi mumkin, lekin bu toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiyalar emas, balki koʻrsatmalar yoki yoʻnalishlar boʻlib, ular mijozning holatiga mos ravishda taklif qilinadi. Masalan:
- Axborot berish: mavjud resurslar, yordam markazlari, huquqiy maslahatlar.
- Tibbiy yordamga murojaat qilishni tavsiya etish: Agar psixolog mijozda jiddiy psixologik yoki ruhiy buzilish belgilarini sezsa, u holda shifokorga, masalan, psixiatrga murojaat qilishni tavsiya etishi mumkin.
- Texnikalar va mashqlarni tavsiya qilish: Psixolog, masalan, nafas olish texnikalari, mindfulness mashqlari yoki yozish amaliyotlari kabi usullarni tavsiya qilishi mumkin, agar bu mijozning holatiga mos kelsa.
- Kommunikatsiya koʻnikmalarini rivojlantirish: Agar mijoz kommunikatsiya bilan bogʻliq muammolar bilan murojaat qilsa, psixolog unga samarali muloqot qilish usullarini oʻrgatishi mumkin.
- Oila terapiyasi yoki guruh terapiyasini tavsiya qilish: Agar muammo oilaviy yoki guruhiy muhit bilan bogʻliq boʻlsa, psixolog mijozga oila yoki guruh terapiyasi asosida yordam beruvchi texnikalarni tavsiya qilishi mumkin.
“Psixolog maslahat bermaydi” qoidasi yoki iborasi faqat bizda-mi? Chet-elda bu haqida gap bormi?
Ushbu savolga quyidagi 5 ta ilmiy manba asosida javob berishga harakat qilaman.
1. Carl Rogers va Gumanistik psixoterapiya.
- Karl Rojers psixoterapiya sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri boʻlib, mijozga markazli terapiya usulini rivojlanishiga hissa qoʻshgan. Uning yondashuviga koʻra, terapevt mijozga maslahat berish yoki uning oʻrniga qaror qabul qilishdan qochishi kerak. Buning oʻrniga, terapevt mijozni tinglab, unga oʻz yechimlarini topishda yordam berishi lozim. Rogersning asarlarida (masalan, "Client-Centered Therapy", 1951) psixologning vazifasi yoʻl-yoʻriq koʻrsatish emas, balki qoʻllab-quvvatlash ekanligi taʼkidlanadi.
2. Amerika Psixologlar Assotsiatsiyasi (APA)ning etika qoidalari.
- APA tomonidan chiqarilgan etika kodeksida psixologlar oʻz mijozlariga maslahat berishda ehtiyotkorlik bilan yondashishi lozimligi koʻrsatilgan. Mijozlar bilan ishlashda ularning muammolariga yechim topish uchun yoʻl-yoʻriq berish oʻrniga, qoʻllab-quvvatlash va muammo yuzasidan oʻzlari xulosa chiqarishiga yordam berish tavsiya etiladi. (APA Ethical Principles of Psychologists and Code of Conduct, 2017)
3. Theory and Practice of Counseling and Psychotherapy" (2009) kitobi.
- Gerald Corey tomonidan yozilgan "Theory and Practice of Counseling and Psychotherapy" (2009) kitobida psixologik maslahat berishda asosiy maqsad — mijozni oʻzining shaxsiy muammolarini tushunish va mustaqil ravishda yechim topishga oʻrgatish ekani taʼkidlanadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri maslahat berish mijozning shaxsiy rivojlanishini cheklashi mumkinligi aytiladi.
4. "Ethics in Psychotherapy and Counseling" kitobi.
- "Ethics in Psychotherapy and Counseling" (Kenneth S. Pope, Melba J. Vasquez, 2016) kitobida psixologlar toʻgʻridan-toʻgʻri maslahat berishdan qochishi kerakligi, chunki bu mijozni oʻz muammosini mustaqil hal qilish qobiliyatidan mahrum qilishi mumkinligi taʼkidlanadi. Psixologning asosiy vazifasi mijozni oʻz-oʻzini anglashga yetaklashdir.
5. ICF (International Coaching Federation) etika standarti
- ICF tomonidan chiqarilgan professional kouching etika qoidalariga koʻra ham, hatto kouchlar (maslahat beruvchi murabbiylar) ham mijozlarga tayyor javoblar bermasdan, ularni oʻz hayotiy qarorlarini mustaqil qabul qilishga yoʻnaltirishlari kerak.
Xullas, "Psixolog maslahat bermaydi" iborasi, asosan, psixologning roli va vazifalari haqidagi tushunchalarni aniqlashtirish uchun ishlatiladi. Ushbu ibora oʻziga xos maʼnoga ega boʻlib, psixologlarning faoliyatiga oid nozik tafovutlarni koʻrsatib beradi. Yaʼni professional psixologning oddiy maslahatgoʻylardan farqi ham shunda aslida. Chunki odam qandaydir muammosiga jamiyatdan, yaqinlari, doʻstlari yoki hamkasblaridan bemalol maslahat olishi mumkin. Psixolog esa ushbu vaziyatda yuqoridagi sabablar asosida ilmiy yondashadi va mijozga yordam beradi.
Shunaqa gaplar. Rivojlanishdan to'xtamang!
®️ Psixologiya